Borden Dil “ Sherifning firibgar xotini”

O’ttiz yoshlar atrofidagi istarali, sochlari yorqin rangga bo’yalgan ayol sekingina mening stolimga yaqinlashdi. Uning bo’yi pastgina, lekin kiyinishi, odatda, kichik shaharcha xonimlari kiyinishidan ko’ra ancha po’rim edi. Didi balandligi ko’rinib turibdi. Ehtimol, ovloq joyga birorta katta shahardan ko’chib kelgandir?..

-         O’tirsam maylimi? – deb so’radi u yonimda to’xtab. – Siz bilan gaplashmoqchi edim.

Men uning chap qo’liga tezgina qarab oldim-da, bosh silkidim. Ayollar bilan uchrashganimda men har doim ularning qo’liga e’tibor beraman. Bu orqali ko’p narsa bilib olish mumkin. Hamsuhbatimning nozik, ingichka barmog’I meni qiziqtirib qo’ydi. Notanish ayolning barmog’idagi bir necha ming dollarlik olmos uzukka qarab, suhbat qiziqarli kechishini sezib turardim.

U stol ustidagi stakanni asabiy o’ynay boshladi.

-         Men bir odamni o’ldirishingizni hohlardim, - dedi keyin kutilmaganda.

-         Siz adashib boshqa stolga o’tirdingiz shekilli, xonim? – deb bosh chayqadim men. Unga qiziqishim darhol so’ngan edi. – Bu mening kasbim emas.

-         Pul topish-chi, u sizning kasbingizmi? – sovuqqina qilib so’radi ayol ko’zimga tik qarab.

-         Endi to’g’ri topdingiz. Pul topishni yaxshi ko’raman va uddalayman ham.

-         Unda nega yigirma besh ming dollardan voz kechmoqchisiz? – deb so’radi notanish xonim ayyorona kulib va ochiq dekoltesini ko’rsatish uchun atayin stolga engashdi.

Men unga birpas tikilib turib keyin esa sekin tushuntirdim:

-         Xonim, men hohlagan buyumingizni istagan odamingizga sotib berishim mumkin. Gapga juda chechanman. Birovni joniga tekkuncha gapga tutish kerak bo’lsa, marhamat! Ammo aksincha bo’lsa…

-         O’sha odamni gap bilan jonidan to’ydirolmaysiz, - xo’rsindi hamsuhbatim.

-         Kim haqida gapiryapsiz o’zi?

-         Erim haqida.

-         Nega uni o’ldirmoqchisiz? Undan ko’ra ajrashgan yaxshi emasmi? Hech qanday ko’ngilsizlik bo’lmaydi, panjara ortiga ham tushmaysiz. Hohlasangiz, ko’chada mashinam turibdi. Bir necha soatdan keyin boshqa shtatda bo’lamiz.

-         Yo’q, - bosh chayqadi u qaysarlik bilan. - qochish yaramaydi. Uning puli ko’p. agar tashlab ketsam, menga hech vaqo tegmaydi. O’lsa, hamma davlati menga o’tadi.

-         Sizga juda achinaman. Lekin takror aytaman: men bunaqa ishlar bilan shug’ullanmayman. Siz murojaat qilishga adashdingiz.

-         Yigirma besh mingni unutmadingizmi? – eslatdi u.

-         Men hech narsani unutmayman, - deb jilmaydim men. – Ha, aytgancha, nega aynan menga murojaat qildingiz? Shu yerlik yigitlarga aytsangiz ham bo’lardi-ku!

-         Yo’q, o’zimizning yigitlar to’g’ri kelmaydi bu ishga. Menga aynan boshqa joydan kelgan odam kerak: bizning shaharga bir – ikki kunga kelgan va men boshqa hech qachon ko’rmaydigan odam! Siz bu yerda ko’p qolmoqchi emassiz, to’g’rimi?

-         Yo’q, albatta . ovqatlanib bo’lgach, yo’lga tushmoqchi edim, siz kelib qoldingiz.

-         Ko’rdingizmi, hammasi silliq ketyapti. Sizni Xudoning o’zi menga ro’para qildi. Bugun kechqurun shu ishni bitirib, keyin ketaversangiz ham bo’ladi. Sizdan hech kim shubhalanmaydi ham. Axir bizni hech nima bog’lab turmaydi. Birinchi marta uchrashib turibmiz… Umuman, bu shahardan cho’ntagingizda yigirma besh ming dollar bilan chiqib ketishingiz mumkin.

