Gulnoz Kutuyeva (1974)

Gulnoz Miratovna Kutuyeva (1974 yil 25 dekabrda Boshqirdistonning Abzelilov tumanida tug‘ilgan) — boshqird shoirasi, filolog, jurnalist. Filologiya fanlari nomzodi. 2013 yildan — «Boshqirdiston qizi» («Bashkortostan kыzы») jurnali bosh muharriri. Boshqirdiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.
2006 yili adabiyot va san’at sohasida Shayxzoda Babich nomidagi Respublika yoshlar adabiy mukofoti sohibi bo‘lgan. Boshqirdiston davlat universitetini tamomlagan.

ChORASIZLIK

Olma shoxi tushimga kirar,
Ildizlari chirib bitgandir…
Onam bilan bog‘lardan qancha
Olma daraxtlar ham ketgandir.

To‘p-to‘p etib tushgan olmaga
Bol berganmi jannatning bog‘i?
Onam bilan ketgan huzurning
Sabablari boshqadir chog‘i…

Olma shoxi tushimga kirar,
Mevalari to‘kilar to‘p-to‘p,
To‘p-to‘p bo‘lib uchadi qushlar,
Uchburchakka tizilishib xo‘p.

Qushlar uchar – vaqt ham uchadi,
Tushlar chalar ogohlik jomin:
Orqasiga oqmaydi suvlar,
Ortga qaytmas soat qadami.

Olma shoxi tushimga kirar,
Ildizlari qurib bitmishdir.
O‘tmishimni o‘zgartiray deb
Nahot xotir yonib ketmishdir?

MAFTUNLIK

Bugun tongdan,
Yo qudratingdan! –
Bor vujudim nurlarga to‘ldi.
Olmaxonlar o‘yinin ko‘rib,
Yurak hayron, mastona bo‘ldi.

Ikkita nur keldi ro‘baro‘,
Yaraqladi ular oltinday.
Bu o‘yinga tikildim uzoq,
Bolalarin ko‘chaga olib
O‘ynatgani chiqqan xotinday.

Ikki mitti olmaxon
Ikki mitti tugunchakmikan?
Yalt-yult o‘tar ko‘zim oldidan:
Go‘yo ikki bola quvlashib
O‘ynab yurar
Ikki quyonday.
Ular xayolimni oldi-da.

OVOZ

Yashnab ketdim
Bir qarashingdan
Yaratildim…
Seniki bo‘lib.
Bilib har ne o‘tkinchiligin,
Yig‘lab oldim yuragim to‘lib.

Allaqanday
Istak baribir
Tebratadi baxtning beshigin.
Yana yopdim
O‘tgan kunlarning
Hasratlarga to‘la eshigin.

Bari o‘tdi.
Kelajak, meni
Maftun etma!
Bo‘larim bo‘ldi.
Kelgusidan bugun yaqin deb
Nimagadir jar solgim keldi.

Tiyilaman,
Yana chidayman.
O, sukunat, sen – rohati jon!
Sevilmasam edi meni buni
Sezmas edim balki hech qachon…

HAYRAT

Tashqarida — yomg‘ir…
Ichimga
Muzdayin suv kiradi oqib…
Saroy qurdim deya o‘zingcha
Eski uyni yubording yoqib.

Qani o‘sha chorlagan rohat,
Qalb tug‘yoni
Endi kerakmi?..
Ostin-ustin qilib dunyoni
Yomg‘ir yog‘ar,
Oqar
Terakdan.

Dardimiz bir ikkimizning ham…
Tomchilar tizilib yog‘ishar.
Yomg‘ir go‘zal yog‘ishni o‘ylar,
Yomg‘ir kuylar, qo‘shiqlar kuylar,
Yomg‘ir menga hayrat bag‘ishlar.

BELGILAR

Bular bari – belgi.
Bu – kalit.
Ko‘k toqiga qo‘yilgan narvon.
Parvozga shaylangan qanotim
Ko‘zlaringga tikilar hamon.

Bahor kerak,
Imo,
Kerak noz…
Va yozmishga inonmoq bir oz.
Ko‘ngil bulbul kabi sayradi,
Baxtga to‘ldim, kuldim, yayradim.

Hamon belgi,
Kalit – osig‘liq…
Ko‘ngil ajab hislarga to‘lar.
Kun nurida kurtaklar bo‘rtdi,
Endi oftob so‘nmoqchi bo‘lar.

Belgi turar, isbot ham tayyor,
Oh, bu yozmish…
Azaliy taqdir!
Belgilarga ergashib, qancha
Cho‘qqilardan osharman bir-bir!!!

Boshqirdchadan Davronbek Tojialiyev tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari