Sherali Toshniyozov

Chernobildan Fukushimagacha. Atom falokati tarixi
Jahon bo'ylab atom energiyasi operatorlarining xulosasi bir: xavfsizlik ustuvor masala. Uni yaxshilash uchun esa stansiya faoliyatini doimo tekshirib, xodimlar bilimini oshirish lozim.

Yadro energiyasi elektr quvvati olishning toza va muqobil yo'li hisoblanadi. Ammo 11-mart kuni Yaponiyani kuchli zilzila va sunami urib, Fukushima atom elektrostansiyasi ishdan chiqdi. Atrof-muhit va inson salomatligi tahdid ostida. Bundan oldin ham avariyalar sodir bo'lgan, lekin Fukushima falokati atom xavfsizligiga doir munozaralarni jiddiy tus oldirdi.

Bir oy oldin Yaponiyani salkam to'qqiz ballik zilzila qalqitdi. Bu o'z navbatida sunamiga turtki berib, zilziladan omon qolgan joylar qaqshadi. Tokiodan 250 kilometr naridagi Fukushima atom elektr stansiyasi zarar ko'rgan ob'yektlardan biri bo'ldi.

Qo'shaloq ofat inshootdagi reaktor sovitgichlari faoliyatini ta'minlovchi elektr quvvatini ishdan chiqardi. Favqulodda choralarga qaramay reaktor qobig'ining harorati xavfli darajaga ko'tarildi.

Avariyadan bir kun o'tib, reaktorlardan biri joylashgan bino portladi. Ikki kundan so'ng boshqa reaktor binosida portlash yangradi. Yana bir kundan keyin uchinchi reaktor binosida ham o'xshash voqea yuz berdi. Natijada xavfli radiatsiya tarqalib, inson hayoti va atrof-muhitga tahdid solishda davom etmoqda.

Fukushima atrofidagi radiusi 20 kilometr zonadan odamlar evakuatsiya qilinadi boshladi. Salkam yarim million odam uyini tark etdi. Inshootdan uzoq bo'lmagan boshqa joylarda yashovchi aholi muntazam ravishda tekshiruvdan o'tkazilmoqda.

Stansiyada nurlanish kuchayar ekan, ishchilar ham bir necha kunga evakuatsiya qilindi.

Fukushima falokatini nazorat etayotgan rasmiylar atom reaktorlari joylashgan, beton va po'latdan qilingan rezervuarni sinchkovlik bilan tekshirmoqda. Radiatsiya rezervuar ichida qoladi. Ammo ayrim xavotirlarga ko'ra, Fukushimadagi rezervuarlardan biri ishdan chiqqan bo'lishi mumkin.

Atom energiyasi bo'yicha xalqaro boshqarma vakili Fillip Jamening aytishicha, bu inshootlar muhim rol o'ynaydi.

"Rezervuar radiatsiyaning tashqariga chiqishiga g'ov bo'luvchi to'siqlardan biridir. Avariya sodir bo'lsa, atrof-muhit va aholini nurlanishdan muhofaza qilish zarur", - deydi Jame.

25 yil burun insoniyat tarixida eng dahshatli atom avariyasi sodir bo'ldi. 1986-yilning 26-aprelida Ukrainaning Chernobil atom elektrostansiyasidagi to'rtinchi reaktor qizib ketib portlashi natijasida reaktor joylashgan binoning tomi vayron bo'ldi.

Radiatsiya atmosferaga tarqalib, Chernobildan shimolda joylashgan Pripyat shahrini qamray boshladi. Chernobildagi reaktorlar rezervuarlar bilan himoyalanmagan edi. To'rtinchi reaktordagi yadro yonilg'isi va uni o'rab turgan grafitni olov olib, uni havodan vertolyotlar yordamida o'chirishga harakat qilishdi, ammo behuda. Alanga bir necha kun davom etdi.

Shamol havodagi radioaktiv zarralarni avval Ukraina, Belarus, Rossiya, so'ng Skandinav davlatlari, Britaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga uchirdi.

Pripyat shahri yopilib, Chernobildan 30 kilometr radiusda yashovchi aholining barchasi evakuatsiya qilindi.

Portlashdan keyin hosil bo'lgan vayronalarni tozalash uchun Chernobilga minglab odamlar yuborildi. Fojiada zarar ko'rgan reaktor va radioaktiv yonilg'ini saqlash uchun maxsus sarkofag qurildi.

Bir vaqtlar 50 ming aholisi bo'lgan Pripyat bugun o'lik shahar. O'sha paytdan qolgan uylar, maktablar va boshqa joylar xarobaga aylanib, tabiat o'z domiga tortmoqda. Shaharga kirish uchun maxsus ruxsatnoma olish lozim.

Sovet Ittifoqi hukumati portlashda 31 kishi o'lgan deb xabar qilgan edi. Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, vayronalarni tozalash uchun safarbar etilganlardan 2200 ga yaqini radiatsiyadan o'lishi kutilmoqda. Tashkilot jami to'rt ming odam nobud bo'lishini bashorat qilib, qolganlar rak kabi radiatsiya bilan bog'liq kasalliklardan o'lishini aytmoqda.
Chernobil fojiasidan yetti yil oldin, 1979-yil 28-martida AQShning Pensilvaniya shtatidagi Uch millik orol atom elektrostansiyasida noxush voqea ro'y berib, reaktor rezervuari muhim ekanini namoyish etdi.

Reaktorni sovituvchi suv ta'minotida uzilish bo'lib, ikkinchi reaktorda yadro yonilg'isi qisman eridi. Biroq rezervuarga zarar yetmay, radioaktiv modda tashqariga chiqmadi.

O'sha hodisa sabab AQShda atom energiyasi sohasida xavfsizlik standartlari kuchaytirildi.

Yadro energiyasi instituti vitse-prezidenti Toni Pyetranjeloning aytishicha, ishni muntazam ravishda nazorat qilib, takomillashtirishga ehtiyoj tug'ildi. Mutaxassislar tayyorgarligini oshirib, favqulodda rejalash salohiyatimizni yaxshilamoqdamiz, deydi u.

Jahon bo'ylab atom energiyasi operatorlarining xulosasi bir: xavfsizlik ustuvor masala. Uni yaxshilash uchun esa stansiya faoliyatini doimo tekshirib, xodimlar bilimini oshirish lozim.

Manba: https://www.amerikaovozi.com/a/japan-chernobil-119701384/827615.html

@anonymous_kimsa || #Tarix

Kamilo Xose Sela. Echkilardan kechaylik (hikoya)
Muzofotning ko‘hna markazidagi ko‘p yillik ilmiy-adabiy kengash soat beshlarda jamuljam bo‘ldi. Adabiyot nazariyasi professori, o‘zining ta’biricha, Nunes de Arse va don Ramon Kampoamorning yaqin do‘sti Don Servando jussasining to‘rtdan uch qismini astagina kresloning suyanchig‘iga qo‘ydi, Tronkoso notarial idorasining shirinsuhan kotibi don Manuel esa zim-ziyo tunning qora po‘stini haqidagi har kech takrorlaydigan jimjimador gapini tamomladi.
Jamoat – mana qancha yildirki – majlisni ochiq, eshiklarni yopiq deb e’lon qilish uchun ana shu so‘nggi ishoralarni kutardi. Kengash a’zolari, ehtiyotkor va eskilik tarafdori bo‘lishsa-da, yaxshi anglab yetilgan taraqqiyotni xush ko‘ruvchi, xulq-atvor va odatlariga kun sayin sayqal beruvchi janoblar tamaki tutatib, “La Tarde”ni varaqlab, undagi ta’ziya­larga ko‘z yugurtirishga va bir finjon qahva ichishga ulgurishdi. Hamma yig‘ilguncha hech kim so‘zga chiqmadi. Yillar davomida urfga aylangan bu sukutni buzishga hech kim jazm etmasdi.
Odatda majlisda mamlakatdagi jiddiy siyosiy va iqtisodiy masalalar muhokama qilinar va ba’zi-ba’zida Alfons II ning ma’shuqalari yoki torrero Matstsantining aql bovar qilmas epchilligi haqida hangomalashishga izn berilardi.
Har doimgidek boshlovchilik majlisga hamisha kechikib keluvchi don Servandoning zimmasiga tushdi. Ammo o‘sha kuni professor vaysashni boshlamoqchi bo‘lib turganda, sochi hurpaygan don Daniel qo‘l ishorasi bilan uni jimlikka chorlab, gap boshladi:
– Senorlar, men o‘zimga tinchlik bermagan savol ustida ko‘p yillar bosh qotirdim. Kecha kechqurun nihoyat masalaning mohiyatiga yetdim, ta’bir joiz bo‘lsa, jumboqning kalitini topdim. Ijozatingiz bilan…
Don Daniel qartaygan sersoqol vrach, federalchi-respublikachi edi. Aytishlaricha, u yoshligida qasrda ancha obro‘yi bor bir gertsoginya bilan oshiq-ma’shuqlik qilgan, gertsoginya badiga urgach xonimga ochig‘ini aytib qo‘yaqolgan, oqibatda o‘sha gertsoginya alamidan Don Danielning yuziga otgan shisha vrachning bo‘yni-yu, iyagida vahimali chandiq qoldirgan ekan. Bu mish-mish rostmi-yolg‘onmi, bilib bo‘lmaydi, chunki Don Danielning soqol bosgan yuzi va iyagini tekshirishning imkoni yo‘q edi. Jamoat a’zolari unga ishora qilib, gapirishga ruxsat berishgach, Don Daniel hayajondan ovozi bo‘g‘ilib fikrlarini bayon eta boshladi:
– Senorlar, mamlakatimiz iqtisodi jar yoqasiga kelib qolgan. Anchadan beri ahvol shu, demak, noliyvermay, muammoning chorasini qidirish vaqti keldi. Men gapni cho‘zmay, biz hukumatdan talab qiladigan yagona chorani sizlarga ikki og‘iz so‘z bilan tushuntiraman: do‘stlarim, Ispaniyada sira kechiktirmay hamma echkilarni qirish kerak. Ha, xotirjam yashashimiz uchun echkilarni qirish shart. Senorlar, Ispaniyada turmush darajasi past, chunki bizda sanoat yo‘q. Chegara ortiga e’tibor qaratsak, sanoati gurkiragan Angliya, Prussiya va Frantsiya fuqarolari yashash sharoitlarini aql bovar qilmas darajaga ko‘tarishganini ko‘ramiz. Xo‘sh, sizga savol, senorlar, Ispaniyada nega sanoat yo‘q? Javob o‘z-o‘zidan ma’lum: Ispaniyada sanoat yo‘qligiga sabab, ispanlar ishlashga o‘rganmagan. Xo‘sh, ular erinchoqmi yoki ishlashga rag‘bati so‘nganmi? Kamina bu haqda ko‘p o‘yladim va hammadan avval sizlarga o‘zimning hali uncha tartib berilmagan qarashlarimni bayon qilaman. Ispan kishisining ishlagisi yo‘q, negaki, ochig‘ini aytaylik, xalq xonavayron bo‘lgan. Qo‘rqmanglar, fikrimni asoslay olaman. Bizning ulug‘ va qadimiy xalqimiz nega xonavayron? Chunki biz go‘sht yemaymiz-da. Ispan xalqining go‘sht yemasligiga sabab esa, aziz do‘stlar, Ispaniya har xil gap-so‘zlarga qaramay baribir chorvadorlar mamlakati emas. Negaligini bilasizmi? Sababi juda oddiy. Ispaniya chorvadorlik mamlakati emasligiga sabab bu yerda yaylovlar yo‘q. Shimoliy qirg‘oqdagi ayrim hududlarni hisobga olmaganda Ispaniyada yaylovlar yo kuydirib yuborilgan, yo butunlay yo‘q bo‘lib ketgan. Bu kulfatdan najot bormi? Menimcha, bor. Sababini axtaraylik: o‘lkamizda yaylov yo‘qligining boisi − yomg‘ir yog‘maydi. Nega yomg‘ir yog‘maydi? Zaminimizga xudo yarlaqagan yomg‘ir atalmish ne’matning yog‘ilmasligida biz ispanlarning nima aybimiz bor, deb kaminadan so‘rashlari mumkin. Javobi juda oddiy: yaylovlarimizga yomg‘ir yog‘masligining sababi bizda o‘rmon yo‘q. Hukumatning jadal aralashuvisiz bu muammoning yechimi topilmaydi. Ispaniyada o‘rmon yo‘qligining sababi daraxtning novdasi oftobdan bahra olish uchun zamindan boshini ko‘targan zahoti echki keladi-yu, kirtillatib yeb qo‘yadi. Agar gullab-yashnashni, olg‘a intilishni istasak, echkilarni yo‘qotaylik! Boshqa yo‘l yo‘q.
Don Daniel horg‘in qiyofada boshini egdi. Ko‘p yillik mashaqqatli mehnat sarhisobi edi bu! O‘sha oqshom do‘stlari unga ayricha bir mehr bilan boqishdi…

Rus tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil 11-son

Asqad Muxtor. Ko‘k tosh (hikoya)
Men toshman, ko‘k tosh. Otim — Yashm. O‘n ming yillardan beri ko‘rmagan tomosham qolmadi. Birov boshiga ko‘taradi, birov sirtimga minib o‘tiradi, birov to‘riga qo‘yadi, birov — go‘riga. Yurmagan yo‘lim, ko‘rmagan elim yo‘q. Bir Yer yuzining qaysi bir nuqtasida yotsam, menga-ku baribir, lekin odamlarga hayronman, tog‘u tosh demay, daryomi-dengiz demay, dam dunyoning u chekkasiga, dam bu chekkasiga sudraganlari-sudragan meni. Chiroyli ekanman, asil ekanman, shaffof ekanman, xo‘sh, kelib tomosha qilaver. Yo‘q-da, meniki bo‘lsin. Shu «Seniki-meniki» degan faqat odamda bo‘ladi, nazarimda — urush-janjali ham, qirg‘ini ham shundan, o‘limi ham, kulfati ham.
Tag‘in, buning gunohini o‘zlaridan soqit qilish uchun, mening to‘g‘rimda mudhish afsonalar to‘qishganini aytmaysizmi!
Keyingi bir necha ming yil davomida-ku Chin-Mochinning hashamatli saroylarini bezab, ancha tinch o‘tirdim. U xoqonning, qasridan bu hoqonning saroyiga surgalib ancha sayqallashib qolgan bo‘lsam ham, bus-butun edim, birov jon bergani ham yo‘q meni deb. Ammo, mana endi, Chingiz degani kelayotganmish tuman-tuman lashkari bilan dala dashtni dudu to‘zonga chulg‘ab. Meni deb kelayotganmish. Men kerak bo‘lsam, mana turibmanku, kel, ol. Nima qilasan butun bir mulkatni o‘tga tutib, shaharlarni ko‘kka sovurib, lak-lak lashkarni qirib, begunoh elatlarni qon-qora qaqshatib! Yorab!!!
Aytdim-ku, dunyoning qaysi chekkasida yotsam — menga baribir, deb. Mana endi, tag‘in sudrab ketishayapti. Chin-Mochinda meni muqaddas hisoblar edilar, mana endi tinchligim buzildi, meni deb yuzta ot, uch yuzta navkar ovora. Ko‘p o‘tmay, qumda sudraydigan yog‘och cha-naga tushdim. Chunki ustiga xoda qo‘yib meni lo‘killatib olib ketayotan to‘rtta fil kecha kechasi o‘lib qoldi. Cho‘lga yaramas ekanda jonivorlar. Keyin to‘rtta tuya o‘rkachiga joylab ko‘rishdi, bo‘lmadi, sirg‘alib tushib qumga yumaladim. Oltita navkarni bosib qoldim, yerga chalpakday yopishib jon berishdn sho‘ring qurg‘urlar. Bu voqeadan keyin hoqonning o‘zi yana to‘rttasini ehtiyotsizligi uchun qamchilab o‘ldirdi. Endi mana «chana» daman. Ey, aziz jonini ayamagan odamlar-ey… Menga-ku, ming yil cho‘t emas, bu gumrohlarning umri axir bir nafas. O‘ylab ko‘rsa-chi, qadriga yetsa-chi!
Meni joyimdan qo‘zg‘aganning o‘zi bir falokatga duchor bo‘ladi. Bu afsonani, hali aytganimday, odamlarning o‘zlari to‘qib chiqargan, o‘zlari shunga ishonishadi ham. Asli o‘zi shunday, shekilln-da, necha marta sinaganman, o‘zim ham ishonib qoldim afsonaga. Qo‘l tekkizishsa xavotirlanib turaman. Lekin odamlar… hamon joyimda tinch qo‘yishmaydi-da.
Haligi Chingiz degani ham mana meni ne azob bilan olnb keldiyu, o‘zi, o‘sha afsonada aytilganiday, bekordan-bekor shamollab, to‘satdan qazo qildi. Mening Chin-Mochindan Movarounnahrga ko‘chib olganim qoldi.
Bu yerning xo‘jayini ham, uning oti Chig‘atoy edi, nafimni ko‘rib-ko‘rmay o‘lib ketdi. Odamlar buni ham mening kasofatimga yo‘yishdi, albatta.
Inson o‘tmishdan saboq olmas ekan-da. Usha Chig‘atoyning nevarasi yana menga qo‘l urib, Naxshabda taxt qilib ustimga minib o‘tirdi. E… bunga ham yorlaqagani yo‘q. Ochig‘i, gap mening haqimdagi afsonada emas, hammasi odamlarning ochko‘zligidan. Axir, Chin-Mochin xoqonlari meni qaytib olib ketish uchun ne-ne hiyla nayranglar ishlatishmadi, ne-ne porayu boyliklar va’da qilishmadi, oradagi sotqinlik xiyonatlar g‘oyib bo‘lgan, o‘lib ketgan ne-ne odamlar.
Axiri, meniki bo‘lg‘usi xo‘jayinim ulug‘ Temur bariga chek qo‘ydi, ochko‘z urushqoqlarning nafsini tiyib, boshini qo‘shib, bir toj ostiga jipslashtirdi. Bu mashg‘ulotlar bilan bo‘lib, u zot mening taqdirimni jilla ko‘zdan qochirdilar. Ammo bir donishmand nabiralari qadrimga yetdi. Meni topib, poytaxtga ko‘chirish uchun maxsus yo‘l soldirdi. Shikast yetmasin, degan-da. Keshdan Samarqandgacha dastlab men yurgan o‘sha tekis yo‘l hali ham bor, balki ko‘rgandirsiz.
Donishmand meni buyuk bobosining qabriga qo‘ydir-di. Mangulik toza husnim shu zotning abadiy shuhratiga monand edi, bir necha yuz yil odamlarga shu fikrni eslatib, tinch yotdim.
Afsus, ulug‘lar o‘lar ekanu, odamlarning badnafsligi o‘lmas ekan. O‘zini jahongir hisoblagan yovqur hukmdor Nodirshoh yana menga ko‘z tikdi. Samarqandning boshqa ganjinalari bilan birga meni ham Mashhadga ko‘chirib olib ketishni buyurdi. Ulug‘ zot qabridan qo‘porib… Ammo o‘z amri o‘z ko‘ngliga g‘ulg‘ula soldi, mening haqimdagi mudhish afsona yodiga tushib, hukmdor sust ketdn. Qo‘rqoq yuragiga tasalli qidirib, ulug‘ Temur xotirasiga fotihalar o‘qitib, meni poytaxt qasrida muqaddas tosh deb e’lon qilishga va’da berib, o‘z dilini ovutdi. Biroq u, baribir, qo‘rqoq bir o‘g‘ri zdi. Dilidagi hadik halovatini oldi. Avliyolarning arvohlari, oh sohibqironning qo‘porilgan qabri, maqbara vayronalari tushlariga kirib, badanini sovuq ter bosib uyg‘onib ketardi. Qo‘rquvdan telba bo‘lishiga sal qolganda axiri meni Samarqandga qaytarib, o‘rnimga qo‘yishga farmon berdi. Yana safar, yana sudra-sudra, Yo‘l azobidan darz ketgan kunim, Nodirshohni o‘z odamlari so‘yib qo‘yibdi, degan gap tarqaldi. Buni ham odamlar, noiloj, mening kasofatimdan ko‘rdilar.
Shundan keyin qabr tepasida yana bir necha asr tinch qo‘yishdi. Sag‘anada yastanib yotib men uchun yangilik emas, yotaverdim. Maqbara muhtasham, hamisha gavjum, to‘da-to‘da bo‘lib dunyoning har chekkasidan kelib ziyorat qilishadi. Mundoq bo‘pti-da, kelib ko‘rish mumkin bo‘lgandan keyin, seniki-meniki qilib talashish, qo‘porish, buzish, urushish na hojat! Yuqorida aytdim-ku. Yer yuzining qaysi nuqtasida yotish mening uchun baribir, deb.
Shunday qilib, odamlarga es kiribdi, deb bamaylixotir yotsam, e-voh, nadomatlar bo‘lsinki…
Bir kuni yana kelib qolishdi. Bu safar ular ko‘pchilik edi, na afsonaga, na qismatga, na xudoga, na arvohga ishonadigan odamlar. Kelishdi-yu, bismillosiz, qo‘llariga mirsangu cho‘kich olishdi.
Ular hali… ertasiga jahon bo‘ylab qonli qnrg‘in boshlanishini, to‘rt yil davomida ellik milliondan ortiq inson yer tishlashini bilishmas edi.
Bu 1941 yilning 21 iyuni edi-da. Hali tarixning eng fojiali tongi otmagan edi.

Manba: Ziyouz.com

<tt-tags>
<tt-tag name="asqad_muxtor">#asqad_muxtor</tt-tag>
<tt-tag name="tosh">#tosh</tt-tag>
<tt-tag name="magistrlarofficial">#magistrlarofficial</tt-tag>
<tt-tag name="sherali_toshniyozov">#sherali_toshniyozov</tt-tag>
</tt-tags>

BIZ KIM TEMUR AVLODLARI!
“Tajriba bilan teran zako insonni eng og’ir damlarda halokatdan qutqarishi mumkin. Bu befavo dunyoda juda ko’p narsalar, oniylik haqiqatlarining ustiga qurilgan.Bo’lar bo’lmas voqealardan ilohiylik axtarmoq har zamon ham, aqlga to’g’ri kelavermaydi. Har neki bor, so’ngi no’qlik.Ega bo’lajagimiz esa Bir cho’ntaksiz KAFANDIR!”

