RASMIY MUNOSABAT
Bakiroo telegram kanalida e’lon qilingan “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan hisobotlarning openinfo.uz portaliga joylashtirilmayotganligi ko‘rsatilgan post yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
2020 yil yakuniga qadar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan moliyaviy hisobotlar Buxgalteriya hisobining milliy standartlariga (BHMS) muvofiq, har chorakda tayyorlanib, rasmiy veb-saytda va “openinfo.uz” korporativ axborot yagona portaliga joylashtirib kelingan.
Xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb qilish maqsadida 2016 yildan boshlab yillik konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotlar ixtiyoriy ravishda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida ham tayyorlanib, “Ernst & Young” xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan auditdan o‘tkazilib kelingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 fevraldagi “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4611-sonli qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar oyidan boshlab aksiyadorlik jamiyatlari MHXS asosida buxgalteriya hisobi yuritilishini tashkil etishi va 2021 yil yakunidan boshlab moliyaviy hisobotni MHXS asosida tayyorlashi belgilangan.
Mazkur qarorda moliyaviy hisobotni ixtiyoriy ravishda MHXS asosida tayyorlaydigan tadbirkorlik sub’yektlari buxgalteriya hisobining milliy standartlari bo‘yicha moliyaviy hisobot taqdim etishdan ozod etilishi nazarda tutilgan.
Qarorda belgilangan tartibga binoan, 2020 yil yakunidan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJning moliyaviy hisobotlarini har chorakda BHMS asosida tayyorlash amaliyoti to‘xtatilganligi sababli, rasmiy veb-saytda e’lon qilinmay kelinmoqda.
2021 yildan boshlab moliyaviy hisobotlar faqat MHXSga asosan tuzilmoqda. Bunda, London fond birjasida ilk marta yevrobondlar emissiya qilinishi munosabati bilan xorijiy investor va kreditorlarning talablaridan kelib chiqib, moliyaviy hisobotlar MHXS asosida har yarim yillik uchun tayyorlanib, auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilmoqda.
Mazkur moliyaviy hisobotlar rasmiy veb-saytda joylashtirilgan hamda hisobot tayyorlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.
Jamiyatning 2022 yil uchun MHXS asosidagi moliyaviy hisoboti ham korporativ axborot yagona portaliga joylashtirilgan.
Jamiyatning 2022 yil yakunlari bo‘yicha yillik hisoboti aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishida tasdiqlangandan so‘ng qonunchilikda belgilangan muddatlarda rasmiy veb-sayt va korporativ axborot yagona portaliga joylashtiriladi.
O‘z navbatida kanal administratoriga jamiyat faoliyatiga befarq bo‘lmagani uchun minnatdorlik bildiramiz.