Jizzaxda maktablar attestatsiyasidagi yangiliklar boʻyicha seminar oʻtkazildi

Joriy yilning 4-noyabr kuni Jizzax shahrida “Umumiy oʻrta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish – taʼlim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusidagi seminar oʻtkazildi.

Unda viloyatdagi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari, taʼlim sifati monitoringi boʻlimi bosh inspektor-metodistlari, 2020-yilda attestatsiyaga jalb etiladigan 242 ta maktab direktorlarining oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari, ekspert komissiyasi reyestriga kiritilgan oʻqituvchilar ishtirok etishdi.

Seminarda maʼruza qilgan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh mutaxassisi I.Xoʻjamov, Taʼlim inspeksiyasi hududiy boʻlimi hamda Jizzax viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari ishtirokchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat taʼlim muassasalari va nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga asosan joriy etilayotgan yangilar mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berishdi.

Tasdiqlangan nizom avvalgisidan tubdan farq qilib, unga koʻra attestatsiya jarayonlari mutlaqo yangi tartib asosida tashkil etilishi belgilandi.

Xususan, umumiy oʻrta taʼlim maktablarini attestatsiyadan oʻtish davriyligi 9 yildan 5 yilga, attestatsiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi.

Mazkur nizomga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim maktablarini 2020-2024-yillarda attestatsiyadan oʻtkazish grafigi tasdiqlandi hamda attestatsiyadan oʻtkazish mezonlari ishlab chiqildi.

Ushbu grafik va mezonlar asosida 2020-yil davomida 2514 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablari, jumladan Jizzax viloyati boʻyicha 147 ta umumtaʼlim muassasasi attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi.

Seminar davomida pedagoglarni qiziqtirgan savollar javob berildi hamda barcha tuman (shahar) lar beshta hududga boʻlingan xolda 7-9-noyabr kunlari seminarlar joylarga chiqqan oʻtkazilishi rejalashtirilib olindi.

Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

Matbuot xizmati