Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda "Ular ham bir yashasa maylimi?" sarlavhasi ostida Tuproqqalʼa tumanining ayrim ichki ko‘chalari ahvoli haqida tanqidiy xabarlar tarqaldi.
Xabar yuzasidan Tuproqqalʼa tumani hokimligi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida ichi xo‘jalik yo‘llarining 20 km dan ortiq qismida asfaltlashtirish, 90 km dan ortiq qismida shag‘allashtirish ishlari olib borilgan.
Yil yakuniga qadar yana ichki xo‘jalik yo‘llarining 3 km ga yaqin qismini asfaltlashtirish, 6 km ga yaqin qismini shag‘allashtirish rejalashtirilgan.
Lavhada tanqid etilgan Pastom mahallasining Sharq gavhari, Bunyodkor, Sarbon, Anjirzor, Nafis va Sholikor ko‘chalarining 5,7 km qismini tuproq yo‘llar tashkil etadi.
2024-2025 yillarda mahalla infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan yo‘l xaritaga asosan, joriy yilda Pastom mahallasining asosiy ko‘chasi hisoblangan Sarbon ko‘chasining 1,6 km qismini asfaltlashtirish, qolgan ko‘chalarning 3 km qismini birinchi navbatda shag‘allashtirish ishlari rejalashtirilgan.
Saidlar mahallasining lavhada tanqid etilgan ichki xo‘jalik yo‘li - Qadriyat ko‘chasining 310 metr qismini shag‘al yo‘l tashkil etadi. Shu va shu kabi boshqa ko‘chalarni asfaltlashtirish bo‘yicha bir qator takliflar ishlab chiqilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.
Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024 yil 30 yanvardagi KQ-666-IV sonli qaroriga asosan, tuman budjetlarida ichki yo‘llarni taʼmirlash uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar tashabbusli budjet jarayonini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilanganligini inobatga olib, aholidan mahalla infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha takliflarini "Fuqarolar tashabbusi" loyihalarida ilgari surishlari mumkinligini bildiramiz.