Gulruh Yormatova “ Nomus uchun o’ch” 4 – oxirgi qism.
#Sizga_kitob_bo’lmaganlardan.
Negadir jinoyatchilarga yengil jazo berildi. Bundan norozi bo’ldim. Oliy sudga yozmoqchiydim, shu orada qizim o’zini osib qo’ydi. Nomusga chidolmadi, sho’rlik. Uning o’limi menga yomon ta’sir qildi. Xullas, ukamni pichoqlab qo’ydim. Shukurki, o’lmay qoldi. Keyin u meni sudga berdi. Tergovda “akam nasha sotadi”, debdi. Kulgim qistadi. Uning hatto, bargini ham tanimayman-ku! Buni qarangki, tintuv paytida uyimdan nasha chiqdi. Qotib qoldim. Ukamni shunchalikka boradi, deb o’ylamagandim. Shu – shu, o’shandan buyon, yotibmiz, o’zimniki o’zagimni qirqdi, deb… Siz esa xotinimninhg xiyonatiga chidolmayman, deysiz. Xotin –ku, mayli. Qoni boshqa, qirq yil qozonda qaynatsangiz ham qoni qo’shilmaydi. Biroq o’z jigaring ko’zingni o’ysa, yomon alam qilarkan. Iztirob chekmang. Bu savdo bitta sizning boshingizga tushgani yo’q.
Shundan so’ng G’ofir marhuma qizi va razil ukase haqida o’ylayotganligi alamzada yuz – ko’zlaridan bilinib turardi. Unga xalal bermaslik uchun asta tashqariga chiqdim. Birortasidan sigaret so’rasammi, deb turgandim, birdan trevoga boshlanib qoldi. Kimdir qamoqxonadan qochibdi. Bir zumda hammayoq patir – putur bo’lib ketdi. Mahkumlarni bir safga tizib, tekshira boshlashdi. Kun sovuq. Izg’irin quloq – burnimizni chimchilaydi. Kechasi soat ikkiga qadar tik oyoqda familyalarimiz ro’yxatini o’qishlarini kutdik. Oyoqlar muzlab, bor – yo’qligi bilinmay qoldi ham.
- Oyog’ingizni qimirlatib turing, isiysiz, - dedi G’ofir aka.
Shunday qildim. Biroz isigandek bo’ldi-yu, yana tarashadek qotib qoldi. Sovuq jon – jonimizdan o’tib borardi. Qaniydi, hozir cho’g’I yashnab turgan sandal bo’lsa-yu, ko’rpaga burkanib maza qilib uxlasam!
Nihoyat, ro’yxat o’qish tugadi. Ancha sovqotgan ekanman. Barakka qaytgach, qalt – qalt titrab, uzoq paytgacha uxlolmay yotdim. Tongga yaqin ko’zim ilinibdi. Radiodan chaqirishganini eshitmay qolibman. Uyg’onib ketib sakrab o’rnimdan tursam, G’ofir aka ham dong qotib uxlayapti, Abdumannon yo’q.
- G’ofir aka, turing, - dedim yelkasidan turtib. – Turing, ishga kech qopmiz.
- A? E-e, hamma chiqibdimi?
G’ofir aka esankirab o’rnidan turdi. Ishga baribir kechikib chiqdik. Brigade allaqachon jo’nab bo’lgan, ikkovimizdan boshqa hech zog’ yo’q edi. Nima qilishni bilmay qoldik. Bu yerda qolsak, “otkazchik” deb jazolashadi. Shu payt uzoqda hamqishlog’im Homidning qorasi ko’rindi. Imlab chaqirdim.
- Ha, Avaz aka, uxlab qoldingizmi?
- E, so’rama, endi nima qilamiz?
- Bizning brigade bilan chiqa qoling. Hech kim bilmaydi.
Yolg’iz emasman, degandek G’ofir akaga qaradim.
- Ikki kishini sezib qoladimi, deymanda, - deya bosh chayqadi Homid ikkilanib.
