Talabalar uchun haq to‘lanadigan amaliyot tashkil etildi
“Uzbekistan GTL” zavodi kadrlar zaxirasini istiqbolli yosh mutaxassislar bilan to‘ldirish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, joriy yil davomida zavodga turli ta’lim tashkilotlaridan amaliyot o‘tash uchun tashrif buyurganlarning 79 nafarini 3-bosqich talabalari tashkil etdi.
Ularni bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirish, sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishga bo‘lgan intilishlarini oshirish maqsadida ular o‘rtasida tanlov imtixonlari o‘tkazildi.
Ulardan muvaffaqiyatli o‘tgan 20 nafar iqtidorli talabaga “Uzbekistan GTL” zavodining ishlab chiqarish xodimlari sifatida, vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida, oylik maosh tayinlandi.
Amaliyot vaqtida, talaba xodimlarga, zavod xodimlariga bo‘lgani kabi barcha sharoitlar yaratildi. Ular uchun ham maxsus forma va himoya vositalari, uch mahal issiq ovqat, yotoq joy hamda zavod bo‘ylab transport ajratildi. Shuningdek, zavodning yetakchi mutaxassislari hamrohligida o‘z tajribalarini yanada oshirish imkoniyati taqdim etildi.
Ta’kidlash joizki, kadrlar tayyorlashning mazkur yo‘nalishi talabalarda mamlakatimizning neft va gaz sanoati sohasida mehnat qilish naqadar sharafli va shu bilan birgalikda yuqori mas’uliyatli ish ekanligi, sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishda tinimsiz mehnat va bilim olishning o‘ta muhim ahamiyat kasb etishi to‘g‘risida tushuncha hosil qilishlarida muhim qadam sifatida xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda 18 nafar 3-bosqich talabasi tanlov asosida haq to‘lanadigan amaliyotga jalb etilgan edi.