Bill Pronzini “ Taxmin”.

Kord nolga tushayotgan yoqilg’I ko’rsatkichiga qarab qo’ydi… Oregondan Kaliforniya chegarasiga yetgunicha yana 45 daqiqalik yo’lni bosib o’tish kerak…

-         Benzin baki bo’shab boryapti, - deb ming’irladi u yonida o’tirgan Taylerga qarab.

-         Ko’rib turibman, - javob berdi Tayler. - Biror joyda tamaddi qilib olsak bo’lardi. Ochimdan o’lay, deyapman.

Mashinaning orqa o’rindig’ida Fallok bilan Brenner qo’llari o’zaro kishanlangan holda xo’mrayib o’tirishardi.

-         Qara, - kutilmaganda baqirib yubordi Tayler hamrohini turtib.

Kord oynadan ko’chaga qaradi. Yo’l bo’yidan o’n metrlar narida kichkina oq bunoda uchta yoqilg’I shoxobchasi turardi. Bino devorida qizil harflar bilan katta-katta qilib “YOQILG’I QUYISH SHOXOBCHASI… KECHA-YU KUNDUZ ISHLAYMIZ” deb yozib qo’yilgandi.

-         Juda yaxshi, - Tayler shunday deb, mashinani bino tomon burdi. Shoxobchaga yetib kelgach, motorni o’chirdi. “ Ford”dan tushib, o’zi benzin qo’ymoqchi bo’lib taraddudlandi. Tayler chaqqonlik bilan uni qo’lidan tortib, joyiga o’tqazib qo’ydi.

-         Oregonda ekanligimiz esingdan chiqmasin, - eslatdi u. – Bu yaramas shtatning qonuniga ko’ra, bu yerda o’z-o’ziga xizmat taqiqlangan.

-         To’g’ri, - dedi Kord va o’tirib shoxobcha xodimini kuta boshladi.

Binodan oltmish besh yoshlardagi sochlari oppoq qariya chiqib kelarkan, mashina oynasiga yaqinlashib so’radi:

-         Benzin quyaymi?

-         Ha, to’ldirib, - dedi Kord.

-         Yaxshi, janob, - qariya orqa o’rindiqqa kishanband bo’lib o’tirgan Fallok va Brennerga tikilib qaradi.

-         Qo’rqmang, - tinchlantirdi Kord. – Ular sizni tashvishga qo’yishmaydi.

-         Polisiyadanmsizlar, yigitlar? – so’radi chol.

Tayler jilmayib ma’qulladi. Kord esa tushuntirdi:

-         Men AQSH marshaliman, bu esa qorovulim. Manavilarni San – Fransiskoga olib ketyapmiz. U yerda sud bo’lishi kerak.

-         Bular Vashingtondagi Makneyl qamoqxonadanmi? – qiziqdi qariya.

-         Xuddi shunday.

-         Menga qarang, otaxon… - deb gap boshlagan mahbus Fallokning so’zini Tayler cho’rt kesdi.

-         Ovozingni o’chir!

-         Men faqat hojatxona qayerda, deb so’ramoqchi edim, - yelka qisdi Fallok.

-         Hoziroq ovozingni o’chirmasang, keyin o’zingdan ko’r, - o’shqirdi berdi Kord.

Fallok nimadir demoqchi bo’ldi-yu, fikridan qaytib jim bo’ldi.

Qariya “ Ford”ning yoqilg’i bakini ochdi-da, unga shlang tiqdi. Keyin qo’lidagi latta bilan avtomobil oynasini artishga kirishdi. U mashina ichida o’tirgan to’rt kishiga tez-tez qarab qo’yardi. Bak to’lgach oynaga yaqinlashdi:

-         Yigirma ikki dollar. Qanaqasiga to’laysizlar? Kredit kartochkasi bilanmi?

-         Naqd pul bilan, - uning gapini bo’ldi haydovchi va cho’ntagidan 30 dollar chiqarib, qariyaga uzatdi.

-         Hozir qaytimi bilan kvitansiyasini olib kelaman.

-         Kerak emas, otaxon, - to’xtatdi uni Kord. Qaytimini o’zingizga qoldiring. Biz shoshib turibmiz.

-         Unchalik shoshganimiz yo’q, - e’tiroz bildirdi Tayler. – Sizda yegulik topilmaydimi, qornimiz judayam och.

-         Garajda sendvich bor.

-         Garaj qayerda?

-         Burchakda. Yuring, ko’rsataman.

-         Hech nima bo’lmaganidan keyin sendvichlar ham ketaveradi, - dedi Tayler.

-         Menga ham sendvich, dudlangan cho’chqa go’shtidan… - gap qo’shdi orqadan Fallok.

-         Senga o’chib o’tir, dedim-ku! – tahdid bilan qaradi unga Tayler.

-         Nima, biz Brenner bilan och o’tirishimiz kerakmi? – norozi bo’lib ming’irladi mahbus.

-         Ha, och o’tirasanlar. Vaqtimiz kam, hali qancha yurishimiz kerak. Ulgurmasligimiz mumkin.

Tayler qariya bilan birga ketdi. Ular ko’zga ko’rinmay qolgach, Kord Fallokga o’girilib dedi:

-         Namuncha aqllilik qilmasang? O’lging kelyapti, shekilli? Brennerdan o’rnak olsang-chi, jimgina o’tiribdi.

-         Toshingni ter, - dedi Fallok tap tortmay, uning ko’zlariga tik boqib. Ular bir-biriga o’qrayib turib qolishdi. O’rtadagi sukunatni Brennerning “qo’ysang-chi, Art”, degan gapi buzdi.

