Burg‘ilashni raqamli boshqarishda Xitoy tajribasi
O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ mutasaddilaridan iborat ishchi guruh Urumchi shahrida joylashgan “XIBU Drilling” kompaniyasining Burg‘ilashni boshqarish markazida bo'lishdi.
“XIBU” kompaniyasi Xitoy milliy neft korporatsiyasi – "CNPC”ning ixtisoslashtirilgan burg‘ilash korxonasi bo‘lib, 600 ta muhandislik guruhidan iborat, 16 mingdan ziyod xodimga ega. U Xitoyning g‘arbiy qismidagi eng yirik neft-gaz va muhandislik xizmatlari pudratchisi hisoblanadi.
2021 yil sentyabrda ishga tushirilgan “XIBU” Burg‘ilashni boshqarish markazi 15 ta bo‘linma, 2 ta institut, 4 ta yordamchi markazni o‘z ichiga oladi.
Ishchi guruh a’zolariga kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan, bir vaqtning o‘zida bir nechta burg‘ilash qurilmalarini boshqarish imkonini beruvchi raqamli platforma namoyish etildi.
Uchrashuvda kompaniyaning o‘ta chuqur quduqlarni burg‘ilash, yo‘nalishli burg‘ilash, sementlash, quduqlarni tugatish bo‘yicha keng ko‘lamli muhandislik-texnik xizmatlari, neft-gaz qazib olishni qayta tiklash va ko‘paytirishga qaratilgan geologik-texnik tadbirlar kompleksini amalga oshirish yo‘nalishlarida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, burg‘ilovchilar malakasini oshirish, qayta tayyorlash, nazariy bilimlarni amalda qo‘llash bo‘yicha barcha sharoitlarga ega, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan Mutaxassislarni tayyorlash markazining faoliyati ham o‘rganildi.
“XIBU Drilling” kompaniyasining Mutaxassislarni tayyorlash markazi va “O‘zbekneftgaz” AJ bilan o‘zaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi yuzasidan muzokara o‘tkazildi.
Tashrif yakunida istiqbolli yo‘nalishlarda aloqalarni rivojlantirish va qo‘shma ishchi guruhini tuzish bo‘yicha kelishib olindi.