Zamonaviy
August 21, 2020

Nazarmat (1917–2009)

Jangchi shoir Nazarmat Egamnazarov 1917 yil 7 noyabrda Tojikiston Respublikasi Xoʻjand viloyati Nov qishlogʻida dunyoga kelgan. U 1935 yilda oʻrta maktabni tugatgach, Samarqand Davlat universitetiga oʻqishga kiradi.

Nazarmat Ikkinchi jahon urushida vzvod komandiri, 1944–1947 yillarda “Front haqiqati” gazetasi xodimi vazifalarida xizmat qiladi. Armiyadan qaytgach, 1947–1954 yillarda hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”, 1955–1985 yillarda esa “Toshkent haqiqati” gazetalarida adabiyot va sanʼat boʻlimini boshqaradi.

Nazarmat ijodi 30-yillardan boshlangan boʻlib, uning birinchi sheʼri “Qoʻzichoq” 1934 yilda matbuotda eʼlon qilingan. Birinchi toʻplami esa 1941 yilda “Yoshlik zavqi” nomi bilan nashr etiladi. Urush tufayli “Vatan ishqi” nomli ikkinchi toʻplami ancha kech ‒ 1949 yilda bosilgan. Shundan soʻng uning yigirmadan ortiq sheʼriy, nasriy asarlari chop etiladi. Xususan, uning “Yashil dalalar” (1955), “Sir boʻyi ‒ nur boʻyi”(1959), “Togʻdagi gulxanlar” (1962), “Nay sadosi” (1965), “Bahor qoʻshigʻi” (1968), “Shahrimiz bolalari” (1970), “Mangu olov” (1972), “Dostonlar” (1975), “Yoʻllar va gullar” (1977), “Mehrim-muhabbatim” (1983), “Tanlangan asarlar” (1987), “Gʻunchalar” (1987), “Muhabbat taronalari” (1992) kitoblari keng kitobxonlar ommasiga yaxshi tanish.

Nazarmat nosir sifatida ham barakali ijod qilgan. Uning ocherk va hikoyalaridan tashkil topgan “Qirgʻoqdagi jang” (1965), “Burch yoʻli” (1966), “Janggohdagi qatralar” (1974), “Turnalar yoʻli” (1977), “Ona koʻrsatgan yoʻl” kabi harbiy turkumdagi hikoya va ocherklari kitobxonlar eʼtiborini qozongan.

Uning “Olovli tong” (1955), “Sayyod jasorati” (1972) qissalari harbiy hujjatli nasrimiz taraqqiyotiga muhim oʻrin tutadi. Bolalarga atab yozilgan “Shahrimiz bolalari”, “Gʻunchalar” kabi sheʼriy toʻplamlari ham eʼtiborga loyiq. Nazarmat shoir va nosir boʻlishi bilan birga tarjimon hamdir. Uning Bedil, Jomiy, Nosir Xusrav, Firdavsiy, Mirshakar, M. Tursunzoda ijodidan qilgan tarjimalari mavjud.

Nazarmat “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan. Mustaqillikning yetti yilligi munosabati bilan unga “El-yurt hurmati” ordeni berilgan.

"Yosh kitobxon" kitoblari