Jahon
October 3, 2020

Abduqahhor Qosim

ONAJONIM KEL

Kulbai vayronamga Onajonim kel, kel,
Ozurda afsonamga Onajonim kel, kel.

Kelsang agar yonimda qolgin sen mehribonim,
Taxt bo‘lgin bu xonamga Onajonim kel, kel.

Yoding ila ko‘ksimda g‘am nola qilar doim
Eshiksiz vayronamga Onajonim kel, kel.

Shodlik kunlarimda ham ko‘zimdan yosh to‘xtamas
Devonaman, yonimga Onajonim kel, kel.

Garchi ota bo‘lsam ham qoshingda boladirman
Bu holi hayronimga Onajonim kel, kel.

Tomog‘imga keldi jon, hijroningda onajon
Bu to‘lgan paymonamga Onajonim kel, kel.

Behosil xirmonimga boqib Qahhor qondirman,
Bu donsiz xirmonimga Onajonim kel, kel.

ONAJONIM

Onajonim, bu kecha men bir tush ko‘rsam,
Ko‘zlaring ham yoshli o‘zing bedor eding.

«Nechun yig‘layapsiz ona?»- deya so‘rsam,
Deding: «O‘g‘lim, ko‘rdim seni, bemor eding».

Onajonim, sensan yolg‘iz g‘amgusorim,
Dunyo ichra dunyom o‘zing, vafodorim.

Sen ketdingu onajonim, qoldim, tanho
Ko‘zlarimga dunyo bo‘ldi tor, zim-ziyo.

Ko‘zlarimga to‘tiyodir xoki poying,
Izlaringdan men qaytadan bo‘lay bino.

Onajonim, sensan yolg‘iz g‘amgusorim,
Dunyo ichra dunyom o‘zing, vafodorim.

Bu jahonda ona kabi yo‘q mehribon,
G‘amxo‘r yo‘qdir, mushfiq yo‘kdir, yo‘q aziz jon.

Onam izi gardiga ham arzimaydi
Yuzlab xalta zaru tillo hech dam, hech on.

Onajonim, sensan yolg‘iz g‘amgusorim,
Dunyo ichra dunyom o‘zing, vafodorim.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimasi

"Yosh kitobxon" kitoblari