-         Yaxshisi, o’rtog’ingga quloq sol, - muloyimlashdi Kord oldiga o’girilarkan.

Alamidan barmoqlarini musht qilgan Fallokning barmoqlari oqarib ketdi.

Bir- ikki daqiqadan keyin bino muyulishidan qariya ko’rindi.

-         Qani, mening qorovulim? – qovog’ini uyib so’radi Kord. – biz shoshyapmiz.

-         O’zim ham shunaqa deb o’ylagandim, - dedi qariya va qo’lidagi lattani tashladi.

Kord daxshatdan qimirlay olmay qoldi. Chol qo’lidagi 44 kalibrli “ Magnum”ni uning qoq peshanasiga to’grilab turardi.

-         O’giril!- Kord o’girilganini hamon chol uning cho’ntagidan 38 kalibrli to’pponchani sug’urib oldi.

Keyin chaqqonlik bilan kalitlarni Fallokka uzatdi. U esa tezgina kishanlarni yechdi. Fallok bilan Brenner mashinadan tushganida chol ularga Kordning to’pponchasini berdi.

-         Ikkinchisi burchakda yotibdi. Uning boshiga to’pponcha bilan tushirdim. Xabar ol-chi! – dedi Brennerga. Brenner o’sha yoqqa qarab shoshilganicha yurib ketdi.

Fallok esa kishanni Kordning qo’liga solib bo’lgach, cho’ntagidan hamyonni olib, o’zining cho’ntagiga tikdi. Bu paytda Brenner boshidan qon oqayotgan Taylerni sudrab kelardi.

Kord bilan Taylerni “ Ford”ning orqa o’rindig’iga joylashtirgach, Fallok qariyaning qo’lini mahkam siqib, minnatdorchilik bildirdi.

-         Bir nima deyishga tilim lol, - dedi u jilmayib. – Haotimizni saqlab qoldingiz!

-         To’g’ri, bu ablahlar yo’l bo’yi bizni qanaqa qilib o’ldirishni va murdalarni qanday bekitishni muhokama qilib kelishdi, - maqulladi Brenner.

-         O’zi nima bo’ldi? – so’radi chol.

-         Biz ozgina dam olamiz, deb xushyorlikni qo’ldan berib qo’ydik. Qahva ichish uchun to’xtagandik. Ular ham ichamiz, deyishdi. Shu yerda xato qildik. Ularga qahva bermasligimiz kerak ekan. Ko’z ochib yumgunimizcha bittasi qahvani yuzimga sepdi, ikkinchisi esa to’pponchamni tortib oldi…

-         Siz qanday sezib qoldingiz, otaxon? – so’radi Brenner. – Axir ishora qilishimizga ham yo’l qo’yishmadi-ku!

Shoxobcha egasi og’ir “ Magnum”ni kombinezon cho’ntagiga soldi-da, jilmayib qo’ydi:

-         Shunchaki, mayda – chuydalardan. Men bu atroflarda 25 yil sheriflik qilganman. Ikki yil avval nafaqaga chiqdim. Keyin shu shaxobchani ochdim. Bilasizlarmi, chorak asr davomida men qanchadan – qancha Amerika marshallarini ko’rganman. Ular mahbuslarni Makneyldan olib, Makneylga qaytishgan. Ba’zan mening shoxobchamda tunab qolishardi. Mahbuslarini esa qamaqxonamda saqlardilar. Shuning uchun marshal bilan jinoyatchilarni yaxshi farqlay olaman. Men bir ko’rishdayoq ulardan shubhalandim. Yigitlar o’zlarini boshqacha tutishdi. Birinchidan, mahbuslarning rangi quyosh ko’rmaganidan oppoq, rangpar bo’ladi. Sizlarning esa oftobda qoraygan, ochiq havoda yurganlaring ko’rinib turardi. Keyin bilaklaringda yelim belgilaring yo’q edi. Men qamoqxonadan maxsus raqamsiz chiqarilgan mahbusni ko’rmaganman.

-         O’z qo’llaridagini ular sindirib qo’yishdi. Shuning uchun bizga taqisholmadi.

-         Undan tashqari dedi sherif Kord bilan Taylerning xatolarini sanashda davom etib. – Ular sizlarni hojatxonaga qo’yishmadi. Hozirgi amerikalik marshallar o’zlarini boshqacha tutishadi. Chunki mahbuslarga sal qo’pol muomala qilishsa, ular advokatlarini chaqirishni talab qilishadi. Noxushlik kimga kerak? Shunig uchun marshallar mahbuslarga muloyim muomilada bo’lishadi. Keyin ular menga benzin uchun naqd pul to’lashdi. Hech qachon marshallar naqd pul to’lashmaydi. Faqat kredit kartochkasi bilan hisob – kitob qilishadi, to’g’rimi?

-         To’g’ri, - kuldi Fallok.

-         Oxirgisi, men Kordga kvitansiya taklif qilganimda, u rad etdi. Yana qaytimini ham olmadi. Hech bir davlat xodimi 8 dollar choy haqi qoldirmaydi, - dedi chol va oppoq sochlarini barmoqlari bilan tekislab jilmaydi. – Albatta, men keksayib qoldim, lekin hali idrokim yaxshi ishlaydi. Yoshligimda yaxshi sheriff bo’lganman. Nokamtarlikka yo’ymasanglar, hozir ham sezgirlikni yo’qotmaganman, deb hisoblayman.

Fallok mahbuslarga xo’mrayib qarab qo’ydi-da, dedi:

-         Men va Brennerning bunga shubhamiz yo’q. siz hali ham ziyrak va ajoyib sherifsiz.

Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi.