April 9, 2020

Zamonamiz va Qahramon

Qiyos
Amir Temur deganda avvalombor mening hayolimga “Amir Temur xiyoboni” va uning oldidagi muzey keladi. Ko`pincha men “Temur bobo” degan jumlaga duch kelsam, hayolimga o`sha muzeydagi Amir Temurning katta portreti keladi. Lekin Islom Karimov jumlasini eshitsam, ko`z oldimda kulib turgan, bir qo`li iyagiga tiralgan, notiq, ko`zlarida doim bir ma’no bordek tuyuladigan inson keladi. Umuman biz u insonni ko`rganmiz, xarakterini ozmi ko`pmi bilamiz. Lekin Amir Temurning xarakteri deganda nimani tushunishimiz kerak? Mardlik, jasurlik, oqilona qarorlar qabul qila olish, rahbarlik qobiliyati, yuqori darajadagi sezgi... bularning barchasi subyektiv ta’riflar nazarimda. Siz qanchalik menga Amir Temurni ta’riflab bermang, men baribir uning bor shamoilini tasavvur qila olmayman afsuski. Negaki inson xarakterini eng yaxshi ochib beradigan xislati, uning voqealikka nisbatan munosabati ekan. Siz o`zingizni jentelmendek tutishingiz mumkin, lekin xissiyotlar junbushga keladigan lahzalarda gapirgan gapingiz, qilgan imo ishorangiz sizni xaqiqiy qiyofangizdan dalolat beradi. G`arbliklar buni anglagan xolda, tarixiy shaxslar xaqidagi filmlarda ularning qiyofasi, o`ziga xosligi, xarakteri ustida qattiq ter to`kishadi. Olimlar jamoasi tarixiy voqeliklarning shajarasini tuzishdan tashqari o`sha voqeliklarning sodir bo`lishining ijtimoiy iqtisodiy sabablarini ham alohida e’tibor bilan o`rganishadi. Bu ularga o`sha shaxslarning qabul qilgan va keyinchalik butun tarixlarni yaratilishiga sababchi bo`lgan qarorlarining mohiyatini o`rganishga pirovardida ularning xarakterlarini ochib berishga turtki bo`ladi. Xarakteri ma’lum bo`lgan Makedonskiy nima sababdan yosh bo`lishiga qaramay dunyoni zabt etishga ishtiyoqmand bo`lganini tushunishingiz va tushuntirishingiz (!) mumkin.

2. Bugungi kun.
XXI - asrda nima kun tartibiga chiqdi? So`ngi paytlarda chiqayotgan filmlarni va ularning reytinglarini ko`rsangiz, reytingi baland, kassabop filmlarda borgan sari mutlaq salbiy qahramonlar kamayib ketmoqda. So`ngi 10 yillikda bizga tanilgan “yomon yigit”larga qarang: Loki, Tanos, Joker… Ularni salbiy deymiz, lekin ularning argumentlarini shunchaki inkor eta olmaymiz. Umuman olganda bu trend taxminan 1990-yillarda paydo bo`ldi. Dunyoda yaxshilar va yomonlar emas, insonlar bor. Tarixchilar ham tarixiy qahramonlar ustida qaytadan tadqiqotlar boshlashdi. Ularni bu yaxshi bu yomon deb ajratmasdan, balki kamchiliklariyu yutuqlarini xolis o`rganish orqali, aslida ular qanday inson bo`lganliklarini aniqlashmoqda. Bu nima beradi? Agar siz biron bir tarixiy shaxsning to`la to`kis moddiy va ma’naviy portretini ko`rsangiz, uni naqadar o`zingizga o`xshashligiga e’tibor qaratasiz. Yoki o`sha shaxsning xarakteridagi ayrim qirralarni o`z farzandingizda ko`rishingiz mumkin. Bu esa kelajak rejalarini tuzishda yo`l xaritasi bo`ladi. Siz buni bilganingizdan so`ng, toshga sanchilgan Ekskaliburni olishga xarakat qilmaysiz. Shunchaki bir inson qilgan ishni, uning muvaffaqiyatga erishishda bosib o`tkan qiyinchiliklarini xis qilasiz xolos. Farzandlaringizni aynan qanday tarbiyalash kerakligini bilasiz. O`zingiz o`ylang. Ota -onangiz sizni Amir Temur, Jaloliddin Manguberdiga o`xshashingizni xohlashadi va bu yaxshi albatta. Lekin siz xech qachon ularchalik mashg`ulot qilmagansiz va qilmaysiz ham. Chunki siz-u biz shunchaki bu qanday bo`lishini bilmaymiz.

3. Eyforiya.
Demak siz Amir Temur yoki Jaloliddin Mankburn(Manguberdi)ga o`xshay olmas ekansiz, unda nima qilish kerak? Ajdodlardan ko`r-ko`rona faxrlanib yurish kerakmi yoki o`zi shundoq ham kam manbaalarni titkilab ularning shaxsiyatini qayta tiklashmi? Har ikkala yo`lda ham ma’lum nyuanslar borligini sezib turibsiz. Siz xozirda o`qiyotgan va ularni shunchaki eng zo`r deb hisoblayotgan kitoblaringizdagi aksar fikrlar allaqachon kimlardir tomonidan aytib bo`lingan. Men xech qachon Deyl Karnegining kitoblarini o`qimayman. Chunki ijtimoiy tarbiyaviy mazmundagi kitoblarning umri 20-30 yil atrofida bo`ladi. Kamdan kamlarigina bu muddatni yengib o`tadi. Lekin atrofingizga qarasangiz karnegichilar ham yoki menga o`xshagan dimog`dorlar ham yoki umuman kitobxon bo`lmaganlar ham aynan ijtimoiy sohalarda ma’lum yutuqlarga erishmoqdamiz. Buning sababi biz o`zimiz qilayotgan ishdan to`liq qoniqayotganligimiz bo`lishi mumkin. Agar siz shamollasangiz va "ko`p suyuqlik ichsam tuzalaman" deb ishonsangiz bu sizning davoingizga sabab bo`ladi. Agar siz o`tmish bobolar haqida ko`proq o`rgansangiz ularning taxminiy portretini ong ostida tasavvur qilasiz. Farzandingizni aynan ulardek tarbiyalamoqchi bo`lsangiz, siz shunchaki bu ishni qilasiz. Farzandingizga yoshligidanoq Qur’on o`qitasiz chunki Amir Temur 7 yoki 11 yoshidayoq hofizi Qur’on bo`lgan degan fakt e'tiboringizni tortgan, paytida. Agar bu jarayonda farzandingiz zeriksa, uni sport to`garagiga berasiz. Kunini rejalashtirib, bo`sh vaqtini maksimal kamaytirasiz va unda entuziazmni shakllantirasiz. Bu ishni siz o`zingiz bilan ham qilishingiz mumkin.

4.Xulosasiz.
Albatta Amir Temur juda katta moddiy va ma’naviy boyliklar qoldirib ketgan va yoki ularga homiylik qilgan. U qurgan saltanat nafaqat O`rta Osiyada ahamiyatli, balki Mirzo Bobur tufayli Hind diyorlarida ham o`z aks - sadosiga ega. Amir Temur avvalambor markazlashgan davlatni qura oldi deb ko`p eshitkanmiz. Aniqrog`i esa u aynan markazlashgan davlatni boshqaruvchi tizimni qura olgan. Hammamiz eshitkanmiz, ilk plastik kartalarini Amir Temur joriy qilganligini. Lekin nega bunga zaruriyat bo`lgan? Bir muddat maosh olmagan askarlar, vatanparvarlik ko`rsatib sabr qilishi mumkin ediku? Yoki bo`lmasam Amir Temur askarlari oldiga chiqib, notiqlik qilishi va ularni sabrli bo`lishga targ`ib qilib, va’dalar berishi mumkin ediku… Lekin u bunday qilmadi. Ha u askarlarni ruhlantirdi, lekin afsonaviy qahramonliklar bilan emas, moddiy tushumlar bilan. U aksariyat hollarda vaziyatga to`g`ri baho bera olgan. Sharofiddin Ali - Yazdining “ Zafarnoma”sida Amir Temur sharob bilan tasvirlangan sahna bor. Siz Temurni mukammal inson va chin musulmon deb o`ylashingiz va men bilan bahslashishingiz mumkin, lekin tarix xissiyotlar bilan emas, faktlar bilan yoziladi. Va bu sahna biz Amir Temurdan ilhomlanmasligimiz, farzandlarimizga uni o`rnak qilib ko`rsatmasligimiz kerak degani emas. Shunchaki zamon bilan hamnafas bo`lib, o`zimizga ham o`zgalarga ham bor haqiqatni boricha, ortiqcha bo`yoqlarsiz yetkazishimiz kerak. Shundagina yosh avlod ham Amir Temurni qandaydur yetib bo`lmas, bir necha asrda bir tug`iladigan afsonaviy “Sohibqiron” emas, balki haqiqiy Sohibqiron deb qabul qiladi va o`zi ham shunga intiladi.


“Biz kim Temur avlodlari” blogpostlar tanlovi uchun
Radio va mobil aloqa fakulteti Mto` 831-18 guruh talabasi Bekzod Abdullayev