Magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etiladi
2023 yilning 18 iyul kuni “O‘zbekneftgaz” AJ va Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi – “SOCAR” o‘rtasida kadrlarni tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan edi.
Mazkur Memorandum ijrosini ta’minlash maqsadida “SOCAR” kompaniyasining Vise-prezidenti Z.Mustafayeva boshchiligidagi delegatsiya a’zolari “O‘zbekneftgaz” AJga tashrif buyurdi.
Ushbu tashrif doirasida “SOCAR” delegatsiya a’zolari, “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati hamda HR-departamenti vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda kadrlarni tayyorlashda tajriba almashish bo‘yicha mulohazalar bildirildi hamda imzolangan Memorandumning ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” va “SOCAR” kompaniyalari ko‘magida Toshkent kimyo-texnologiya instituti hamda Boku oliy neft maktabida magistratura mutaxassisligi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Mazkur qo‘shma ta’lim dasturiga muvofiq, magistrlar Toshkent kimyo-texnologiya institutida 1 yil, Boku oliy neft maktabida 1 yil tahsil olishadi va har ikkala ta’lim muassasasining diplomlariga ega bo‘lishadi.