Jahon
October 3, 2020

Akbar Abdullo (1950)

Akbar Abdullo 1950 yil 9 iyunda Xatlon viloyatining Sho‘robod nohiyasining Dashtijum qishlog‘ida tug‘ilgan. Vose’ nohiyasida o‘rta maktabni tugatgach, Dushanbe shahridagi industrial pedagogika texnikumida tahsil olgan. 1972-1976 yillarda Toshkent shahrida Sovet Ittifoqi Ichki ishlar Vazirligi Oliy maktabini bitirgan.
She’rlari rus tiliga tarjima qilinib, ko‘plab almanaxlarda chop etilgan. “Yolg‘izlik sirlari”, “Dil ehtiyoji”, “Dard shoiri” kabi ko‘plab kitoblar muallifi. Ayni paytda Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi raisi yordamchisi vazifasida ishlamoqda.

BARG

Daraxt shoxidagi tanho tillabarg
Shamol ta’sirida yaltirar edi.
Bilganim shu onda mening vujudim
Tanho tilla bargdek qaltirar edi.

Xazon o‘z hukmini o‘qidi shu on,
Barg uzilib tushdi shoxidan butkul.
Go‘yo nokaslarning nayranglaridan
Erga yiqilgandek titradim bir zum.

ShOIR IShQI

Xayol og‘ushida ko‘cha kezarkan
She’rimni pichirlab aytib yuraman.
Devona ko‘ngilning orzularini
Botinimda qayta tiklab boraman.

Nogahon bir dilbar yonma yon yurib
Nozli nigohila menga boqadi.
Zorli yuragimni bepichoq tilib
Ozurda jonimda olov yoqadi.

Shu onda u mening yashnab ochilgan
Ijod gulbog‘imning yangi gulidir.
Sarvdek kelishgan qaddi qomati
Toza xayolimning tik ustunidir.

Qalbimda kinayu adovatim yo‘q,
Dunyoga mehr bor sodda dilimda.
Uysiz bir devona kabi bo‘lsamda
Shukrkim, muhabbat yashar ko‘nglimda!

***

Azaldan oshig‘ing erdim, anglarmisan? Anglamaysan,
Ko‘ksimda kuyiklar ko‘rdim, anglarmisan? Anglamaysan.

Visolingga yetmoq uchun umri jonim fido aylab,
Davlatim, ganjimsan derdim, anglarmisan? Anglamaysan.

Sen mening betakror baxtim, sen mening davlatim – taxtim,
Ahdimda jovidon turdim, anglarmisan? Anglamaysan.

Yolg‘iz tunlar fig‘on etdim, bag‘rimni dog‘u qon etdim,
Shu holda ham holing so‘rdim, anglarmisan? Anglamaysan.

Sendan olisdaman ey jon, dilim tig‘lar har on hijron,
Bag‘rim aro dog‘lar ko‘rdim, anglarmisan? Anglamaysan.

DIL SAVDOSI

Ilk baxtim tark ayladi,
Orzuga to‘la dilim.
Ilk baxtim tark ayladi,
Ishqingga to‘la dilim.

Rangin gullari ila
Umrim bahori o‘tdi.
Aziz jon bahosida
Dilning xumori ketdi.

Ko‘zimdan nurlar qochdi,
Qoldi unda nigohing.
Baxting gul atrin sochdi,
Baxtim — jigarim ohi.

Qoldi ishqu umidim
Bu jonim dunyosida.
Lek sening mehring yashar
Jonimning savdosida.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari