Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi tayinlandi
"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining tegishli buyrug‘i bilan Ilhomov Jaloliddin Ikrom o‘g‘li Jamiyat Boshqaruv raisining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlandi.
J.Ilhomov shu kunga qadar "O‘zbekneftgaz" AJ Yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Qayd etish joizki, 2024 yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan bu boradagi rejalashtirilgan ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi.
Bugungi kunda Jamiyatda Prezidentimizning “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 30 ta boshqarma, zavod va tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 5500 nafarga yaqin yosh ishchi-xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni tartibga soluvchi yoshlar yetakchilari tayinlangan. Ular faoliyati Boshqaruv apparatida tuzilgan Yoshlar ittifoqi yetakchilar kengashi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.