July 26

Konlardagi 727,37 ming metr kub yo‘ldosh suvlar maxsus quduqlar orqali yer osti qatlamiga qaytarildi

Ruscha

Konlarda hosil bo‘lgan suvni qayta qatlamga qaytarish muhim ekologik va iqtisodiy vazifa bo‘lib, suv resurslarini boshqarishning zamonaviy texnologiyalari va usullarini joriy etishni taqozo qiladi. Bunday chora-tadbirlarning asosiy maqsadi atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va konlar faoliyatini optimallashtirishdir.

Bilasiz, neft va gazni qazib chiqarish jarayonida qatlamdan katta hajmdagi suv ajralib chiqadi. Bu suvlar turli xil kimyoviy moddalar va tuzlarni o‘z ichiga oladi. Ular to‘g‘ri yo‘q qilinmasa, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Eng keng tarqalgan va samarali usul bu hosil bo‘lgan suvni qatlamga qayta quyishdir. Bu usul tozalangan suvni maxsus jihozlangan quduqlar orqali yer osti gorizontlariga qaytarishni nazarda tutadi. Qayta quyish rezervuar bosimini ushlab turishga va sirt ifloslanish xavfini kamaytirishga yordam beradi.

“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ob’yektlarda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida Muborak va Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalariga qarashli konlarda gaz qazib olish va ularni dastlabki tayyorlash texnologik jarayonlari davrida ajralib chiqadigan yo‘ldosh oqova suvlarni qayta yer osti qatlamiga haydashga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirildi.

Joriy yilning yarim yilligida Respublika Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan olib borilgan hamkorlik natijasida Boshqarmalardagi 727,37 ming metr kub yo‘ldosh suvlar maxsus quduqlar orqali yer osti qatlamiga qayta haydaldi.

Kelgusida yana 10 ta kondagi yo‘ldosh oqova suvlarini maxsus quduqlar orqali yer ostiga haydash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan ijobiy ekspertiza xulosalari va lisenziyalar olish ishlari bajarilmoqda.

Ushbu sa’y-harakatlar gaz qazib olishning iqtisodiy samaradorligini ta’minlashning muhim chorasidir. Eng muhimi atrof-muhitga yetkazilgan zararni minimallashtirib, yer usti va osti suvlari ifloslanishining oldini olish, texnogen avariyalar xavfini pasaytirish orqali ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytiradi. Bunday chora-tadbirlarning amalga oshirilishi neft-gaz sanoatini barqaror rivojlantirish, tabiiy resurslarni muhofaza qilishga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook