Xayriya hashari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda
Hashar azaldan milliy an’ana va udumlarimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Ayni paytda bu an’ana hamjihatlik, birdamlik, mehr va saxovat ramzihamdir.
Navro‘z ayyomi arafasidagi bu yilgi umumxalq hashari “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, hududlar ozodaligini ta’minlash maqsadida 16−18 mart kunlari “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparati va uning tasarrufidagi barcha korxonalar hududlarida ham obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida neft va gaz ob’yektlarining hududlari tartibga keltirilib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam ko‘rsatildi.
Erta tongdan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari yanada faol olib borilmoqda. Gul ko‘chatlari, manzarali va mevali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash ishlari amalga oshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, umumxalq xayriya hashari xodimlarimizning ahilligi, hamjihatligining yana bir yorqin namunasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.