September 1, 2020

Gulruh Yormatova “ Nomus uchun o’ch” 2 – qism.

#Sizga_kitob_bo’lmaganlardan.

Yo’l – yo’lakay uydan kichkina chelakcha olib, menga ergashdi. Kuz emasmi, daryoda baliq ko’p. bir qarichidan – bir qulochigacha uchratish mumkin. Daryo labiga borgach, shimimni qayirib, suvga tushdim. Sanam ham chelakchasini silkitib, suv kecha boshladi. U ikki – uch metr naridan suvni shaloplatib baliqlarni quvar, men esa jon talvasasida o’zini har yoqqa urayotgan baliqlarni ushlab, chelakka solardim. Baliq tutishga shunchalik berilib ketibmizku, kunning kech bo’lganini ham sezmay qolibmiz.

-         Avaz bu yerda nima qilyapsan? – bir mahal yonginamdan eshitilgan ovozdan seskanib ketdim. Qarasam, onam. Jahldan lablari pirpirab turibdi.

-         Anavi… baliq tutayotuvdik, - dedim duduqlanib.

-         Hali uyga borgin, sen… - onam shunday deb shart ortiga burildi-da, tez – tez yurib keta boshladi.

Qo’rqqanimdan rangim quv uchib ketdi. Endi o’ldim! Otamga chaqib, urdiradi… Shosha – pisha suvdan chiqdim-u, papkamni olib, uyga yugurdim. Kelsam, darvoza qiya ochiq. Hovlida otam qo’lini beliga tiraganicha u yoqdan bu yoqqa yuribdi. Avzoyi yomon. Mollarga o’t yulinmagan shekilli, ketma – ket maraydi. Darvozadan kirib, lip etib og’ilxonaga o’tmoqchiydim, otam ko’rib qoldi.

-         To’xta! – deb baqirganicha bir xatlashda tepamga yetib keldi-yu, qulog’imga chang soldi. Chunonam cho’zdiki, ko’zlarimdan yosh chiqib ketdi. – Nega ko’chada daydiysan, a nega? Hozir baliq ovlashni ko’rsatib qo’yaman, senga, - otam shunday deb hovli to’ridagi tol novdalaridan sindirib keldi. “ Viz –viz” uchib, yuz – ko’zim aralash tushayotgan hivchin zarbidan azoyi – badanim achishar, alamimni faqat yig’idan olardim.

-         Mana, senga mana! – otam yig’laganim sari battar savalay boshladi.

Bir zumda hamma joyim momataloq bo’lib ketdi. Xullas, o’sha kuni rosa kaltak edim. Ertasi kuni maktabga olaqashqa bo’lib bordim.

-         Sening otang yomon, dedi Sanam achinib. Yonimga kelib o’tirarkan, qabargan qo’llarimni asta ushlab ko’rdi. G’alati bo’lib ketdim. Etim jimirlab, barmoqlarim titradi. Birinchi marta Sanam ko’zimga juda – juda chiroyli bo’lib ko’rindi. Uning achinishi ham, mehribonchiligi ham menga moydek yoqardi. Kim biladi, mehrga tashna bo’lganligim uchundir? Sanamga ko’zimgajuda – juda chiroyli bo’lib ko’rindi. Uning achinishi ham, mehribonchiligi ham menga moydek yoqardi. Kim biladi, mehrga tashna bo’lganligim uchundir? Sanamga qattiq o’rganib qoldim. Kun o’tgan sayin u bilan o’rtamizda sirli ip bog’lanayotganligini his qilib borardim. Bir – birimizdan hech nimani yashirmas, hatto, o’t yulgani ham birga borardik. Chunki Sanamlarning oilasida o’g’il bola yo’q, o’t o’rish, yer chopish, xashak yig’ish kabi ishlar uning zimmasida bo’lganligi uchun unga ko’maklashardim.

-         Eh, qaniydi, meniyam akam bo’lsa… Uyimizga kelin kelishini biram orzu qilaman, - deb qoldi bir kuni Sanam.

-         Sen yangangni chiqishtirmasding, - dedim hazillashib.

-         Nega? – azbaroyi ajablandi u.

-         Chunki sen urishqoq qizsan.

-         Ey bor – e…

Kula – kula o’tni bog’lam qilib uyga yo’l oldik. U bilan yonma – yon ketarkanman, bir kun kelib bir – birimizdan asta – sekin yiroqlab ketishimizni tasavvur ham qilolmasdim.