- Avazjon, siz boravering. Men shu yerda qolaman, - deb G’ofir aka meni qo’yarda- qo’ymay Homid bilan jo’natdi.
Aksiga olib u yerda ham tekshirib kirita boshladilar. Men Homidning o’rniga kirib ketdim. Hammayoq qor. Izillagan sovuq. “ Voronyok”ning panasiga o’tsak, nazoratchilar “brigade, ishga!” deya quvib solishadi. Olov yoqib, zo’rg’a kunni o’tkazdik. Qaytish bo’ldi. Endi eson – omon vaxtadan o’tib olsam bas. Ammo sezib qolishsa, bormi… Vaxta oldiga kelgach, ikkita brigade odamlari aralashib ketib, rosa to’polon bo’ldi. Yurak hovuchlagancha men ham bir amallab kirdim. Bu yog’iga hammayoqni tintuv qilib yurgan nazoratchilar orasidan kesib o’tish kerak. Pusib borgandim, birovi yoqamga chang soldi. Boya esimdan chiqqan ekan, bushlatimning yoqasi ko’tarilib qolibdi. Ichiga karton tikilgan edi, bushlatimning yoqasi ko’tarilib qolibdi. Ichiga karton tikilgan edi. Yarmini yirtib, qonunbuzarlarning xonasiga itarib yuborishdi. U yerda qonunbuzarlarning xonasiga itarib yuborishdi. U yerda qonunbuzarlardan besh – oltitasi bor ekan.
Oradan yarim soatcha vaqt o’tgach, ikkita nazoratchi kelib, bizni do’pposlab ketishdi. Men ham yuzimga va qornimga bir mushtdan edim. Xayriyatki, boshqa brigada bilan ishga chiqqanligimni hech kim sezmadi.
Barakka kelsam, G’ofir aka so’ljayib o’tiribdi.
- Ha, tinchlikmi? – dedim yoniga borib.
- Rosa urishdi. Ikkinchi uxlab qolganim bo’lsin. Lekin uyg’otmagani uchun Abdumannon ayiqdan alamimni olaman hali.
- Uyquni siz uring –u, yana biz aybdormi? – dedi Abdumannon hazilga hazil bilan. Uning namangancha shevada cho’zib – cho’zib gapirishidan zavqimiz kelardi. Qitiq patiga tegib gapirtirishga harakat qilardik…
Nihoyat, qishning qirovli kunlari chekinib, bahor ham kelib qoldi. Havo biram toza. Bunday paytda kengliklarga chiqib, ko’klamda ag’anab yotging keladi. Maysalar hidi, uyg’onayotgan yer isi dimoqqa xush yoqadi. Hozir uyimiz oldidagi tepalik yam – yashil bo’lgandir. Qizim o’sha yerda qizg’aldoqdan qo’g’irchoq yasayaptimi, balki. oh bolalarimni juda – juda sog’indim. Tutqunlikda hamma narsaning qadriga yetarkansan kishi…
- Bugun hindcha kino qo’yilarkan, - deb qoldi kechga yaqin G’ofir aka.
Ovqatlanib bo’lgach, hovli sahniga yig’ildik. Kino endigina qiziq joyiga kelganida, osmon qaldir – quldur qilib qoldi. Zum o’tmay, sharros yomg’ir quay boshladi. Hamma barakka qarab qochdi. Men esa o’tiraverdim.
- Nima yomg’irda cho’milmoqchimiz?! Yuring, ketdik.
Abdummannonning turtkilashiga parvo qilmadim. U, “jinnimi bu”, degandek qo’l siltadi-da, lapanglab barak tomon yugurib ketdi.
Ust – boshim jiqqa ho’l bo’ldi. Shovullab quyayotgan yomg’ir tomchilari yoqamdan oqib kirar, bu esa badanimga xush yoqardi. Negadir har safar yomg’irda ivisam, o’sha olis o’smirlik chog’larimni eslayman. Sanam yodimga tushadi. U bilan ilk bor urishib qolganimizda ham yomg’ir shunday quygandi. Yana uni eslayapman. Qiziq, hozir Sanam nima qilayotgan bo’lsa? Farzandlari nechta ekan?! Agar mening qamalganimni eshitsa, “yaxshiyam tegmaganim”, deya Xudoga shukur qilsa kerak. Hozir u yonimda bo’lsaydi. To’yib – to’yib suhbatlashardim. Faqat Sanamgina meni o’zimdan ortiq tushunardi.
Xayollarga g’arq bo’lib yomg’ir tinganini ham sezmay qolibman. Bahor havosi emasmi, qop – qora uvada bulutlar bir zumda tarqab, osmonda son – sanoqsiz yulduzlar porladi. Ular xuddi hozirgina yomg’irda cho’milib chiqqandek yorqin nur taratardi.
Oyog’imdan nam o’ta boshladi. Noiloj barakka qaytdim. G’ofir aka bilan Abdumannon karta o’ynab o’tirishgan ekan.
- Yangilardan kelishdi, - dedi Abdumannon iyagi bilan imlab.
Boya kirayotganimda qaramagan ekanman. Haqiqatdan bo’shab qolgan bir – ikkita karavotga yangi mahbuslar kelishibdi. Rang – ro’ylari oppoq. Hibsda yotaverib oftob ko’rishmaganxuddi birov bilan urishgandek hurpayib turishibdi. O’zini qamoqxonaning shefi deb hisoblaydigan “ Barzangi”laqabli mahbus ularni ermak qila boshladi. Yonida ikkita laychasi. Hiring – hiring qilib kulgani – kulgan. Yangilar jim. Hayiqayotganliklari yuz – ko’zlaridan ko’rinib turibdi.
Ayniqsa, Abdumannonning tepasida joylashgan o’n sakkiz – o’n to’qqiz yoshlardagi yigit birinchi qamalishi ekanmi, atrofga olazarak boqadi (bu yerdagilarning aksariyati 2 – 3 bor qamalgan). Qo’yib bersa, barakdan qochib ketgudek. Sochlari qirtishlangan, kiyimi, o’zi va hatto, taqir boshi ham, qop – qora mahbuslarning ko’rinishi ham unga ta’sir qilgani aniq. Yigitga rahmim keldi. Chunki ilk bor o’zim ham shunday ahvolga tushgandim.
Mening qarshimdagi karavotda qosh – ko’zlari qop – qora novchadan kelgan yigit joylashdi. Tanishib oldik. Samarqandlik ekan. Ismi Hoshim. O’zini tutishi, ko’z qarashlaridan aqlli yigitga o’xshaydi.
Qiziq, nima gunoh qilibdi ekan? Ko’rinishidan hali juda yosh. Nari borsa yigirma yoki yigirma bir yoshda. Ayni hayotini izga tushirib oladigan payt. Bu esa… Odamlar tinchgina yashasa bo’lmasmikan? Safimiz kengaysa, kengayaptiki, kamaygani sezilmaydi. Bittasi ketsa, o’rniga uchtasini olib kelishadi. Aksariyati yosh – yosh yigitchalar. Qilmishini eshitib, yoqa ushlaysan. Tunov kuni bittasi kelgandi. O’z onasini o’ldirib, hovlisiga ko’mib qo’ygan. Qo’shnilari sezib qolib militsiyaga xabar qilishibdi, qilmishidan pushaymon bo’lish yo’q. aksincha, bu yerdan chiqsam, sotgan qo’shnimni so’yaman, deydi. Yana boshqasi o’z akasining uyini ship – shiydam qilgani haqida zavq bilan so’zlaydi. O’g’irlik emas, go’yo qahramonlik ko’rsatgandek. Yana biri odamni mol kabi so’ygani haqida og’iz ko’pirtirardi. Qanday gapirarkin? Men qonga botgan qaynonamni eslasam, seskanib ketaman. Hamon qo’limda shilimshiq qon yuqi bordek…
Ertasi kuni yangi kelgan yigit bizning brigade bilan ishga chiqdi. Lom – lim demaydi. Nega qamalganini so’ragandik taqdir, deb gapni qisqa qildi. Boshqa so’ramadik…
- Bugun “psixolog” bilan uchrashuv bo’larkan, - dedi ertalab Abdumannon.
Bunday xabarlarni qayerdan topadi, bilmayman. Haqiqatan ham, kechki ovqatni yeb bo’lgach, to’rtta – to’rttadan chaqira boshlashdi. Shunday ishlarga juda o’ch emasmi, Abdumannon birinchilardan bo’lib ketdi. Yarim soat o’tar – o’tmas hovliqib keldi:
- Ey, jora, zo’r narsa ekan, - dedi ko’zlari chaqnab.
- Nima? Uchrashuvmi? – hayron bo’ldim men.
- Yo’q, “psixolog”.
- Ayol kishi ekanmi?
- Ha, judayam chiroyli.
E’tibor bermadim. Bir yildan beri ayol zotini ko’rmagan erkakka kampir ham hurliqo bo’libko’rinishi turgan gap. Abdumannonga ham qiyin. O’zi bilmagan holda geroin savdosiga aralashib qolgan. Uylanganiga uch oy to’lar – to’lmas o’n ikki yilga qamalgan. O’n ikki yil! Eh- e, u chiqqunicha xotini kutib o’tirarmidi? Boshida bir – ikki kelibdi-yu, keyin qorasini ham ko’rsatmabdi. Abdumannon hamon ko’zlari teshilib kutadi. Uydagilari uchrashuvga kelishsa, negadir ochiq gapirishmaydi. “ Keladi. Hozir onasinikida turibdi”, deyishadi mujmal qilib. Abdumannonning ishongisi keladi. Hafsala bilan xotiniga xat yozishdan charchamaydi. Ammo bir gal uydagilari kelganida xafa bo’ldi. Akasi sal gapning uchini chiqargandek bo’lganmish.
- It vafo, xotin jafo ekan, oshna. Bu dunyoda bo’ydoq o’tish kerak. Sizam uylanmang. Men ham … - shu – hsu, xotini haqida hech nima demadi.
- Xolmatov, chiq!
Tavba, nega titrayapman? Abdumannon chiroyli ayol degani uchunmi? O’zimni qo’lga olib, eshikni ochdim. Xona to’rida nozik jussali ayol egilib nimalarnidir yozyapti. Kalta qirqilgan tim qora sochlari va qog’oz uzra o’rmalayotgan oppoq barmoqlaridan chiroyliga o’xshaydi. Qarasa, ko’ramiz-da! Ayol fikrimni uqqandek yalt etib qaradi. Qotib qoldim. Yo, Xudo! Sanam-ku! Qanday sharmandalik!
- Avaz?! – u o’rnidan turib ketdi. Shahlo ko’zlari hayratdan katta – katta bo’lib ochilgandi. Tizzalarim qaltirab, tilim aylanmay qoldi. Uyat va nomusdan yerga kirgudek edim. Taqdir bunday uchrashtirganidan uchrashtirmagani ma’qul edi.
- Nega?..
Qiziq, ko’zlari jiqqa yosh. Lablari titrayapti. Xo’rligim keldi. Tomog’imni nimadir kuydirdi.
- Shunday bo’lib qoldi.
- Nega shunday bo’lib qoladi?
- Iltimos, savol bermang! Tergovchilardan charchaganman.
Indamay qoldi.
- O’tiring, - dedi keyin holsizgina.
Oraga uzoq jimlik cho’kdi. Ikkovimiz ham gapni nimadan boshlashni bilmay o’ng’aysizlanardik.
- Hech bo’lmasa hol so’ragani qo’yarsiz?
- O’n sakkiz yildan so’ng uyga borib so’rarsiz, - biz negadir bir – birimizni sizlayotgandik.
- Lekin bu yerda…
- Nachora. Farishta emasman. Odam har lahzada xato qilishi mumkin. O’zingizning ishlaringiz yaxshimi?
U bosh silkidi.
- Qishloqqa ham borib turibsizmi? – yana savolga tutdim.
- Ancha bo’ldi bormaganimga. Kichik o’g’lim tug’ilib, chiqolmay qolgandim. Ishga ham yaqinda chiqdim.
- Qishloqni judayam sog’indim.
- Men ham. Uydagilar kelib turibdimi? Rayhon yaxshimi?
Yuragim zirillab ketdi. Qaniydi, shu yerda uni hech kim eslatmasa… Rayhonni eslash – ahmoqligimni eslash. Sanam, mening yaramga tuz sepayotganingni bilsayding…
U jim bo’lib qolganimdan nimanidir sezdi, shekilli, gapni boshqa yoqqa burdi:
- Turmushga chiqib, ikki – uch yil Farg’onada yashadik. Xo’jayinim jazoni ijro etish muassasasida ishlardilar, xizmat yuzasidan ko’chaverib, oxiri shu yerga kelib qoldik. Taqdir ekan, sizni ko’rib turibman…
- Endi ko’chmaysizlarmi? – xuddi hozir ko’chib keta qoladigandek so’radim.
- Yo’q. shu yerda yashab qolsam kerak.
Hayron bo’ldim. Nega yashab qolsam, deydi? Yo eri bilan ajrasdimikan/ azbaroyi qiziqib savol berdim:
- Xo’jayin qolamiz, dedimi?
Sanam boshini ko’tarib, menga qaradi. Uning ko’zlarida g’am, iztirob zohir edi.
- U kishini ikki yil avval berib qo’ydik. Avtohalokatga uchrab…
Yo, Rab! Hech bo’lmasa, mana shu musichadek beozor, qalbi pok ayolga rahm qilsang bo’lardi-ku! Uning sochlarini silab ovutgim, o’ksik qalbiga taskin bergim keldi.
O’sha kuni qanday qilib barakka kelganimni bilmayman. Eh Sanam, nahot ikkimizga ham baxt ato etmadi! Yo, sevgimizning uvoli tutdimikan?
- Ha, jo’ra, bu deyman, merovsirab qolibsiz. Yuragingizdan urdimi? – Abdumannonning hazily yuragimga sig’madi.
O’krayib qaradim. Hayron bo’lib nari ketdi.
Shu – shu, Sanam bilan tez – tez uchrashadigan bo’ldik. To’yib – to’yib suhbatlashgim, bolaligimizni eslagim kelardi u bilan. Afsus, imkoni yo’q. sanam bilan yarim soatgina gaplashishim mumkin edi. Mening dunyom brogan sari yashnab borardi. Yana bahorni, olamni, go’zallikni his qila boshladim. Sanamdan umidvor bo’lganim yo’q. Buni,hatto tasavvur ham qilolmayman. Uning borligining o’zi menga quvonch bag’ishlardi.
Bir kuni Rayhon ko’rgani kelganini aytishdi. Quloqlarimga ishonmadim. Shuncha gapdan keyin qaysi yuz bilan keldiykan? Ko’nglim endi taskin topib, ovunayotgandi. Yoki bolalarga bir gap bo’ldimikan?
Xullas, u bilan uchrashmadim. Keltirgan narsalarini olib kelishdi. Yeguliklar ekan. Hammaga ulashdim.
Bir payt Sanam hovliqib kelibdi.
- Nega Rayhon bilan uchrashmadingiz?
Bu gapdan ensam qotdi. Unga ajablanib qaradim-u, indamadim.
- Sizdan so’rayapman?!
O’ – ho’ , do’q urishini! Qamoqdagilar bilan ishlayverib hadisini olganmi, deyman.
- U bilan uchrashish kerak edi, dimoq – firoq qilmay. Balki muhim gapi border?
- Bizning muhim gapimiz qolmagan, - dedim qo’rslik bilan.
- Yana kelsa, o’zim boshlab kelaman.
U shart burilib, qaytib ketdi. Sanam haliyam o’sha – o’sha. Rahmdil. Rayhon dardini yorgan, uning rahmi kelgan. Nimalarni vaysagan bo’lsa, u yuzi qora.
Oradan oylar o’tib, Rayhon yana keldi. Ammo bus afar mening emas, Sanamning huzuriga kelibdi. Ketar vaqtida menga xat qoldiribdi.
- Hech bo’lmasa, manovini o’qib ko’ring. – dedi Sanam xatni berayotib.
Konvert yuziga chiroyli husnixat bilan “Dadasiga” deb yozilgan ekan. Rayhonning buncha chiroyli yozishini bilmagan ekanman. Chetroqqa o’tib, konvertni istar – istamas ochdim. Ichidan xuddi Rayhon chiqib keladigandek, g’azabim qaynay boshladi. Shoshilmay ko’z yugurtirdim.
“Dadasi, ahvollaringiz yaxshimi? Belingiz og’rimayaptimi? Bilaman, mendan nafratlanasiz. Bunga haqqingiz bor. Yuzingizni yerga qaratdim. Kechirolsangiz, kechiring. Lekin meni u dunyo-yu bu dunyo hech kim kechirmasa kerak. Ishoning, bunday qilmoqchi emasdim. Onam qanday qilib bu ishda xayrihoh bo’ldi, tushunmayman. Ehtimol, tijoratchi yigitdan tushib turadigan foyda uchun shunday qilgandir? Lekin onam meni majburlagani yo’q. Men istadim, onam qo’lladi. Boshida menga e’tiborsiz bo’lmaganingizda, balki, bu ishlar ro’y bermasmidi? Sevgan qizingiz borligini balsam – da, tekkandim. Onam majburladi. Itoatkor edim. Indamay tegib ketaverdim. Kechalari “ Sanam”, deb alahlab chiqqanlaringizda qanchalar ezilganimni bilmaysiz. Goho o’tirib yig’lardim. Ertalab yana hech gap bo’lmagandek atrofingizda parvona bo’lardim. To’g’ri, bolalarimizni joningizdan ortiq ko’rardingiz. Ammo men o’zimni sevishingizni istardim. Mehrga, muhabbatga intiq qalbim, balki, o’sha yigitning shirin so’zlaridan erigandir? Pushaymonman. Lekin endi siz bilan yashay olmayman ham. Bolalarni ko’ringiz kelsa, olib kelaman. Ularda gunoh yo’q. qasam ichaman, ular o’z farzandlaringiz. Sizni sog’inishgan. Endi sizni bezovta qilmayman. Endi sizni bezovta qilmayman. Rayhon”.
Rayhon, o’zingni oqlamoqchi bo’libsan. Balki, gaplaring to’g’ridir? Lekin xiyonatni kechirib bo’ladimi? Sendek sevishmay yashayotgan ayollar dunyoda yo’q, emas-ku! Ammo ular mehr izlab boshqalarni topgani yo’q. Sen –ku, men bilan yashay olmas ekansan. Men –chi, yuzingni ko’rishni ham istamayman! Bolalarim.. Ularni hech qachon tashlab qo’ymayman. Men ham sog’indim ularni.
O’zim bilan o’zim ovora bo’lib turganimda Sanam ko’rindi.
- Xat uchun rahmat, - dedim bosh ko’tarmay.
- Men uni tushundim. U e’tiborsizlik, mehrsizlik qurboni bo’lgan. Qilmishidan pushaymon. Menga dardini aytib rosa yig’ladi.
- Baribir uni kechirmayman! – yana jahlim chiqa boshladi.
- Aytgancha, suyunchi bering! Yaxshi xulqingiz, mehnatsevarligingiz uchun bayram munosabati bilan jazo muddatingizning to’rt yil-u olti oyini olib tashlashdi.
- Rostsanmi? Mana buni xursandchilik desa bo’ladi.
- Ilohim, endi xursandchiliklaringiz ko’p bo’lsin!
- Aytganingiz kelsin.
Shodlanganimdan Sanamning mayin qo’llarini qanday tutganimni bilmay qoldim. U kulib yubordim.
Sanamning chaqnoq, shahlo ko’zlari menga baxt va’da qilayotgandek edi, go’yo.
Tugadi….