May 12, 2019

Ommaviy axborot vositalarining mamlakatimizdagi oʻrni

Ommaviy axborot vositasi — sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar haqidagi barcha maʼlumotlarni toʻplab, qayta ishlovchi va ularni yangilik-axborot sifatida ommaga yetkazib turuvchi muassasadir. Taʼkidlash joizki, bugungi kunda oʻzida matbuot, radio va televidenie xususiyatlari hamda imkoniyatlarini mujassamlashtirgan, axborot yetkazib berish darajasi boʻyicha tezkorlikda va koʻlamdorlikda mukammal boʻlgan Internet ayniqsa shiddat bilan hayotimizga kirib bormoqda. Oxirgi maʼlumotlarga qaraganda Xitoyda Internetdan foydalanuvchilar soni 350 milliondan oshgan va ushbu mamlakat dunyoda ikkinchi oʻrinda bormoqda. Bu borada peshqadam — AQShda Internetdan foydalanuvchilar soni 235 million kishidir.

Keyingi ikki yilda har biriga minglab kompyuterlar ulangan Internet serverlari soni dunyo boʻyicha 300 mingga yetdi. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan roʻyxatga olingan saytlar esa 150 mingdan ortdi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston milliy qonunchiligida Internet ommaviy axborot vositasi turi sifatida alohida tilga olinmaganligini ham eslatish oʻrinlidir. “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunning 1-moddasida qayd etilganidek, “Gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, axborot agentliklari, televidenie (kabelli, efir-kabelli televidenie) va radioeshittirishlar, hujjatli kino, elektron axborot tizimi, shuningdek, doimiy nomga ega boʻlgan, davlat tasarrufidagi, mustaqil va boshqa ommaviy davriy nashrlar ommaviy axborot vositalaridir”. Hozirgi yurtimizdagi ommaviy axborot vositalarini davlat va nodavlat, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalari sifatida farqlash mumkin.

Davlat ommaviy axborot vositalari - davlat tomonidan taʼsis etilgan yoki muayyan davlat ulushi va davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalaridir. Mahalliy ommaviy axborot vositalari—mahalliy hokimiyat vakillik organlari tomonidan taʼsis etilgan yoki ularning ulushi boʻlgan va mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalari, demakdir. Nodavlat ommaviy axborot vositalari sirasiga esa nodavlat tashkilotlar, jamoat birlashmalari, xususiy shaxslar tomonidan taʼsis etilgan va ularning mablagʻlari hisobidan faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalari kiradi. ommaviy axborot vositalarining faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy negiz barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakat ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirishning huquqiy asoslari boʻlgan “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida” (1996 yil, avgust), “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida” (1996 yil, sentyabrʼ), “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida” (1997 yil, aprel), “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida” (2002 yil, dekabrʼ) kabi qonunlar qabul qilindi. Ayni paytda bu huquqiy negiz yangi qonunlar va amaldagi qonunlarga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar hisobiga takomillashtirib borilmoqda. Boshqa bir qator qonun hujjatlarida ham jurnalist faoliyati va masʼuliyatini huquqiy tartibga soluvchi qoidalarga keng oʻrin berlmoqda. “Axborotlashtiish toʻgʻrisida”, “Reklama toʻgʻrisida”, “Arxivlar toʻgʻrisida”, “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”, “Aloqa toʻgʻrisida”, “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”, “Telekommunikasiyalar toʻgʻrisida”, “Faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash toʻgʻrisida”, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Prokuratura toʻgʻrisida”, “Sudlar toʻgʻrisida” kabi oʻnlab qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarori va boshqa normativ hujjatlar shular jumlasidan. Bugungi kunda jurnalistlarimizga ayniqsa soʻz erkinligiga katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Haqqoniylik, tanqidiy,tahliliy materiallar yaratish esa matbuotimizning oldiga qoʻygan asosiy vazifalaridan biridir. Insonlarning ommaviy axborot vositalariga ishonchi ortib, kundalik hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yulduz Hakimboyeva