September 5, 2019

Taʼlim muassasasi rahbariyatining taʼlim sifatiga shaxsiy javobgarligi kuchaytiriladi

Bugun, 5-sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Miran International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xamda BMT Bolalar jamgʻarmasi - YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Taʼlim sifatini taʼminlash va baholash: Xalqaro yondashuvlar va Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida seminar oʻtkazildi.

Unda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi vazirliklari mutasaddilari, xalqaro ekspertlar hamda ilgʻor mahalliy mutaxassislar ishtirok etishdi.

Maʼlumki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli “Davlat taʼlim muassasalari xamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida yurtimizdagi taʼlim muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish va baholash mezonlari ishlab chiqildi.

Seminarda soʻzga chiqqan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshligʻi Asliddin Odilov yangi mezonlar ilgʻor xorijiy tajribalardan foydalangan holda xalqaro va mahalliy ekspertlar xulosalariga asosan ishlab chiqilganini taʼkidlar ekan, bundan buyon har bir taʼlim muassasasida oʻzini-oʻzi baholash orqali ichki taʼlim sifati auditi shakllantirilishi aytib oʻtdi. Bunda taʼlim oluvchilarning maktab hayoti va boshqaruviga oid fikrlari davriy ravishda oʻrganilishi va ular maktab boshqaruvida faol ishtirok etishlari, taʼlim sifatini baholashda maktabning ota-onalar, kuzatuv kengashi, mahalla, bogʻcha va oliy taʼlim muassasalari bilan maktabni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik ishlariga asosiy urgʻu berilishi maʼlum qilindi.

Tadbirda soʻz olgan YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi taʼlim boʻlimi boshligʻi Dipa Shankar yurtimiz taʼlim tizimidagi yangiliklar haqida shunday dedi:

“Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda maktablar uchun yangi binolar qurildi va ularning moddiy texnik bazasi mustahkamlandi. Natijada yoshlarning majburiy taʼlimga qamrab olish qariyb koʻrsatkichi koʻpgina rivojlangan davlatlarnikida ham yuqori koʻrsatkichga qariyb 100 foizga yetkazildi. Biroq taʼlim sifatini baholash boʻyicha izlanishlar oʻtkazilmagani, ushbu yoʻnalishda aniq koʻrsatkichlar yoʻqligi sabab mavjud ahvolni haqqoniy baholash imkoni yoʻq edi. Soʻngi 2 yilda esa ushbu yoʻnalishdagi katta islohotlar boshlab yuborildi. Xususan Oʻzbekiston yoshlari 2021-yilda (15-16 yoshli oʻquvchilar bilimini baholash boʻyicha xalqaro dastur) xalqaro tadqiqotlarida ishtirok etishlaridan ham Oʻzbekiston bolalarning taʼlim olish boʻlgan huquqining qay darajada taʼminlanayotganligini yaʼni sifatini tekshirishga va bu borada xalqaro miqyosida ishlashga tayyor ekanligini koʻrishimiz mumkin.”

Tadbirda taʼlim sifatini baholash boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalar haqida maʼruza qilgan xalqaro konsultant Majena Rafalska xonim yangi baholash mezonlari ahamiyati haqida gapirar ekan, ularning taʼlim muassasalari rahbarlari va pedagoglar uchun qoʻllanma boʻlib xizmat qilishi har bir muassasaga oʻzi ortda qolayotgan aniq koʻrsatkichlar bilan ishlash imkoniyatni yaratilayotganligi aytib oʻtdi.

Seminar davomida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tegishli mutaxassislari tomonidan taʼlim sifatini baholashga yangicha yondashuv, MTMlarda taʼlim sifatini taʼminlash va uni baholash mexanizmlari hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tizimi haqida maʼlumot berildi.

Yakunda ishtirokchilar guruhlarga boʻlingan holda taʼlim sifatini boʻyicha loyihalarni muhokama qilishdi hamda kelgusida hamkorlikda ishlash boʻyicha ishchi guruhlar belgilab olindi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati