November 24, 2020

Milliardlar keltirgan qo’g’irchoq.

Milliardlar keltirgan qo’g’irchoq.

Rut Xendler insoniyat tarixidagi eng mashhur qo’g’irchoqning onasi hisoblanadi. Hammasi 40 – yillarda yuz berdi. Bu ayol ikki farzand hamda bir qo’g’irchoqni dunyoga keltirdi. Farzandlari unga quvonch olib kelgan bo’lsa, qo’g’irchoq boylik keltirdi. Bugun Barbining onasi dunyodagi eng boy va mashhur ayollardan biri sanaladi. Uning kompaniyasi qo’g’irchoq ishlab chiqarish bo’yicha hamisha peshqadam.

Mamlakat hali inqirozdan qutulib ulgurmagan payt edi. Oddiygina maktab o’quvchisi Rut hayotda faqat o’z kuchiga ishonish mumkinligiga amin bo’ldi. U ota – onasiga maktabdan so’ng kollejga kirishini aytganida, bundan yoqa ushlab qolishdi. Ularning fikricha, qiz bola o’zini oilasi va farzandlari uchun baxshida etishi lozim, karyera qilish esa faqat erkaklargagina xos. Rut ikkisi bir – biriga umuman xalaqit qilmasligini aytib, kollejga kirdi. O’sha yili maktabdoshi Eliot Xendlerga turmushga chiqdi. Birin – ketin Xendlerlar oilasida qizlari Barbara va o’gillari Kennet dunyoga keldi.

Xendlerlar oilasi rasm va suratlar uchun ramka yasovchi kichik firmani ishga tushirishdi. Eliot yangi – yangi ramkalar yasar, Rut esa ularning reklamasi va sotilishiga javob berardi.

Kunlarning birida Rutning xayoliga nega endi yog’och qoldiqlarini tashlab yuborish kerak, undan daromad qilish mumkin emasmikan, degan fikr keldi. So’ng bu qoldiqlardan o’yinchoqlar uchun mebellar yasashni taklif qildi. Qizi Barbara qo’g’irchog’i uchun gugurt qutisidan yotoq va o’rindiqlar yasaganini bir necha bor ko’rgan edi. Aytilgan so’z - otilgan o’q. Mitti tortmalar va yotoqlar ramkalarga qaraganda xaridorgir chiqib qoldi. Ammo pul masalasi biroz murakkab edi. Shunda Xendlerlar oilaviy biznesiga yaqin do’stlari Xarold Mattsonni jalb etishdi. Uni bunga qiziqtirish maqsadida kompaniyani Mattel deb atadilar. Mattel MATT (Mattson) hamda EL (Eliot) qisqartmalaridan tashkil topgan.

1956 – yilda Rut Xendler Shveysariyaga dam olishga jo’nab ketdi. O’sha yerda ilk bor g’aroyib qo’g’irchoq - Lilliga ko’z tushdi. U 1955- yili komikslar jurnali Bild tomonidan chiqarilgan bo’lib, faqat pivoxonalarda sotilardi. Aynan o’sha paytda Rut xola o’yini bolalarning allaqachon joniga tekkanini anglab yetgandi. Ular uchun yangi qo’g’irchoq yasash payti kelgan edi.

U model bo’lishi va o’zida qizlarning kelajakdagi orzularini aks ettirishi lozim edi. Ayol qo’g’irchoqni nafaqat o’zi bilan olib ketdi, balki mualliflik huquqini ham sotib oldi. Rut farzandlari nima hohlashini aniq bilardi. U bu ishga malakali texnik, rassom va muhandislarni jalb etdi.

O’sha paytlarda Gollivudga Merilin Monroning raqibasi aktrisa Jeyn Mensfild nomi tillarda doston edi. Erga tekkach, koshonasini pushti rangga bo’yab, xuddi ertaklardagi malikalar saroyiga aylantirib qo’ygan edi. Amerika ayollarining barchasi ushbu aktrisaga har tomonlama o’xshashga harakat qilardilar. Barbi ham aynan uning nusxasi edi. Birinchi liboslari uchun mashhur modelyerlar – Jivashi va Dior moda uylariga buyurtma berildi.

·        1958 – yili Rut o’z ixtirosiga patent oldi. Qo’g’irchoqqa qizi Barbaraning ismini qo’ydi. Shu tariqa dunyoga Barbi kirib keldi. Kunlardan birida Rut uyiga yuz nafar ona – bolani taklif qilib, ulardan ushbu yangilikni baholab berishini iltimos qildi. Onalar bunga qarshi chiqishdi. Ularning fikricha, Barb o’ta jakb etuvchi ko’rinishga ega bo’lib, bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin ekan. Qarangki, ayni shu paytda qizaloqlar, qo’g’iqchoqni olib bering, deya oyoq tirab turib olishdi. Shu tariqa Rut ayollarning so’ziga quloq solmay, butun e’tiborini bolalarga qaratdi. Tadbirkor ona mahsulotini reklama qilib ko’rishni lozim topdi. Ko’p o’tmay Barbi butun shtatlar bo’ylab tarqaldi. Bir daqiqaning o’zida 351 donasi sotilib, ko’p o’tmay dastlabki 5 million dollar cho’ntakka tushdi.

·        Dastlabki o’n yillikda Barbi tufayli oilaning hisob raqami 500 million dollarga ko’paydi. 1993 – yilda esa bu ko’rsatkich bir milliard dollarga yetdi. 1994 – yili ikki milliard dollar…

Ayni kunlarda bu qo’g’irchoq dunyoning 150ta mamlakatida donasi 25 – 70 dollardan sotilmoqda. Mutaxassislarning fikricha, Barbi jahondagi eng ko’p tarqalgan mahsulotlar yigirmataligiga kiradi. Endi o’yinchoqning to’rt singlisi, ukasi, ikki xolavachchasi, yigirmaga yaqin do’stlari va dugonalari bor. Oila qancha katta bo’lsa, uning narxi ham shuncha oshib boradi. Axir har bir modelga qo’shimcha yangi ust – bosh, mashina va turli xil jihozlar taklif etiladi-da!

Barbining birinchi do’sti Ken ismli qo’g’irchoq bo’ldi. U ham o’z – o’zidan emas, albatta. Ona o’z o’g’li Kennetning ismini tarixda qoldirmoqchi bo’ldi.

Xullas, agar bir ishni boshlamoqchi ekansiz, qo’rqmang. Avvalo, yangilik yarating. Uning xaridori o’rniga o’zingizni qo’yib ko’ring. Siz uni sotib olasizmi yoki yo’q?!.