Zinnur Mansurov (1949)
Zinnur Mu’jib o‘g‘li Mansurov (Zinnur Mөҗip ulы Mansurov) Mamadish viloyatidagi Tuban Ushmi ovulida tug‘ilgan. Qozon davlat universitetining tarix-filologiya fakultetida o‘qigan. Matbuotda, Tatariston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qilgan. 2009 yili Abdulla To‘qay nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2017 yilda Turkiy dunyoning adabiyot kishisi.
BOSh
Etti teshikli to‘qmoq…
Qrim-tatar topishmog‘idan
Avvaldan ko‘p ur-sur bo‘lding,
Etti teshikli to‘qmoq!
O‘z qavmingni surgun qilding
O‘z yurtidan sen biroq..
O‘z xalqini chiqishtirmay,
Tiriklay go‘rga tiqmoq
Ishidan hech qutulmading,
Etti teshikli to‘qmoq!
Masko‘v taxtin qatag‘oni,
Bo‘g‘moq, turmaga tiqmoq;
Devorlarni dupurlatgan
Etti teshikli to‘qmoq!
Ishing kar eshiklarni
Qonli qo‘l bilan qoqmoq!
Butlarni ham o‘yga solding,
Etti teshikli to‘qmoq!
Maydonlarda yangi yurtdosh
Tug‘ildi, bu yaxshiroq…
Topishmoqni
chalkashtirdim,
Etti teshikli to‘qmoq,
Urilibsan xo‘p,
bo‘libsan
Etmish teshikli to‘qmoq!..
Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimasi