Gulruh Yormatova “ Nomus uchun o’ch” 3 – qism.
- Avaz, o’sha voqea uchun sendan kechirim so’ramoqchisan, - deb qoldi bir payt Sanam.
- Qaysi voqea?
- Sardorning xati-chi?
- E, qo’ysang-chi, o’sha vaqtning o’zidayoq unutib yuborganman.
- Yo’q, unutmagansan. Unutmaganing uchun ham boshqa sinfga o’tib ketding. Men bilan ham gaplashmay qo’yding, - Sanamning ovozidagi erkalik kulgumni qistatdi. Ikkovimiz birdaniga kulib yubordik. O’rtadagi begonalik biroz ko’tarilgandek edi.
- O’zing-ku, dimoq – firoq qilib yurgan, - dedim yarim hazil, yarim chin qilib.
- Avaz, menga Sardorning xatidan ham ko’ra, sening muomalang og’ir botgandi.
- Ke, o’sha gaplarni eslamaylik.
Sanam boshqa so’z demadi. Faqat xayrlashayotganda ko’zlarimga iltijoli termulib dedi:
- Men Sardorni yaxshi ko’rmayman.
Nima deyishimni bilmasdim. Xayrlashish uchun uzatilgan mayin, jajji qo’lchalarni avaylab kaftimga olarkanman, Sanamning o’zi ham, barmoqlari ham titrab turganligini his qildim. Bu titroq yana vujudimga o’t yoqqandek, o’smirlik chog’larimdagi totli tuyg’uni qayta ko’nglimga olib kirgandek bo’ldi. Yuragim tubida qul bosgan umid ojiz miltillay boshladi; “ Sanam meni yaxshi ko’radi”.
Ammo uyga qaytarkanman, bularning bari xomxayol ekanligini his qildim. Chunki Sanamning menga ko’ngli bo’lgan taqdirda ham unga yetmog’im dushvor. U kim-u, men kimman? Sanam o’qimishli yigitlarga munosib.
O’sha tun uxlolmay chiqdim. Sanamning qaddi – basti, qayrilma kipriklari, mayin jilmayishi, ko’z oldimda muhrlanib qolgandek edi. Uning xayrlashish oldidan “ Men Sardorni yaxshi ko’rmayman” , degan so’zlari hamon quloqlarim ostida jaranglaydi. Shundan so’ng Sanamni boshqa ko’rmadim.
Oradan yillar o’tgach, uydagilar meni uylantirish taraddudiga tushib qolishdi. Otamning har kuni dasturxon boshida aytadigan gapi shunga borib taqalardi. Ammo bu haqda qancha ko’p aytishmasin, men ham ‘ uylanmayman”, deb oyoq tirab turaverdim.
- Ko’z – po’zingning ostiga olganing bormi yo? – dedi otam bir kuni xunob bo’lib.
Indamadim. Oraga onam suqildi.
- Buningiz juvozchining qizi Sanamga oshiq.
- Qaysi juvozchi? Anavi Turdiqulning qizimi?
- Ha, o’sha shahar ko’rgan echki.
- Chuchvarani xon sanabdi. Men u “ bechiroq” oiladan kelin qilmayman!
Hayron bo’ldim. Nega “bechiroq’ deydi? E-ha, ularning oilasida o’g’il bola yo’q-da! Shuning uchun! O’-ho’, chiroq bo’lib o’zlari nima karomat ko’rsatibdilar? Buvim bechora, manavi chayonchasi dastidan, hatto o’z uylarida o’lolmay armonda ketdi-ku! Onasining tobuti kuyovnikidan chiqayotganida, shu gap otamning xayoliga kelmadimikan?!
Otamga chaqchayib qaradim. Ammo tilimga boshqa so’z ko’chdi:
- Xotirjam bo’ling. Kelin qilaman, desangiz ham juvozkash sizga qiz bermaydi.
- Ovozingni o’chir! “ Lyuboy” xonadondan kelin qilishim mumkin. Faqat sen ovsarga hammayam qiz beravermaydi.
Xullas, rosa talashib – tortishishlardan so’ng Rayhon bilan fotiha to’yimiz bo’ldi. U onamning eng yaqin dugonasining qizi edi.
- Voy, o’lay, onasi “shantaj’-ku! – dedi ammam.
- Oyog’I ham chakkiroq, - dedi xolam.
Ammo onam ularni, “ o’zlaring shantaj, o’zlaring g’ar’, deya darvozadan quvib chiqardi. U har kuni quda tarafni og’zidan bol tomib maqtardi. Bir kuni shomda esa bo’lajak kelin bilan uchrashishim kerakligini aytib qoldi.
- Xo’p, - dedim.
Ko’rsam, ko’ribman-da! Shu bilan onamning chakagi yopilsa – yopilsin. Kech tushishi bilan onam tutqazgan atirni olib, uchrashuvga bordim. Rayhonlarning darvozasi oldida kattakon baqaterak bor ekan. O’shaning panasiga o’tib kuta boshladim. Kutyapman-u, xuddi darvozadan Sanam chiqib keladigandek, “bir og’iz aytmay, sovchi qo’yibsan-a?” deya erkalanib, yelkamga bosh qo’yadigandek.
Oradan ko’p fursat o’tmay darvozadan boshqa qiz chiqdi-da, bitta – bitta qadam tashlab, men tomon kela boshladi. Xayollarim tumandek tarqaldi. Negadir orqamga qaramay, qochgim kelardi. Sanamga endi hech qachon yetolmasligimni o’ylaganim sari, o’zimdan g’ijinardim…
- Assalom, - dedi u eshitilar – eshitilmas.
- Yaxshimisiz?
U gaping bo’lsa gapir, degandek indamay qarshimda bosh egib turaverdi. Sinchiklab razm soldim. Boshida zarli kapron ro’mol. Sochlari bitta qilib o’rilgan, harir, nim pushti ko’ylak butun qaddi – bastini ko’z – ko’z qilib turibdi. “ Sochi Sanamnikidek qalin ekan”, beixtiyor xayolimdan o’tkazdim. Shu tobda o’zim bilmagan holda uni Sanam bilan solishtirayotgan edim. Oraga og’ir sukunat cho’kdi. Nimani gapirishni bilmasdim. Nimayam deyman o’zi? Bunga aytadigan gapim bo’lmasa. Birdan xayolimga cho’ntagimdagi atir keldi.
- Manavini onam berib yuboruvdila, - dedim uzatib.
Rayhon atirni olarkan, ko’zlari yashnab ketgandek bo’ldi.
- Rahmat, meniyam sizga arzimas sovg’am bore di, - dedi keyin qo’lidagi ro’molchani uzatib. Chekkalari to’kilib, popukcha taqilgan ro’molcha chiroyli edi…
- Uchrashuvdan dilim xufton bo’lib qaytdim. Tez orada to’y kuni belgilandi. Hamma sinfdoshlarimni to’yga aytdim-da, eng chiroyli taklifnomaga Sanamning ismini yozib, unikiga yo’l oldim. Ta’til payti emasmi, Sanam uyda ekan. Meni ko’rib quvonib ketdi:
- Voy, Avaz, o’zingmisan? Quyosh qayoqdan chiqa qoldi? Biznikiga kelmay qo’yuvding-ku!
Kalovlanib qoldim. U bilan naridan – beri so’rashgach, taklifnomani qo’liga tutqazdim.
- Shu … to’y bo’ladigan bo’p qoldi. Shunga aytib keluvdim.
Sanam nir muddat jim bo’lib qoldi. Uning hozirgina quvonchdan porlab turgan qop – qora ko’zlarida hayrat, o’kinch va ta’na qotib qolgandek edi.
- Tabriklayman, kim ekan? – dedi so’ng ovozi bilinar – bilinmas titrab.
- Zokirning singlisi Rayhon.
- Ha, Rayhonmi? Chiroyli qiz.
- Sanam, to’yga bordin, xo’p? – dedim unga yolvorgudek termulib.
- Mayli…
- Ammo u to’yga kelmadi…
Ikkinchi o’g’lim tug’ilgach, Sanam vodiyga erga tegibdi, deb eshitdim. Meni to’yiga aytmadi ham. Hayot tashvishlariga o’ralashib, olis bolalik qatida qolib ketgan sevgimni biroz unutgandek bo’ldim. Shu vaqt ichida alohida uy qurib, ko’chib chiqdik. Ro’zg’or tebratish qiyin ekan. Hali u kam, hali bu kam. O’g’illarimni sunnat to’yi qilish yelkamdan tog’dek bosib turardi.
Uzoq yurtlarga qatnab ishlaydigan jo’ralarimga qo’shilib, Rossiyaga ketdim. Kun sovuq. Izg’irinda ishlab pul topishning o’zi bo’lmaydi. Ammo mehnat qilgan odam xor bo’lmas ekan. Olti oy deganda katta pul bilan uyga qaytdim. To’y qildik. Uyning kam – ko’stini to’g’riladik. Endigi reja – mashinali bo’lish edi. Shu niya bilan Rossiyaga yo’l oldim. Ammo bu galgi safar mening butun hayotimni alg’ov – dalg’ov qilib yubordi.
Oradan olti ot o’tgach, uyga kelsam, Rayhon haqida har xil mish – mish gap yuribdi. O’zidan so’rasam, o’laman sattor, tuhmat gap, deydi. Ko’nglimga shubha o’rmaladi. Nimadir sezgandek, yuragim notinch edi.
- Rayhon, yana Rossiyaga ketaman. Mashinani zo’ridan olamiz, - dedim bir kuni dabdurustdan.
Uning ko’zlari chaqnab ketdi.
- Voy, yaxshi bo’lardi.
Hamma lash – lushimni jomadonga joyladim-da, yo’lga tushdim. Ming o’rgilib – aylanib kuzatib qoldi. Ikki kun boshqa qishloqda yashaydigan og’aynimnikida mehmon bo’lgach, kechasi yo’lga tushdim. Uyga ketayapman – u hamma shubhalarimyolg’on bo’lib chiqsin, deya Xudoga nola qilaman. Tun yarmidan oqqanida qishloqqa kirib keldim. Darvozamiz ichkaridan tambalangan ekan. Sekin devordan oshib tushdim. O’tinxonadan yugurib chiqqan itimizga “ Belka, Belka” degandim, dumini likillatib oyog’imga suykaldi. Ayvon qorong’u, faqat koridor chirog’I yoqilgan. Nimqorong’uda oyoq yechadigan joyda do’mpayib turgan narsaga ko’zim tushdi. “ Nega oyoq kiyimlarning ustiga sholcha tashlab qo’yibdi?” xayolimdan shu o’y o’tishi hamon yuragim “shuv” etib ketdi. Yulqib sholchani ko’tardim. Ne ko’z bilan ko’rayki, begona erkakning tuflisi! Ingrab yuborishimga oz qoldi. Shaxt bilan o’zimiz yotadigan uyga kirib, chiroqni yoqdim. Uy to’rida qaynonam uchta bolamni yoniga olganicha, gumbazdek bo’lib yotibdi. Rayhon yo’q. chiroq yorug’ida uyg’onib ketgan qaynonam baqrayib qoldi. Og’zi bir tomonga qiyshayib, xuddi tutqanoq tutgan odamdek qo’lini silkita boshladi. Yugurib koridorga chiqqandim, ortidan uning chinqirig’I eshitildi.
- Rayho-on, qo-o-ch!
Bir muddat nima qilishimni bilamy esankirabqoldim. Shu payt narigi uyning derazasi sharaqlab ochildi. Jahldan tishlarim g’ijirlab ketdi.
Eshikni zarb bilan tepib, uyga kirishim bilan qip – yalang’och erkak o’zini derazadan tashladi. Ortidan Rayhon! Quvaman, deb peshanamni deraza raxiga urib oldim. Ko’z oldim qorong’ilashib ketdi. Gandiraklab hovliga chiqarkanman, ichki kiyimda qochib ketayotgan Rayhonni elas-elas ko’rdim…
Keyingi voqealar yashin tezligida ro’y berdi. Ammo men hamon bir narsaga tushunolmayman. Nega qaynonam o’z qizini bu yo’lga boshlaydikin?! Axir fohishalikda dong’i ketgan ayollar ham farzandiga bu taqdirni ravo ko’rmaydi-ku! Qaynonam fohishadan battar mal’un ekan. Qo’limni uning qoniga botirib gunoh ish qilganimni endi – endi tushunyapman. Esiz ozodlik! Tergov bo’layotganida tezroq qamoqqa jo’natishlarini istagandim. Ammo qamoqda yashash men o’ylaganchalik oson ish emas ekan. Sudgacha o’n to’qqiz kun hibsda saqlashdi. Yigirmanchi kuni Abdiyev degan tergovchi xonasiga olib kirib, qamoqqa olinganligimni o’sha yerda e’lon qildi. So’ng izolyator, deb ataladigan joyga olib o’tishdi. Dastlab, 5 – kameraga, oradan ikki kun o’tgach esa 3 – kameraga qamab qo’ydilar.
Olti kundan keyin ertalab soat beshlarda mahbuslar “voronyok” deb ataydigan milisiya mashinasida meni qayoqqadir olib borishdi. Mashinadan tushgach, tor va zax, devoir mayda qirrali tosh bilan qoplangan xonada o’n daqiqacha saqlashdi. Havo yetishmasligidan bo’g’ilibketdim. Bu yerdan chiqqach, hujjatlarim rasmiylashtirildi. Rosti, bu ikir – chikirlar jonimga tegib ketgandi.Buncha qonuniylashtirilmasa! Mahbuslarni nazorat qiluvchilar xuddi temir odamlarga o’xshaydi. Hissiz. Yuzida ifoda yo’q. ammo ularga ham qiyin. Har kuni yuzlab turli taqdir egalari bilan muomala qilishadi. Biri qotil, ikkinchisi o’g’ri firibgar deganday… Hujjatlarni rasmiylashtirayotgan nazoratchidan bir – ikkita ma’lumot so’ramoqchi edim, jerkib berdi. Keyin karantin deb nomlanadigan 44- kameraga tiqib qo’yishdi. U yerda ikki mahbus bor ekan. Yaqindan tanishib oldik.
Oradan ikki – uch kun o’tgach, chiroqchilik Juman bobo degan kishini keltirishdi. U bundan o’ttiz yil oldin ham qamalib chiqqan ekan. Bu hazilkash otaxonni hammamiz yoqtirib qoldik. Qamoqning zahrini totib ko’rgani uchunmi, u ko’p hazil qilar, qiziqarli gurunglar berar, ishqilib, bizni og’ir xayollardan chalg’itishga harakat qilardi.
- E , ulim, qul o’lmay, rizqi uzilmas. Bir kun kelib peshanangda optop charaqlasa, meniyam eslab yurarsan, - deb qoldi Juman bobo.
“ Yalt” etib boboga qaradim. Ajab, uning ko’zlarida mung bor edi. Shu paytgacha boboni qamalganidan xursand, deb yurardim. Adashgan ekanman. Uning serajin yuzlarida keksayganida shu kunlar boshiga tushganidan pushaymonlik hissi balqirdi.
To’qqiz kun o’tgach, bizni yana alohida kameraga olib o’tishdi. Men kasbilik Rustam ismli haydovchi yigit bilan 35 – kameraga tushdim. Eshigi qoraga bo’yalib, derazasiga qo’sh panjara o’rnatilgan zax bu xonada olti kunni azob bilan o’tkazdik. Keyin sud bo’ldi. U yerda qarindoshlarim, xotinim va bolalarimni ko’rib, yaram yana yangilangandek bo’ldi. Ayniqsa, xotinim g’azabimni qo’zg’atdi. Azador bo’lishiga qaramay, qosh – ko’zini obdon bo’yab olgan, yuzida g’amginlikdan asar ham yo’qdek. Odatda, bizda azador ayollar qosh – ko’ziga surma tortmaydi. Taqinchoqlarni-ku, aytmasa ham bo’ladi. Bu esa… Ahmoq, mendan qutulganiga shukur qilib, o’ynashi bilan yallo qilib yurgandir?!
Hukm o’qilgach, qo’limga kishan taqib sud zalidan olib chiqishayotganida bolalarim “dadajon” deya oyog’imga yopishishdi. Tomog’imga nimadir tiqildi. Dast ko’tarib birma – bir bag’rimga bosdim.
Kameraga qaytgach, bor ovozim bilan o’kirib yubordim…
Endi sudlanganlar 1 – kameraga qamalr edi. U yerda odam ko’p. havo yetishmaydi. Uxlaganda, bir yonbosh bo’lib tiqilishib yotamiz. Ter va achimsiq hidden ko’ngil ayniydi. Bu yerda besh kun yashagan bo’lsam, besh yildek cho’zildi. Kameradan – kameraga ko’chirishlaridan rosa charchadim. 1 – kameraga qamashganida, shu oxirgisi bo’lsa kerak, degandim. Yo’q, yana 12 – kameraga o’tkazishdi. Tutqinlikda ko’nikishim juda qiyin bo’ldi. Kun issiq, bunday paytda katalakdek kameralarda yashashning o’zi bo’lmaydi. Bir oy it azobida shu yerda yotdim. Ko’p marhumlar bilan tanishdik. Ikrom aka degan kishini shu yerning o’zidan ozodlikka kuzatdik. Unga havasim keldi. Qaniydi meniyam aybim yengilroq bo’lsa-yu, afv etilib ozodlikka chiqsam. Ilhom aka ketish oldidan yelkamga qo’l tashlab dedi:
- Avazjon, bu kunlar o’tar – ketar, siqilmang. Hali ozodlik oshini ikkalamiz juda ko’p baham ko’ramiz.
Ko’zlarimda yosh g’iltilladi…
Otam, onam va katta ukam uchrashuvga kelishdi. Onam hadeb anglashilmovchilik bo’lganligini, Rayhon men o’ylaganchalik yomon ayol emasligini aytib bidirlardi.
- Yana nima istaysiz mendan?! Axir ko’zlarim ko’r emas-ku?! – deb o’shqirdim.
Otam onamga bir tarsaki tushirdi.
- O’zi sen qilding hammasini. O’g’limni baxtsiz qilding, jodugar, - deya so’kindi.
Shovqinni eshitib nazoratchilar yugurib kelishdi. Hiqillab yig’layotgan onamni, jahldan qalt- qalt titrab turgan otamni surgilashib olib chiqib ketdilar. Negadir yengil tortdim.
3 – qism tugadi.