-         Pullaringiz o’zingizdami? – qiziqib so’radim chiday olmay.

U atrofga bir alanglab oldida, katta sumkasining ichini ochib ko’rsatdi. Sumka dollar taxlamlari bilan to’la edi. Men umrimda shuncha ko’p pulni ko’rmagandim. Shuning uchun azoyi – badanim jimirlab ketdi. Uning taklifi haqida jiddiy o’ylab qoldim. Nima bo’lganida ham aqliga qoyil qolish kerak. Haqiqatdan ham, bir yo’lovchi odam qotillik qilib, yana shu zahotiyoq shahardan chiqib ketsa, hech kim shubhalanmaydi. Hamma gumon mahalliy yigitlarning gardaniga tushadi.

-         Agar bizning shu restoranda birga o’tirganimizni birov eslab qolsa-chi? – dedim men aniqlik kiritib olish uchun.

-         Havotir olmang, - tinchlantirdi u meni. – Men bu yerda umuman bo’lmaganman va meni hech kim tanimaydi ham.

-         Baribir bu yerdan ketganimiz maqul. Men hech nima va’da qilolmayman, lekin gaplashishim mumkin. Suhbat uchun qamoqqa tiqishmaydi har holda.

U o’rnidan turib, tezgina restorandan chiqib ketdi. Bir – ikki daqiqa kutib, men ham ortidan chiqdim. Restorandan uch kvartal naridagi tinch ko’cha bo’ylab ketayotgan ayolga yetib oldim. U mening mashinamga o’tirdi. Men yo’ldan ko’z uzmay borardim. Unga qaragim kelmasdi. Chunki haligacha bir ishga: 25 ming dollar evaziga odam o’ldirishga rozi bo’lishim mumkinligiga ishongim kelmasdi. U yo’l ko’rsatib turdi. Men shahar tashqarisi tomon haydadim.

-         Xo’sh, bir qarorga keldingizmi? – deb so’radi u men mashinamnito’xtatgach.

-         Xo’sh, nima qilishim kerak? – savolga savol bilan javob berdim.

-         Hammasi juda oson, - yelka qisdi qiz. – U soat o’n birlarga yaqin uyga qaytadi. Siz mehmonxonada kutib turasiz. Ichkariga kirganida otib tashlaysiz va o’lganiga ishonch hosil qilgach, oynani sindirasiz, o’g’ri kirgan, deb o’ylashlari uchun. Men yotoqxonada bo’laman. Siz ketganingizdan o’n daqiqa o’tgach, polisiyaga qo’ng’iroq qilaman va uyimga o’g’ri kirib, erimni otib ketdi, deyman.

-         O’n daqiqa yetadi, deb o’ylaysizmi? - so’radim shubhalanib.

-         Albatta, agar o’sha zahoti shahardan chiqib ketsangiz… o’zingiz aytdingiz-ku, ketmoqchi bo’lib turuvdim, deb.

-         Pul-chi? Qolganini qachon olaman?

-         Hozircha sizga besh ming beraman, - dedi u tizzasida turgan sumkasini ko’rsatib.

-         Qolgan yigirma mingini ishni bitirganingizdan keyin olasiz. Sumka yotoqxonada bo’ladi, o’zim bilan birga.

-         Keyin nima qilmoqchisiz? – dedim pullarni cho’ntagimga joylay turib.

-         Biroz vaqt kutib turaman, - jilmaydi u. – shov – shuvlar tingach, pullarni olib jo’nayman… uni o’ldirasizmi? – so’radi shoshib.

-         Ha, - dedim bir dam o’ylanib turgach, og’ir xo’rsinganimcha. – qurolni nima qilamiz? Mening hech nimam yo’q.

U sumkasidan 32 kalibrli to’pponcha chiqarib, menga uzatdi.

-         Uni shu to’pponchadan otib, keyin shahar chekkasidagi biror joyga tashlab ketasiz… Soat o’n yarimda uy yoniga kelsangiz, eshik ochiq bo’ladi. Kirib mehmonxonada kutib o’tiring…

Soat 22:25da yetib borib, chekib turdim. Sigareta tutgan qo’llarim qaltiramayotganiga hayron qoldim. Ish xamirdan qil sug’urgandek yengil kechishi kerak.

Soat 22:30da eshikka yaqinlashdim. Va’da qilinganidek, eshik ochiq edi. Men tor koridordan o’tib, qorong’i mehmonxonaga o’tdim. To’xtab bekinish uchun joy axtarib alangladim. Mehmonxonaning burchagini mo’ljallab turganimda to’satdan sharaqlab chiroq yondi. Shoshib cho’ntagimga yo’nalgan qo’llarim yarim yo’lda to’xtab qoldi. Yotoqxona eshigi yonida baland bo’yli, oqsoch kishi qo’lida to’pponcha tutganicha turardi. Avval qornimga to’g’rilangan to’pponchaga, keyin esa sheriflar yulduziga ko’zim tushdi.

“ Tamom bo’ldim”, o’yladim nima qilishni bilmay.

Avvaliga baquvvat qariya meni yaxshilab ko’zdan kechirdi. Keyin hech qanday xavf tug’dirmasligimga ishonch hosil qildi shekilli, men tomon kela boshladi. Hoziroq xonadan otilib chiqib ketgim, bu iflos sharchadan uzoqlashgim kelar, lekin o’rnimdan jilishning iloji yo’q edi. Chunki qimirlasam otib tashlashi aniq. Uning ortida o’sha, mening yordamimda eridan qutulmoqchi bo’lgan ayol turardi.

-         Vaqtida keldingiz, - dedi qariya. – Bu ishingiz maqtovga arzirli. Hozir topshiriqni vaqtida bajaradigan odamlar kam qolgan.

-         Bu bilan nima demoqchisiz? – dovdirab ming’irladim. – Men vaqtida keldimmi?

-         Bilaman, bu yerga nima uchun kelganingizni, - dedi u jilmayib. – Siz meni o’ldirishga kelgansiz, to’g’rirog’i, o’ldiraman, deb o’ylagansiz.

-         Quloq soling, - xirilladim men, bir sherifning yulduziga, bir orqada turgan ayolga qarab. – Bu yerda nimalar bo’lyapti o’zi, tushunmayapman?

U menga yaqinlashdi. Keyin xotiniga ishora qilib buyurdi:

-         Pullarni ol!

Ayol shoshilmay menga yaqinlashdi. Ko’zini uzmagan holda cho’ntagimdan hamyonimni sug’urib oldi. Shu bilan birga kamarimga taqilgan to’pponchani ham unutmadi.

-         Bir daqiqa, - e’tiroz bildirdim men. – U yerda besh mingdan ko’p. pulning bir qismi o’zimniki.

-         Sizniki edi, - zaharxanda qildi sheriff, - endi uniki.

-         Hammasi joyida, - dedi ayol pullarni tezgina sanab olgach. – Mening besh mingim va uning uch mingi.

-         Quloq soling, bu nima ahmoqgarchilik? – rosmanasiga jahlim chiqib baqirdim.

U yana kuldi. Kulishi asabimga tega boshladi. Bo’lar – bo’lmasga ishshayaveradiganlarga toqatim yo’q.

-         Hali ham hech nimani tushunmadingmi? – endi u ochiqchasiga ustimdan kula boshladi.

-         Yo’q, tushunmadim.

-         Bu Klaraning sevimli nayrangi, - tushuntirdi u dona –dona qilib, xuddi yosh bola bilan yoki ahmoq bilan gaplashayotgandek. – Bu yo’l bilan ko’p pul ishlab bo’lmaydi. Lekin Klara uchun pul muhim emas. Muhimi, mustaqillikni his qilish. Hozirgi ayollarning qanaqaligini bilasan-ku, ular erining qo’liga qarab qolmaslik uchun mustaqil bo’lishga harakat qilishadi.

-         Bu bilan aytmoqchisizki… - men butunlay dovdirab qoldim.

-         Xuddi shunday, - ma’qulladi sheriff. – Klara har balo o’ylab topishga usta. Menimcha, bugungisi hammasidan ishonchli chiqdi, to’g’rimi?

Klara jilmayganicha, pullarni paypaslab turardi:

-         Omadli kecha bo’ldi-ya, Karl? Hech qachon bunaqa anqov puldorni uchratmaganman.

-         Yulduzni nega taqib olgansiz? Nima u sizga biror huquq beradimi?

-         Men shu graflikning sherifiman! – kulib yubordi Karl. – Senga Klara aytmaganmidi?

-         Yo’q, - dedim battar hayron bo’lib. – Menimcha, u menga ko’p gaplarni aytmagan ko’rinadi. Agar siz sherif bo’lsangiz.

-         To’g’ri, sherif degani qonunni himoya qilishi kerak, lekin men xotinimni yaxshi ko’raman, - u oromkursiga joylashib oldi-da, to’pponchasini yana menga to’g’riladi. – Klara menga turmushga chiqqanida tushunganman, muhabbat haqida gap ham bo’lishi mumkin emasligini. Hamma gap pullarimda. Men unga, hamma hohishingni bajaraman, deb so’z berganman. Shu vaqtgacha vadamning ustidan chiqib kelyapman.

-         Men seni sevaman, - erkalandi Klara.

-         Albatta, sevasan, shuning uchun hamma o’yinlaringga chidab kelyapman.

-         Men seni sevaman, - erkalandi Klara.

-         Albatta, sevasan, shuning uchun hamma o’yinlaringga chidab kelyapman.

-         Keying haftada Floridaga boraman, xursand bo’lib ma’lum qildi ayol. U endi ko’zimga chiroyli ko’rinmayotgandi.

-         Xo’sh, endi nima qilamiz? – qiziqdim men ovozim biroz titrab.

-         Agar aqlli yigit bo’lsang, hoziroq shahardan chiqib ketasan, - javob berdi o’g’ri sherif. – Boshqa ilojing ham yo’q.

-         Afsuski, siz haqsiz, - dedim men uf tortib.

Mezbonlar menga eshikni ko’rsatib qo’yishdi, lekin men chiqib ketmadim. Tirik qolganimga shukur qilib, mashinamga o’tirib tezroq qochib qolish o’rniga joyimdan jilmasdim. Bir qallob sherifga, bir uning topqir- go’zal xotiniga tikilib qoldim.

Klara ko’zlari chaqnab pullarni katta sumkaga joylay boshladi.

-         Shoshma, azizam, to’xtatdi uni sherif . – Menimcha, pullarning besh mingi menikiligini unutding, shekilli?

-         Karl … - ming’irladi u.

-         Mening besh mingimni qaytar, - dedi sherif sovuqqina qilib.

Klara istamaygina erining yoniga borib, besh taxlam pulni cho’ntagiga soldi. Keyin 32 kalibrli to’pponchani stol ustiga qo’yib, yoniga o’tirdi.

Baxtiyor juftlik jilmayib menga qarashdi.

-         Sen ketaver, - eslatdi sherif.

Mening miyamda har xil og’riqlar charx urar, boplab laqillatishganini tushunib turardim. U hozir meni otib tashlab, suvdan quruq chiqishi yoki qamatib yuborishi ham mumkin. Chunki men uning uyiga to’pponcha ko’tarib bostirib kirgandim. Buni Klara ham tasdiqlab, guvohlik berishi aniq edi.

-         Mayli, men ketdim, - xo’rsindim ahmoq bo’lganim alam qilib.

Shunday deb eshikka yo’naldim va yana ortimga o’girildim. Agar sherifning qo’lidagi to’pponchani hisobga olmasa, qarshimda baxtli oila turardi.

-         Sherif, - dedim nihoyat bor jur’atimni yig’ib, - umid qilamanki, u sizga voqeaning hamma tafsilotini gapirib bermagan. Masalan, meni qotillikka ko’ndirish uchun nima qilganini… - sherifning sergak tortganini ko’rib, shoshib davom etdim.

-         Bilasizmi, ayrimlar pul uchun odam o’ldirishga tayyor turadi. Ba’zilarga esa pulning o’zi kamlik qiladi. Ularga muhabbat kerak. Men sizni tushunaman. Shunday ofatijon ayol uchun men ham sherif bo’lsam-da, jinoyat qilishga rozi bo’lardim…

Oxirgi marta bundan o’n besh yil ilgari yengil atletika musobaqasida shunaqa tezlik bilan yugurgandim. Mashinaga o’tirib, motorni o’t oldirdim. Mashinam joyidan jila boshlaganida birinchi o’q ovozini eshitdim.

Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi