Patrisiya Makgerr “ Payshanbadagi burilish”
Men ishlaydigan Grishem univermagi haftaning uch kunida kechki soat to’qqizgacha ishlaydi. Menga payshanba va juma kunlari ikkinchi smenada ishlashni taklif qilishganida o’ylanib qoldim. Chunki ota- onam bilan shahar tashqarisida yashayman. Yo’lga bir soat vaqt ketadi. Lekin maoshimning oshishi va oyiga ikki marta shanba kuni dam olishga ruxsat etishlarini eshitib, rozi bo’ldim…
Avtobus yo’nalishlarini ham surishtirdim. Ulardan o’tganda yo’lga chiqarkan. Birinchi Juma kuni ish tugagach, so’nggi xaridorlar bilan birga do’kondan chiqdim. Ularning aksariyati shahardan chiqmay tushib qolishdi. Avtobus qarag’ayzor darasidagi tor yo’lga burilganida salonda bor – yo’g’i olti kishi qoldik. Men do’konimiz kafesida salat tayyorlaydigan Rayn xonim bilan yonma – yon o’tirardim. Ikkalamiz ham kun bo’yi tik oyoqda ishlab, qattiq toliqqandik. Shuning uchun yo’lga qarab jimgina ketardik. Avtobus keskin burilishga yetganida qorong’ida chiroq nurlari velosipedli qizaloqqa tushdi. U chamasi sakkiz, to’qqiz yoshlarda. Egnida short va futbolka, sochlariga alvon rangdagi lenta taqilgandi. Qizaloq avtobus yo’lini kesib o’ta boshladi. Haydovchining kuchli tormozini kutib, oldingi o’rindiqqa mahkam yopishib oldim. Lekin avtobus to’xtash o’rniga… tezlikni battar oshirdi. Shu soniyada ogohlantirish uchun o’rnimdan irg’ib turdim. Lekin Rayn xonim bir siltab meni joyimga o’tqazib qo’ydi.
- Tinchlan, jonginam, - shivirladi u. – Bu bor – yo’g’i arvoh.
- Nima? Siz hali… - titragancha qarshilik bildirdim.
Ungacha avtobus qizaloq ko’ringan joydan o’tib ketib, Rayn xonim qo’lini oldi. Shoshib orqaga o’girildim. Qorong’ilikda hech nima ko’rinmadi.
- Ko’p ham tashvishlanavermasang-chi! – to’ng’illadi Rayn xonim. – Bu Barlouning qiziku, nahotki o’sha voqeani eshitmagan bo’lsang? O’tgan yozda u xuddi shu joyda falokatga uchragandi.
- Yo’lni kesib o’tgan o’sha qizning arvohi demoqchimisiz? Bo’lmag’ur gap-ku! – Men salonga alangladim. Qarshi tomonda o’tirgan erkak kishi bemalol gazeta o’qir. Uayli xonim esa bamaylixotir sviter to’qib o’tirardi. Oldindagi juftlik esa narx – navo haqida qizg’in bahslashardi.
- Nega hamma xotirjam? Yoki uni faqat ikkalamiz ko’rdikmi?
- Yo’q, jonginam. Uni hammamiz ko’rdik. Shunchaki boshqalar o’rganib qolishgan. U har juma kuni shu paytda paydo bo’ladi. Biz janob Jonsonning hurmati haqqi ko’rmaganga olamiz, - xonim shunday deya haydovchini ko’rsatdi. – Manovi sho’rlikka shundoq ham qiyin. O’sha voqea paytida u rulda bo’lgan.
Rayn xonim keying bekatda tushib qoldi va men o’sha voqea haqida boshqa hech nima bila olmadim. Ertasiga nonushta paytida ota – onamdan, avtobus urib ketgan qizaloq haqida eshitganmisizlar, deb so’radim.
- Ha, - dedi onam. – Juda qayg’uli voqea. Nahotki, eslolmasang, Sis? Hamma u haqida gapirgandi.
- Balki men ta’tilga ketganimda bo’lgandir?
- Ha-ya, albatta, - tasdiqladi otam. – To’g’ri, sen sentyabrda qaytganding.
- Uning ismi Jeyn Batlou… yoki Jenni. Gazetalarda bosilgan suratiga qaraganda shiringina qizaloq bo’lgan.
- Tillaring sochli, lentalari bormidi?
- Lentalari esimda yo’q, - dedi onam xotirlashga harakat qilib. – Ularning oilasi yaqinda ko’chib kelgandi. Vodiydagi yangi shaharchadan uy sotib olishdi. U yerda uylar judayam qimmat, lekin havosi toza. Asosan, yosh bolali oilalar sotib olishadi. Barloular hali ham o’sha yerda yashayaptimi, Frenk?
- Bilishimcha, ha. Xotinininhg asabi buzilganidan bir muncha vaqt boshqa joyga ko’chib ketgandi.
- To’qnashuvda haydovchini ayblashgani to’g’rimi?
- Shunday bo’lishi tabiiy, - dedi otam. – Sudda uni butunlay oqlashdi, albatta. Guvohlikka avtobus yo’lovchilarini chaqirishdi. Hamma avtobus muyulishda paydo bo’lganida qizaloq yon tomondan g;ildiraklar ostiga otilib chiqqanini aytdi. Haydovchi tormozni bosgan. Lekin buning foydasi yo’q edi. Qizcha velosipeddan uchib ketib, boshi bilan toshga urilgan.
- Janob Berlou haydovchini aybladi, - qo’shimcha qildi onam. – Gazetada yozishlaricha, sud jarayonida u hammaning oldida haydovchini qotil deb ayblagan. Barlouni ham tushunsa bo’ladi – yolg’iz qizi…
- Kech bo’lganida bolaga velosiped haydashga ruxsat bermaslik kerak edi, - qarshilik bildirdi otam. – Ota – onasi katta yo’lga chiqsang, jazolaymiz, demagan-da!
- Aytishi oson, - xo’rsindi onam. – hozirgi bolalar gapga quloq solarmidi!.. Sisning bolaligi esingdami? Shaytonchaning o’zi edi.
Ular mening bolaligimni xotirlab ketishdi. Yo’ldagi arvoh haqida gapirib bermoqchi bo’ldim-u, lekin fikrimdan qaytdim. Chunki o’zim ham endi unchalik ishonmay qolgandim. Balki tush ko’rgandirman?
Keyingi juma kuni men yana to’qqizdagi qvtobusga chiqdim. Rayn xonim shoshib kelib, mening yonimga joylashdi.
- Hozir uni yana ko’ramiz, - shivirladi u. – O’zingni xotirjam tutishga harakat qil.
- Kinni?
- Barloularning qizini-da! O’tgan hafta ham ko’rganding, yodingdami? Har juma paydo bo’ladi. Afsuski, uning ruhi hech tinchimayapti.
- Men arvohlarga ishonmayman, Rayn xonim, - dedim biroz jahlim chiqib.
- Nimalar deyapsan, azizam ? Yaxshisi, muyulishga yetganda ko’zingni yumib ol. Ko’rib turganingga ishonmaslik qiyin.
Men ko’zimni yummadim. Velosipeddagi qizcha arvoh emas, balki toshlarning mashina chirog’idagisarobiy aksi deb o’zimni ishontira boshladim. Keyin avtobus burilishdan o’tdi va… u yana paydo bo’ldi. Jimjitdekkina, rulga engashib olganicha bor kuchi bilan pedalni aylantirayotgan qizaloq. U tor yo’lni kesib o’tishga shoshilardi. Shunda haydovchi yana tezlikni oshirganini sezdim. Ko’ksimdan otilib chiqayotgan qichqiriqni zo’rg’a bosdim.
Rayn xonim yelkamga urib qo’ydi.
- Boyaqish arvoh… - pichirladi u.
Men javob bermadim. Xonim keying bekatda tushganida negadir yengil tin oldim. Avtobus o’rnidan jilgach, Uayli xonim kelib yonimga o’tirdi.
- Umid qilamanki, arvohlar haqidagi uydirmalarga ishonmayman.
- To’g’ri, lekin qizaloqni va ustidan o’tib ketgan avtobusni ko’zim bilan ko’rib turgach… Rayn xonimning aytishicha, bu har hafta takrorlanarkan.
- Rost gap, - ma’qulladi u. – Bo’lib o’tgan voqeadan ham xabaring bo’lsa kerak.
- Ha, eshitdim. Haydovchining aybi yo’q, deyishdi. Nega uni arvoh ta’qib qilyapti?
- Bu arvoh emas, - dedi beparvo qo’l siltab Uayli xonim. – Irim – sirimning bunga aloqasi yo’q.
- Unda biz ko’rgan nima?
- Men sudda ishtirok etganman. Jenni barlouning otasi butun sud jarayonida haydovchidan ko’zini uzmay o’tirdi. Sudya haydovchini oqlab hukmni o’qiganida esa aqldan ozib qolay dedi. Qizimni o’ldirishgan, qotil javobgarlikka tortilishi kerak, deb haydovchiga tashlandi. Ikkita haydovchiga tashlandi. Ikkita erkak uni zo’rg’a tutib qoldi.
- Bu sharpalarga uning aloqasi bor, deb o’ylaysizmi?
- U professional suratkash, - tushuntira boshladi Uayli xonim. – Bu yerga ko’chib kelgunicha Gollivudda ishlagan. Reklama roliklari va hujjatli filmlarni suratga olish maydonchasi va surat chiqarish laboratoriyasi bor ekan. Hozir filmlarning maxsus effektlari qanaqaligini bilasan-ku!
- Aytmoqchisizki… bu fotografning bir hiylasi…
- U mutaxassis, - yelka qisdi xonim. – Unda qizining suratlari ko’p bo’lsa kerak. Birovdan o’ch olishning bundan ham zo’r usulini o’ylab topish mumkinmi?
- Naqadar shafqatsizlik! – men javob Jonsonga qaradim.
Qaltis burilish ortda qoldi… u o’rindig’ining suyanchig’iga o’zini tashladi.
- Men janob Barlouning ahvolini tushunaman. Lekin oradan shuncha oy o’tdi. Birovga buncha azob berish yaxshimi, axir? Nega uni hech kim to’xtatmaydi?
- Avvalo bu uning ishi ekanligini isbotlash kerak, - javob berdi Uayli xonim. – polisiyadan kelib tekshirishdi, albatta. Avtobus kompaniyasidan ham shaxsan tintuv o’tkazishdi. Agar janob Barlou qandaydir qurilma yaratgan bo’lsa, demak, uni bekitishni ham biladi. O’sha qurilma masofadan boshqariladi. Keyin yo’lda surat ko’rsatish qonun bilan taqiqlanmagan. Shuning uchun hukumat ham hech nima qila olmadi.
- Unda nega janob Jonson boshqa yo’nalishga o’tmaydi? – tushunmadim men. – Hech bo’lmasa juma kuni kechqurun ishlamasin. Axir qizaloq shu kuni paydo bo’ladi-ku!
- Ishonchim komilki, kompaniya bunga rozi bo’lardi. Lekin qizchaning otasi shuncha uzoq payt bunday o’jarlik qiladi, deb kim o’ylabdi?! Endi esa ikkalasi ham bir – biridan qolishmaslikka harakat qilyapti, nazarimda. Jonson o’zining begunohligini biladi. Boshqa yo’nalishga o’tsa, aybini bo’yniga olish, deb tushuniladi. Bu holni qanday atasang ata: mag’rurlikmi, qaysarlikmi… Lekin erkaklardan hech qaysisi yon berishni hohlamayapti.
- Bu ikkalasi uchun ham dahshat-ku!
- Ota – onangga qizchaning arvohini ko’rganingni aytdingmi?
- Yo’q, aytgim kelmadi.
- To’g’ri qilibsan. Bunday gaplarni tarqatish janob Jonsonga yomon ta’sir qiladi. Aslida mazkur yo’nalish bo’yicha kam odam yuradi. Hech kim bu haqda og’iz ochmaydi. Umid qilamanki, sen ham shunday yo’l tutasan.
- Albatta, so’z berdim men.
Shu suhbatdan keyin har juma kuni o’zim bilan kitob olib yuradigan bo’ldim. Kitob mavzusiga berilib ketsam-da, har safar la’nati muyulishdan o’tayotganda haydovchining tezlikni oshirgani va biz yana g’alati sarobga duch kelganimizni sezib turardim. Kunlar o’tgan sayin bu hodisaga ko’nikib bordim. Lekin bu ikki o’jar erkakning qilig’ini tushuna olmasdim. Qizining o’limidan keyin aqldan ozgan ota butalar orasida yashirinib payt poylashi, kerakli damda qurilmasini ishga solib qotil deb hisoblaydigan odamning asabiga tegishi men uchun tushunarsiz edi. Bundan tashqari o’z aybi bilan bo’lmasa –da, bir go’dakning hayotiga zomin bo’lgan haydovchi ham. Har hafta shu muyulishga yetganda asablari qaqshab rulni mahkam qisib tezlikni oshirishi chinakamiga shafqatsizlik edi.
Lekin bu hol qachongacha davom etarkan? Bir kun kelib janob Berlou qurilmasini buzib tashlar va ikkalasi ham o’tgan voqealarni unutar, deb umid qilardim…
O’sha kuni kechqurun men odatdagidek avtobusga chiqib o’tirdim. Bahor bo’lgani uchun atrof go’zal edi. Kun bo’yi xaridorlarning ko’pligudan o’lgudek charchagandim. O’rindiqqa horg’in suyandim. Ertaga ish bundan ham ko’p bo’ladi, deb o’yladim. Men Barlou muyulishi deb ataydigan joyga yetganimizda erinibgina atrofga qaradim. Avtobus chiroqlari har doimgidek qorong’ilikdan velosiped minib otilib chiqqan qizaloqqa tushdi. Va yana har doimgidek avtobus tezlikni oshirdi. Lekin har doimgidek o’xshashlik shu yerda tugadi… tillarang uzun sochlar o’rniga kalta qirqilgan qora sochlar o’rniga kalta qirqilgan qora sochlar. Har doimgidek haftaning juma kuni emas, payshanba. Boshqa qizaloq…
O’tgan bir soniya bu farqlarni anglashimga yetarli bo’ldi. Undan keyin g’ildiraklarning kuchli g’iyqillashi –yu, deraza oynalarining chil – chil singan ovozi eshitildi…
Ruschadan Dilfuza Sobirova tarjimasi.