To’qqizinchi sinfda o’qirdik o’shanda. Endi balog’at ostonasiga qadam qo’yib, atrofga boshqacha nigoh bilan qaraydigan pallalar. Sinfimizda kim kimgadir ishqiy maktub bitgan, kim kimnidir sirli uchrashuvga taklif etgan…

Xullas, o’smirlikning takrorlanmas totli onlari. Sinfdosh qizlar ko’z o’ngimizda kun sayin go’zallashib borardi. Ayniqsa, Sanam! Yuzlari tiniqlashib, bo’yi ancha cho’zilib qolgan, qayrilma kipriklari ostidagi charos ko’zlari kishiga siqli boqardi. Bitta qilib o’rilgan bilakdek sochlari tim qora. Endi bahor boshlangan paytlar. Qir – adirlar yam – yashil tusga kirgan. Maktab yo’lidagi qator ekilgan dov – daraxtlarning g’uj gullaridan ko’z quvnaydi. Sal shamol bo’lsa bormi, poyingizga oppoq g’unchalar duv to’kiladi. Shunday kunlarning birida Sanam qoshiga bilinar – bilinmas o’sma tortib, sochiga qip – qizil atirgul g’unchasini taqib keldi. Mahliyo bo’lib qoldim. Dars tinglayapman-u, qulog’imga hech vaqo kirmaydi. Ko’z qirim bilan uni tomosha qilaman. O’qituvchimiz doskada allambalolarni tushuntiryapti. Sanam boshini bir tomonga qiyshaytirganicha yozish bilan ovora.

-         Avaz, biri kislorod bo’lgan, ikki elementdan tashkil topgan… keyin nimaydi, - deb qoldi u bir payt qulog’imga shivirlab.

Mayin nafasi yuzimga urilib, allanechuk bo’lib ketdim. Tilim gapga aylanmasdi.

-         Senga aytyapman? Nima balo, yozmayapsanmi? – dedi keyin uzun kipriklarini pirpiratib.

Indamadim. Biror so’z aytishga majolim ham, bahonam ham yo’q edi. Sanam menga biroz hayron qarab turdi-da, so’ng yana yozishga tutindi. Keying dars jismoniy tarbiya edi. Kiyinib endi to’p tepishni boshlagandik, sinfdoshim Sardor meni chetga imladi.

-         Avaz, bu yoqqa kel-da! Senga bir gap boriydi.

-         Qanday gap? – dedim endi o’yin qiziy deganda mijg’ovlanayotganidan jahlim chiqib.

-         Hech kimga aytmaysanmi? Og’zingda kalla – sho’rva turadimi, o’zi?

Jahlim chiqib ketdi. Nima demoqchi o’zi bu mijg’ov? Meni kim deb o’ylayapti?

-         Birovga gap tashishimni ko’ruvdingmi? Gaping o’zingga siylov, - deya shartta ortimga burilib ketayotgandim, Sardor shosha – pisha bilagimga chang soldi:

-         Jahling chiqmasin, jo’ra. Birov eshitmasin, deyman-da!

So’ng yonini kovlab, menga buklog’liq qog’oz uzatdi.

-         Manavini Sanamga berib qo’ysang. Sendan boshqa yaqin do’sti yo’q-da, uning!

Yuragim shuv etib ketdi. Qog’ozning ichini o’qimasam ham ishqiy maktub ekanligini ich-ichimdan sezib turardim.

-         Nima bu? – dedim maktubni olmay.

-         O’zi biladi.

“ Nima? O’zi biladi? Nahotki?!” Bir ko’nglim, xatni olib basharasiga otsammi, dedim. Ammo “ichida nima yozilganiykin?” degan qiziqish ustun kelib, beixtiyor qog’ozga qo’l uzatdim.

-         Senga ishindim, jo’ra, - Sardor xatni xuddi Sanamning o;ziga topshirgandek quvonchdan iljayib, stadion tomon chopib ketdi.

O’sha kuni qanday futbol o’ynadim, bilmayman. To’p tepaman-u, xayolim maktubda. “ Nima yozilganiykin? Nahotki Sanam ham uni yaxshi ko’rsa?” degan savol sira tinchlik bermasdi. Tezroq dars tugasa-yu, chekkaroqqa chiqib o’qisam! Chiroyli sport formasini ko’z – ko’z qilib o’ynayotgan Sardorni-ku g’ajib tashlashga ham tayyor edim. Qodir boyvachchaning arzandasi. Dunyo qo’limda, deb o’ylaydi-da! Sanam uning boyligiga uchgandir, balki?

Nihoyat, qo’ng’iroq chalindi. Yugurib borib, hammadan oldin kiyindim-da, o’zimni maktab orqasidagi boqqa urdim. Yonimdagi buklog’liq qog’ozni olib, o’qishga tutindim…

“ Salom, Sanam! Ahvollaring yaxshimi? Har kuni ko’rib, yana hol so’rab, xat yozayotganimdan ajablanma. Chunki har kuni ko’rishganimiz bilan ichimdagi gaplarni senga aytolmayman-da! Anchadan beri bir gapni senga aytmoqchiydim. Buni o’zing ham bilsang kerak. Seni juda yaxshi ko’raman. Ko’p qizlar menga xat yozishadi. Ammo ular yoqmaydi. Sen boshqachasan…”

Xatning davomini o’qishga sabrim chidamadi. Mayda – mayda qilib chetga uloqtirdim. Jahldan oyoq – qo’lim qaltirardi. Alamimdan o’zimni qo’yarga joy topolmay qoldim. “ Ko’rsatib qo’yaman xat yozishni!” Shu vajohat bilan sinfxonaga yo’l oldim. Oxirgi dars adabiyot edi. Qovog’imdan qor yog’ib turganini ko’rgan Sanam nima bo’ldi, degandek yuzimga tikildi. Yorilavermaganimdan so’ng sabri chidamadi shekilli, so’radi;

-         Nima gap? Birov bilan urishdingmi?

Jahlim chiqib ketdi. Muloyimgina bo’lib hol so’raganini qarang. Hamma balo o’zida. Sardorga ko’z suzgan.

-         Senga nima? – dedim qo’rslik bilan.

U mendan bunday javob kutmagan ekanmi, anqayib qoldi. Birdan lo’ppi yuzlari duv qizarib, ko’zlari pirpirab ketdi.

-         Otangni o’ldirgan bo’lsamam, menga bunday muomala qilma, - dedi so’ng o’yib olgudek qilib.

Indamadim. Bilaman, hozir bir og’iz gapirsam, urishib qolamiz. Ammo ichimni it timdalardi. Sanamni mendan boshqa yana kimdir sevishini tasavvurimga sig’dirolmasdim. Dars tugagunicha zo’rg’a chidadim.

-         Nimaga u senga xat yozadi? – dedim qo’ng’iroq chalinar – chalinmas.

-         Nima deyapsan? Qanaqa xat?- hayratdan Sanamning ko’zlari katta – katta ochilib ketdi. U hayron bo’lgan sari mening g’ashim kelardi.

-         O’zingni bilmaslikka olma. Oldindan bilarkandan-da, yaxshi ko’rishini.

-         Menga qara, Avaz, yo ochiqroq gapir, yo ovozingni o’chir!

-         Yoqmayaptimi? Sardor yozibdi-ku, o’laman, kuyaman, deb. O’zing ko’zingni suzgandirsan-da?! Boshqa qizga yozsin qani! Bu kishi boshqachamishla…

-         Qani xat? – Sanam oldiga yaqin keldi. G’uncha lablari pirpirab, uzun kipriklariga yosh ilinib, turganligini aniq ko’rdim. – Xatni ber, - dedi yig’lamsirab.

-         Yirtib tashladim.

-         Nega yirtasan?

-         E, yirtmasligim kerak edimi? Javob yozarmidilar, men ham ishqiyizda bedorman, deb?

-         Ha, javob yozardim. Senga nima? Otammisan, akammisan, kimsan o’zi? Menga hech kim emassan, bildingmi, hech kim! – U shunday dedi-yu, sinfdan otilib chiqib ketdi.

Gangib qoldim. Ustimdan birov muzdek suv quygandek bo’ldi. Boyagi jahlimdan asar ham qolmagandi. Demak, men unga hech kim emasman. Nahotki, shunday?! To’g’ri-da, nega unga xo’jayinlik qildim o’zi? Shunchalik o’zimga bino qo’yib yuboramanmi? O’zi uyimda sig’indidekyashayotgan bir yetimcha bo’lsam! Sanamni orzu qilishga balo bormidi?

Ha, u Sardorga munosib. Tomog’imga nimadir tiqildi. Sekin yurib sinfxonadan chiqdim. Ichim bo’m – bo’sh bo’lib qolgandi. Hovlida hech kim yo’q. havoning avzoyi buzilgan. G’uj bo’lib gullagan daraxtlar ham mung’ayib qolgandek edi. Negadir atrof ko’zimga g’arib ko’rinardi. Zinadan tushishim bilan bitta – bitta yomg’ir tomchilay boshladi. Qop – qora bulutlar to’dasi hozir ko’zingga ko’rsataman, degandek qovoq uyib etak tomondan bostirib kelardi. Maktab hovlisidan chiqishim bilan yomg’ir tomchilari daraxt novdalaridagi oppoq g’unchalarni “chirt – chirt” uzib, ko’lmakchalar uzra socha boshladi. Ularga rahmim keldi. Hali yashash zavqini tuymay turib, balchiqqa qorilsa-ya! Bir zumda ust – boshim jiqqa ho’l bo’ldi. Ammo qadamimni tezlatmadim. Ko’zlarimga yosh quyildi. Yomg’irdanmi, ko’z yoshdanmi, yuzlarim ho’l bo’lib ketgandi…

