Barcha hududlarda maktablar attestatsiyadagi yangi tartib boʻyicha seminarlar tashkil etilmoqda

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorlikda Respublikamizning barcha hududlarida “Umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish – taʼlim sifatini oshirishning muhim omili“ mavzusida oʻquv seminarlar tashkil etilmoqda.

Ushbu tadbirlarda Taʼlim inspeksiyasining va vazirlikning boʻlinmalari rahbarlari, tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari, taʼlim sifati monitoringi boʻlimi bosh inspektor-metodistlari, 2020-yilda attestatsiyaga jalb etiladigan maktab direktorlari, ularning oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari, ekspert komissiyasi reyestriga kiritilgan oʻqituvchilar ishtirok etishmoqda.

Seminarlar davomida umumiy oʻrta taʼlim maktablari attestatsiyasiga tayyorgarlik koʻrishda xalq taʼlimi xodimlarining hamda maktab direktorlarining vazifalari aniq belgilab olinmoqda. IshtirokchilariVazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat taʼlim muassasalari va nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning mazmun- mohiyati tushuntirilmoqda.

Shu oʻrinda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini attestatsiya jarayoniga toʻxtalsak. Bunda, avvalo, oʻquvchilarning yetarlicha bilim olishlari uchun muassasada yaratilgan sharoitlarga baho beriladi. Attestatsiya jarayonida oʻquvchilarning bilim darajasi, oʻqituvchilarning salohiyati, ish hujjatlarining yuritilishi, oʻquv va laboratoriya xonalarning jihozlanishi oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari koʻriladi. Bu borada ota-onalarning fikrlari va oʻquvchilarning talablarini inobatga olgan holda maktabni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xarita”lari belgilanib, amalga tatbiq etiladi. Pirovardida taʼlim muassasasidagi sharoitlar yaxshilanib, taʼlim sifati oshishiga erishiladi.

Eslatib oʻtamiz, hozirga qadar, ushbu jarayon tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan va hokim oʻrinbosari raislik qiladigan attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshirilar edi. Ammo ushbu tizim taʼlim sifatini oshirishda, bu borada taʼlim muassasalarida yetarli sharoitlarni yaratishda kutilgan natijani bermadi. Shuning uchun yangi tartibga koʻra, umumiy oʻrta taʼlim maktablarini attestatsiyadan oʻtish davriyligi 9 yildan 5 yilga, attestatsiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan oʻtkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari elektronlashtirildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati