Qonunchilikda Aliment bo`yicha muhim 10 ta qoida haqida bilasizmi ?
Aliment undirish bo‘yicha sudga murojaat qilinganda davlat boji to‘lanmaydi. Har bir ota-ona o‘z bolalariga ta’minot berishi shart. Bu bolaning konstitusiyaviy huquqi bo‘lsa, ota-onaning konstitusion majburiyati hisoblanadi.
1 Agar ota-ona bolaga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy bajarmasa, sud asosida aliment undiriladi. Bola deganda – 18 yoshga to‘lmaganlar tushuniladi.
Bolaga ta’minotni ixtiyoriy berish yoki aliment undirish uchun ota-ona ajrashgan bo‘lishi shart emas. Ota-ona birga yashashi yoki birga yashamasligidan qat’iy nazar, har qanday holatda bolaga ta’minot berilishi shart.
2 Bolaga ta’minot berilmaganida, ota yoki ona istalgan vaqtda aliment undirish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin. Aliment undirish to‘g‘risidagi da’volar bo‘yicha davlat boji undirilmaydi. Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. mumkin.
3 Aliment miqdori ota-onaning moddiy yoki oilaviy ahvoli va boshqa holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Shu bilan birga, har qanday holatda har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
4 Bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lsa, sud alimentni kamaytirishi yoki ota (ona)ni alimentdan ozod qilishi mumkin.
5 Aliment ota (ona)ning shaxsan o‘zi tomonidan to‘lanadi yoki arizasiga ko‘ra ish joyida, pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa turdagi mablag‘ olayotgan joyida to‘lanadi. Aliment to‘laydigan ota (ona) ish, o‘qish, yashash joyi o‘zgarganda bu haqida MIBni va aliment olayotgan shaxsni xabardor qilishi shart. Xabardor qilmasa, javobgarlik kelib chiqadi.
6 Sudning aliment to‘lashga oid hujjati yoki aliment kelishuvi bo‘yicha qarzdorlik MIB tomonidan undirib beriladi va bu darhol undirilishi kerak bo‘lgan mablag‘ hisoblanadi.
7 MIB tomonidan aliment to‘lovchilarning xorijga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin. Alimentlar oldindan to‘langan yoki bu bo‘yicha garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, xorijga chiqishga oid cheklov olib tashlanadi.
8 Aliment undirish quyidagi holatlarda tugatiladi:
– bola voyaga yetganda yoki voyaga yetmasdan turib to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lganda (masalan, ishga kirganida); – bola farzandlikka olinganida; – bola vafot etganda.
9 Bolaga alimentni 2 oydan ortiq muddat o‘z vaqtida to‘lamaslik 15 sutka ma’muriy qamoqqa olishga yoki 120 soatgacha haq to‘lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etishga sabab bo‘ladi. Bu jazolarni qo‘llash mumkin bo‘lmagan shaxslarga esa BHMning 20 baravari (6 mln 600 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
10 Aliment to‘lamaganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan qarzdordan aliment undirish imkoni bo‘lmaganida, aliment Aliment to‘lovlari jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi. Jamg‘arma hisobidan to‘lab berilgan aliment miqdori keyinchalik aliment to‘lovchidan undirib olinadi.