February 25, 2022

#yangilik


Adliya vazirligi tomonidan AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda “Strategik islohotlarni huquqiy ta'minlash: yakuniy tahlil va yangi chaqiriqlar” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilmoqda.

Tadbir davomida adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimov nutq so‘zlab, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida huquqshunoslar oldida turgan eng asosiy chaqiriqlarni sanab o‘tdi.

“Oldimizda turgan eng asosiy chaqiriqlardan biri – bu jadal rivojlanish davrida qonunchilik barqarorligini ta'minlash. Bugungi kunda butun dunyoda progress ortidan tartibga solish juda tez o‘zgarib bormoqda. Munosabatlarni raqamli formatga o‘tishi nafaqat ularni o‘z vaqtida sifatli tartibga solish, balki norma ijodkorligiga nisbatan xozirgi amaliyotdan tubdan farq qiladigan talablarni qo‘ymoqda.

Shu bois ikkinchi chaqiriq – bu norma ijodkorligiga raqamli yondashuv. Yaqin istiqbolda qonunlar sun'iy intellekt yordamida ishlab chiqiladi va avtomatik ravishda ijroga qaratilib, nazorat qilinadi. Bu o‘tishga huquqshunoslar sun'iy intellektning boshqaruvchisi sifatida tayyor bo‘lishlari lozim.

Uchinchi chaqiriq – norma ijodkorligida sifatli, operativ va oson qayta aloqa. Yuzaga kelayotgan munosabatlarni tartibga solish uchun huquqshunoslar bilimlari yetarli emas, turli sohalardagi mutahassilar yordami kerak. Shuning uchun tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqishda davlat biznes, ilm-fan va fuqarolik jamiyati bilan bamaslahat ish tutishi lozim. Buning uchun jamoatchilik muhokamasi, tartibga solish ta'sirini baholash kabi qulay vositalar kerak.

To‘rtinchi chaqiriq – huquqiy makonning globallashuvi. Zamonaviy sharoitlarda integratsiya jarayonlaridan, ularning yutuq va muammolaridan hech qaysi mamalakat chetda qolmaydi. Buni pandemiya ham isbotlab berdi. Savdo-sotiq, iqtisodiy, madaniy aloqalar dunyo mamlakatlari bo‘ylab bir-biriga singib ketgan. Shu bois ushbu sohadagi tartibga solish mexanizmlari imkon qadar universal va barcha uchun tushunarli bo‘lishi lozim”, — dedi adliya vaziri o‘rinbosari A. Karimov.

Anjuman davomida so'nggi besh yilda norma ijodkorligi sohasida ishlab chiqilgan va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning son va sifat ko'rsatkichlari, hamda 2022 - 2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasinining ishlab chiqilishi va qabul qilinishiga bag'ishlangan videoroliklar taqdim etiladi. Shu bilan birga, Adliya vazirligi tomonidan o'zbek va ingliz tillarida tayyorlanayotgan islohotlarni huquqiy ta'minlash: Harakatlar strategiyasidan - Taraqqiyot strategiyasi sari" nomli to'plamning taqdimoti bo'lib o'tdi.

Mazkur anjumanda Adliya vazirligi yuridik texnikumlari ham masofaviy tarzda faol ishtirok etdi.


Telegram | • Instagram | • Facebook