#yangilik
Adliya vazirligida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan huquqiy fanlarni tahlil qilish va ularni yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Adliya vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi masʼul xodimlari, Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va huquqiy darsliklar mualliflari ishtirok etdi.
Davra suhbatida huquqiy darslik va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish, yangi avlod darsliklarini yaratish, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida ishlab chiqish zarurligi aytib o‘tildi.
Ta’kidlandiki, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqitilayotgan huquqiy fanlar va kurslarga oʻquvchilarning yoshi, psixofiziologik xususiyatini eʼtiborga olib, kundalik hayotda toʻqnash keladigan huquqiy vaziyat va muammolarni oddiy, sodda va ravon tilda kiritish lozim.
Ma‘lumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ–3666-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, huquq sohasidagi taʼlim ishlarining uslubiy jihatdan taʼminlanishini tashkil etish, huquqiy tarbiya va taʼlimning zamonaviy shakllarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish vazirlikning asosiy funksiyalaridan biri hisoblanadi.