Ertasi kuni maktabga kelsam, Sanam boshqa partaga o’tib ketibdi. Yonida Ra’no degan singdoshimiz. Orqasida esa Sardor bilan Ali. Sardorning quvonchdan ko’zlari porlab turibdi. Indamay, eng orqadagi partaga borib o’tirdim. Hamma hayron. Goh menga, goh Sanamga qarashadi. Lekin hechkim, nima qarashadi. Lekin hech kim, nima gap, deb so’ramadi. Shunisigayam xursand edim. So’rashsa, nima deyman? Sanam boshqasini sevib qoldi, deymanmi?

-         Rahmat, jo’ra, - dedi Sardor qo’ng’iroq chalingach yonimga kelib.

-         Nimaga?

-         Kechagi xat uchun.

-         E, ha, javob yozdimi?

-         Yo’q, hali endi yozsa kerak.

Sir boy bermadim. Biron noo’rin gap aytib yubormaslik uchun tashqariga yo’naldim…

Shu-shu, Sanam bilan gaplashmay ketdik. Oradan kunlar o’tdi. Men yana avvalgi indams, bo’sh – bayov Avazga aylangandim. O’ninchi sinfni bitirish arafasida boshqa sinfga o’tib ketdim. O’qituvchimiz oldiniga rozi bo’lmadi. Lekin oyoq tirab olganimdan so’ng noiloj ko’ndi. Endi Sanamni ahyon – ahyonda koridordami, maktab yo’lagidami ko’rib qolardim. Ammo u yuzimga qaramasdi…

Maktabni bitirgach, hamma har tomonga uchib ketdi. Birov o’qishga, birov ishga degandek. Men qishloqda qoldim. O’qimoqchiligimni aytganimda, otam shunday masxaralab kuldiki, qaytib bu haqda og’iz ochmadim. Sinfdosh qizlar xuddi yolg’iz qolib ketadigandek, tapir – tuopur erga tega boshlashdi. Hali unisi to’yga aytib keladi, hali bunisi. Birgina Sanamni Toshkentdagi qaysidir o’qishga kiribdi, deb eshitdim. Sardor gam o’sha yoqda. Tagida mashina. Otasi pul bilan eng katta o’qishga kiritib qo’ygan emish!

Bir kuni sinfdoshimiz Zebi to’yiga aytib ketdi.

-         Albatta, borgin. Hamma sinfdoshlar keladi, - dedi qo’limga taklifnomani tutqazarkan.

Qosh qorayishi bilan kiyinib to’yga bordim. Haqiqatdan hamma sinfdoshlar kelgan ekan. Salomlashib, endi o’tirishim bilan Ali biqinimga turtdi.

-         Sanamni ko’rdingmi, nega salomlashmaysan?

-         Qani? – dedim hayron bo’lib.

-         Ana, qizlar o’tirgan stolda. Atlas ko’ylak kiyib o’tiribdi-ku!

Yalt etib qaradim. Haqiqatdan Sanam! Tanimabman. O’zgarib ketibdi. Yuzi oppoq. Quyuq qoshlari ingichka qilib terilgan. Kalta qirqilgan sochlari o’ziga yarashib turibdi. Tor atlas ko’ylakda yanayam ochilib ketgan. Tikilib turganimni sezib, shu yoqqa qaradi. Mayin jilmaydi. Shoshib qoldim. Hovliqib boshimni silkitdim-u, ko’zimni olib qochdim…

Davrada sho’x musiqa yangray boshlagach, hamma sinfdoshlar davraga chiqishdi. Sanam asta yonimga yurib keldi.

-         Avaz yaxshimisan? – dedi jilmayib. – Haliyam men bilan gaplashmoqchimasmisan?

-         Yo’q, nega yaxshimisiz…san, - dedim duduqlanib. Sal qoldi sizlab yuborishimga. Uning sarvdek qaddi – basti oldida lol bo’lib qolgandim.

Ikkalamiz birga raqsga tushdik. To’y oxirlab qolgach, Sanam ohista yonimga keldi-da, kuzatib qo’yishimni iltimos qildi. Jon – jon deb rozi bo’ldim. U bilan yolg’iz ketishimni o’ylarkanman, yurgaim hozirdanoq hapqirardi. Sinfdoshlar bilan xayrlashib ko’chaga chiqqanimizda tun yarimlab qolgan, atrof oy nuridan sutdek yorug’ edi. Iliqqina yoz oqshomi. G’ir –g’ir esgan mayin shabada tanga xush yoqadi. Gapiray desam, tilimga so’z kelmaydi. Go’yo aytadigan gapim yo’qdek.

2 – qism tugadi.