“El-Klassiko”: Futbol olamining abadiy raqobati
Dunyo futbolini, ayniqsa Yevropa musobaqalarini “Real Madrid” va “Barselona” jamoalarisiz tasavvur etish mushkul. Bu ikki afsonaviy klub o‘rtasidagi uchrashuvlar “El-Klassiko” nomi bilan tanilgan bo‘lib, bu raqobatga 120 yildan ortiq vaqt bo‘lgan. Bugungi kunda bu qarama-qarshilik nafaqat Ispaniyada, balki butun dunyoda, jumladan O‘zbekistonda ham millionlab muxlislarni birlashtirgan.
Har joyda bu ikki klub tarafdorlari uchraydi — ular bahslashadi, o‘z jamoasini himoya qiladi, ba’zan hatto jiddiy tortishuvlar ham yuz beradi. “Real” va “Barsa” o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tarixga chuqur ildiz otgan. Masalan, bu yil jamoalar o‘zaro ilk marta maydonda to‘qnashganiga 123 yil to‘ladi. Bir vaqtlar Madrid klubi raqibiga 11 ta gol urgan, ammo yillar davomida hech biri mutlaq ustunlikni qo‘lga kirita olmagan. Har ikkala jamoa sovrinlar soni va yutuqlari bilan faxrlanishga haqli.
Siyosat va futbol tutashgan nuqta
Bu raqobat faqat sport emas — u siyosiy tus ham olgan. Madrid — Ispaniyaning poytaxti, Barselona esa Kataloniya avtonom viloyatining markazi. Kataloniyada esa Ispaniyadan mustaqillikka intilish kayfiyati qadimdan mavjud. Shu bois “Real Madrid” ko‘pincha ispan millatchiligining, “Barselona” esa katalon milliy g‘ururining timsoli sifatida ko‘riladi.
Har ikkala klub moliyaviy qudrati va ommabopligi bilan jahon futbolining eng yirik jamoalari sirasida. 2024 yilda Forbes jurnali ularni eng qimmat uchta futbol klubi qatoriga kiritgan. Ijtimoiy tarmoqlarda ham “Real” va “Barsa” eng ko‘p kuzatiladigan sport jamoalari hisoblanadi.
Tarixdagi ilk “El-Klassiko”
Birinchi “klassiko” 1902 yil 13 mayda, Ispaniya chempionati tashkil etilishidan 24 yil avval o‘tkazilgan. O‘sha vaqtda Madrid sharafini “Madrid” nomli klub himoya qilgan — 1920 yil 29 iyunda klub qirollik maqomini olib, “Real Madrid” deb atalgan.
Mazkur o‘yin “Madrid kubogi” yoki “Toj kiyish kubogi” deb atalgan musobaqa doirasida o‘tkazilgan. Turnir qirol Alfonso XIII taxtga chiqishiga bag‘ishlangan edi. 2 500 tomoshabin to‘plangan “Ippodromo de la Kastellana” stadionida o‘tkazilgan o‘yinda kataloniyaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan.
Franko davri va siyosiy bosim
1939 yil 6 martda Fransisko Franko Ispaniya bosh vaziri lavozimini egalladi. U “Real Madrid”ni qo‘llab-quvvatlagan, lekin erkinlik tarafdori bo‘lgan Kataloniyani va “Barselona”ni yoqtirmas edi. Kataloniya rejimga qarshi oxirigacha kurashgan yagona mintaqa sifatida qolgan.
Shu yillarda “Barselona” katalon xalqining erkinlik va g‘urur ramziga aylandi. Faqat stadiondagina katalon tilida gapirish va milliy ramzlardan foydalanish ruxsat etilgan. Ammo Madridda “Barsa” o‘yinchilari ko‘pincha bosim va tahdidlarga duch kelishgan. Eng mashhur holatlardan biri — 1943 yil 19 iyundagi Ispaniya kubogi yarim finali. Katalonlar birinchi o‘yinda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan, biroq javob bahsida “Real” 11:1 hisobida yirik g‘alabani qo‘lga kiritgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, o‘yindan avval harbiylar “Barselona” futbolchilariga tahdid qilib, “kerakli natija”ga erishishni buyurgan. Shu bois tanaffusgacha hisob 8:0 bo‘lgan.
Shundan keyin “El-Klassiko” Ispaniya futbolining asosiy voqeasiga aylandi. 1959 yil 15 fevralda bu o‘yin ilk bor televizorda jonli efirda namoyish etildi, bu esa tomoshabinlar sonini yanada oshirdi.
1950–1970-yillar: yangi bosqich
XX asrning o‘rtalarida “Real” va “Barsa” o‘rtasidagi raqobat yanada keskinlashdi. Siyosiy aralashuvlar hanuz davom etayotgan edi. Bu davrda argentinalik afsona Al’fredo Di Stefano atrofidagi mojaro vaziyatni yanada kuchaytirdi — u dastlab “Barselona” bilan kelishgan, ammo hukumat bosimi ostida “Real” safini tanlagan. Natijada poytaxt klubi ketma-ket besh marta Yevropa Chempionlar kubogini qo‘lga kiritdi.
Keyingi yillarda Xuanito (“Real”) va Diego Maradona (“Barselona”) kabi futbolchilar o‘rtasidagi bahslar “klassiko”ni yanada qizitdi. 1995 yilda Mikael Laudrup “Barselona”dan “Real”ga o‘tib, katalon muxlislari nazarida “xiyonat” ramziga aylandi. “Kamp Nou”da bo‘lib o‘tgan o‘yinda uni haqoratli shiorlar ostida o‘ynashga majbur qilishgan, futbolchi esa bu bosimga chiday olmay, almashtirishni so‘ragan.
Transferlar va taranglik
Keyinchalik Luis Enrike ham “Real”dan “Barselona”ga o‘tgan edi. Madrid muxlislari uni tanqid qilishga urinishgan bo‘lsa-da, Enrike bu bosimga bardosh berdi. “Kamp Nou”dagi g‘azabli muhit haqida u:
“Sizni yomon ko‘radigan 90 ming muxlis qarshisida o‘ynash — bu chinakam sinov”,
— degan edi keyinchalik.
Ammo eng katta shov-shuv 2000 yilda portugaliyalik Luish Figu “Barselona”dan “Real Madrid”ga o‘tganida yuz berdi. Bu transfer Kataloniyada haqiqiy g‘azab to‘lqinini keltirib chiqardi — muxlislar Figuni “xiyonatkor” deb atashdi. Hatto “Kamp Nou”da bo‘lib o‘tgan o‘yinda maydonga cho‘chqa boshi ham uloqtirilgan.
2005 yilda esa Samuel Eto’O chempionlik bayrami paytida “Real”ni haqoratlab, “echkilar” deb atagani uchun 12 ming yevro jarimaga tortilgan va keyinchalik omma oldida uzr so‘rashga majbur bo‘lgan.
Messi va Ronaldu davri
Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu paydo bo‘lishi bilan “El-Klassiko” global miqyosdagi hodisaga aylandi. Ularning har bir to‘qnashuvi dunyoning eng yaxshi ikki futbolchisi o‘rtasidagi duel sifatida qabul qilindi. Bu yillar davomida “klassiko” rekord darajada tomoshabin to‘pladi, reklama va tijorat sohalarida esa milliardlab yevro aylanmasini shakllantirdi.
Bugungi kunda bu o‘yin nafaqat sport musobaqasi, balki yirik biznes, madaniy hodisa va siyosiy ramz sifatida qaraladi.
Hozirgi davr va raqobat davomiyligi
Messi va Ronaldu ketganidan so‘ng ham “El-Klassiko” o‘z jozibasini yo‘qotgani yo‘q. Har ikki jamoa hamon La Ligadagi eng kuchli klublardan bo‘lib qolmoqda. Ularning o‘zaro o‘yinlari hali ham oldindan aytib bo‘lmaydigan, ehtirosli va murosasiz kechmoqda. Bu raqobat endi faqat futbol emas, balki siyosat, madaniyat va milliy g‘urur darajasida davom etmoqda.
“El-Klassiko” bugun ham kurash, g‘urur, jasorat va qat’iyat ramzi bo‘lib qolmoqda. Bu o‘yin — eng yuqori darajadagi futbol, Ispaniyaning ikki yirik shahri o‘rtasidagi ko‘p asrlik raqobatning timsolidir.
Statistik ma’lumotlar va kelgusi o‘yinlar
2025 yil 12 yanvar holatiga ko‘ra, “Real Madrid” 105 ta, “Barselona” esa 102 ta “El-Klassiko”da g‘alaba qozongan. To‘plar nisbati esa mos ravishda 435 ga 428.
Yaqin kunlarda futbol ixlosmandlarini ikki katta to‘qnashuv kutmoqda: aprel oyida jamoalar avval kubok bahsida, so‘ng La Liga doirasida bahs olib boradi. Kataloniyaliklar hozirda yaxshi sport formasida, “Real” esa “Arsenal” bilan o‘yinda imkoniyatni boy bergach, biroz kuchsizroq ko‘rinmoqda. Ammo futbol kutilmagan natijalar bilan to‘la — demak, “El-Klassiko” mavzusi hali uzoq vaqtgacha trenddan tushmaydi.
https://t.me/sisyphere