October 10

BuxDU,Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasida o'tkazilgan "Qatag'on qurbonlari-xalqimiz armonlari" mavzusidagi ma'rifat soatidan lavhalar

Buxoro davlat universiteti Xorijiy tillar fakulteti Ingliz adabiyotshunosligi va tarjimashunoslik kafedrasida 2024 yil 8-oktyabr sanasida "Qatag'on qurbonlari - xalqimiz armonlari" mavzusida Ma'rifat soati tashkil etildi. Davra suhbatida kafedra mudiri, f.f.f.d.(PhD), dotsent D.I.Xodjayeva hamda kafedra professor-o'qituvchilari faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirib o'tishdi.1938-yilning 4-oktabrida jadid bobolarimiz – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonovlar qatl etildi. Eng achinarlisi, ularni o‘limga hukm qilish haqidagi hujjat qatldan bir kun o‘tib, 5-oktabrda rasmiylashtirib qo‘yilgan.Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktabrdan 16-oktabrgacha bo‘lgan sayyor yig‘ilishlarida jami 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarildi. O‘zbekistonda 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha 10700 nafar kishi qamoqqa olingan. Shundan 3613 kishi qatl etilgan bo‘lsa, 7087 nafari sakkiz-o‘n yil muddatga qamoqqa tashlandi. 1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgan. Ularning 13 000 nafari otib tashlangan, yana minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga jo‘natilgan.
Mustabid tuzum xalqimizning eng ilg‘or vakillarini jismonan yo‘q qilish, uzoq muddatlarga lagerlarga surgun qilish bilan cheklanmay, ularning oila-a’zolari va yaqinlarini ham ta’qib qildi. Hatto ularning nomlarini ham tarixdan o‘chirishga urindi, yaratgan asarlari, chop etilgan kitoblarini ham taqiqladi.
Qatag‘onlar oqibatida xalqimiz endi kuchga to‘lgan, o‘z Vatani ravnaqi yo‘lida hali katta ishlarni qilishi mumkin bo‘lgan minglab yetuk kadrlaridan, asl o‘g‘lonlaridan ayrildi. Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, harbiy, ilmiy, adabiy-madaniy salohiyatiga o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan darajada zarar yetdi.
Xo‘sh, sho‘rolar hokimiyatining ushbu qatag‘onlardan ko‘zlagan maqsadi nima edi? Bu siyosat qurboniga aylangan ziyolilar, jadid bobolarimizning «aybi» nima bo‘lgan? Ular mavjud siyosatga qanday xavf solgan edi, degan savollar kishini chuqur o‘yga soladi.
Eng boshidanoq yolg‘onga asoslangan proletariat diktaturasi har qanday hur fikrga, muxolif qarashlarga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan. Shu bois sovet hokimiyatini tanqid qiluvchilar, uning chor hukumatidan oshib tushgan imperialistik siyosatiga qarshi fikr aytuvchi diniy yetakchilar va milliy intelligensiya vakillari ustidan nazorat o‘rnatish, bu siyosatga tahdid solishi mumkin bo‘lgan kuchlarni aniqlash, ularni ma’nan va jismonan yo‘q qilish maqsad qilingan edi. Qatag‘onlar, shuningdek, sovet hokimiyatining jamiyat ustidan total nazoratini kuchaytirish va kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday norozilik yoki mustaqillikka intilishni ayovsiz bostirishga qaratilgan edi. Davra suhbati davomida professor- o'qituvchilar o'zlari qiziqtirgan savollarga javob olishdi.