Jarima summasi ijro hujjatidagi summadan oshishi mumkin emasligi qonun bilan belgilandi.
Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan maʻmuriy jarima summasi ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan oshishi mumkin emasligi belgilandi. Ilgari bunday norma mavjud emas edi.
Maʻmuriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan o'zgartirish va qo'shimchalarga ko'ra:
BHMning 10 baravariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi summani undirish to'g'risidagi ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda qarzdor tomonidan ijro etmaslik:
fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 650 ming so'mgacha);
mansabdor shaxslarga esa 10 baravarigacha (3 mln 300 ming so'mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.
Ilgari jarimaning eng kam miqdori qatʻiy belgilangan bo'lib, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan boshlab jarima qo'llanilgan.
Qonunga ko'ra, Majburiy ijro byurosi nomidan maʻmuriy huquqbuzarliklar to'g'risidagi ishlarni ko'rib chiqishga hamda maʻmuriy jazo choralarini qo'llashga endilikda quyidagilar haqli:
O'zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi;
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o'rinbosarlari;
Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo'limlari boshliqlari.
Ilgari maʻmuriy jazo choralarini qo'llash davlat ijrochilariga tegishli bo'lgan.
Termiz shahar yuridik xizmat ko'rastish markazi bosh yuriskonsulti - Akramov Sanjar