Abdulvahhob al-Bayotiy (1926-1999)

Abdulvahhob al-Bayotiy (عبد الوهاب البياتي) (19 dekabr, 1926 – 3 avgust, 1999) — iroqlik shoir. Arab she’riyatidagi modernistlardan biri. Ilk kitobi «Farishtalar va shaytonlar» nomi bilan 1950 yili chop etilgan.

NOZIM HIKMAT XOTIRASIGA

1. Tun zulmati ichra to‘lqin-qiz
Quyuq, qora sochlarin o‘rar.
To‘rga tushgan baliqdek shu kez
Soch o‘rami to‘lg‘anib turar.
Osmon tobut qopqog‘i kabi
Shoirning jasadi ustida behis.
Er va qora lola haqida
Sehrlab kuylaydi to‘lqin-qiz.

Boshi uzra ming yillik g‘avg‘o,
Qum va giyoh, tun va sukunat.
Dolg‘alarni ayamas qirg‘oq,
Go‘yo zamin qayta tirilgan shu vaqt,
Kesarlar Sahroyi Kabirning ko‘ksin.
Muhitlarda bo‘lurlar ado
Mangulikni sipqormoq uchun.

Bahor tuygan g‘unchalar yanglig‘
Qadimiy imlolar qilurlar xanda.
Dilni ezar torning ohangi,
Qora bulut ko‘kni to‘sganda.
Burgut qanotlari singari
Uyg‘onur Tobrning yonbag‘irlari
Va ko‘klam navosin barglari behis
To‘kilur poyingga, to‘lqin-qiz.

2. Tungi qator yelib boradi,
Ul yomg‘ir va zulmatni yorar.
Tungi qator
Elib boradi,
Dunyo uzra ko‘prikdan borar.
Tashqarida olmalar,
Gullar,
Xatlar o‘tar
Qator yonidan.
Oh, suyukli Vatanim kuylar:
Bu tor ovozi,
Diyor ovozi.
Bir kaft tuproq,
Qoldi yiroq.

Sen bag‘rimda yongan bir gulxan.
Tungi qator
Elib borardi.
Men uyg‘onib ketdim daf’atan —
Bo‘g‘zimga tiqildi dardim.
Derazam yonida kamalak yonar.
Yo‘lim tushdi Istanbul sari.
Derazam ortida qor yog‘ar
Yozilmagan qog‘oz singari.
Tungi qator yelib boradi.
Ul yomg‘ir va zulmatni yorar.

Men uyqudan uyg‘ondim,
Go‘yo
Qor ostida qolgan
Bu Dunyo,
Tuzliq, tog‘u tosh,
Yillar.
Fikrlarim mening bir sodda:
Yomg‘ir va zulmatni kesib
Tungi qator
Elar.

3. Chiyillaydi, o‘limdan xabar
Kabi titrar mungli yaproqlar.
Timdalaydi, yurakni ezar
So‘nggi yaproqlar.
Xotiralar uyg‘onur: So‘roq…
Yana so‘roq beradir senga…
Sochlaring gulxani —
Xaloskor alanga.

Ne qilayin endi men, aytgil,
Qisqa, qisqa daqiqa, axir.
Yo taqdirga tan berib butkul
Qog‘oz yoqay
So‘qirday bir-bir.
She’riyat zarurdir,
So‘nggi sevgim
Va so‘nggi imkon.

4. Qalb ila qabul et
Bu nay navosin.
Anglagil Rumiyning
So‘zin ma’nosin.

Bu navo g‘am ila,
Ishq ila hamroz.
Tinglagil, chuvalgan
Ko‘ngillarni yoz.

Kechgan yo‘limizni
Kuylab bergin, nay.
Kelajak atalur —
Qon to‘kilgan joy.

Shirinim, sevgilim,
Go‘zal Shirinjon.
Charx urar bosh uzra
Shafqatsiz zamon.

Manglayda ajinning
Chuqur siyohi.
Biz baxtning ortidan
Quvgan sayyohi.

Shirinim, sevgilim,
Shirinim, so‘zsiz,
Xo‘rlanganlar yo‘li —
Bizning yo‘limiz.

Ularning armonin,
Dardin kuyla, nay,
Kuyla,
Jaloliddin Rumiy
Aytganday.

5. Men o‘ldim.
Yunonistonda
Tungi bog‘lar ichra
Gullarim so‘ldi.
Uyg‘ongan oy peshonasidan
Oqadir qonim mening.

Ikki ayol ketdi
Sukunat va azob yo‘lidan
Tinglab mening qalbimni.
Qalbim yashamoqda, yashaydi
Kelajakning farzandlarida,
Tutunli maydonlarda
Zamonlarni qilur sarhisob.

Men dengizga va
Erga qaytdim.
Meni Vatanlarning
Vatani quchdi,
Abadiy.

Ha, qo‘shiqlar qolur,
Qolur qo‘ng‘iroqlar jarangi.
To‘lqinning hayqirig‘i
Va tong-sahar oshiqlarning
Nag‘masi qolur.

Men ado qildim yo‘limni.
Inson uchundir Dunyo.
Tinchlik bo‘lsin birodarimga.
Salom va sog‘liq bo‘lsin
Mening Yerimdagi
Tirik mavjudotning
Bariga.

Rauf Parfi tarjimasi

SENI TAShLAMAYMIZ

Kapalaklar o‘lsa, qurib bitsa gul,
Avji ish mahali qo‘ldan tushsa ish.
Etimsirab qolsa dunyomiz butkul,
Go‘dak zulmat aro qolsa-ya yolg‘iz?!

Qog‘oz kemang qayda? Zaharlangan suv
Oqizib ketdimi bukib, majaqlab?
Nahot har o‘yinning so‘nggi bo‘lsa shu,
Go‘dak quvonchini bo‘lmasa saqlab?

Bolakay, qo‘lni ber, ko‘zlarimga boq,
Biz, kattalar, senga do‘st bo‘lsak deymiz.
Kulfatni itqitib, “Yo‘q!– deymiz biz,– Yo‘q! Yo‘q!”
Seni aslo yolg‘iz tashlab qo‘ymaymiz!

Bog‘larda kapalak uchar pildirab,
Saxiy quyosh ko‘kda nur sochib kezsin!
Qog‘oz kemachalar suvda pirpirab,
Cho‘kmay, majaqlanmay, o‘ynoqlab suzsin!

"Yosh kitobxon" kitoblari