October 19

Germaniyaning DAAD vakillari BuxDUda

Germaniyaning DAAD* tashkiloti vakillari Johanna Meier va Anton Umbach BuxDU Nemis filologiyasi bo`limi talabalari va professor-o`qituvchilariga Germaniyada o`qish, til kurslarida qatnashish hamda tadqiqot olib borish uchun grant va stipendiya olish imkoniyatlari haqida ma`ruza qilishdi. Ma`ruzani avval Anton Umbach boshlab berib Germaniya haqida umumiy ma`lumot berdi, so`ng Germaniya oliy ta`lim tizimi bilan yaqindan tanishtirdi. Talabalar uchun sevimli bo`lgan Hochschulsommerkurs, ya`ni yozgi til kurslari uchun grant yutish tartibini tushuntirdi.

Ma`ruzaning ikkinchi qismida Johanna Meier DAADning yuqori kurs va magistratura talabalariga mo`ljallangan grant va stipendiyasini olish tartibi bilan yaqindan tanishtirdi. Ma`ruzaning uchunchi qismida tadqiqotchi, doktorant va ilmiy darajali mutaxassislarning Germaniyada grant asosida tadqiqot olib borish imkoniyatlari bilan tanishtirdi, kerakli tavsiya va takliflarini berdi.

Shuningdek Anton Umbach Germaniyada o`qish uchun tan olingan til sertifikatlar haqida ma`lumot berdi. Ma`ruza oxirida talaba va ishtirokchilar qiziqtirgan savollariga javob olishdi.

Ma`ruzadan keyin DAAD vakillari BuxDU kompyuter markazida talabalardan OnSet xalqaro til sertifikati uchun onlayn test imtihoni olishdi. Shu bilan nemis hamkorlarimizning Buxoroga xizmat safari nihoyasiga yetdi.

*Deutscher Akademischer Austauschdienst – Germaniya akademik almashinuvlar xizmati