Ob’yektlarda maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazildi
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi ob’yektlarda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda boshqaruv organlari va fuqaro muhofazasi tuzilmalarining davlat quyi tizimi xizmatlari bilan hamkorlikdagi harakatlarini samarali tashkil etishga qaratilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari muntazam o‘tkazib boriladi.
Navbatdagi mashg‘ulotlar “Qarshi neft bazasi” MCHJ, “O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari” MCHJ, Ochiq neft va gaz favvoralarining oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi hamda Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Zevarda” majmuasida tashkil etildi.
Tadbirlar “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy Gvardiya va Sog‘liqni saqlash vazirligi hududiy boshqarmalari vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan nazorat qilib borildi.
Mashg‘ulotlarda qo‘riqlanayotgan ishlab chiqarish ob’yektiga notanish kimsalar tomonidan shartli qurolli tajovuz yuzaga keltirildi. Buning oqibatida izdan chiqqan barqaror ish faoliyatida favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari olib borildi.
Kuchli yer qimirlashi ko‘rinishidagi favqulodda vaziyat ro‘y berishi oqibatida ma’muriy bino va ishlab chiqarish inshootlaridan ishchi-xodimlarni xavfsiz hududga ko‘chirib, talofat yetgan joylarda qidiruv -qutqaruv ishlari olib borildi. Jumladan, jabrlanganlarni aniqlash, qutqarish va yordam ko‘rsatish ishlarida hamkorlikdagi harakatlar amalga oshirildi.
Talofat yetgan ishlab chiqarish ob’yektlarida kuchli ta’sir etuvchi zararli moddalar tarqalishini bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Kuzatuvchilar tomonidan bajarilgan tezkor harakatlar muhokama qilinib, favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish, uni bartaraf etish hamda ob’yektlarni qo‘riqlashga tayyor deb baholandi.