Nurali Qobulning, “Sultonning so’ngi kuni yoxud Amir Sohibqiron va To’xtamishxon” romanidan

Fleshbek:

Amir Temur har bir o’zbek o’g’loni va shu jumladan mening shaxsiyatim shakllanishida ulkan hissa qo’shgan tarixiy shaxs hisoblanadi. Mana bugun bu inson haqida qisqacha maqola yozib, manbalar asosida sizlarga kerakli ma’lumotlarni beraman degan umiddaman.

Temurbekning tug’ilishi va yoshlik davrlari haqida

1336 yil 9 aprel Kesh* shahri  yaqinidagi Xo’ja Ilg’or* qishlog’ida o’rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi Amir Temur, Temurbek (to’liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag’ay ibn Amir Barqul) tug’ilgan kun.

Tarixiy manbalarga ko’ra, uning onasi  Takina Xotun Buxorolik, otasi esa Barlos urug’ining oqsoqollaridan hamda Chig’atoy ulusining e’tiborli beklaridan bo’lgan Amir Tarag’ay hisoblanadi.

Amir Temur  yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasada. Ayrim manbalarga qaraganda, yoshligidan xat-savod chiqarib, o’z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini chuqur o’rgangan. Buyuk arab faylasufi Ibn Xaldunning yozma manbalariga ko’ra, jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, dinini murakkab jihatlarigacha yaxshi o’zlashtirganini yozib qoldirgan. Shuningdek Temurbek chavandozlik, ovchilik, kamondan o’q uzish singari murabbiylik mashg’ulotlari bilan ham shug’ullangan.

Buyuk Temurning, buyuk yurishlari

Amir Temur ilk harbiy faoliyatini ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan va ularning o’zaro kurashlarida qatnashib, jasorat ko’rsatgan va buning natijasida otasi amir Tarag’ay Amir Temurni 1355 yil amir Joku barlosning qizi Nurmushk og’oga, so’ngra o’sha yili, Qazag’onning nabirasi va amir Husaynning singlisi O’ljon Turkon og’oga uylantiradi.Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn o’rtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda mo’g’ullarga qarshi kurashadilar.

Biroq 1365 yilda Toshkent bilan Chinoz oralig’ida, Ilyosxo’ja bilan bo’lgan  tarixda mashhur “Loy jangi”da, Amir Temur, amir Husaynning xiyonati oqibatida mag’lubiyatga uchraydi. Bu xiyonatdan so’ng Amir Temur 1370 yilda amir Husaynga qarshi yurish boshlaydi va ikki kunlik qamaldan so’ng, 1370 yil 10 aprelda amir Husayn qo’shini taslim bo’ladi.

Amir Temur 1371-1388 yillarda Xorazmga jami 5 marotaba yurish qilib, uning hududlarini ham bo’ysundirdi.

Eron, Ozarbayjon. Iroq va Shom ustiga qilgan yurishlari tarixda, “uch yillik”, “besh yillik” va “yetti yillik” urushlar nomi bilan mashhur.

Bu yurushlar haqida qisqacha:

“Uch yillik” urush, Oltin O’rda tomonidan bo’layotgan tazyiqqa barham berish maqsadida To’xtamishga qarshi, uch marta qo’shin tortishiga majbur qilgan. Va 1395 yil 28-fevralda Shimoliy Kavkazning Terek daryosi bo’yida To’xtamish qo’shinini tor-mol keltiradi.

“Besh yillik” urush, Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindistonga qilgan yurishlaridir.

“Yetti yillik” urush, buyuk Usmonli turklar imperiyasining hukumdori Boyazid Yildirim ustidan qozonilgan g’alaba, “Anqara jangi” nomi bilan tarixda qolgan. Va Amir Temur butun Yevropaning xaloskoriga aylangan.

Sohibqironning o’limi

Manbalarga asoslangan xolatda Amir Temurning o’limi sabablari:

1. Usmoniy turklar davlatiga zarba berib, Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404 yil 27 noyabrda 200 ming qo’shin bilan Xitoy ustiga yurishi Amir Temurning O’trorda vafoti (1405 yil 18-fevral) tufayli amalga oshmay qoladi.

2.“Temurlanning o’limini tezlashtirgan uch noxushlik uning dardini og’irlashtirgan edi.

Birinchidan, u noibi o’lponni o’g’irlaganidan g’azablangan edi,.
Ikkinchidan, uch xotinidan kichkinasi (uni juda yaxshi ko’rgan) u yo’qligida mulozimlaridan biri bilan aloqaga kirgan edi.
Uchinchidan, O’sha voqeadan keyin mulozimning qochib ketishi” .

Amir Temur vafotidan so’ng, davlatda taxt uchun kurash boshlanadi va Temuriylar saltanati o’z qudratini yo’qotadi.

Amir Temur davlatni aql-zakovat va huquqiy asos bilan idora etgan.Uning “..davlat ishlarining to’qqiz ulushini kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushini qilich bilan amalga oshirdim”, “Qay bir joydan bir g’isht olsam, o’rniga o’n g’isht qo’ydim, bir daraxt kestirsam, o’rniga o’nta ko’chat ektirdim”, degan so’zlari buning yorqin isbotidir.

Amir Temurmi yoki Sulton Sulaymon?

Shu o’rinda bugun tengdoshlarimga bitta savol bilan murojaat qilmoqchiman. Biz bu inson haqida ko’p narsalarni bilamizmi? To’g’ri balki ba’zida kitob titkilashga vaqt ajratmasmiz. Vaqtimizni Usmoniy turklarning avlodi Sulton Sulaymonnig hayoti haqida kino ko’rishga sarflarmiz. Lekin bizning bobomiz tarixda Sulton Sulaymondanda kuchliroq, qudratliroq Boyazid Yildirimni  jangda ma’g’lub etgani yodimizdami?

Mana shu birgina ma’lumotning o’zi bizga kim haqida ko’proq ma’lumot bilishimiz kerakligini ko’rsatadi.

1-rasm. Amir Temurning bosib olgan yerlari

2-rasm: Sulton Sulaymonning bosib olgan yerlari

Iqtiboslar

1. Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar ko‘nglidan joy oldim.

2.Men hayotim mobaynida besh narsaga qat'iy e'tiqod qo‘ydim va hamishalig‘ ularga amal qildim. Ular ushbulardir:
OLLOH — ul har narsaga qodir kuch, sidqidildan sig‘insang istagan murodu maqsudingga yetkazadi.
TAFAKKUR — fikrlash va mushohada qobiliyati, quvvai hofizasi kuchli inson har qanday mushkulu mushkulodni oson qilish yo‘lini topa oladi.
QILICH — ul yigitning yo‘ldoshi, el-yurt osoyishtaligining posboni, har qanday dushmanni mahv etish quroli, aning qudrati ila dinsizlarni dinga solmoq mumkin.
IYMON — ul insonni barcha jonlilardan farqlantirib turguvchi xususiyatdir. Imonli odam xiyonat qilmaydi, qarindosh-urug‘lari, elu xalqning or-nomusini himoya qiladi, halollik va poklikni fazilat biladi.
KITOB (bitik) — barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishning asosidir, hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir.

3. So‘zlaguvchi gar nodon erur, tinglaguvchi dono o‘lsin.

4. Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasinlar. Agar biror ishni qilmaslikka so‘z berar ekanlar, yaqiniga ham yo‘lamasinlar. Xotirdan chiqmasinkim, Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.

Amir Temur haqida qiziqarli faktlar

1. Amir Temur shatranj (shaxmat) o‘yinining ashaddiy ishqibozi bo‘lgan.(Manbalarda keltirilishicha, o’sha davrning chempioni)

2. 1398-1399 yillar davomida Amir temur Hindistonga yurish qilgan va uni zabt eta olgan. O‘sha paytlarda Temur qo‘shini tarkibi 120 ta harbiy fillar bilan to‘ldirgan.

3. 20 yil davomida Usmonli sultonlari qo‘lga kirita olmagan Smirna qal’asini Amir Temur 2 hafta ichida ishg‘ol etgan.

4.Hozirgi paytda Temurga tegishli mashhur rubin toshi Londonda, uning qilichi esa Tehron muzeyida saqlanadi.

5.Qazish ishlari davomida uning uzun bo'yli 1,73 m ekani aniqlangan

6.1405 yil 18 fevralda sohibqiron Amir Temur O‘trorda vafot qilgach, Samarqand taxtiga uning nabirasi Xalil Sulton Mirzo (1384-1411) o‘tirdi. Ibn Arabshohning  bergan ma’lumotiga ko‘ra, Xalil Sulton Mirzoning xotini Shod Mulk begim 1408 yilda Saroy Mulk xonimni zaharlab o‘ldirgan.

Turg‘un Fayziyevning “Temuriy  malikalar” asarida yozilishicha, Amir Temur suyukli rafiqasi Saroy Mulk  xonimdan farzand ko‘rmagan. Ammo sohibqiron o‘z o‘g‘li Shohruh Mirzoni, suyukli nabiralari Muhammad Sulton Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Ulug‘bek Mirzo  va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroy Mulk xonim tarbiyasiga topshirgan edi.Atamalar

tamalar

Atamalar

1. Kesh - hozirgi Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani

2. Xo’ja Ilg’or - hozirgi Yakkabog’ tumani

Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ioann Shiltbergerning “Yevropa, Osiyo va Afrika bo’ylab 1394-1427 yillardagi sayohati”
2. "O'zbekiston Respublikasi Milliy Ensklopediyasi" 276-bet, Toshkent-2000

TATU talabasi 218-16-guruh talabasi, Sherali Toshniyozov tomonidan "BIZ KIM TEMUR AVLODLARI" tanloviga

Alfons Dode. Arlyalik qiz (hikoya)
Tegirmonimdan qishloqqa tushish uchun yo‘l bo‘yi­da joylashgan katta xo‘jalik etagidagi serdaraxt hovli yonidan o‘tish lozim. Bu oddiy qishloq uyi: old tomondan qaraganda qizil cherepitsiya, tom ustiga qadalgan flyuger, pichan ortadigan chig‘ir shundoqqi­na ko‘zga tashlanadi. Tom orasidan ildizi qoray­gan pichan bog‘lamlarining xiyla qismi tashqariga chiqib qolgan. Negadir bu uyning ko‘rinishi meni ajablantirdi, yopiq darvozasi yuragimni siqdi. Bil­mayman. O‘sha tomondan esadigan yel ham menga sovuq tuyuldi. Atrofda tiq etgan tovush eshitilmaydi. O‘tgan-ketganga hurishni kanda qilmaydigan itlar ham jimib qolgan. Tovuqlar ivirsib yurishadi. Hatto xachir ham bo‘ynidagi qo‘ng‘iroqni jiringlatishni istamayotgandek. Derazalardagi pardalar, mo‘ridan chi­qayotgan tutun hisobga olinmasa, bu hovlida odam yashashi bilinmaydi.
Kecha qoq tush mahali qishloqdan qaytayotgan edim. Jaziramada yurmaslik uchun daraxtlar soyasi tushib turgan devor tagiga o‘tib oldim… Uyning oldida ishchilar aravaga pichan ortishardi… Darvozalar ochiq edi. O‘tib ketayotib, hovliga ko‘z tashladim va kalta kamzulli, yirtiq ishtondagi baland bo‘yli, qordek oppoq soqolli cholni ko‘rdim; u qo‘lini boshiga tiragancha katta tosh stolda o‘tirardi. Men to‘xtab qoldim. Ishchilardan biri menga pichirlab gapirdi:
– Tss! Xo‘jayin… U o‘g‘li halokatga uchragandan beri shunday bo‘lib qolgan.
Shu payt oltin suvi yugurtirilgan katta va naq­shinkor ibodat kitobini ko‘targan ayol bilan bola yonginamizdan o‘tib ketishdi-yu, fermaga kirib ko‘zdan uzoqlashdi.
– Beka va kenjatoy cherkovdan ibodat qilib qaytishyapti. Ular to‘ng‘ich o‘g‘illari Jan o‘z joniga qasd qilganidan beri u yerga qatnashadi… Oh, janob! Qanday baxtsizlik!.. Otasi hali ham marhumning kiyimini kiyib yuribdi. Undan sira ayrilgisi kelmaydi…
Men hikoyani oxirigacha bilgim keldi va aravaga chiqib, pichanga o‘tirgancha, bu hayajonli voqea taf­silotini tingladim…
Uni Jan deb atashardi: kamtar, arslondek baquvvat, yigirma yoshlarni qoralagan ko‘ngilchan dehqon yigiti. Qizlar undan ko‘z uzisholmasdi. Ammo uning xayolini Arlya amfiteatrida tasodifan uchratib qolgan qiz, duxoba va mayin ipak to‘rga burkangan arlyalik jonon egallashga ulgurgan edi. Janning munosabatlariga, avvalo, uning oilasi xayrixohlik bildirishmadi. Qizning otasi bu yerlik emas, aksiga olib qiz ham yengil tabiatli degan nom olishga ulgurgandi. Biroq, Jan butun borlig‘i bilan arlyalik tomon talpinardi.
U shunday derdi:
– Unga uylanmasam — o‘laman.
Nima ham qila olishardi. To‘y yig‘im-terimdan so‘ng o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Shunday qilib, yakshanba oqshomida butun oila dasturxon atrofida edi. Ovqatlanish deyarli to‘y ziyofatiga aylandi. Albatta, u yerda kelin yo‘q, shunday bo‘lsa-da, uning sog‘lig‘i uchun bir necha bor qadah ko‘tarildi… Shu payt eshik oldida bir yigit paydo bo‘ldi va qaltiroq ovozda uy xojasi Estev bilan gaplashmoqchiligini aytdi. Estev ko‘chaga chiqdi.
– Xo‘jayin, – dedi yigit, – siz o‘g‘lingizni yaramas qizga uylantirmoqchimisiz?! Ikki yildan beri qiz bilan oshiq-ma’shuqman. Men buni sizga aytyapmanmi, demak, isbotlay ham olaman. Mana sizga xatlar!.. Ota-onasi ham hammasini bilishadi va uni menga uzatishga va’da berishgandi; biroq unga o‘g‘lingizni unashtirganingizdan beri na ular, na nozaninning o‘zi meni bir chaqaga olishadi… Ammo menimcha, bu gaplardan so‘ng u boshqa odamning xotini bo‘la olmaydi.
– Xo‘p, mayli! – dedi Estev xatlarni ko‘zdan ke­chirayotib, – kiring, bir stakan muskat iching.
– Rahmat! Meni chanqoq emas, dard qiynayapti.
U ketdi.
Ota hech narsa bo‘lmagandek ortiga qaytdi. Stulga o‘tirdi va avvalgidek quvnoq holda ovqatlandi…
Shu kecha Estev tog‘a dalaga o‘g‘li bilan ketdi. Ular uyga uzoq vaqt qaytishmadi; qaytib kelishganda esa ona ularni kutib o‘tirardi.
– Xotin, – dedi xo‘jayin o‘g‘lini uning oldiga olib kelib, – unga taskin ber, u g‘amga botgan…
Jan bo‘lib o‘tgan gaplardan xabar topishiga qaramay, qizga munosabatini o‘zgartirmadi. Uni kuchliroq se­vib borardi. Faqat Jan sho‘rlik o‘zini mag‘rur va bosiq tutishga urinar, ana shu holati unga azob bera boshlagan edi. Ba’zida u burchak-burchaklarga biqinib olardi. Ba’zan esa o‘zini ishga urar, alam ustida bir o‘zi o‘nlab odamlarning ishini bajarardi… Kechalari shafaq nurlariga uyg‘unlashgan shahar qo‘ng‘iroqlari aniq ko‘rinmaguncha Arlya yo‘llarini kezib yurardi. Shundan so‘ng ortga qaytardi.
Uni doimo bunday g‘amgin va yolg‘iz holda ko‘rgan ota-ona nima qilishni bilishmasdi. Biror halokat yuz berishidan yurak hovuchlashardi. Bir safar ona ovqat ustida yosh to‘la nigohi bilan qarab dedi:
– Jan, o‘g‘lim, agar sen uni chindan ham sevsang, usiz hayotingni tasavvur qila olmasang, u bilan baxtli bo‘lishingga ishonsang, biz seni unga uylantirishga rozimiz.
Otaning boshi beixtiyor egildi.
Jan ma’noli bosh chayqadi va tashqariga chiqdi.
Shu kundan boshlab u o‘z hayot tarzini o‘zgartirdi, ota-onasini tinchlantirish uchun quvnoq bo‘lib ko‘­rinishga harakat qildi. Raqs kechalarida, qovoq­xonalarda, bayramlarda yana paydo bo‘la boshladi.
Ota “U sog‘ayib qoldi…” deb o‘ylardi. Lekin onaning ko‘nglidagi g‘ashlik tarqamagan, o‘g‘lini avvalgidan ham ko‘proq kuzata boshlagan edi. Jan ukasi bilan ipak qurti boqiladigan uy yonida uxlardi; bechora ona esa ularning yotog‘iga yaqin joyga karavotini qo‘ydi. Ipak qurtlaridan xabar olish — onaning o‘g‘lidan boxabar bo‘lib turishi uchun o‘ylab topilgan bahona edi.
Nihoyat, fermerlar homiysi Muqaddas Eligiya ku­ni ham keldi.
Fermada bayram baxtsizlik bilan boshlandi…
Barchaga shatonef uzatildi, oddiy vino esa serob edi. Keyin mushakbozlik boshlandi, barcha daraxtlarga rangli fonarlar ilindi.
Muqaddas Eligiyaga sharaflar bo‘lsin!
Hatto Jan ham xursanddek ko‘rindi: u onasini raqsga taklif qilarkan, bechora ayol sevinganidan yig‘lab yubordi.
Yarim tundagina uxlashga yotishdi. Barcha dam olish­ga mushtoq edi. Lekin Jan uxlamadi. Keyinchalik ukasining aytishicha, u kechasi bilan yig‘lab chiqibdi. hali tong yorishmay, onaning qulog‘iga kimningdir yotoqxonadan yugurib o‘tgani eshitildi. Uning yuragi bezovta bo‘layotgan edi.
– Jan, senmisan?
Javob bo‘lmadi; u allaqachon zinapoyada edi.
Ona bir sapchib tushdi:
– Jan, qayoqqa?
Jan cherdakka ko‘tarildi; ona uning ortidan chiqdi:
– Bolajonim, Xudo xayringni bersin!
Jan eshikni yopdi va zulfinni tushirdi.
– Jan, bolaginam, Jan, javob ber! Nima qil­moq­chisan?
Ona qaltiroq, serajin qo‘llari bilan zulfinni paypaslab axtarardi. Oyna ochilib, hovliga yotqizilgan plita ustidan gursillagan ovoz eshitildi. Hammasi bir zumda tugadi.
“Men uni haddan tashqari kuchli sevaman… Yaxshisi, men ketaman”. Bu Janning so‘nggi qarori edi. Eh, biz odamlar naqadar ojizmiz!
Shu tongda odamlar Estevlar hovlisi tomondan kelayotgan alamli yig‘i tovushi kimnikiligini bilol­may dong qotishdi.
Hovlidagi tosh stol ortida tonggi shabnam va qondan hamma yog‘i ho‘l bo‘lgan ona o‘g‘lining ustida hasrat bilan ko‘z yosh to‘kardi…

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi

Abdulhamid Cho‘lpon. Qor qo‘ynida lola (hikoya)
I

Bir, ikki, uch, to‘rt… besh; besh… olti! Yetti, sakkiz, to‘qqiz, o‘n….
Kichkina, qizil ipdan bezalgan to‘p (kaptov) aljib qochib ketib, yerto‘la og‘ilning devoriga yondoshib o‘skan yosh qantak o‘rikka borib tegdi-da, sakrab hovuzg‘a «sho‘p» etib tushib ham ketdi…
Qizlar barchasi birdan:
— Voy, o‘laqolay, hovuzg‘a tushib ketdi!—deb qich-qirishib yubordilar. To‘pni tutish uchun quvalab borayotg‘on Sharofatxon ham hovuz yonida qotib qoldi…
To‘p suvga sho‘ng‘ib ketib hovuzning o‘rtasidan chiqdi va qizlarning havasli, o‘ynoqi ko‘zlari oldida gerdayib, sekingina suza boshladi.
Barcha qizlar suv yuzida erkalanib suzib yurgan to‘pga biroz qarashib turdilar-da, bu orada bir-birlariga boqishib yumshoqqina kulishib ham oldilar.
Toji qassobning kichik qizi Turg‘unbush yugurib bo-rib og‘ilning tomig‘a chiqdi-da, bir chekkaga bosib qo‘yilg‘on tut o‘tinidan bitta uzun butoqni sindirib olib, hovuz bo‘yiga keldi va haligi butoq bilan suvni o‘z tomonig‘a torta boshladi; qizlar uning tegrasiga duv yig‘ilib, to‘pning suvdan chiqishini kuta boshladilar.
Suv yasama oqish bilan qizlar tomong‘a oqa boshlag‘ondan so‘ng, yarim belidan suvga ko‘milgan to‘p dam botib, dam chiqib sekingina qirg‘oqqa keldi. Qizlar qiychuv bilan ushlab ham oldilar.
Suv bilan shalabbo bo‘lg‘on to‘pni Sharofatxon oldi-da, «Hu, qochmay o‘lgin, tutulding-ku!» deb yerga urdi. Uning bu ishiga Abdulla jallobning qizi To‘tixonning achchig‘i keldi, darrov borib yerdan to‘pni oldi va:
— Hoy, bunda nima yoziq? Buning joni bo‘lmasa… o‘zingiz tushirib, bu boyaqishni tag‘in qarg‘aysizmi?— deb to‘pni suvda chayqab olg‘ondan so‘ng, labini tishlab, bor kuchi bilan siqmoqqa boshladi.
—Sharofatxon qizlarga qarab:
— Baribir, qancha siqib quritmoqchi bo‘lsak-da, ho‘l to‘p chiqmaydur, endi boshqa kimning to‘pi bor?
— Voy, o‘la qolay, hech qaysinglarniki yo‘qmi? Saltanat, seniki bor edi-yu?
— Meniki bor edi-yu, tunov kun Gulnor o‘lgur, yo‘qotib kelibdir…
— Bo‘lmasa, o‘yin tugabdir-da?
— Yo‘q, boshqa o‘yin qilamiz!
— Hu, o‘laqolsun, to‘p o‘yinidan ham yaxshisi bormi?
— Hay, Sharofatxon, siz o‘zingiz kira qolingiz, o‘rus to‘pingizni olib chiqasiz!
— O‘rusto‘pim yorilib edi-ku…
— Voy, essizgina, qachon?
— Qachonlari-yu…
Shu vaqtda bog‘ning kichkina eshikchasidan. hovruqqancha yugurib bir kichkina qiz kela boshladi.
Turg‘unbush birdan:
— Ha, ana mening singlim chiqib qoldi, uyga to‘pga yuboraman!—dedi. Barcha qizlar:
— Ha, ha, Fazilatni yuboramiz!—dedilar.
Kichkina qiz— Fazilat yugurib kelib opasining bo‘ynig‘a osildi.
— Bir chekkaga chiqing, opa, sizga qiziq gapim bor.
Barcha qizlar birdan:
— Qizig‘i o‘lsin, qizig‘i, aytaber barchamizg‘a!
— Yo‘q, opamning o‘ziga aytaman.
— Bo‘lmasa, opang bizga aytib beradir…
Egachi-singil hovuz bo‘yig‘a ketdilar… Eshmat qorovulning mamadana, qiziq gaplarni bilaturg‘on qizi Tillaxon turib:
— Qiziq gapi nima bo‘lar edi, aytmasa ham bilaman.
— Aytchi, bilsang?
— Nima bo‘lar edi, Turg‘unbushga kuyov kelgandir!— Barchalari kulishdilar. Turg‘unbush qaytib keldi-da:
— O‘la qolsun, Tilla, menga kuyov emas, Sharofatxonga sovchi kelibdir!—dedi. Qizlar bir-birlariga qarashib oldilar. Sharofatxon qip-qizil qizarib, turg‘on yerida qotib qolg‘on edi.

II

Sharofatxonning otasi Samandar aka ilgaridan ot chiqarg‘on bir savdogar edi. Shuncha og‘irchilik yillar-da, qiymat, kasod vaqtlarida ishini taraqlatib kelib, oxiri o‘zg‘on yili erta bahorda sing‘on. Bor-yo‘g‘ini qarzig‘a sotib berganidan so‘ng, juda so‘fi bo‘lib eshonlarnikida chuvalashib qolg‘on edi.
Erta bilan saharlab eshonnikiga ketar, zikr bo‘lsa-bo‘lmasa eshonning ishini qilib, kechqurun shomlatib uyiga kelar edi. Uyga kelgandan so‘ng ham bir qoshiq quyuq-suyug‘i bo‘lsa totinib, malla joynamozning ustiga chiqib o‘lturib, qahrabo tasbehni necha davr aylan-tirib «vazifa»larini o‘qur, so‘ngra to yarim kecha-sahargacha ho‘ngur-ho‘ngur yig‘lar edi…
Bir kun eshonnikida katta va qizg‘in bir zikr bo‘ldi. Zikrga boshqa shaharlardan ham o‘tli-nafas bilan o‘qiyturg‘on hofizlar keldilar. Xonaqohning ichi zich to‘ldi. Erta bilan bamdoddan so‘ng boshlang‘on «zikr» xuftong‘a yaqin zo‘rg‘a tugadi. Bir necha kishi o‘zidan ketib u yer-bu yerda yumalanib qoldilar yong‘on so‘filardan bir-ikkitasi «jazava»ning ortig‘lig‘idan borib o‘zlarini hovuzg‘a tashladilar. Qisqasi, bu kun qiyomat bo‘ldi.
Ertasi kuni erta bilan xonaqohning mehrobi oldi-da hazrat eshon o‘lturganlar, ikki yonlarida uchtadan olti hofiz, bir o‘n besh chamasi muridlar…
Eshon qutlug‘ boshlarini quyi solib «sukut»ga ketkanlar.
Tashqarida to‘polon, shovqin, biri qo‘y yetaklagan» biri non ko‘targan, biri kiyim sarpo…
Samandar aka xonaqohdan chiqdi, haligi nazrlarning barchasini ko‘rdi, ko‘zdan o‘tkazdi.
— Ha balli, barakalla, Sulton Orifning jamollarini ko‘ring!— deb javrab, hazrat eshonning quchog‘-quchog‘ duolarini xonaqohdan chiqarib berib turg‘on so‘fi kulib, o‘ynab Samandar akaga qaradi-da:
— Ha, boy aka, nazrdan darak bormi?—dedi, Samandar aka darvozadan chiqar ekan:
— Bo‘lib qolar, so‘fi!— dedi.
Samandar aka uyga kelguncha ko‘nglidagi tuyg‘ular bilan tortishib keldi. O‘zining piri va ustoziga tuzukkina, kattagina, iloji bo‘lsa boshqa muridlar bera olmag‘on bir narsa bermakchi edi. Biroq, uyda arzigudek bir narsa yo‘q. Arziyturg‘on narsalari bo‘lsa, barchasi qarzg‘a ketkan… Ko‘p o‘yladi, biroq hech bir narsaga ko‘ngli qaror topmadi.
— Agar ilgarigi vaqtim bo‘lsa, ola qashqani tutar edim…
Ko‘ngli og‘ridi, bir zamong‘i boyliqlari, davlatlari esiga tushdi: ola qashqasi, to‘ruq yo‘rg‘asi, bo‘yi tevadek Maskov zovud oti… uch fayto‘n, yer-suvi…

Uncha-munchani berishni o‘ziga ep bilmadi. Boshqa nazrlarni bosib ketgundek bir narsa berishga o‘ylar edi.
Birdan Yo‘ldosh boyvachcha esiga tushib ketdi.
— Yo‘ldosh boyvachcha o‘n botmon guruch, bitta yaxshi uloqchi ot, bosh-oyoq kiyim berdi…
Shunday xayollar bilan havlisiga yetib, ichkari uyga kirmakchi bo‘lg‘on edi, xotini to‘xtatdi:
— Ichkarida xotinlar bor, siz tashqari uyga kirib turing, qo‘noqlarga osh-suv qilg‘on edim, men sizga osh olib chiqay!
Samandar aka kichkina tovoqdag‘i oshni yolg‘iz ultirib yemakka tutindi. Oshni yarimlatg‘on ham edi, oldiga xotini chiqib qarshisiga o‘ltirdi:
— Yaxshi ham kelib qoldingiz, otasi, qizingizga sovchilar kelib, men nima deyishni bilmay turib edim!
— Kim ekan ular, qayerdan ekan?
— Anovi Aziza otin bilan Rustam akaning xotini… o‘zingizning eshoningiznikidan sovchi bo‘lib kelishibdirlar… Endi eshonning o‘zlari ham «qarib quyilmag‘on, achib suyilmag‘on»lar, deya ikkita xotinlari ustiga tag‘in bu…
Bu so‘zni eshitishi bilanoq Samandar akaning ko‘zlari chaqchayib ketdi:
— To‘g‘rimi, eshonnikidanmi, to‘g‘rimi? Eshon nega o‘zimga mazmun qilmadilar ekan?
— Endi katta odam, men sovchilarga hali qizim yosh, endi 17 ga chiqdi, dedim. Shunday deb javob bera qolaymi?
Bu vaqt kimdir, tashqaridan bir xotin tovushi eshitildi:—Qumribush, qo‘noqlar turishdilar!—Qumribush o‘rnidan turdi, eriga bir nima degandek qaradi.
Samandarboy bir yosh qizini, bir eshonni, boyagi nazr-niyoz masalasini, eng so‘ng kimsan hazrat eshonning kuyovliklarini o‘ylab turdi-da:
— «Bitta qizimiz bo‘lsa, hazrat eshonimizg‘a tutdik, sadag‘alari ketsun!» degil!— dedi.
Qumribush kutilmagan bu gapdan oqardi, ko‘kardi, suvratdek qotib devorga suyalib qoldi…

III

Sharofatxon Samandar akaning bitta-yu bitta qizi edi. Bu qiz shu tegraning ko‘rklilikda, chevarlikda, sho‘xlik va o‘ynoqilikda bitta-yu bittasi edi. Mahalla-ko‘yning o‘spurunlaridan ikkita-uchtasi bir yerga yig‘il-salar, topg‘on-tutg‘onlari shul Sharofatxon masalasi bo‘lur. «Bu qiz qaysi xudo yarlaqag‘onniki bo‘lur ekan? Kimning uyini obod qilar ekan?» deb bosh og‘ritarlar edi.
Sharofatxonning eshonga berilish xabari chiqqondan so‘ng, butun mahalla-ko‘y yana bir necha kun shuning dovrig‘ini qilishdilar.
Ko‘chada qator-qator aravalar chopishib, bir-birlaridan o‘zishadirlar.
O‘n-o‘n besh aravaga to‘lg‘on xotinlarning tartibsiz «yor-yor»lari dunyoni buzib, ko‘kni ko‘tarib borar edi.
Sandiq, ko‘rpa, gilam, tugun va boshqa narsalar yuklagan va yuklar ustiga yana bitta-ikkita kampir o‘tqizgan aravakashlar ilgarigilardek bir-birlari bilan basma-baslashib chopishar edilar.
Shu guldir-sholdir, shovqin-suron, qiy-chuv bilan ketayotqon ko‘ch eng so‘ng eshonning eshigiga yaqinlashdi. Ko‘chaning o‘rtasig‘a gurullatib yoqilg‘on, alangasi osmong‘a chiqqon o‘tning tegrasiga to‘plang‘on bir to‘p erkaklar tovushlarining boricha «yor-yor»ni cho‘zg‘on; ularning berigi biqinida boshiga paranji yoping‘on, chopon tashlag‘on, ro‘mol tutg‘on xotinlar, kelinlar, qizchalar… o‘z oldilarig‘a katta to‘p bo‘lib, ular ham «yor-yor»ni qo‘yib yuborg‘on edilar.

Taxta-taxta ko‘puruk taxting bo‘lsin, yor-yor,
Payg‘ambarning qizidek baxting bo‘lsin, yor-yor!
Uzun-uzun arg‘amchi halunchakka yor-yor,
Chakan ko‘nglak yarashar kelinchakka yor-yor.

O‘tning tegrasiga to‘plang‘on er-xotin barchasi birdan: «Kelin keldi, kelin keldi!» deb yuborishdilar. Bir necha yigit quchoq-quchoq g‘o‘zapoya olib chiqib, o‘tning o‘rtasig‘a tashladilar, o‘t yana kuchaydi, yana alanga berdi.
Har kim pitirlab qimirlab qoldi. Bolalar qiz kelayotg‘on tomong‘a qarab chopishib ketdilar.
Shovqin, to‘polon orasida aravalar yetdilar. Xalq orasida:
— Ana kelin, ana qiz tushgan arava!—degan gaplar boshlandi.
Aravakash kelinli aravani «namoyishkorona» bir suratda o‘tning o‘rtasidan otni qamchilag‘oncha olib o‘tib, eshikka yaqin bir yerda to‘xtadi.
— Kuyov pochcha, kuyov pochcha! Taqsirim qanilar? Qoch, qoch,— degan tovushlar ko‘tarildi.
Bir vaqt oppoq soqolli, qari, bo‘shashg‘on bir chol (kuyov to‘ra) ustiga zarbob to‘n kiyib, katta o‘rama bel-boq bog‘lag‘oni holda birmuncha oqsoqol muridlari o‘rtasida sekingina sudralib aravaga yaqinlashdi. Yana xalq o‘rtasida:
— Ko‘taring-a, kuyov pochcha, ko‘taring-a!
— O‘zingizni tetik tuting, taqsir!
— Ha, taqsir, ko‘taring!
Chol titrak qo‘llarini aravaga uzatib, qizni ko‘tardi va bir-ikki odum bosg‘ondan so‘ng yerga qo‘ydi.
Yana xalq chuvirlashib ketdi:
— Barakalla, taqsir, barakalla!
— Bo‘sh kelmadilar taqsirim!
— Hali bellari baquvvat ekan taqsirimning!
Bu shovqin, qiy-chuv, to‘polon yarim kechaga borib to‘xtadi. Haligi tomosha o‘rni bo‘lg‘on ko‘chada kishilar arib, qop-qorong‘i, jimjit bir go‘ristonga aylandi.

IV

Bu vaqt eshonning eshigidan ikki yosh yigit chiqdilar.
— Ho‘x-ho‘, ko‘cha juda qorong‘i-ku!
— Shuni aytgil-a, osmonda dorig‘a ham bitta yulduz topilmaydur!
— Yuraber. Bu kecha xuddi eshonbobongning ko‘nglidek bo‘libdir.
— To‘g‘ri-ya, men qizg‘a achinaman, boyaqish kelib-kelib kimniki bo‘ldi-ya!..
— Nimasini aytasan, otasining uyi kuysun, odam emas ekan!
— Soqolini oppoq tutadek hilib, nevarasidek bir qizni aravadan olishini qara, kishi chidamas ekan. Shuni bir narsaga o‘xshatg‘um keldi-yu, o‘xshata olmadim-da!
Shu choq bir burchakda ko‘cha poylab yotg‘on Mamat qorovul yig‘lag‘onday qilib hushtagini chalib oldi-da:
— Nimasini aytasiz, yigitlar, dunyo o‘zi shunday teskari dunyo ekan… Lolaning ustiga qor yog‘di!..— dedi.
Yigitlar javob bermadilar va qorong‘iliq quchog‘ig‘a kirib yo‘q bo‘ldilar…

Alfons Dode. So‘nggi saboq (hikoya)
Elzaslik bolakay hikoyasi

O‘sha kuni ertalab maktabga juda ham kech qolayotgan edim; muallimdan tanbeh eshitishimni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketardi. Ustiga ustak, mos’e Amel bizdan avvalgi dars mavzusini – sifatdoshlarni so‘ramoqchi edi. Men esa yarimta so‘z ham yodlamaganman. Bir zum xayolimga darsga kirmasdan sayr qilib yurish fikri keldi.

Havo juda ochiq va iliq edi…

O‘rmon chetida sayroqi qorayaloqlarning kuylayotgani, taxta yo‘nish zavodi ortidagi River o‘tlog‘ida nemislarning safda yurish mashg‘ulotlarini bajarayotgani eshitilib turardi. Bularning bari meni darsdagi sifatdosh qoidalaridan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb qilardi, lekin o‘zimni qo‘lga olib, maktabga yugurdim.

Meriya1 yonidan o‘tayotib e’lonlar taxtasi oldida to‘planib turgan odamlarga ko‘zim tushdi. So‘nggi ikki yil ichida biz u yerda faqat ko‘ngilsizlikdan xabardor bo‘lar edik: boy berilgan janglar, rekvizitsiyalar, kommendant buyruqlari; o‘ylanib qoldim: yana qanday noxushlik bo‘lishi mumkin?

Shu payt shogirdi bilan e’lonlarni o‘qib turgan temirchi Vaxter meni chaqirib qoldi:

– Shoshma, bolakay, ulgurasan o‘sha maktabing­ga.

U ustimdan kulyapti deb o‘yladim va halloslagancha mos’e Amelning uyi oldidagi gulzor tomonga yugurdim.

Odatda dars boshida ko‘chaga eshitilarli darajada shovqin ko‘tarilardi – bolalar quloqlarini qo‘llari bilan yopgancha o‘tilgan mavzularni g‘o‘ng‘illab takrorlashar, partani childirma qilib chalishar, muallimimiz esa chizg‘ichi bilan tinchlantirishga urinardi:

– Sekinroq, sekinroq, bolalar!

Men mana shu shovqin-suron ostida joyimga sezdirmasdan o‘tirishni mo‘ljallagandim, ammo shu bugun yakshanba tongidek jimjit edi.

Ochiq oynadan o‘rtoqlarim allaqachon joy-joylarida o‘tirganini, mos’e Amel esa vahimali chizg‘ichini qo‘ltiqlagancha u yoqdan bu yoqqa borib kelayotganini ko‘rdim. Qanday qilib bu jimjitlikda eshikni ochib kirsam ekan? Qo‘rquvdan qanchalik qizarib, qaltirayotganimni tasavvur qilib ko‘ring.

Xavotirim o‘rinsiz ekan: mos’e Amel menga muloyim qaradi va erkalab dedi:

– Qani, Frants o‘g‘lim, kiraqol. Biz sensiz darsni boshlamoqchi bo‘lib turgandik.

Men stulni hatlab o‘tib, o‘z joyimni egalladim. Shundagina, qo‘rquvim bosilganidan keyin muallimning egnidagi dabdabali yashil syurtuk, burama galstuk va boshidagi qora ipak taqyani ko‘rdim; u faqat inspektor tashrif buyurganda yoki mukofotlar taqdim etilayotganda shunday kiyinardi. Butun sinf ko‘zimga ajib va dabdabali bo‘lib ko‘rindi. Ammo meni boshqa holat hayron qoldirdi: ko‘pincha bo‘sh turadigan orqa o‘rindiqlarda qo‘lida uchburchak musiqa asbobi bilan qariya Xauzer, uning yonida sobiq mer, pochtachi va boshqa qishloq kishilari o‘tirardi. Ularning yuzi g‘amgin; Xauzerning tizzasida chetlari titilgan eski alifbe, uning ustida esa katta ko‘zoynak turardi.

Mos’e Amel avvalgiday muloyim, lekin jiddiy ohangda hammamizga murojaat qildi:

– Bolalar, bugun sizlar bilan so‘nggi bor dars o‘tishimiz. Berlindan Elzas va Lotaringiya maktablarida faqat nemis tili o‘qitilishi haqida buyruq berildi… Yangi o‘qituvchi ertaga keladi. Bugun frantsuz tilidan oxirgi mashg‘ulotimiz. Iltimos, e’tiborliroq bo‘ling­lar!

Mana shu ikki og‘izgina so‘z meni larzaga soldi. Ah, razillar! Meriya devoriga ilingan e’lon nima haqida ekanligiga endi tushundim.

So‘nggi frantsuz tili darsi!..

Men bo‘lsam zo‘rg‘a yoza olardim! Demak, endi yozishni yaxshi o‘rganolmayman! Butun umr savodsiz bo‘lib qolaman! Darsga kirish o‘rniga qush uyasini axtarib yurganim, muzlagan Saara ko‘li ustida sirpanchiq uchib yo‘qotgan vaqtimga shunchalar achinib ketdimki! Biroz oldin zerikarli bo‘lgan kitoblar endi men uchun qadrdon do‘stlardek bo‘lib tuyuldi. Ulardan ajralish men uchun og‘ir edi. Mos’e Amel-chi?! Xayolimda uni boshqa ko‘rolmaydigandek edim; uning tanbehlari, chizg‘ich bilan jazolashlarini ham bir lahzada unutdim.

Bechora! U oxirgi dars sharafiga o‘zining bayramona liboslarini kiygandi; orqa o‘rindiqlardagi qishloq odamlarining nima uchun bu yerga to‘planishganini endi tushundim. Ular maktabga tez-tez kelib turmaganliklaridan afsusda edilar. Yuz-ko‘zlaridan muallimning qirq yillik halol xizmati uchun minnatdorlik bildirayotganga o‘xshab ko‘rinishardi…

Ism-familiyam yangraganini eshitib, xayolim bo‘lindi. Javob berish navbati meniki edi. Qaniydi, sifatdosh qoidalarini baland ovozda, tutilmasdan, dona-dona qilib gapirib bera olsam. Biroq men hammasini chalkashtirib yubordim, og‘irligimni u oyog‘imdan bu oyog‘imga tashlab, ko‘zimni yerdan uzolmay turaverdim. Mos’e Amel menga tikilgancha so‘zlay boshladi:

– Men seni koyimayman, Frants o‘g‘lim, shundoq ham jazolanganingni bilsang kerak… Har safar, qayoqqa ham shoshildim, ertaga yodlayman, deb o‘ylaysan. Oqibati nima bo‘ldi? Biz elzas­liklar o‘qishni doimo ortga suramiz – fojeamiz ham ana shunda. Sizlar o‘zingizni frantsuz deb bilasiz, vaholanki, o‘z ona tilingizda to‘g‘ri gapirishni ham, yozishni ham eplay olmaysiz. Bunda sening aybing boshqalarnikidan kam emas, Frants o‘g‘lim. Biz o‘zimizdan o‘pkalashimiz kerak. Ota-onalarimiz o‘qishlarimiz haqida ko‘p ham qayg‘uravermaydi. Maktabga jo‘natish o‘rniga qo‘shimcha aqcha maqsadida sizlarni dalaga yoki fabrikaga ishlash uchun yuborishadi. Men o‘zim-chi? Men emasmi sizlarga bilim berish o‘rniga bog‘dagi gullarni parvarishlashni zimmangizga yuklagan?! Men emasmi baliq ovlagim kelib qolganda sizlarni darsdan ozod qilgan?!

Shundan so‘ng mos’e Amel frantsuz tili dunyodagi eng ajoyib til ekanligini, bu tilni asrashimiz lozimligini, chunki mustamlaka xalq o‘z ona tili yordamidagina yorug‘likka chiqa olishini uqtirdi… So‘ngra muallim grammatikadan ma’ruza o‘qidi. Darsni yaxshi tushunayotganimdan o‘zim ham hayratda edim. Mos’e Amel mavzuni juda ravon tushuntirardi. Avvallari, darsni bunchalik diqqat bilan tinglamagandim. Muallimimiz ketish oldidan bor bilimini bizga qoldirmoqchidek edi, go‘yo.

Grammatikadan so‘ng yozuvga o‘tdik. Mos’e Amel namuna sifatida doskaga chiroyli husni­xat bilan quyidagi so‘zlarni yozib qo‘ydi: “Frantsiya, Elzas. Frantsiya, Elzas”.

Sinf suv quygandek jimjit, faqat qog‘oz ustida yugurayotgan qalamlarning qitirlashigina eshitilardi…

Maktab tomida kaptarlarning g‘uv-g‘uvlagani qulog‘imga chalindi. O‘ylanib qoldim: “Hali ularni ham nemischa kuylashga majburlash kerakdir?”

Ko‘zimni daftardan uzganimda mos’e Amelning maktab bilan qayta ko‘risholmaydigandek har bir narsaga sinchiklab qarayotganini payqadim. O‘ylab ko‘ring-a, u qirq yillik umrini shu maktab­ga baxshida etdi. Eski stul va partalar kirlanib yaltirar, hovlidagi kashtan daraxtlari osmon qadar bo‘y cho‘zgan, ularning tagiga ekilgan xmel butun derazani to‘sib turardi. Uning uchun bularning hammasi bilan xayrlashish og‘ir edi. Axir, u ertaga bu yerlarni butunlay tark etadi.

Mos’e Amel darsni oxirigacha yetkazishga o‘zida kuch topa oldi.

Yozuv-chizuvdan so‘ng tarix darsiga o‘tdik; keyin barchamiz jo‘rovoz bo‘lib harflarni qaytardik: ba, be, bi, bo, bu. Orqa o‘rindiqdagi qariya Xauzar ham ko‘zoynagini taqib, alifbeni qo‘lida tutgancha bizga qo‘shildi: ovozi hayajondan titrab chiqardi; uni eshitib yig‘lashni ham, kulishni ham bilmasdik. O, yo‘q! Bu dars sira ham yodimdan ko‘tarilmaydi…

To‘satdan cherkov soati kun yarim bo‘lganini, ibodatga shoshilish kerakligini eslatgandek bong ura boshladi. Shu onda deraza tagidan mashg‘ulotdan qaytayotgan pruss askarlarining trubalari jarangladi. Mos’e Amelning rangi bo‘zdek oqardi va o‘rnidan turdi.

– Do‘stlarim, – dedi u, – do‘stlarim, men, men…

Uning bo‘g‘ziga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Qo‘liga bo‘rni olib, katta harflar bilan kuchining boricha quyidagi so‘zlarni yozdi:

“Yashasin Frantsiya!”

Keyin boshini eggancha stulga o‘tirib qotib qoldi va qo‘li bilan bizga ishora qildi:

“Endi tamom… Ketinglar”.

Saidjalol Saidmurodov tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2015 yil, 9-son

Ma'rufjon Yo‘ldoshev. Mamduh (hikoya)
Kasalxonaga kelganimga bir hafta bo‘lganiga qaramay, palatada yolg‘iz yotardim. Bu yerda vaqt juda sekin o‘tardi. Gazeta varaqlashdan ham, shiftga termilib yotishdan ham zerikdim. Xonaga bironta bemor keltirishlarini kutardim. Va nihoyat o‘sha kutilgan bemor ham keldi. Biroq keksa odam ekan. Hafsalam pir bo‘lganidan yana shiftdagi naqshlarga termulib yotishda davom etdim…
Aytishlaricha, bu kasalxona oldin fransuz san'at maktabining binosi bo‘lgan ekan. Urushdan keyin bu maktab yopilib, viloyat harbiy kasalxonasiga aylantirilibdi. Xona uncha keng bo‘lmasa-da shifti baland edi. Deraza va eshiklarining yuksakligi ham menga g‘ayritabiiydek tuyuldi. Ganchkori koshinlaridagi yaproqsimon qabariq naqshlar ustidan bo‘yoq tortilgan bo‘lsa ham eski hashamatini yo‘qotmagan edi. Bir qatorda 72 dona dafna yaprog‘i, 28 dona gulg‘uncha ishlangan edi. Zerikkanda ularni birma-bir sanab chiqqandim. Hatto ko‘rsatkich barmog‘imni har bir yaproq va gulg‘uncha ustidan xayolan bir necha bor yurgazib chiqqandim. Deraza romlarining ko‘chgan joylaridan eski bo‘yoqlari ham qatma-qat bo‘lib ko‘rinib turardi. Bir joyidagi bo‘yoq ko‘chigi inson yuzi shaklini paydo qilgandi. Keng peshonasi, sochi, uzun chanasi va beo‘xshov quloqlari bilan bir hamqishlog‘imni, kapitan Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘lini eslatardi. Har kuni o‘sha ko‘chikka bir necha bor qarayman, uni eslayman. Uning qo‘l ostida ma'lum muddat harbiy xizmatni o‘tadim. Bir qishloqdan bo‘lsak ham menga g‘irt begonadek muomala qilardi. Bir kuni yoniga topshiriq olgani kirdim. Hech kim yo‘qligidan foydalanib o‘zimizning qishloq tilida murojaat qildim: “Mamduaaa, qishloqni eslab turasanmi?” Savolim og‘zimdan chiqib ulgurmasdan kapitan keskin ohangda: “Mamduh qishloqda qolgan! “O‘rtoq kapitan” deb murojaat qilasan, o‘rgatishmadimi?!” dedi. Qulog‘im tagiga shapaloq yegandek bo‘ldim. Birdan o‘zimga kelib: “O‘rtoq, kapitan! Uzr so‘rayman!” dedim hayratdan nima deyishni bilolmay.
Birga to‘p o‘ynab, quvlashmachog‘u bekinmachoq o‘ynaganimiz Mamduh bizdan bir sinf yuqorida o‘qir edi. Lekin doim birga edik, mol-holni o‘tlatgani ham, loyqa ariqda cho‘milgani ham birga borardik. Toki to‘rtinchi sinfga o‘tgunimizcha. Mamduhlar oilasi Istanbulga ko‘chib ketishdi-yu, qaytib ko‘rishish nasib qilmadi. Hamma hayot ummoniga o‘zicha sho‘ng‘ib ketdi. Ba'zan bolalikni qo‘msaganda hammasi birdaniga qayta jonlanar, maqomlar, makonlar, kasblar, imkonlar o‘rtadan birdaniga ko‘tarilib g‘oyib bo‘ladi. Va o‘sha tog‘ etagidagi do‘ppidek qishloqning chegaralari ham ko‘rinmay ketadi… Yana issiqdan ko‘pchib oyoqlarimizni kuydiradigan tuproq yo‘llar, darvozasiz oqsuvoq uylar, chetlarida tizza bo‘yi ajriqlar o‘sgan loy ariq, qattiqroq shamolda ag‘anab tushadigandek mayishib turadigan simyog‘ochlar… Angladimki, bolalik hayotimning eng go‘zal pallasi, menga tuhfa qilingan eng go‘zal sovg‘a… Buni qachon anglab yetganimni aniq eslay olmayman ammo endi har kuni yana-da teran his qilib boryapman. Zero anglab yetgan paytingda bolalik allaqachon o‘tib ketgan bo‘ladi. Endi buyog‘iga, bir kunga bo‘lsa-yam, o‘sha beg‘ubor damlarga qaytishni orzulab yashaysan xolos. Ba'zan, shamolga qarshi shohlanib, ko‘tarilib borayotgan varraklarda, ba'zan loyqa suvda qalqib-qalqib borayotgan oqizoq olmada bo‘y ko‘rsatib qolganida bir on qadar qisqa vaqt tilimida borib kelganingga shukronalar aytib yashayverasan… Ichingda umr bo‘yi bekinmachoq o‘ynab yuradi endi bolalik. Eng yomoni nima, bilasanmi? U bekingan joyni topolmaysan, qidirasan, qidiraverasan… “Olma desam chiq, behi desam chiqma…” Do‘stlaringga olazarak boqib ovora bo‘lma, hech kim topishingga yordam berolmaydi…
Hali dardning, kasallikning nimaligini anglab yetmagan ammo kasal bo‘lib qolishni juda-juda orzu qiladigan g‘alati damlar ekan bolalik… Issiqlik o‘lchagichni siltab darajasini ko‘tarib yotib olardik yolg‘ondakamiga. Ota-onamizning parvona bo‘lishiga, opa-ukalarimizning mehribon bo‘lib qolishiga mushtoqlikdanmidi, bularning bari yoki maktabdan bezganimizdanmidi va yo shunchaki nayrang ishlatgimiz kelib qolganidanmidi, bilmayman. Lekin men tanigan bolalarning hammasi bir marta bo‘lsa ham bu hiylani qo‘llab ko‘rgan. Mamduh shu oddiy hiylani ham uddalab ishlata olmaganidan qishloqda mas’hara bo‘lgandi. Bir kuni dadasi unga o‘tin yorib qo‘yishni buyurib ishga ketibdi. Mamduh o‘yinga berilib ketib topshiriqni unutibdi. Dadasi kelar choqda kattagina achchiq qalampirni nonni orasiga qo‘yib yeb olibdi. Yuzi-ko‘zi lovullab yona boshlabdi. Hech kimga nima yeganini aytmay oh-vohlab qornini ushlab yotib olibdi. Onasi vahima qilib otasiga aytibdi. Otasi to‘ppa-to‘g‘ri doktorni olib kelibdi. Doktorni ko‘rar-ko‘rmas nima yeganini-yu nimaga yeganini sayrab ketibdi. O‘sha kuni otasidan yaxshigina kaltak ham yeb olgan ekan.
Bolalikda o‘rtoqlaringni muhim-nomuhimga ajratmaysan. Kattalar ajratib beradi kim muhimu kimning nomuhimligini. Ammo ularning barchasi bilan qachondir qandaydir sabablar bilan uchrashaverasan. Eng kamida xayolan… Eslaganingda ham bolalik o‘z mohiyatiga ters ish qilmaydi. Keyinroq dushmaningga aylangan yoki hayotingdan butunlay chiqarib tashlagan kishilaringni ham eng sof holida ko‘z oldingga keltiraveradi.
Agar imkoni bo‘lsa edi… Istamagan kishilaringni bolaligingdan ham, xotiralaringdan ham butunlay chiqarib tashlay olsang edi… Men, Mamduhni, Mamduaaani birinchi navbatda o‘chirib tashlagan bo‘lardim…
Xullas, biz ikki g‘ildirakli velosipedga ega bo‘lishni yoki tuman markaziga tushib kosachada muzqaymoq yeyishni katta orzu deb biladigan bolalar edik. Ammo Mamduh boshqacha edi. Ko‘p kitob o‘qirdi. A'lochilar doskasiga rasmini ilib ostiga Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li deb yozib qo‘yishgan edi. O‘shanda ajablangandim. Uning xujjatdagi ismi Turg‘ut ekan. Nega uni Mamduh deganimizni bilmasdim. O‘ylab ham ko‘rmagandim. Lekin bu tabiiy hol edi u paytlarda. Qishlog‘imiz tog‘ etagida joylashgan bo‘lib, bor-yo‘g‘i 15-20 xonadondan iborat edi. Na maktab na kasalxona bor. Qishloqdagi asosiy davlat idorasi mahalla raisi o‘tiradigan choyxona oldidagi taxta kulba edi. Kulba yaqinidagi temir tirgakda bayroq hilpirab turardi. Choyxonada o‘tirib ham kulba eshigiga yopishtirilgan mahalla raisining qabul soatlari yozilgan lekin hech kim amal qilmaydigan sarg‘ayib ketgan jadvalni, derazadan ichkaridagi almisoqdan qolgan stol-stul va devorga chorcho‘psiz ilib qo‘yilgan Otaturk portretini ko‘rish mumkin edi. Rais qishloqdagi eng e'tiborli kishi sanalardi. “Rais aytganmish”, “Raisimizning og‘zidan o‘zim eshitdim” kabi ta'kidlar har qanday bahsga yakun yasash uchun asos bo‘ladigan bir navi “rivoyati sahiha” hukmidagi jumlalar edi. Qishloqda kimning farzandi tug‘ilsa, tuman markaziga o‘zi borib guvohnoma olish o‘rniga dasturxon ko‘tarib rais huzuriga chopardi. Rais afandi ham xabarni olar-olmas tura solib markazga chopadiganlardan emasdi. Mahallada kimning uyida qachon farzand tug‘ilishini besh qo‘lday bilardi. Shu bois guvohnoma uchun kelganlarga shoshilmay turishni aytar, navbatda tug‘ilajak bolalar ro‘yxatini sanab berardi. “Tug‘ish mavsumi” tugagach, hammasini to‘plab ro‘yxat qilib, eshagiga sovg‘a-salomlarni joylab markazga yo‘l olar edi. Guvohnomalar kelganida ota-onasi qo‘ygan ism qolib, butunlay boshqa ismlar yozilgan bo‘lardi. Oiladagilar Ahmad deb yurgan bolaga Mehmed ismi yozilgan guvohnoma kelardi yo aksincha. Bunga hech kim e'tiroz ham qilgan emas. Hatto Fardi akamga ham ikki yoshida o‘lib ketgan Hasan akamning guvohnomasini berishgan. “Ol, bu senga endi” deganlarida suyunganini aniq eslayman. Fardini 16 yoshga to‘lganida qo‘shnimizning qiziga uylantirib qo‘yishdi. Bir ikki yildan keyin akam Olmoniyaga ishlashga ketadigan bo‘ldi. Yangam rozi bo‘lmadi. Ajrashishdi. Oradan besh yil o‘tib akam qaytib keldi. U bilan birga tuman markaziga ajrashganligi haqidagi rasmiy hujjatni olishga bordik. Akam kirib ketdi. Ancha o‘tib meni chaqirdi. Ichkariga kirsam, mulozim meni so‘roqqa tutdi.
– Isming nima?
– Arkon
– Manzilingni ayt-chi, qani!
– Shu… Tepadagi Xojiyotmas qishlog‘idan. Maxmutlar sulolasidan…
– Oilada necha kishisizlar?
– Sakkiz kishi.
– Ismlarini kattadan boshlab tartib bilan sana.
Barmoqlarimni bukib sanay ketdim:
– Sabriya, Sanam, Fotma, Omina, Fardi, men Arkon, Hilmi, Nogohon.
– Ominadan oldin Hasan bor, Hasan akang. Fardi degani yo‘q. Hasan bor, Ominadan oldin nega uni sanamading?
– Ikki yoshidaq o‘lib ketgan.
– Yo‘q, mana ro‘yxatda turibdiku! Nimaga o‘chirilmagan? O‘lganini tasdiqlovchi hujjat bormi? Yo‘q…
– Uni men qayoqdan bilay, afandim. Lekin o‘lgan akamning guvohnomasini Fardi akamga berishganini bilaman.
– Nima? Kim bergan?
– Otam.
Mulozimning astoydil jahli chiqib, xuddi men aybdordek jerkib gapira boshladi:
– Fardinikini kimga bergan unda?
– Unga olishmagan, o‘lgan akamnikini bergan dedim-ku.
Mulozim yana o‘sha asabiy ohangda davom etdi:
– Unda Fardi degan kimsa yo‘q bu oilada, umuman yo‘q, yashamaydi! Otangiz hal qilsin endi bu masalani. Yana, aytib qo‘yay, Hasan akang ham, sen ham opa-akalaringni ismini to‘g‘ri aytolmading. Hozir to‘ppa-to‘g‘ri uyingizga boring, oila a'zolaringizning guvohnomasini oldingizga qo‘yib yodlab olinglar. Tartibi bilan! Bir marta kechirdim, keyingi safar kechirmayman.
Qisqasi, biz o‘zimizning kimligimizni isbot qilib berolmadik. U yerdan chiqib, qishloqqa ketar ekanmiz, ikkovimiz ham mulozimning nima sababdan jahli chiqqanini-yu, nimaga kechirib-kechirmasligini ham tushunolmay xayron bo‘lgandik. Ayniqsa, “Hasan akang ham to‘g‘ri aytolmadi” deganda yuragim shuvillab ketdi.
Mamduhning Turg‘utga aylanganini bilganimda ham ajablanmadim faqat uni “Mamduaaa” deb chaqirolmasligimdan afsuslangandim xolos. Harbiy xizmatimning bir oylik sinov muddatini Balikesirda, “Quruqlikdagi piyoda qo‘shinlari” safida o‘tadim. Bir oylik sinov davri bir yildek hatto ming yildek uzoq cho‘zilgan edi. Sinov muddati tugab poytaxtdagi piyoda qo‘shinlari qismiga yuborildim. Meni kutib olgan navbatchi askar oldin kadrlar bo‘limiga olib bordi. U yerda hujjatlarni to‘ldirib bo‘lgach kazarmaga olib borish o‘rniga kapitan Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li qabulxonasiga boshlab bordi. Eshikdagi zarhal lavhaga yozilgan unvon va ismi-sharifni hayratla o‘qidim. Familiyasi tanish, bunday familiya kamdan-kam uchraydi. “Bu o‘zimizning Mamduh bo‘lmasin”, – deb o‘ylab turganimda ichkariga chaqirishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘zimizning Mamduh, Mamduaaa. O‘zimcha “hozir meni tanib yugurib kelib quchoqlab ko‘rishadi” – deb o‘yladim. Bu ikkovimiz uchun ham juda katta syurpriz bo‘ldi, degan o‘y kechdi xayolimdan. Men ham navbatchi askar va yana xonadagi allaqanday harbiy kishilar oldida maqtanib kulishimdan tortib, nimalar deyishim-u, nimalarni so‘rashimgacha hammasini bir zumda hayolimdan o‘tkazdim. Iloji boricha, Istanbul shevasida gapirishga harakat qilaman, deb o‘yladim. O‘qimishli odamlar oldida Turg‘utni uyaltirib qo‘ymasligim kerak, axir. Bularning barini kapitan Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li mening hujjatimni olib ko‘z yugurtib menga qaragunicha hayolimdan o‘tkazib bo‘lgandim. Ichimdan vulqondek otilib kelayotgan quvonchni tishlarim bilan siqib turdim. Nima bo‘lsa ham bu yer qishloq emas, jiddiy joy. Mamduaaa ham endi loy ariqda erta-yu kech cho‘milib, temiratkidan yuzlari tirishib yurgan qishloqi yigit emas, kimsan kapitan Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li! Buni qara-ya… Biram salobatli, kelbatli bo‘lib ketibdi… Qishloqda yurganida mendan katta bo‘lsa-yam, majmag‘ilgina bola edi. Shaharga ketib yaxshi qildi. Bo‘lmasa u ham bizdek g‘urbatda “olomonchi” bo‘lib yurarmidi. O‘qib odam bo‘ldi. Shahar odamni o‘zgartiradi-da! U ham men his qilayotgan tuyg‘ularni ichidan o‘tkazayotgani aniq, ammo sukunatini saqlab turibdi. Bu-yam osonmas…
Shu payt, uning jarangdor ovozidan o‘zimga keldim:
– Navbatchi, oddiy askar Arkon Yildirimni kazarmaga olib boring! Ruxsat!
Navbatchi askar ham shiddatkor ovozda javob qaytardi:
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq kapitan!
Hujjatlarimni navbatchiga qaytarib berdi. Eshikni yopayotib yana bir marta ko‘z qirim bilan qaradim. U kreslosiga yonmachasiga o‘tirib qo‘lidagi gazetasini varaqlayotgan edi…
Mamduaaa, Mamduh, yo‘q, kapitan Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li meni tanimadi…
Shunday qilib, harbiy xizmatimning poytaxtdagi uchinchi oyida kapitan Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘lini sharqiy viloyatlardan biriga yana-da balandroq rutba bilan yuborishganini eshitdim. O‘sha-o‘sha uning qarshisida o‘zimni ezilgandek his qilishdan qutildim. “So‘fi terakka o‘xshab na soyasi bor, na mevasi”, – deb o‘ylardim har gal uni ko‘rganda. Endi shu va shunga o‘xshash ruhni qaqshatguvchi o‘ylardan ham qutilgan edim. “Menga desa jahannamga ketmaydimi, kimki u menga?!” degan sari esimga tushaverardi. Ba'zida uning ismi-sharifi yozilgan zarhal lavhaga uzoqdan ko‘z uchimda qarab qolardim. Gajakdor qilib juda chiroyli yozib qo‘yilgan edi-da… Endi o‘sha lavhada butunlay begona bir kapitanning qisqagina ismi-sharifi turibdi.
Rosti, meni tanimasa ham, zarracha foydasi tegmasa ham uning shu yerdaligi menga katta dalda ekan… Buni u ketgandan keyin, o‘zimni yolg‘iz, huvillab qolgandek his qilganimda angladim. U shu yerdaligida har kuni ming bor nafratlansam-da yana kechirib yuboraverar edim. Nega kechirishimni o‘zim ham tushunolmasdim… Qishloqda loyqa ariqda birga cho‘milganlarimizni eslaganimdayoq uni kechira boshlardim. Ayniqsa, oyog‘im uvishganidan vahimada suv yutib cho‘kib ketishimga bir bahya qolganida u meni qutqargan edi. Bitta jon qarzim bor edi unga… Shunday odamni unutib bo‘ladimi? Keyin ular ko‘chib ketishayotganida eng yaxshi ko‘rgan o‘yinchog‘imni bergandim.
Qizil metal mashina edi. Eshiklari ochilib yopilardi. Bitta eshigi tushib qolgan lekin g‘ildiraklari joyida, bosibroq ortga tortib qo‘yib yuborsang g‘izillab ketadi. Berganimda oldiniga “nima qilaman buni?” – deb olgisi kelmagandi. Keyin “mayli eslab yuraman” degani yodimda. Men bitta jon qarzimni uzgandek yengillagandim o‘shanda.
Ammo u, o‘sha Mamduaaa, Mamduh kapitan bo‘lgachmi o‘zgarib, odam tanimas bo‘lib ketibdi, yoki Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li bo‘lganidan keyinmi?..
Agar imkoni bo‘lsa edi. Istamagan kishilaringni bolaligingdan ham, xotiralaringdan ham butunlay chiqarib tashlay olsang edi. Men, Mamduhni, Mamduaaani birinchi navbatda o‘chirib tashlagan bo‘lardim…
Harbiy xizmatimning tugashiga bir necha kun qolgandi. Dala amaliyoti payti mina portlashi oqibatida chap oyog‘imdan ajraldim. Oradan olti oy o‘tdi. Barcha isyon va shakkokliklarim ortda qoldi. Qolgan umrimni sabru bardosh bilan o‘tkazyapman. Fizioterapiyaga kelgandim bu kasalxonaga…
Derazadan xonaga suzilayotgan oy shu'lasida operatsiyadan yangi chiqqan, hali o‘ziga kelib ulgurmagan qariyaning ko‘kimtir yuzi qo‘rqinchli ko‘rinardi. Keng peshonasi yaltirab turardi. Qosh-qovog‘ining soyasidan ko‘z o‘rnida g‘alati bo‘shliq hosil bo‘lgan edi. Qirra burni, soqoldor chanasi o‘sha bo‘shliqning yuzada muallaq qolgan davomidek taassurot uyg‘otardi. Har nafas olib-chiqarganida quruqshab qavargan lablari yengilgina titrardi. Hali narkoz ta'siridan to‘liq qutilmagan ko‘rinadi. Yoki uyqusida gapirib yotadiganlardanmi, tinimsiz bir nimalar deb pichirlab yotibdi. Agar shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa ahvol chatoq… Oradan biroz vaqt o‘tdi. Haliyam pichirlab alahsirayapti. Uzuq-yuluq jumlalardan anglaganim shular bo‘ldi:
“Sen xotirjam…, o‘g‘lim, xotir… Ortingga qarama, qarama… Omonating…”
Demak, ro‘yosida o‘g‘li bilan nimaningdir hisob-kitobini qilmoqda. O‘g‘lini biron joyga kuzatayotgandir, balki…
Endi ko‘zim ilingan ekan, qariyaning hirqiragan ovozidan uyg‘onib ketdim. Ko‘zlarini katta-katta ochib menga qarab nimadir demoqchi bo‘ldi. Unga qaradim-u birdan seskanib tushdim, ichimga allaqanday titroq kirdi, tanimdan sovuq ter chiqib ketdi. O‘zi deraza tagidagi sim karovatda yotardi-yu, ruhi burnimning uchida turgandek sovuq nafasini his qildim. Bor ovozda negadir “hamshira!” deb baqirdim. Qariya “chaqirma, keragi yo‘q, men tuzukman” – dedi hirqiragan tovushda. Men qo‘rqqanimdan baqirganimni sezmaganiga shukr qilib undan hol so‘ragan bo‘ldim. U esa, sokin ovozda: “U ketdi” – dedi tabassum bilan. “Endi, qo‘rqma…” Men battar qo‘rqdim ammo xijolatdan bildirmaslikka tirishib: “Nega qo‘rqarkanman? Kim?… Kim ketdi?” – dedim. Qariya kalta-kalta nafas olib davom etdi: “Mamduaaa, Mamduh ketdi…”
“Hamshiraaa!!!” baqirib yuborganimni sezmay qoldim. Eshik taraqlab ochilib hamshira kirib keldi. Chiroqni yoqib so‘radi: “Tinchlikmi? Nima bo‘ldi, Arkon afandi?” Nima deyishni bilolmay: “tinchlik, faqat chiroqni o‘chirmang, iltimos, uyqum qochdi, kitob o‘qimoqchiman” – dedim xijolatomuz. Hamshira chiqib ketgach, qariya gap boshladi:
– U ketdi, aytadigan gapini senga o‘zi aytmoqchi edi, ammo atrofingga nafratdan shunchalik baland devor tikibsan-ki, o‘tolmadi, aytolmadi…
– Kim? Qanaqa nafrat? Nimalar deyapsiz?
– Mamduh keldi, kapitan Turg‘ut afandi…
– Qachon keldi? Men nega ko‘rmadim? Siz uni qayoqdan taniysiz?
– Orangizdan nima gap o‘tganini bilmayman. U sendan uzr so‘radi. Ishxonasiga borishingni tayinladi. Rizolik istadi. Undan qattiq xafa bo‘lganmiding?
– Ha…
– O‘lim barhaq, hammamizga ham navbat keladi. Yo‘lga chiqishdan oldin ortiqcha yuklarni tashlab yuborgan ma'qul. Ruh uchun eng og‘ir yuk nafrat bo‘ladi. Nafratdan qutilmagan siroti mustaqimdan o‘tolmaydi, bolam. Kechirimli bo‘lki, seni ham yaratgan egam kechirsin…
– … Sizga nimalar deb shikoyat qildi? Nega menga uchramadi? Qachon keldi o‘zi?
– Bilmadim, bolam, bilmadim, tush ko‘rdim shekilli…
Qariya ko‘zini yumib chuqur nafas oldi. Qaytib og‘iz ochmadi. Ertalab kapitan Turg‘ut Tunchqoyao‘g‘li boshchiligidagi bir guruh askarning terroristlar bilan qilgan mardonavor jangi haqida xabar ko‘rsatishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, qurbon bo‘lgan harbiylar ro‘yxatining boshida mayor Turg‘ut Tunchqoya o‘g‘li ismi turardi. O‘zimga kelolmadim. Bo‘lishi mumkin emas, dedim. Bu dahshatli tushdan tezroq uyg‘onishni istadim. Qo‘ltiq tayog‘imni yerga urib-urib yig‘ladim. Alamdan qaqshab-qaqshab yig‘ladim. Mamduaaa, Mamduh deb yig‘ladim… Nega yig‘ladim, bilmayman. Nega yig‘lashim kerak? Kim u menga? – deb yig‘ladim.
Muolajalar tugab uyga ruxsat berishdi. Qariya bilan ham xayrlashdim. U yalinchoq ovozda ta'kidladi:
– Uni kechirgin-a, bolam! Ishxonasiga borishni ham unutma. Uni oppoq nur ichida ko‘rdim. Rozi bo‘lib qo‘ygin…
Kasalxonadan chiqib, uyga emas, to‘ppa-to‘g‘ri Mamduh xizmat qilgan harbiy qismga yo‘l oldim. Navbatchi askarga do‘stimning xizmat xonasiga kirishim kerakligini aytdim. Meni qism komandiri oldiga boshlab bordi. Unga bor gapni aytdim. Birga uning xonasiga kirdik. Fotiha o‘qib uni yodga oldik. Stoli ustida yog‘och bo‘lagiga qotirilgan qizil metal mashinachaga ko‘zim tushdi-yu, titrab ketdim. O‘sha qizil metal mashinam. Eshiklari ochilib yopiladi. Bitta eshigi tushib qolgan lekin g‘ildiraklari joyida. Faqat endi bosibroq ortga tortib qo‘yib yuborsang g‘izillab ketolmaydi. Chunki taxta taglikka qotirib qo‘yibdi. Berganimda oldiniga “nima qilaman buni?” – deb olgisi kelmagandi. Keyin “mayli eslab yuraman” deb kulimsiragani yodimda. Men bitta jon qarzimni uzgandek yengillagandim o‘shanda… Mashinachani olib xonadan chiqdim. Eshikni yopayotib ko‘z qirim bilan ichkariga qaradim. Kresloda yon burilib gazeta o‘qiyotgan Mamduhga, ha, ha, o‘sha o‘zimizning Mamduaaaga ko‘zim tushdi.
Agar imkoni bo‘lsa edi… Istamagan kishilaringni bolaligingdan ham, xotiralaringdan ham butunlay chiqarib tashlay olsang edi. Men, bu imkondan butunlay voz kechgan bo‘lardim. Chunki mening hayotimdan, bolaligimdan, xotiralarimdan o‘chirib tashlaydigan kishim yo‘q.

2016. Izmir, Turkiya

Anton Chexov. G‘alva (hikoya)
Yaqinda institutni tamomlagan yoshgina qiz — Mashenka Pavletskaya o‘zi tarbiyachi bo‘lgan Kushkinlar uyiga sayrdan qaytib kelib, ta'rifdan tashqari g‘alati g‘alva ustidan chiqdi. Unga eshik ochgan shveytsar Mixaylo hayajonlangan va qisqichbaqadek qizarib ketgan edi.
Yuqoridan shovqin-suron eshitilardi.
«Bekaning tutqanog‘i tutib qolganga o‘xshaydi… — deb o‘yladi Mashenka, — yoki eri bilan janjallashib qolgan…»
U oldingi xonada va dahlizda oqsochlarni ko‘rdi. Bir oqsoch yig‘lab yubordi. Keyin Mashenkaning ko‘zi o‘zi turgan xonadan chopib chiqqan xo‘jayini Nikolay Sergeyichga tushdi. U jimitgina, salqigan yuzli, hali uncha qarimagan, kattakon tepakali bor odam edi. U ham qizarib ketgan, qaltirardi… Nikolay Sergeyich yo‘l ustida turgan tarbiyachini sezmay, Mashenka yonidan o‘tib ketdi va qo‘llarini osmonga ko‘tarib xitob qildi:
— O, bu qanday dahshat! Qanday andishasizlik! Qanday telbalik, yovvoyilik! Bemazalik!
Mashenka o‘z xonasiga kirib keldi va umrida birinchi marta badavlat hamda otoqli odamlar uyida bir burda non uchun yashovchi itoatkor, mo‘min-qobil kishilarga juda tanish bo‘lgan achchiq his-tuyg‘ularni boshidan o‘tkazdi, uni ravshan sezdi. Uning xonasida tintuv o‘tkazishmoqda edi. Bekasi — Feodosya Vasilevna, to‘ladan kelgan, yelkalari keng, qalin qora qoshli, yuqori labining usti sezilar-sezilmas mo‘ylov qoplangan, qo‘llari qip-qizil, afti-basharasi va yurish-turishidan oddiy oshpaz ayollarga o‘xshaydigan beso‘naqay ayol, uning stoli yonida boshyalang turib, sumkacha ichidan olingan, koptok qilib o‘ralgan jun ip, latta-putta, qog‘ozlarni solib qo‘yardi… Chamasi, tarbiyachining kelib qolishini kutmagan bo‘lsa kerak, Mashenkaning oqarib ketgan va hayrat ifodasi kezgav yuziga ko‘zi tushishi bilan beka sal izza bo‘lib:
— Pardon , men… men bilmasdan sochib yubordim… yengim tegib ketdi… — deb g‘o‘ldiradi.
Kushkina xonim yana allanima deb, ko‘ylagi etaklarini shildiratgancha uydan chiqib ketdi. Mashenka hayron bo‘lib, o‘z xonasiga ko‘z yugurtirdi. Hech nimaga tushunmay, nima to‘g‘rida o‘ylashni bilmay, yelkasini qisdi va qo‘rqqanidan eti jimirlashib ketdi… Fedosya Vasilevna uning sumkasidan nimani axtardi? Bordi-yu, o‘zi aytganidek, chindan ham sumkaga yengi tegib ketib, buyumlarni sochib yuborgan bo‘lsa, nima sababdan Nikolay Sergeyich bu xonadan hayajon ichida qip-qizarib chopib chiqdi? Nega stolning bir tortmasi sal ochiq qolgan? Tarbiyachi mayda pul bilan eski markalarni berkitib qo‘yadigan kopilka ochilipti-ku. Uni ochishga ochishipti-yu, lekin qulfni chaqa qilib, tirnaganlariga qaramay yopisholmapti. Kitoblar javoni, stol va o‘rin ustida hozirgina qilingan tintuv izi sezilib turardi. Ichki kiyim-bosh solingan savat ham titilgan. Kiyimlarni yana yaxshilab taxlab qo‘yishibdi, lekin, Mashenka uydan chiqib ketayotganda o‘zi taxlab ketgan tartib buzilibdi. Demak, haqiqiy tintuv bo‘lgan. Lekin, nega, sababi nima? Nima bo‘ldi? Mashenka, hayajonga tushgan shveytsarni, hamon davom etayotgan olag‘ovurni, boya yig‘lab yuborgan oqsochni esladi; ehtimol, bularning hammasi hozirgina uning xonasida o‘tkazilgan tintuvga aloqadordir? Allaqanday dahshatli ishga uni aralashtirishmaganmikin? Mashenkaning yuzi bo‘zday oqarib ketdi va a'zoyi-badani kesakka aylanib, kiyim solingan savatga o‘tirib qoldi.
Uyga oqsoch xotin kirdi.
— Liza, siz bilmaysizmi, mening uyimni, nega tintishdi? .. — deb so‘radi u oqsoch xotindan.
— Bekamizning ikki ming so‘m turadigan to‘g‘nog‘ichlari yo‘qolipti… — deb javob qildi Liza.
— Shundaymi, lekin nega mening uyimni tintishdi?
— Oyimqiz, hammani ham tintuv qilishdi. Mening hamma yog‘imni tintib ko‘rishdi… Bizlarning hammamizni qip-yalang‘och qilib yechintirib, tintishdi… Men bo‘lsam, oyimqiz, boshimizda xudo bor… U kishining to‘g‘nog‘ichlarini olish u yoqda tursin, hatto pardoz stollari yoniga yaqin yo‘lamagan edim. Politsiyaga borgandayam shunday deyman.
— Xo‘p, lekin… menikini nega tintishdi? — dedi tarbiyachi tushunolmay.
— Aytayapman-ku to‘g‘nog‘ich o‘g‘irlangan deb… Bekamizning o‘zlari o‘z qo‘llari bilan hamma yoqni axtarib chiqdilar. Hatto shveytsar Mixaylovni ham o‘zlari tintib ko‘rdilar. Juda uyat bo‘ldi! Nikolay Sergeyich faqat o‘qrayib qaraydi-yu, tovuqday qaqag‘lab yugurib yeladi. Siz, oyimqiz, bekorga titrab o‘tiribsiz. Siznikidan hech nima topishmadi! To‘g‘nog‘ichni olmagan bo‘lsangiz qo‘rqib o‘tirishga hojat yo‘q.
— Liza, axir bu pastkashlik… Haqorat-ku! — dedi fig‘oni oshib, nafasi qisilib ketgan Mashenka. — Bu qabihlik, tubanlik! Mendan shubha qilishga, mening buyumlarimni titishga qanday haqlari bor?
— Oyimqiz, begona kishilar uyida turasiz, — dedi Liza, chuqur nafas olib, — oyimqiz bo‘lsangiz ham, harqalay… Cho‘ri sifatidasiz… Bu yer sizga ota-onaning bag‘ri emas…
Mashenka o‘zini o‘ringa otib ho‘ngrab yig‘ladi. Hech mahal unga bugungiday zo‘ravonlik qilmagan va hech qachon uni bugungiday og‘ir haqorat qilmagan edilar… Yaxshi tarbiya ko‘rgan, sezgir, o‘qituvchining qizi Mashenkadan shubhalanishdi, daydi ayolday, uning uyida tintuv o‘tkazishdi! Bundan ortiq haqoratni o‘ylab ham topib bo‘lmas! Ana shu ranjish va xafalik ustiga, bu yog‘i nima bo‘ladi? degan qo‘rqinchli savol ham qo‘shildi. Uning miyasiga yo‘q yerdagi turli-tuman xayollar kela boshladi. Agar undan shubhalanishgan ekan, demak, qamab qo‘yishlari ham, yechintirib qidirishlari ham mumkin. Keyin soqchilar ko‘chadan haydab knyaz qizi Tarakanova o‘tirgan kameradek qop-qorong‘i, eshakqurt bosgan, sichqonlar izg‘ib yurgan zax kameraga tiqib qo‘yishadi… Uni ajratib oladigani bormi? Ota-onasi uzoq viloyatda turishadi, bu yerga, uning oldiga kelishga pul qayda. Mashenkaning o‘zi esa poytaxtda, cho‘lu biyobonda o‘tirgandek, tanho o‘zi ota-onasiz, tanish-bilishsiz yashaydi. Uni nima qilishmoqchi bo‘lsa, shuni qilishlari mumkin.
«Jamiki sudyalar bilan himoyachilar oldiga boraman… — deb titrab-qaqshab o‘yladi Mashenka. — Ularga voqeani tushuntiraman, qasam ichaman… Mening o‘g‘ri emasligimga ishonadilar!»
Institutda o‘qib yurganidagi odatiga ko‘ra, ovqat vaqtida, uyiga yashirib, shirinliklar olib kelib qo‘yardi. Savat korzinkadagi choyshablar ostida ana shunday shirinliklar borligi Mashenkaning esiga tushib qoldi. Ana shu kichik siri xo‘jayinlarga oshkora bo‘lgan deb o‘ylab, Mashenkaning kapalagi uchib ketdi, o‘larday uyaldi. Qo‘rqinchdan, uyatdan, ranjish va xafalikdan — uning yuragi o‘ynab, chakka tamirlari, qo‘llari, ich-ichida allaqanday tomirlar lorsillab urdi.
— Ovqatga marhamat! — deb Mashenkani chaqirishdi.
«Boraymi yo bormaymi?»
Mashenka sochlarini tekislab, nam sochiq bilan yuz-ko‘zini artib, oshxonaga kirib keldi. Ovqat boshlangan edi… Stolning bir boshida gerdayib, jiddiy va befahim bashara Fedosya Vasilevna, ikkinchi boshida Nikolay Sergeyich o‘tirardi. Stolning boshqa tomonlarida mehmonlar bilan bolalar o‘tirishibdi. Qo‘liga oppoq qo‘lqop, ustiga frak kiygan ikki malay ovqat tashirdi. O‘yda alg‘ov-dalg‘ov bo‘lganini, bekaning xafaligini hamma bilardi, shu uchun hamma jim o‘tirardi. Faqat ovqat chaynashu, qoshiqlarning tarelkaga urilgani eshitilardi.
Bekaning o‘zi gap boshladi.
— Ovqatimizning uchinchisi nima? — deb so‘radi u malaylardan, toliqqan va azob chekkan bir ohangda.
— Esturjon alya ryuss! — deb javob berdi malay.
— Fenya, uni men buyurgan edim… — dedi shoshib Nikolay Sergeyich. — Baliq yegim keldi. Ma chere , agar senga yoqmasa, mayli, olib kelishmasin. Men o‘zimga haligi… shunchaki…
Fedosya Vasilevna o‘zi buyurmagan ovqatni yomon ko‘rardi, shu tufayli hozir uning ko‘zi yoshga to‘ldi.
— Qani, asablarimizni buzmaylik, — dedi mayin va yoqimli tovushda uning uy doktori Mamikov va Fedosya Vasilevna qo‘liga sal tegib, yana o‘shanday mayin va yoqimli jilmaydi. — Busiz ham asablarimiz buzilgan. To‘g‘nog‘ichni ham unutaylik! Kishining sog‘ligi ikki ming so‘mdan qimmat!
— Men ikki ming so‘mga achinayotganim yo‘q! — deb javob berdi beka va yirik yosh tomchisi uning yuziga oqib tushdi. — O‘g‘irlikning o‘zi meni g‘azablantirmoqda! Men o‘z uyimda o‘g‘ri bo‘lishiga yo‘l qo‘ymayman. Pulga achinayotganim yo‘q, hech narsaga achinmayman, lekin, mening buyumimni o‘g‘irlash — shunday nonko‘rlikki, bunga chidab bo‘lmaydi. Barcha qilgan yaxshiliklarim evaziga-ya…
Hamma o‘z oldida turgan tarelkasiga qarab o‘tirardi. Lekin Mashenkaga bekaning so‘zidan keyin hamma unga qaragandek tuyildi. Allanima tomog‘iga tiqildi va u yig‘lab yuborib, ro‘molchasini yuziga bosdi.
— Pardon, — deya g‘o‘ldiradi Mashenka, — men o‘tirolmayman. Boshim og‘riyapti. Ketaman.
Shunday deb u o‘rnidan turdi va stullarni beso‘naqay taraqlatib, bundan o‘zi badtar uyalib, yugurgancha chiqib ketdi.
— Tavba, bu nimasi? — dedi Nikolay Sergeyich yuzini burishtirib. — Uning uyini tintimasak bo‘larkan. Bularning hammasi, rost gap… Juda o‘rinsiz bo‘ldi.
— Axir men to‘g‘nog‘ichni u olgan deb aytayotganim yo‘q-ku, — dedi Fedosya Vasilevna, — Lekin, sen uni olmagan deb kafil bo‘la olasanmi? O‘zim iqror bo‘lay, bunday o‘qimishli qashshoqlarga ishongim kelmaydi.
— Rosti bilan, Fenya, juda o‘rinsiz bo‘ldi… Meni kechir Fenya, lekin, qonunga muvofiq tintuv qilishga hech haqing yo‘q.
— Sizlarning qonunlaringizni bilmayman. Bilgan narsam shuki, mening to‘g‘nog‘ichim yo‘qoldi, gap shu, vassalom. Men to‘g‘nog‘ichni topmay qo‘ymayman! — U shunday deb vilkani tarelkaga urdi, ko‘zlari g‘azabdan chaqnab ketdi. — Sen ovqat yeyishingni bil, mening ishimga aralashma!
Nikolay Sergeyich muloyimlik bilan yerga qaradi va chuqur nafas oldi. Bu orada Mashenka xonasiga qaytib kelib, o‘zini o‘ringa otdi. Endi u qo‘rqmasdi ham, uyalmasdi ham, hozir uning butun vujudini oshxonaga borish-u, mana shu toshko‘ngil, befahm, takabbur va baxtiyor xotinning basharasiga tarsaki tortish orzusi qiynardi.
Yostiqqa muk tushib, hozir magazinga borsam-u, eng qimmatbaho to‘g‘nog‘ichni sotib olib, uni zo‘ravon va o‘zboshimcha xotin basharasiga otsam, deb orzu qilardi. Qani endi xudodan bo‘lib, Fedosya Vasilevna bor bisotidan ayrilib, xonavayron bo‘lsa, tilanchilik qilsa, qashshoqlik, gadolik va birovga qaram bo‘lishning butun azobini totsa, ana o‘shanda, haqoratlangan Mashenka unga xayr-ehson qilsa. O, qani endi u birdan boy merosga ega bo‘lsa-yu, qo‘shotli arava sotib olib, uning derazasi yonidan shovqin-suron solib o‘tsa, u bemaza xotin xasad ko‘zi bilan tikilib qola bersa!
Bularning hammasi faqat orzu-xayol edi. Haqiqatda esa birgina yo‘l qolgandi, u ham bo‘lsa, bu dargohda bir soat ham turmay jo‘nab ketish edi. Rost, ishlab turgan o‘rindan ajraladi, hech vaqosi bo‘lmagan ota-onasi yoniga qaytib boradi, lekin, iloj qancha? Mashenkaning ko‘ziga endi bekasi ham, o‘zining kichkina uychasi ham ko‘rinmas, bu yerda nafasi bo‘g‘ilib, vujudini vahima bosmoqda edi. O‘zining go‘yo betobligi va oqsuyakligi bilan hammaning joniga tekkan Fedosya Vasilevna Mashenkaning ko‘ngliga shunday tekkan ediki, nazarida ana shu xotinning hayot ekanidan olamdagi barcha narsalar qo‘pol hamda ko‘rimsiz tusga kirib qolganga o‘xshardi. Mashenka krovatdan sakrab tushib, buyumlarini yig‘ishtira boshlaladi.
— Kirsam maylimi? — deb so‘radi eshik orqasida turgan Nikolay Sergeyich; u ohista tovushsiz qadam bosib eshik yoniga kelgan edi. Mayin va yumshoq ovozda yana so‘radi: — Mumkinmi?
— Kiring.
Ichkari kirib, eshik yonida to‘xtadi. Uning xira ko‘zlari jonsiz boqar, qip-qizil burni yaltirab ketgandi. Tushki ovqatdan keyin pivo ichgani qadam bosishidan va shalvirab, bo‘shashib qolgan qo‘llaridan sezilib turardi.
— Bu nimasi? — deb so‘radi u savatga ishora qilib.
— Buyumlarimni yig‘ishtirayabman, Nikolay Sergeyich, meni kechiring, lekin uyingizda bundan ortiq turishga toqatim qolmadi. Tintuv qilingani menga ortiq darajada tahqir bo‘lib tushdi!
— Tushunib turibman… Lekin bu ishingiz chakki bo‘lyapti… Ketib nima qilasiz? Tintuv qilingan bo‘lsa, siz unga… bundan nima? Bir yeringiz kamib qolmaydi.
Mashenka indamay, buyumlarini yig‘ishtiraverdi. Nikolay Sergeyich go‘yo yana nima to‘g‘rida gapirsamikin degandek, mo‘ylovini silab qo‘ydi, keyin mulozamat bilan:
— Men tushunaman, albatta, — deb davom etdi, — lekin, odam degan sal rioya-andishali bo‘ladi. Bilasiz-ku, xotinim juda asabiy, hovliqma, undan qattiq xafa bo‘lishning foydasi yo‘q…
Mashenka indamadi.
— Agar siz o‘zingizni tahqirlangan deb bilsangiz, — yana davom etdi Nikolay Sergeyich, — marhamat qiling, men sizdan uzr so‘rashga tayyorman. Kechiring.
Mashenka indamadi, faqat chemodan ustiga pastroq engashdi. Bu ichkulik ado qilgan mujmal odamning o‘z uyida bir mirilik qimmati yo‘q edi. Uning o‘zi ortiqcha bo‘lib, hatto malaylar orasida ham beobro‘ edi; shu tufayli uning uzr so‘rashi sarig‘ chaqaga arzimasdi.
— Hm… haliyam indamaysizmi? Bular sizga kamlik qiladimi? Unday bo‘lsa men xotinim uchun ham kechirim so‘rayman. Xotinim nomidan kechirim so‘rayman… U beadablik qildi, dvoryanin sifatida bunga iqrorman…
Nikolay Sergeyich u yoqdan bu yoqqa yurdi, chuqur nafas oldi, keyin yana so‘zlay boshladi:
— Demak, sizga mening bu yerim, ya'ni qalbimning yaralanishi kerak ekan-da… Sizga, meni vijdon azobi qiynashi lozimmi…
— Nikolay Sergeyich, men ayb sizda emasligini bilaman, — dedi Mashenka yoshga to‘la shahlo ko‘zlarini uning yuziga tikib. — Nega axir siz azob chekasiz?
— Albatta-da… Lekin, har qalay siz haligi… Ketib qolmang… o‘tinib so‘rayman.
Mashenka uning taklifini rad etib, bosh qimirlatdi. Nikolay Sergeyich deraza oldida to‘xtab, oynani tiqillatdi.
— Bunday anglashilmovchilik — mening uchun jon qiynog‘ining o‘zginasi, — dedi u. — Nima qilay, oldingizda tiz cho‘kaymi? Sizning g‘ururingizni tahqir etishdi, siz yig‘ladingiz, endi jo‘nab ketmoqchisiz. Axir menda ham g‘urur bor, siz uni pisand qilmayapsiz. Yoki gunohlarimga tavba qilganda ham birovga aytmaydigan sirni so‘zlashimni istaysizmi? Shuni xohlaysizmi? Menga qarang, men hatto o‘lim oldida bo‘ynimga olmaydigan sirni aytishimni istaysizmi?
Mashenka indamadi.
— Xotinimning to‘g‘nog‘ichini men olganman! — dedi shoshilib Nikolay Sergeyich. — Mana endi ko‘nglingiz joyiga tushdimi? Endi qanoat hosil qildingizmi? Ha, men… Men olgandim… Albatta, sizning sir saqlashingizga ishonaman… Xudo haqi, birovga og‘iz ochmang, shama ham qilmang!
Hayron qolgan va qo‘rqib ketgan Mashenka buyumlarini yig‘ishtiraverdi; u buyumlarini jahl bilan olar, g‘ijimlab chemodan va savatning duch kelgan yeriga tiqib tashlardi. Endi, Nikolay Sergeyich iqror bo‘lganidan keyin Mashenka bu yerda bir minut ham tura olmaydi, ana shu uyda ilgari qanday yashab kelganiga sira tushunolmaydi.
— Bu yerda hayron qoladigan hech nima yo‘q… — dedi Nikolay Sergeyich biroz sukutdan keyin. — Bu oddiy bir gap! Menga pul kerak, xotinim bo‘lsa… bermaydi. Mana shu uy, bor narsalarni, Marya Andreyevna, mening otam topgan! Bularning bari meniki, o‘sha to‘g‘nog‘ich ham mening oyimniki… Hammasi meniki! Lekin u hammasini qo‘liga oldi, bari uniki bo‘lib qoldi… Axir, o‘zingiz bilasiz, u bilan sudlashib yura olmayman-ku… Qattiq o‘tinib so‘rayman sizdan, kechiring va… va shu yerda qoling. Tout comprendre, tout pardonner. Qolasizmi?
— Yo‘q! — dedi Mashenka qat'iy ravishda va qaltirab ketdi, — Meni o‘z holimga qo‘ying, o‘tinaman sizdan.
— Bo‘lmasa, bilganingizni qiling, — dedi Nikolay Sergeyich, og‘ir nafas olib chemodan yonida turgan skameykaga o‘tirarkan. — Gapning ochig‘ini aytsam, men tahqir qilinganini bilgan va bundan nafratlangan odamlarni yaxshi ko‘raman. Sizning g‘azabli yuzingizga umr bo‘yi tikilib o‘tira olardim… Shunday qilib, qolmayman deysizmi? Tushunib turibman… Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas… Ha, to‘g‘ri albatta… Sizga yaxshi, lekin menga-chi, men endi tamom bo‘ldim!.. Bu yerto‘ladan bir qadam ham jilolmayman. O‘z qo‘rg‘onlarimizdan birontasiga jo‘nab ketsam bo‘lardi-yu, lekin u yerlarning barida xotinimning laganbardorlari… boshqaruvchilar deysizmi, agronomlar deysizmi, qurib ketgurlarning bari o‘tiribdi. Garovga qo‘yishadi, qaytib olib yana qo‘yishadi… Baliq tutib, o‘tni bosib, daraxtni kesib bo‘lmaydi u yerda.
— Nikolay Sergeyich! — zaldan Fedosya Vasilevnaning tovushi eshitildi. — Agniya, barinni chaqir!
— Shunday qilib qolmaysizmi? — deb so‘radi Nikolay Sergeyich darrov o‘rnidan turib, eshik tomon yurarkan. — Xudo haqi, iloji bo‘lsa qoling. Kechqurunlari oldingizga kirib turardim… Biror to‘g‘rida gaplashib o‘tirardik. A? Qolasiz-a! Agar siz ham ketib qolsangiz, butun xonadonda, bironta odamshavanda inson zoti qolmaydi. Axir bu dahshat-ku!
Nikolay Sergeyichning oqarib ketgan, ichkulik ado qilgan chehrasi iltimos nazari bilan boqardi, lekin, Mashenka rozi bo‘lmay, bosh silkidi, Nikolay Sergeyich qo‘l siltab, uydan chiqib ketdi.
Yarim soatdan keyin Mashenka yo‘lda ketib borardi.

S. Abduqahhorov tarjimasi

Bibi Robiya. Kakku ovozi (hikoya)
– Qizlar, bo‘ldi, tura qolaylik. To‘qqizdan keyin yotoqxonaga kiritishmaydi.
– Rostdan ham, ketdik. Umidaniyam ko‘rdik. To‘yiga kelganimizdan xursand bo‘ldi. Qani, omin qilaylik.
– Hanifa, siz duo qila qoling. Hammamizdan kattaroqsiz… hajm jihatdan, – qizlar davrasida ko‘tarilgan gurros kulgu boshqa stoldagilarning e’tiborini tortdi.
– Hazilni ko‘targaningiz uchun hazillashamiz-da. Yana xafa bo‘lmang.
Dugonalariga nisbatan to‘laroq Hanifa bunday gaplarga ko‘nikib qolgan edi. U mayingina tabassum qildi-da, qo‘lini duoga ochdi:
– Omin, dugonamiz o‘zi istagan go‘zal baxtga erishsin… – hayajonli bir xo‘rsinish olib, asta pichirladi: – Xudo bizni ham shunaqa kunlarga tezroq yetkazsin.
Qizlarning “O‘-o‘-o‘” deb qiyqirishganidan sergaklangan Hanifa ichimda aytdim deb o‘ylaganini eshitib qolishganidan duvva qizardi.
Qizlar dugona-kelin va uning onasi bilan xayr-xo‘shlashgach, to‘yxonadan chiqishdi. Yo‘lovchi chorlab chiroq lipillatayotgan turnaqator mashinalardan biri, nihoyat, ular aytgan narxga ko‘ndi. Mashina ichi to‘yxona, to‘y, kelinning ko‘ylagi, stollarning to‘kinligi, to‘y egalarining kiyimlari, kuyov va kuyov jo‘ralar haqida g‘iybat aralash suhbatga to‘lib, birozginasi ochiq derazadan chiqib, to‘yxonaga qaytib ham ketdi. Qizlar ilmoqli gaplar tashlab haydovchi yigitni ham gurung­­ga tortishga urinishdi. Yigit ularning savollariga ko‘zini yo‘ldan uzmay qisqa-qisqa javob berdi.
Orqa o‘rindiqda o‘z xayollari bilan o‘tirgan Hanifaning nigohi bexosdan mashina old peshtoqidagi oynadan haydovchi yigitga tushdi. Nigohi ko‘zgudagi aksni ko‘rdi-yu, ortga qaytishni unutdi, bir necha daqiqa undan uzilmadi. “Yusuf payg‘ambarning o‘g‘li, yo‘g‘-e avlodi emasmikan”. Xayoliga shu fikr kelgan ham ediki, ko‘zguda haydovchining nigohi ham Hanifaning nigohiga qadaldi. Jinoyat ustida qo‘lga tushgan o‘g‘riday Hanifa o‘zini qo‘yarga joy topolmay, tashqariga qaradi. Bu qilig‘i uchun o‘zini behayolikda aybladi. Imkoni bo‘lsa-yu, mashinadan tushib qolsa. Yigitning nigohidan tushib qolgan bir parcha cho‘g‘ uni borgan sari yondira boshladi. “Uh… Ey Xudo! Hanifa, tinchlan. Sening aybing yo‘q. Shunchaki tasodifan bo‘ldi. Yonimdagi gulday ochilib o‘tirgan dugonalarim qayerda-yu, men qayerda”. Cho‘g‘ tafti bunday ovutishlardan so‘ng biroz pasaygandek bo‘ldi. Manzilga yetib borguncha o‘sha shafqatsiz ko‘zguga boshqa qaramadi.
Qizlar pulni uzatisharkan, o‘pkalagan ko‘yi:
– Yaxshi yigit bo‘lsangiz ham, yaxshi hamroh emas ekansiz, – deb haydovchi bilan xayrlashgan bo‘lishdi. Hanifa chekiga tushgan pulni berdi-yu, birinchilardan bo‘lib tashqariga otildi. Orqadan kelayotgan “Matiz” chiyillagancha burilib o‘tdi. Hanifaning hushi uchdi.
– Hoy, ehtiyot bo‘ling, singlim. Yaxshiyamki, hech narsa qilmadi, Xudoning o‘zi asradi, – yigitning xavotir bilan aytgan bu so‘zlari uni battar karaxt ahvolga solib qo‘ydi. U keyin qanday qilib yo‘ldan o‘tganiyu yotoqxonaga kirib borganini ham sezmadi. Uxlashga yotarkan, nigohlari to‘qnashgan o‘sha lahzani xayolida qayta-qayta gavdalantirdi. Yigitning aytgan gaplarini ming bir bo‘lakka bo‘lib tahlil qildi. “Nega o‘shanda menga qaradiykin-a? Axir, tabiiy-ku, kimdir tikilib turganini his qilsang, sen ham unga qaraysan. Unda ham shunday bo‘lgan-da. Lekin tabassum ham qilganday bo‘ldimi? Yo‘g‘-e, menga-ya? Ko‘p o‘ylayverganimdan shunday tuyulyapti. Ammo… meni qayg‘urib aytgan gaplari-chi… Indamasligi ham mumkin edi-ku? Axir, unga nima edi? Meni mashina urib ketadimi-yo‘qmi… “Ehtiyot bo‘ling, singlim”, dedi. Qanday mehribon! Uf… bo‘ldi, tentak bo‘lma, Hanifa. O‘rningda boshqa qiz bo‘lganda ham unga shunday degan bo‘lardi. Lekin… ”
Hanifa ertasiga ham o‘sha afsunli xayollar og‘ushida yurdi. Beto‘xtov nimalarnidir o‘ylar, qandaydir to‘xtamlarga kelar, keyin ularni rad qilib, yana boshqa fikrlar ketidan ergashar, ulardan yana qaytardi. “Eh, yana bir qarashim kerak edi. Nega cho‘chidim-a? Balki keyin u yo‘l bo‘yi menga tikilib, mening ham nigohimni kutgandir. Nimalar deyapman?.. Uh, nega ajinadan qochganday tezda tushib ketdim-a? Menga aytadigan gapi bo‘lgandir. Oxirrog‘ida tushganimda yana biror narsa dermidi. Tentak bo‘lyapman, yigit-qiz bir marta bir-biriga qarasa, darrov ko‘nglidagini aytadimi? Lekin “Yaxshiyamki, Xudoning o‘zi asradi”, dedi-ku. Demak, menga hali keraksiz, demoqchi bo‘lgan!.. Agar meni o‘sha mashina urib ketganida qanday ahvolga tushardi? Qaniydi, shunday bo‘lib qolganida. U nima qilardi? Tavba de, nimalar deb aljirayapsan? Ehtimol, ko‘zgudan umuman qaramagandir menga. Lekin…” Oradan bir necha kun o‘tgachgina, imkonsiz bir tuyg‘uga, sarobga berilib ketayotganini anglab yetdi. Keyinchalik esa bu dard ustini chang qopladi….
– Qizlar, bir iltimos, domla kelsa, uzrimni aytib qo‘yinglar. Uchinchi paraga kirolmayman-da. Bugun qishloqdosh dugonamning tug‘ilgan kuni. Bolasi kasal ekan, yordamga ertaroq chaqirgan edi, shunga. Mayli, yaxshi qolinglar, – deb Hanifa shosha-pisha auditoriyadan chiqib ketar ekan, orqasidan aytilgan: “Tavba, kimning u bilan necha pullik ishi bor”, degan pisandani eshitmadi.
Hanifa dugonasi Rohilanikida uyni tozalashga, pishir-kuydirga yordamlashdi. O‘sha kuni hamma ishlar tugagach, quyosh botmasdan ketishga shaylandi. Shu payt telefoniga xabar kelganini bildiruvchi kakku ovozi yangradi. Odatdagiday uyali aloqa kompaniyasidan reklamalar yoki FVVdan xabar, degan o‘y bilan bee’tiborgina telefoniga nazar tashladi. Yo‘q, noma’lum raqam. “Salom, Hanifa. Yaxshimisiz? Men sizni anchadan beri kuzatib yuribman. Lekin siz meni tanimaysiz, balki ko‘rgandirsiz. Hozir qayerdaligingizni ham bilaman. Yo‘q demasangiz, sizni pastda kutib turaman. Ishlaringiz tugagach, javob yozing, iltimos”. Avvaliga Hanifa hayratdan entikib ketdi, so‘ng miyig‘ida kulib qo‘ya qoldi: “Qanday yaxshi, kimdir adashib bo‘lsa-da, shunday SMS yozib tursa. Yo‘q, to‘xta. “Hanifa” degan-ku. Ham “ishlaringiz tugasa” degan. Ichki bir hayajon bilan yana qayta o‘qidi. Rohila tamaddi qilmasidan uni qo‘yvormasligini aytib, xayollarini to‘zg‘itib yubordi. Ovqatdan totingan bo‘lib o‘rnidan turdi. “Ketib qolmasin-da”, degan o‘y Hanifaning o‘ziga ham sezdirmasdan uni shoshirar, tezroq ko‘chaga chorlardi. U qo‘liga telefonini oldi: “Kimligingizni bilmadim-u, lekin iltimos qilganingiz uchun yozyapman. Ishlarimni tugatdim, tushyapman”. Kim bo‘lsa ham, ko‘chada turgan bu yigitning shuncha yildan beri kutayotgan shahzodasi ekaniga negadir qattiq ishonardi shu tobda. Dugonasi bilan shosha-pisha xayrlashdi. Zinalardan go‘yo uchib tushayotganda dugonasinikiga turnaqator chiqib kelayotgan mehmonlarga duch keldi. Oralaridagi gul ko‘targan ikkita qishloqdosh qizni tanidi, salomlashdi. Erkak larning chehralari lip-lip o‘tdi. “Yaxshimisiz?”. Savolni kim bergani-yu, o‘zining nima deb javob qilgani esida ham qolmadi. Qandaydir qo‘rquv ostida tashqariga asta qadam qo‘ydi. Yengil shabada unga dalda bergandek boshini silab o‘tdi. Farzandlarini o‘ynatib yurgan yosh juvonlardan, o‘rindiqlarda suhbatlashib o‘tirgan uch-to‘rt keksa ayoldan boshqaga ko‘zi tushmadi. Hanifa atrofga xavotir bilan qaradi. Yana bir-ikki qadam tashladi. Kutilgan odam yo‘q. Oqshom tushayotgani haqida xabar tarqatib gala-gala uchib o‘tayogan qushlar chug‘urlab, go‘yo kelayotgan tunga yo‘l bo‘shatishardi Hanifa bekatga qarab qadamlarini tezlatdi. Bekatda o‘tirgan yoshi elliklarga borgan ayol bilan erkakning yoniga ohista cho‘kdi. Keyin kimnidir ko‘rmay qolishidan yoki kimdir uni ko‘rmay qolishidan cho‘chib darrov o‘rnidan turdi. Ehtiyotkorlik bilan goh o‘ng, goh chap, goh orqa tomonga nigohini qidiruvga yubora boshladi. Bir oz o‘tgach, yonidagilarning suhbatidan ularning er-xotin ekanligini angladi. Ular katta qizlarini davolatish, operatsiya haqida asabiylashib suhbatlashishar, goh talashib tortishishar, ora-orada ayolning yig‘lamsiragan tovushi eshitilib qolardi. Uzoqdan avtobusning qorasi ko‘ringan ham ediki, er-xotin o‘rnidan siljidi.
– Sen avtobusda ketaver, men orqangdan yetib olaman. Bugun juda charchading, – dedi-da, erkak norozinamo qarayotgan ayolini avtobusga chiqarib yubordi. So‘ng avtobus ortidan shaxdam qadamlar bilan yurib ketdi.
Hanifa ko‘zida endigina yongan, so‘nishni istamayotgan umid uchqunlarini o‘tib-qaytayotganlarga ulashishdan charchamasdi. “Shu vaqtgacha e’tibor bermagan ekanman. Nega odamlar robotga o‘xshaydi. Nigohlari qotib qolgan. Ular ham bir paytlar sevgan yoki menday sevilganmikan? Yuzlarida biror tuyg‘u alomati sezilmaydi. Go‘yoki yurib ketayotgan haykallar. Axir, hayot go‘zal-ku! U bilan men bir umr zavqlanib yashaymiz, yuzimizda doimo quvonch, shodlik balqib turadi. Hammaning bizga havasi keladi…”. Hanifa ilk bora atrofdagilarga baho berayotgan, kelajagi haqida maftunkor xayollarga berilayotgan edi.
O‘tayotgan har bir lahza “U hozir yoningga keladi” degan umidni Hanifaga saxiylik bilan taqdim qilar, tobora quyuqlashayotgan qorong‘ilik esa u kutayotgan, yonida turgandek his qilayotgan siymoni asta-sekinlik bilan undan nariga olib ketardi. Nihoyat vaqt allamahal bo‘lganda navbatdagi to‘xtagan avtobus uni bag‘riga oldi. Chiqib, deraza tomondagi o‘rindiqqa cho‘kdi. Ammo nigohi kimgadir ilinib qolish ilinjida manzilga yetguncha tashqarida qoldi. Hanifaning ko‘zidan yosh tomchilari o‘ziga ham sezdirmay dumalab tushdi.
Xonasiga kirgach, ancha vaqtgacha davom etgan uyqusizligiga “Aytuvdim-ku, xabar adashib kelgan” degan xulosa chek qo‘ydi…

– Bergan vazifam bo‘yicha faqatgina Hanifaning, Mahliyoning, Doniyor va Suxrobning javobi qoniqtirdi. Qolganlarning tayyorgarligi yaxshimas. Mayli, hammaga ruxsat, – deb ikkinchi soatga kirgan professor chiqib ketdi. Shu payt Hanifa eshik qiyasidan kimdir imlayotganini sezib qoldi. Qarasa, kursdoshi Mahliyoning singlisi Gulhayo. U pastki kursda o‘qiydi.
– Salom, yaxshimisiz, Gulhayo? Opangiz pastga ovqatlangani tushib ketdi-yov. Yo u-bu fandan yordam kerakmi, tortinmay aytavering…
Gulhayo u yoqdan-bu yoqqa jovdirayotgan ko‘zlarini Hanifaning ko‘zlariga tikdi-da, xijolatli jilmayib, orqasida yashirib turgan bir dasta atirgulni olib tutqazdi.
– Hanifa opa, bu gulni sizga bir yigit berib qo‘yishimni tayinladi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Lekin uni tanimayman.
Hanifa guldan-da battar qizardi. Kechagi ilinju umidsizliklardan hamon parokanda xayollar gulga talpingan kapalaklarday yana qaytib keldi. Qalbida uyg‘ongan quvonch tuyg‘usi unga bir quchoq atirgulning zavqini bergandek bo‘ldi. Gulhayo ketgach, Hanifa malikalardek yashnab turgan atirgullarga qayta-qayta termular, qayta-qayta hidlab iforiga to‘ymasdi. So‘ng uni qo‘lida avaylab va balandroq ko‘targancha auditoriyaga qaytib kirdi.
– Chiroyli ekan. Qayerdan uzdingiz? – dedi orqa partada o‘tirgan qiz. Hanifa “Menga gulni kimdir berishi mumkinligi bularning xayoliga ham kelmaydi”, degan o‘ydan ma’yuslanib turgan ham ediki, shoshilib kirib kelgan Mahliyo gulni ko‘rib:
– O‘, chatoqsiz, Hanifa. Kim berdi? – dedi.
Bu savoldan ruhi tog‘dek ko‘tarilib ketdi. Mahliyoni quchoqlab olgisi keldi. Shu payt professor kirib qolgani bois Hanifa Mahliyoga javob tariqasida jilmayib qo‘ya qoldi. Dars davomida Hanifaning o‘sha afsungar xayollari uni uzoq-uzoqlarga olib ketdi. Ammo qisqa yangragan kakku ovozi uni yana o‘z joyiga qaytardi. Shosha-pisha sumkasidan telefonini oldi. Ha, o‘sha raqam. “Salom, Hanifa. Meni kechiring, o‘sha kuni sizga ko‘rinishga o‘zimda kuch topa olmadim. Bu gulni esa uzrim belgisi sifatida qabul qilishingizdan umidvorman”. Xona derazasidan mo‘ralab turgan qish Hanifaning qalbida yashnayotgan bahordan hayratlandi. “Ey, Xudoyim… u kim bo‘lishi mumkin? Kim ekan-a? Endi nima deb javob yozaman?.. Xo‘sh, “Gul uchun rahmat. Lekin siz kimsiz?”. Yo‘q, bo‘lmadi. Juda qo‘pol chiqdi. Qizbolalik latofatim har bir so‘zimda bilinib turishi kerak. Uf, barmoqlarim namuncha titramasa. Ha, topdim. “Gul uchun tashakkur! Ammo kimligingizni bilolmayapman”. Bor tavakkal – “jo‘natish”. Orqa qatordagi qizlarning qiqir-qiqir kulgusiga hamohang qo‘ng‘iroq ham yangradi. Hanifa hammadan so‘ng auditoriyadan chiqdi. Zinadan asta tushar ekan, ro‘parasidan chiqib qolayotgan yigitlarga ko‘z qirini tashlab-tashlab qo‘yardi. Hech kimning u bilan ishi yo‘q, uning bor-yo‘qligini bilishmaydi ham. Shaharga kelgandan beri sehrli qalpoqcha kiygan ko‘zga ko‘rinmas odam edi u. Har holda, o‘zini shunday hisoblardi. Endi hammasi boshqacha bo‘lishini, kimningdir e’tiboriga tushgan inson ekanligini o‘ylab quvondi. Bu dunyoga kelganidan, qaysidir yurakda o‘zining ham qiyofasi borligini tuyganidan, mana bu o‘tib qaytayotgan odamlarning, dugonalarining borligidan, ana shu zinalar va oppoq devorlarning go‘zalligidan, tashqarida quyosh nur sochib turganiyu daraxtlar va osmon mavjudligidan u ilk bora masrur, sarxush edi. Ana, orqasidan qadam tovushlari eshitilyapti. Hanifaning yuragi otilib ketish darajasida guppillay boshladi. “O‘sha yigit bo‘lsa-ya” degan xayol oyoqlaridan majolini oldi. Ortiq yurolmadi, joyida tek qotdi. Qadamlar juda yaqin keldi. Yonidan sumkasini titkilagancha bir qiz bee’tiborgina o‘tib ketdi. Hanifa havosi chiqib ketgan pufakday bo‘shashib qoldi: “Uh, xayriyat-ey”. U yotoqxonaga ketar ekan, yo‘l bo‘yi SMS egasini sergak nigoh bilan izlardi. Xonasiga ming o‘y bilan kirgan ham ediki, yana kakku ovozi eshitildi. Hayajon-la telefonini olib qaradi. Yana o‘sha raqam: “Hanifa! Sizni ko‘rgach, kimligimni, nima uchun yashayotganimni unutdim. Men sizga ro‘baro‘ bo‘lishga botinolmay, o‘z yog‘iga qovrilib yurgan oshig‘ingizman. Shuning uchun mendan ranjimang”. Hanifa kutilmagan bu so‘zlarni o‘qir ekan, negadir javon eshigiga o‘rnatilgan bo‘y baravar oynaga nigoh tashladi. Tekis taralib, oddiy turmaklangan sochlaridan tortib, siyrak qoshlari, nari-beri nimpushti bo‘yoq surilgan lablari, kulchaday istarali yuzi va ammo to‘ladan kelgan qomatiga qarab, qahqah otib kulib yubordi: “Oshig‘im. Meni-ya? Men hecham birov ko‘rib unutib yuboradigan darajadagi qiz emasligimni o‘zim ham bilaman. Anchadan beri bunaqa kulmagandim. Demak, aniq anglashilmovchilik bo‘lyapti. Bu bechora boshqa Hanifaning raqamini kimdandir so‘ragan, u odam adashib menikini berib yuborgan. Buni hozir yanada oydinlashtiramiz. “Siz meni boshqa qiz bilan adashtirib yuborgansiz, shekilli” degan so‘zlarni terdi-yu, biroz o‘ylangach, yana o‘chirib tashladi. Keyin yana shu gapni yozdi va yoniga qo‘shimcha qildi: “Agar unday bo‘lmasa, ayting-chi, men bugun qanday rangdagi kiyimda edim?”. Endigi keladigan javob Hanifaning orzulari yo o‘lishiga, yo tirik qolishiga sabab bo‘lishini o‘zi ham bilardi. U telefonini yostig‘ining tagiga qo‘ydi-da, pastki qavatga tushib ketdi. Nima uchun bunday qilayotganiga aqli yetmasdi. Dahlizda u yoqdan-bu yoqqa borib keldi, ochiq deraza tomonga o‘tib ko‘kka uzoq tikildi. Oppoq bulutlar asta yoyilib, osmonga singib, ko‘zdan g‘oyib bo‘la boshladi. Hanifa yo‘qolib borayotgan bu bulutlarni o‘z shahzodasi haqidagi orzulariga mengzadi. So‘ng yurak yutib, yana o‘z qavatiga, o‘z xonasiga chiqdi va asta yostig‘ini ko‘tarib telefonini oldi. Xabar kelgandi: “Oshiqlarning yuragi hech qachon adashmaydi. Menga shunchalik ishonmabsiz-da. Bugun qora yubka, jigarrang koftada edingiz. Darslaringiz 308-xonada bo‘ldi. Meni hali ko‘rmagansiz, holatingizni to‘g‘ri tushunaman. Faqat menga vaqt bering”. Hanifa o‘zini karavotga tashlab, yuzini yostiqqa bosgancha ho‘ngrab yig‘lab yubordi…
– O‘, dushanbadan o‘zgarishlar katta-ku. Gulday ochilib ketibsizmi?
– Eh-he, Hanifaxon, siz o‘shamu?
– Bugun y-by tanishingizning to‘yi bormi? Oxirgi darsga yana kirmaysiz-ov.
Auditoriyaga etagi burama, belida yaltiroq tasmasi bor pushti kuylakda kirib kelgan Hanifa kulgu aralash berilayotgan savollarga qizarinqiragan holda iymanibgina qisqa javob berib, joyiga tezroq o‘tirishga shoshildi. Bunday kiyinib kelgani uchun o‘ziga ta’na toshlari yog‘dirdi. Dars ham boshlandi. Ammo Hanifaning xayoli qo‘lida u yoqdan-bu yoqqa aylanayotgan telefoni bilan birga aylanardi. Mana, nihoyat kakku ovozi, kutilgan raqamdan SMS ham keldi: “Salom, xayrli kun, Hanifa! Bugun gulday ochilib ketibsiz. Sizni ko‘ngil bog‘imni yashnatguvchi gulim deb atashga izn bering. Ammo shuni unutmangki, men sizni har qanday holatingizda ham…”. Hanifa gulxan o‘rtasiga tushib qolib, o‘zini yonayotganday his qildi. Yuzi ko‘ylagining rangi bilan bir xil bo‘ldi-qo‘ydi. Beixtiyor chehrasiga tabassum yugurdi.
– Dilqulova, ahvolingiz yaxshimi? Betob bo‘lsangiz, ayting, ruxsat beraman.
– Yo‘q, yo‘q. Hammasi joyida, yaxshiman, domla. Uzr.
E’tiborni tortmaslik uchun o‘zini tutib olishga harakat qildi. Ustozga qarab o‘tirgandek bo‘lsa ham, ko‘zlari parta ostidagi telefonida bo‘ldi. Endi Hanifa bor diqqatini jamlab, nima deb javob yozishni o‘ylardi. Unga boshqa dugonalari kabi ardoqlanish, qizlik latofatini namoyish qilish imkonini berayotgan xayoliy shahzodasini yo‘qotishni istamasdi. Chunki Hanifa shuncha yillar davomida muhabbat tuyg‘usiga muhabbat qo‘ygan esa-da, lekin hali unga muhabbat qo‘yishmagandi. U yozgan javobini ko‘p marotaba o‘chirib tashlar, jumlalarni qayta-qayta tuzardi. “Salom. Rahmat, yaxshi. O‘zingiz yaxshimisiz? Bugun ham meni ko‘ribsiz-da. Demak, shu yerda tahsil olsangiz kerak-a?”
– Shohista, nimaga kulyapsizlar? Mahliyo, sizga nima bo‘ldi? Kulgili mavzu ekanmi?
Hanifa o‘qituvchining kursdoshlariga bergan dakkisidan xayollari jilovini bir zumga torta oldi. Yana kakku ovozi… “Hanifa, sizni har kuni kuzataman. Bir kun ko‘rmasam, hayot men uchun tugagandek bo‘ladi. Bu yerda o‘qimayman, o‘tgan yili bitirganman. Menga ko‘zingiz tushgan, ammo e’tibor bermagansiz. Ko‘rishganimizda o‘zim haqimda batafsil aytib beraman. Hozircha meni kechiring”. Bu xabarni o‘qigach, Hanifa yozgan javobiga afsuslandi. “Uf, o‘zimni ko‘rishishga o‘lib turgan yengiltak qizlarday tutdim-da. Uf… darvoqe, meni ko‘rgansiz, dedimi? Shu vaqtgacha ko‘pchilik yigitlarga shunchaki ko‘zim tushgan-ku… – ammo miyasiga chaqmoqday urilgan fikrdan seskanib ketdi. – Nahotki… nahotki, bu o‘sha bo‘lsa?! Faqat u bilangina nigohlarimiz to‘qnashgan. Bu SMSlar mashina urib ketay deganda aytgan so‘zlariga o‘xshab ketadi… Shunday yigit-a? Meni-ya?.. Yo‘g‘-e, balki boshqadir. Ammo kim bo‘lishi mumkin? Ey Xudoyim! Nimadir yozishim kerak, nimadir. “Mayli, qo‘yavering. Sizni tushundim, ko‘p ham xijolat bo‘lmang”. “Xijolat”dagi “x” qattiqmidi, yumshoqmidi? Muncha dovdiramasam”. Hanifa boshini asta orqasidagi partaga burdi-da, Charosdan “x”ning qandayligini so‘radi. To‘g‘ri yozgan ekan.
Bugungi darslar tugagach, odatdagiday yotoqxonaga qarab yo‘l oldi. Daraxtlar Hanifaning yurishidagi, o‘zini tutishidagi o‘zgarishni ko‘rib hayratlarini shamol bilan shivirlashardi. Hanifa avvallari befarq o‘tkazadigan har bir kunni endi ilhaq bo‘lib kutar, o‘zi ham bilmaydigan yana qandaydir mo‘jizalar sodir bo‘lishiga ishonardi…
– Hanifa opa, shoshmang. Salom, yaxshimisiz? O‘, o‘zgarishlar katta-ku. Sochingizni tashlab olganingiz yarashibdi. Mana, buni yana o‘sha yigit berib yubordi.
– Mengami?! To‘xta, Gulhayo. Haligi… o‘sha yigitning ko‘rinishi qanaqa? Hali uni ko‘rmaganman, kim o‘zi? Bu gap faqat oramizda qolsin, xo‘p?
Gulhayo orqasiga bir qarab qo‘ydi-da:
– Menga ishonavering. Ochig‘ini aytsam, chiroyli yigit ekan, – deb jilmaydi. So‘ng xavotirli ohangda: – Mayli, men ketdim, domlamiz kechikkanlarni darsga kirgazmaydi, – degancha yugurgilab ketdi.
Hanifa qo‘lidagi shokolad qutisiga zavq bilan qaradi. Auditoriyaga kirar ekan, uni sumkasiga solishni istamadi. Dars hali boshlanmagan. Kursdosh yigitlar gap tashlashdi:
– Hanifaxon, oy ekansiz, shokoladga boy ekansiz.
– Shirin bo‘lsa kerak, a?
Hanifa odatdagiday uyatdan qizardi:
– Yo‘q, tug‘ilgan kunim emas. Shunchaki, berishdi, – dedi va qutini ochib, mayl bildirganlarga shokoladdan tarqatdi. Hanifa shu payt kimlardir unga havas bilan tikilib turganini his qilib, g‘ururlanib qo‘ydi. Biroz fursat o‘tgach, xonaga professor bilan birga fakultet dekani, uning yordamchisi kirib keldi. Salom-­alikdan so‘ng talabalarga shartnoma muddati tugayotganini, vaqtida to‘lamaganlar darsga kiritilmasligini eslatib qo‘yishdi. Hanifa bu borada bosh og‘ritmasa ham bo‘ladi, ota-onasining xabari bor. Hozir “ko‘rinmas odam”ga qanday minnatdorlik bildirish kerakligini o‘ylashi zarur. “Salom. Xayrli kun. Shirinlik uchun katta rahmat!”. Darhol kakku ovozi yangradi, javob keldi: “Salom, gulim. Arzimagan narsa uchun rahmat deyishning hojati yo‘q. Hayotimga kirib kelganingiz uchun sizga rahmat!”.
– Dilqulova, doskaga marhamat. Daftaringizni ham olib chiqing.
– Menmi? Ustoz, uzr, bugun darsga tayyor emas­man. Kecha… kecha mazam bo‘lmagandi, – birinchi marta yolg‘on gapirgani uchun Hanifa quloqlarigacha qizarib ketdi.
– Shundaymi, mayli, sizga ishonaman. Lekin keyingi dars albatta tayyor bo‘ling.
U birinchi marta yolg‘onning shirin mazasini tuydi. Tanaffusda yoniga Mahliyo kelib o‘tirganini sezmay ham qolibdi.
– Bunaqa vaziyatlar bo‘lib turadi. Hayotda o‘qishdan ham muhim narsalar bor axir, to‘g‘rimi, – muloyim jilmaydi Mahliyo. – Endi qachon “pochcha” bilan tanishtirasiz? Uyalmang, axir kursdoshmiz-ku.
Hanifa bu gapdan allanechuk g‘alati bo‘lib ketdi. Yana lo‘ppi yuzlari bir zumda qizardi. Ammo hali o‘zi ko‘rmagan yigit bilan qanday tanishtirishni o‘ylab, javob berishga og‘iz juftlagan ham ediki, telefoni jiringlab suhbatga aralashdi. Hanifa yuragi taka-puka bo‘lib raqamga qaradi. Qo‘ng‘iroq qishloqdan ekan. Mahliyoga uzr aytib, javob bergani xonadan chiqdi. Otasi bilan endi salom-alik qilayotgan paytda ikkinchi yo‘nalishdan o‘sha tanish raqam chiqib qoldi. Garchi Hanifa hayratda qolgan bo‘lsa-da, otasi bilan suhbatni bo‘lishga qurbi yetmadi. Otasining qishloqdoshlar hol-ahvoli haqidagi, shartnoma uchun jo‘natayotgan pullari uch kundan so‘ng yetib borishi to‘g‘risidagi gaplari Hanifaning qulog‘iga kirmay qo‘ydi. Suhbat tugagach, telefoni qo‘llari orasidan tushib ketishiga bir bahya qoldi. Shu paytgacha u qo‘ng‘iroq qilishi ham mumkinligini xayoliga keltirmagandi. Nima qilishini bilmay bir nuqtaga qadalib qoldi. Oxiri e’tiborga e’tibor bilan javob berish kerak, degan qarorga keldi va qo‘ng‘iroq qilish tugmasini bosdi. Mana, bir marta chaqirdi, ikkinchisi, uchinchisi… Yo‘q, ko‘tarmadi. Ko‘zlariga yosh qalqdi. “Boshqa bilan gaplashayotganimni bilib, noto‘g‘ri xayolga borgan. Yaxshisi, SMS yozaman: “Uzr, sizga javob bera olmadim. Otam bilan gaplashayotgan edim. Yana boshqa xayollarga bormang”. Professor kelayotganini ko‘rgach, xonaga kirishga majbur bo‘ldi. Joyiga o‘tirgan ham ediki, kakku ovozi yangradi. Darrov qaradi: “Hanifa, sizga o‘zimdan ham ortiq ishonaman. Noto‘g‘ri xayolga umuman borganim yo‘q. Faqat qaytib qo‘ng‘iroq qilganingizda ovozingizni eshitishga hali tayyor emasligimni his etdim. Bu odobsizligim uchun meni kechiring”. Yelkasini bosib turgan tog‘ qulab tushganday yengil tortdi.
Hanifaning umr mazmuni telefonidagi kakku ovoziga ilhaqlikdan iborat bo‘lib qoldi. U goh shirin orzular ketidan quvar, goh bu orzulari jilovini “Nega ko‘rinmayapti?” degan o‘y tortib qo‘yardi. “Balki uni men bilan ko‘rib qolishlaridan cho‘chirmikan? Men bilan yonma-yon turishdan or qilsa-chi?.. Yo‘g‘-e, unday bo‘lganida shu vaqtgacha menga bunchalik hissiyotli so‘zlarni jo‘nata olmasdi-ku. Yoki… O‘zining biror nuqsoni bormikan… oqsoqmikan yo? O‘zi asrasin. Balki ilk uchrashuvimiz uchun maxsus qaysidir kunni belgilayotgandir…”. Yozishmalarga, o‘y-xayollarga guvoh kunlar esa asta o‘tib borardi…
Bugun darsdan qaytishda Mahliyo unga hamroh bo‘ldi.
– Siz ham yotoqxonagami? Kecha yo‘q edim, dekan kelib majlis qilibdi-a? Yo‘qlarga indamadimi? – deb so‘radi u.
– Davomat qilmadi, umumiy yig‘ilish bo‘ldi. Keyingi haftada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida gapirdi.
– Unda yaxshi. Darvoqe, Hanifa, bayramni “pochcha” bilan nishonlasangiz kerak-a?!
Hanifa bunday gaplarga ko‘nikib qolgan bo‘lsa-da, qizarish hali ham unga begona emasdi:
– Qo‘ying, bunaqa gaplarni.
– Bilaman sizni. Balki, “pochcha” katta sovg‘a bilan kelar, deyman-da.
O‘z qavatlariga chiqqach, xonalariga tarqalishdi. Bugun ovqat qilish Hanifaning navbati bo‘lgani uchun kiyimlarini almashtirib oshxonaga bordi. Hali xonadoshi kelmagan ham ekan. “O‘sha kuni u menga nima der ekan? Bayramda uchrashuvga taklif qilib qolsa, nima qilaman? Qaysi ko‘ylagimni kiyib chiqaman? Har ehtimolga qarshi, kimdandir qarz olib turay. Kuyib ketgan piyozning hidi surayotgan shirin xayollarining ta’mini buzib yubordi. Nima ovqat qilayotganini bir zum esladi-da, qozonga suv solib, xonasida qolib ketgan telefonini olgani yugurdi. Kutganiday orzubaxsh raqamdan xabar kelgan: “Yaxshimisiz, qalbim zulmatini yoritgan Hanifam? Charchamayapsizmi? Afsus­ki, sizga o‘zim uchun noxush bo‘lgan xabarni yetkazmoqchiman. Xorijga magistratura uchun hujjat topshirgandim. Boyagina ertaga ertalab Angliyaga uchib ketishim haqida xabar qilishdi. Oldingizda judayam xijolatdaman. Na siz bilan ko‘risha oldim, na bayramni nishonlash nasib qildi. O‘sha kunni intizorlik bilan kutayotgandim. Faqat mendan ranjimang”. Hanifa ruhi chiqib ketgan jonsiz tanaga aylanib qoldi. Joyidan jilishga madori yetmadi. Ko‘zini derazadan ko‘rinib turgan moviy osmonga qaratdi. Shu darajada tip-tiniqki, go‘yoki ko‘m-ko‘k ummon samoga aylanib qolgandek. Hanifaga asta-sekin rang kirdi, yana o‘sha quvnoqroq holatiga qaytdi va javob yozishga kirishdi: “Rahmat, yaxshi. Tabriklayman, eshitib xursand bo‘ldim! Bemalol econ-omon borib kelavering. Aslo xijolat bo‘lmang”. Kakku ovozi kuttirib o‘tirmadi: “Tushunganingiz uchun rahmat, Hanifa. Mart oxirlarida qaytsam kerak. Siz bilan u yerdan bog‘lanishga harakat qilaman. O‘zingizni ehtiyot qiling, gulim. Mayli, yaxshi qoling”. Hanifa noma’lum shahzodasi nafaqat uni sevishini, balki xorijda ham o‘qishini eshitib, unga qanchalik havas qilishlarini o‘ylab yuragidagi g‘ashlikni haydashga urindi.
Kecha otasi shartnoma pulini kirakash-taksichidan berib yuborayotganini aytdi. Birozdan so‘ng Hanifa kelishilgan manzilga borishi kerak. Ustozidan ruxsat olib, shoshilgancha zinalardan tushib ketayotgan edi, kimningdir “Hanifa” degan chorlovi uni taqqa to‘xtatdi. Gurs-gurs urayotgan yuragini hovuchladi, ammo orqasiga qarashga o‘zida kuch topolmadi. Yana yigitning o‘sha chaqiruvidan so‘ng asta burildi. Qarasa, dekanatda ishlaydigan, o‘ttiz yoshlardagi, bo‘yi pastakkina, G‘anisher aka qo‘lida qog‘oz bilan turardi. – Yaxshimisiz, Hanifa? Sizni izlab chiqqandim. Shoshyapsiz, shekilli. Ko‘p vaqtingiz ketmaydi. Mana bu anketani to‘ldirib bering. Faqat sizniki qolgan.
Hanifa chuqur xo‘rsindi-da, qog‘ozni shosha-pisha to‘ldirishga kirishdi.
– Mana bu yeriga ism-familiyangiz, keyin tug‘ilgan joy, sana, yilingiz, bu tomoniga ota-­onangizning ism-shariflari va telefonlari, bu yoqqa doimiy va hozirgi yashash manzilingiz, oxiriga o‘zingizning telefon raqamingiz. Mabodo, ayrim kursdoshlaringizga o‘xshab bir nechta raqamingiz bo‘lsa, o‘shalarni ham yozing.
Hanifa hammasini to‘ldirib, qog‘ozni uzatar ekan, bexosdan ko‘zi tanish raqamlarga tushib qoldi. Bu raqamlar har safar kakku ovozidan so‘ng yuragini hapriqtirib paydo bo‘ladigan, noma’lum sohibining umidbaxsh mujdalari bilan oromini o‘g‘irlagan, tunu kunga aylangan xayollaridan go‘zal ertaklar to‘qigan va uni dunyoda sevilish degan baxt borligiga ishontirgan o‘sha sirli raqamlar edi. Hanifa xatosini tuzatish bahonasida qog‘ozni qaytarib oldi. Avvaliga, shunchalik bog‘lanib qolganim uchun ko‘zimga ko‘rindi, deb o‘ziga ishonmadi. So‘ng butun vujudi ko‘zga aylandi. Bu sonlar kimningdir ikkinchi telefon raqami sifatida yozilgandi. Adashmaslik uchun Hanifa titrayotgan ko‘rsatkich barmog‘ini asta yurgizib, o‘sha qatordagi ism-familiyaga olib bordi… Yo‘q, adashdi, shekilli. Ich-ichidan bir tuyg‘u adashgan bo‘lishini Xudodan yolvorib so‘rardi. U ism-familiyaga qayta-qayta ko‘z yugurtirar, lekin raqam sohibi o‘zgarmasdi. Sumkasidan darrov telefonini chiqardi-da, raqamlarni bittama-bitta solishtirdi…
Ertaga xotin-qizlar intizorlik bilan kutadigan sana – 8-mart. Ayrim qizlar bugundanoq bayramni nishonlashni boshlab yuborishgan. Shunday bo‘lsa-da, qattiqqo‘lligi bilan nom chiqargan domlaning darsiga o‘n besh daqiqa oldin hamma yig‘ilgan. Mana, eshik asta ochilib, sochini o‘zgacha turmaklagan, pardoz-andozi o‘ziga yarashgan, egnida yangi ko‘ylak, bir qo‘lida dasta atirgullar, yana bir quchog‘ida katta oppoq ayiqni qo‘ltiqlagancha Hanifa kirib keldi. Sukunat o‘tirganlarni o‘ziga o‘xshab gung va soqovga aylantirdi. Birov vaqtni to‘xtatib qo‘ygandek bir zumga hech kim qimirlay olmadi. Hanifa asta yurib qo‘lidagilarni bo‘sh turgan orqa partaga qo‘ydi-da, joyiga kelib o‘tirdi. Ayniqsa, uning yuziga yaqinda chizilgan kibrli tabassumning siyohi hali qurimagandi. Shundan so‘ng atrof yana harakatga keldi. Hamma yaproq kemirayotgan bir uy pilla qurtiga o‘xshab pichirlashga tushib ketdi. Faqatgina Mahliyo hali-hanuz qimir etmasdi.
Darslar tugagach, Hanifa bilan birga yotoqxonaga ketuvchi qizlar safi kengaydi. Yo‘l bo‘yi goh unisi, goh bunisi uning qo‘lidagilarni ko‘tarishib yuborishga ruxsat so‘rar, atirgullarni esa hidlayverib bezor qilishgandi. Yotoqxona yoniga yetganda Hanifa taqqa to‘xtadi:
– Darvoqe, qizlar, malol kelmasa, bularni xonamga kiritib qo‘ya olasizlarmi? Hozir ketishim kerak, meni kutishyapti.
Qizlar havas bilan tabassum qilgancha, “albatta” deb chug‘urlashdi. Shu paytgacha bir chetda lom-mim demay kelayotgan Mahliyo birdan jonlandi:
– Siz ham chatoqsiz… – Mahliyo niqobsiz gapirayotganiga birdan aqli yetdi. – Bayramni “pochcha”miz bilan nishonlasangiz kerak, deb to‘g‘ri topgan ekanman-da. Men uchun muhimi, baxtli bo‘lsangiz bas.
– Ha, “pochcha”ngiz holi-jonimga qo‘ymayapi, kerakmas, desam ham. Hozir ham kutib turibdilar. Mayli, men kechikmay… – dedi-yu, mashina to‘xtatib, turfa niyatli nigohlar kuzatuvi ostida jo‘nadi.
Kursdoshlar o‘z hayratlarini o‘rtoqlashib, yo‘l bo‘yi bu qiz kitobdan boshini ko‘tarmaydigan, birovlar ustidan kulsa-da jilmayib qo‘yadigan, o‘ziga yarashmaydigan kiyimlar kiyadigan, ularning nazdidagi “laqqi” Hanifa ekanligiga o‘zlarini ishontirib borishdi. Hamma o‘z xonasiga tarqalib ketgandan so‘ng ham bu mavzu ular bilan birga ancha vaqtgacha xonalarda aylanib yurdi. Faqat Mahliyo qo‘li hech ishga bormay xonasida o‘tirib qoldi. Bu hodisaga aslo aqli yetmas, o‘ziga tinmay savollar yog‘dirar edi. Eshikning shahd bilan ochilishidangina o‘ziga keldi. Dugonasi Shohista hovliqqancha kirib yoniga cho‘kdi-da, uning xayollarini o‘qib turganday gap boshladi:
– Nima bo‘lyapti o‘zi, Mahliyo? Axir, qanaqasiga?.. U faqat siz jo‘natgan SMSlarga javob yozardi, telefonda ham gaplashsa uydagilari bilan gaplashardi-ku.
– Bilmadim, mening ham boshim qotgan. Umuman aqlim yetmayapti. Hanifaga anovi atirgulni, shokoladni singlingiz orqali biz bergan bo‘lsak… Chet elga ketish haqidagi SMSni o‘tgan kuni yozgan bo‘lsam. Qisqa fursat ichida birortani topgan bo‘lishi mumkinmi? Bunaqa qimmat sovg‘alarni kim berishi mumkin?
– To‘satdan o‘ziga o‘xshagan semiz baxt qushi qo‘ndi desak, birov yoqtirib qoladigan ahvolda ham emas. Kiyinishi, pardozi uchun yonida hemiri bo‘lmasa. Uydagilarimdan pul so‘ramay deb kun bo‘yi och yurgan paytlarini ham bilaman… Nimasi borki, birov yoqtirib qolsa… To‘g‘ri, boshlagan o‘yinimizdan so‘ng sal o‘zgarganday bo‘luvdi. Lekin bugun umuman boshqa qizga aylanib qolibdi.
– Uf, hozir jinni bo‘lib qolaman. Unda kim Hanifaga bunchalik xushtor bo‘lishi mumkin? Kim?
– Mayli qo‘yavering. Hali keladi-ku, shunda aniqlashtirib olamiz. Darvoqe, “Majnun”ingiz bayramga nimadir berdimi?
– O‘qishdan so‘ng yotoqxona oldiga boraman, degandi. Ishqilib, o‘tgan safargiday kitob ko‘tarib kelmasin-da. O‘zingizniki-chi?
– Menikiyam siznikidan qolishmaydi, shekilli. Avvaliga boyroqday tuyulgandi-da. Bo‘lmaydiganga o‘xshaydi bu… – deb ikki dugona ancha vaqtgacha hasratlashib o‘tirdi. Shohista ketishga chog‘lanib, deraza tomonga yaqinlashdi:
– O‘, nihoyat bizning qurbaqadan malikaga aylangan dugonamiz kelyapti. Qo‘lida yana allanima.
Mahliyo deraza yoniga yugurdi. Darhaqiqat, Hanifa qo‘lida kattaroq quti bilan ichkariga kirib ketdi. Ikki dugonaning ko‘zlari ancha vaqtgacha bir-birlariga so‘zsiz qadalib qoldi. Oradan choy qaynar vaqt o‘tgach, xonadagi sukunatni Hanifaning quvnoq ovozi buzdi:
– Yaxshimisiz, qizlar? Ie, tinchlikmi, xomush ko‘rinasizlar? Shirinlik bilan choyga chaqirayotgan edim, yuringlar. Kayfiyatingiz ham ko‘tariladi. Yana uch-to‘rt qizni aytdim.
Kutilmagan taklifdan kalovlanib qolgan dugonalar qiziqsinib uning ortidan ergashdilar. Stol ustida ayrim talabalarning faqatgina tushlariga kirib chiqadigan, mevalar bilan bezatilgan katta tort savlat to‘kib turardi. Qolganlar ham kelishdi. Hanifa tortni bamaylixotir bo‘laklab, ketma-ket uzatdi. Qizlar boyadan beri ichlarida toshib ketish arafasida turgan savollarini yog‘dira boshladilar. Hanifa sirli tabassum bilan ularni tinglardi.
– Xullas, kelishilgan joyimizda uchrashdik. Borsam, kafedagi stol va stul usti atirgullar bilan to‘ldirilgan. Shunday go‘zal ediki! Keyin men otini bilmayman, allaqanday ovqatlar, shirinliklar buyurdilar. Tamaddi qildik, suhbatlashdik. Mana bu tortni dugonalaringizga olib boring, deb berib yubordilar.
Hanifa qisqagina qilib, xotirjam ohangda shularni aytib berdi. O‘zini bunday tutishi unga yanada sirlilik baxsh etardi. Keyin gap goh domlalarga, goh kursdoshlarga, goh darslarga ko‘char, ammo har zamonda Hanifaning mavzusiga qaytib kelardi. Kechga yaqin dugonalar unga minnatdorlik bildirishgancha o‘z xonalariga tarqalishdi. Bu safar uyqusizlik Mahliyonikida tunashga qaror qildi.
Hanifadagi bu o‘zgarishlar, noma’lum yigitning unga oshiq bo‘lib qolgani ko‘pchilikning og‘zida chaynalar, kursdoshlari orasidagi mavqei ham ancha ko‘tarilgandi. Hanifa borgan sari o‘zini sovuq tutar, shunga qaramay atrofidagi ”parvona”lar soni oshib borardi. Har kuni goh darsxonaga, goh yotoqxonaga ko‘zni quvontiradigan tortlar, televizordan reklamasi tushmaydigan qimmatbaho shirinliklar olib kelar va, albatta, ularni kursdoshlari, ayniqsa, Mahliyo bilan baham ko‘rardi. Mahliyo o‘ylayverib, eti suyagi bilan bir bo‘lay deganda taqdirga tan berdi va u ham girdikapalak bo‘luvchilar safidan joy oldi. Ammo hammadan o‘zini ustun biluvchi Mahliyo Hanifaning tabassumli yuzini, noma’lum yigitdan olayotgan sovg‘alarini ko‘rganda, ichini nimadir qattiq tirnab qo‘yardi. Chunki u hali-hanuz Hanifani yuksak e’tiborga, muhabbat tuyg‘usiga noloyiq deb hisoblardi.
Kunlar o‘zaro quvalashib Hanifaning tug‘ilgan kuni ham yetib keldi. Bugun kursdosh qizlarni o‘zlari beradigan sovg‘adan ham ko‘ra Hanifaning nima ko‘tarib kelishi ko‘proq qiziqtirardi. Hattoki, bu borada o‘z taxminlarini aytib, garov ham bog‘lashgan. Vaqt o‘tgan sari yotoqxona derazasidan mo‘ralab turgan talabalar sonining ortib borishi xuddi asalari inini eslatardi. Mana, shom yuziga qizg‘ish pardasini yopgan bo‘lsa-da, kutilayotgan insondan darak yo‘q. Odatda Hanifa hech qachon bunchalik kech qolmasdi.
– Ana, ana, kelyapti, – qichqirdi kimdir. Bir-birlariga tiqilishib boshlarini derazadan chiqarishdi. Go‘yoki ular kimsasiz orolda chorasiz qolishgan-u, qutqargani xaloskor paydo bo‘lgandek edi. Ko‘tarilgan chug‘ur-chug‘urdan qushlar ham hayratda jim bo‘lib qoldi. Hammaning ko‘zi Hanifaning qo‘lidagi narsaga qaratilgan.
O‘ziga oro bergan Hanifa o‘sha sirli tabassum bilan qo‘lida chiroyli bezatilgan katta savatni ko‘targancha yotoqxonaga yaqinlashdi. Ikki yigit darrov tushib, yordamga shoshildi va Hanifaning xonasiga avaylab olib chiqib berishdi. Shu zahotiyoq qizlar u yerga guvva yopirildilar. Butun dahlizni gullarning yoqimli ifori tutdi. Savatda bir quchoq qip-qizil atirgullar bir davra go‘zal qizlardek yastanib o‘tirishardi. Ayrimlar gullarni hidlashga tushib ketgan bo‘lsa, yana ayrimlar ularni sanashni boshlab yubordi. Shu payt kimdir hayrat bilan qichqirib yubordi:
– Dahshat, qizlar, kinodagiday uch yuzta atirgul ekan.
– Yo‘q, uch yuz bitta, – birinchisining xatosini tuzatdi kimdir.
– Adashyapsizlar, menda uch yuz beshta chiqdi.
– Qanday baxtli qizsiz-a? Hanifa, o‘zingiz ayta qoling, nechta atirgul bor?
– Bilmadim, lekin “Dilimdagilarni izhor qilishga bu uch yuz bitta atirgul kamlik qiladi” degandek bo‘luvdilar, – dedi sokin, ammo tabassum bilan.
– Voy, qaranglar, o‘rtadagi atirgulning ustida qizil quticha ham bor ekan. Ochsak maylimi?
Hanifa jilmaygancha bosh irg‘adi, uning nigohi qutichadan ko‘z uzolmayotgan Mahliyoda edi…
Quticha ham ochildi. Yotoqxonaning butun binosini 5-qavatda ko‘tarilgan qiyqirishlar, chalingan qarsaklar ovozi tutdi. Bunga qutichadan chiqqan bejirim ishlangan tilla uzuk sabab bo‘lgandi. Ko‘tarilgan shovqindan o‘pkasini qo‘ltiqlagancha yotoqxona nazoratchisi yugurib chiqdi va yig‘ilganlarni o‘z xonalariga tarqatib yubordi…

– Dilqulova, dekan o‘rinbosarining xonasiga kirar ekansiz.
Hanifa yuragini xavotir bilan g‘ijimlagan ko‘yi Jumayevning ro‘parasiga kelib to‘xtadi. Ochiq qoldirilgan eshik g‘iyqillagancha yo‘lakdagi talabalar shovqiniga va yana nimalargadir intiho yasagandek sharq etib yopildi. Dekan o‘rinbosari siyrak sochlari taram-taram qilib taralgan boshini hadeganda stoldan ko‘tarmadi.
– Chaqirgan ekansiz?
O‘rinbosar hamon boshini ko‘tarmasdi, uning hech narsa o‘qimayotganligi, noxush bir gapni aytishga tayyorgarlik ko‘rayotganligi shundoq ko‘rinib turardi. O‘rtaga asrga tatigulik jimlik cho‘kdi. Nogahon nomsiz bir sezim Hanifaning yuragidagi g‘ijimlarni yoya boshladi va uni xotirjamlik rangiga bo‘yadi. Qiz o‘z-o‘zi bilan kurashar, vaqtinchalik alamli tantanalar nihoyasiga yetganini anglatuvchi nuqta hozir qo‘yilajagini, yo‘q, yo‘q, qo‘yilib bo‘lganini his qildi. Birdan dunyo bo‘shab qoldi: na raqib bor, na do‘st bor. Mana bu auditoriyalar, kursdoshlar ham, olisdagi qishlog‘i ham, ertangi kun ham ma’nisizlik qa’riga g‘arq bo‘ldi.
– Hanifa, – dedi o‘ylayverganidan chuvakkina yuzi bo‘g‘riqib ketgan o‘rinbosar, – muhlat berdik, muhlat berdik. Ammo to‘lamadingiz. Dekan bilan rektoratga chiqib keldik. Ammo iloji yo‘q, qoida hammaga bir xil, haydaladi, dedi.
Hanifaning umid chirog‘i osilib turgan nozik rishta uzilib ketganday, atrofini zulmat qoplaganday bo‘ldi.
– Ammo sizning a’lochi talabalarimizdan ekaningizni, shart-sharoitingizni tushuntirdik. Rektor oxirgi imkoniyat, dedi. Manavi hujjatga tanishdim, deb qo‘l qo‘yishingiz kerak ekan. Uch kunda to‘lamasangiz, unda keyin boshqa choramiz qolmaydi…
Hanifa qizlar kelib qolishidan xavotir ila kiyimlarini shosha-pisha katta sumkaga joylardi. Mana bu muhabbatga aldanish ko‘ylagi, mana bu intizorlik va alam ko‘ylagi, mana bunisi iztirob kofta-yubkasi, bunisi tomoqlarini bo‘g‘gan, tashqariga otilib chiqolmagan xo‘rlik sharfi, mana bu so‘nggi intiqom – qutichadagi mo‘jaz tilla uzuk… Otasi yuborgan kontrakt pulining dard va g‘amga evrilgan parchalari. U birov quvib kelayotgandek yugurgilaganicha katta yo‘lga chiqdi. Bir zum ikkilanib qoldi – qayoqqa? Savolga javob ham, javobga fursat ham yo‘q edi. Tezroq. U nimadan qochayotganini o‘zi ham bilmasdi. Halloslab borar ekan, ko‘ksidan yaralangan jonzotning o‘kirigiga o‘xshash bir faryod bo‘linib-bo‘linib, nafasi bilan birga otilib chiqar, bu na yig‘i, na dod edi. Ammo ko‘zida yosh yo‘q, yurak izhorining so‘nggi bulog‘i ham qurigandek edi.
Hanifa juda uzoq yurdi. Oyoqlariga suykalib, tap-tap urilib, uni shoshmaslikka, orqaga qaytishga undab kelayotgan sumkasi nihoyat uning qo‘lidagi, yo‘q, yo‘q, butun vujudidagi quvvatni so‘rib oldi-da, bor og‘irligini tashlab, uni to‘xtashga majbur qildi. Hanifa sumkasining ustiga majolsiz cho‘kdi. U yo‘lning hayot qo‘shig‘i – avtolar va odamlar shovqinini eshitmas, nigohlari noma’lum nuqtaga qadalgancha qotib qolgan, miyasining qaysidir qatida boshlangan og‘riq boshini yorib chiqish payida edi.
Shu payt uning ongi-shuuriga nimadir kirmoqchi bo‘lib urinayotganini his qildi. Diqqatini jamlab buning ovoz ekanini, telefonidan taralayotgan kakku ovozi ekanini zo‘rg‘a angladi. Kakku ovozi! Jonini birov burovga olganday ingrab yubordi. Kakku ovozi yana yangradi. Daf’atan miyasida bir fikr chirillab aylana boshladi, telefonni otib yuborib, o‘zini mashina tagiga tashlasa-chi? Hammasidan qutuladi. Nogahon darvoza oldida judolikni ko‘tarolmay yiqilib yotgan onasi, Toshkentdan tobutini olib ketayotgan bir burdagina otasining qiyofasi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. Xo‘rligi keldi. Yana kakku ovozi. U nima qilayotganini o‘zi ham anglamagan, ixtiyorsiz holda yarim ochiq hamyonidan telefonini qo‘lga oldi. Qator SMSlar. Hammasi bitta telefondan. “Hanifa, darsdan chiqib biznikiga kel. Muhim gap bor. Rohila”. Ichidan kinoyaga o‘xshash bir narsa chizilib o‘tdi: dunyoda muhim narsayam bormi? Kakku ovozi yana bir necha bor yangradi. O‘sha xabar. Hanifa uzoq o‘tirdi. Kirakashlar mashinani bibillatib to‘xtatib, “Qayoqqa?” deb so‘rayverib joniga tegdi. Nihoyat, u o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Yotoqqa yo‘l yo‘q, qishloqqa yo‘l yo‘q…
Eshikni ochgan Rohila xursandligidan terisiga sig‘may ketdi.
– Xayriyat-ey, keldingmi, dugonajon? SMSga javob ham yozmaysan?
– Yozib o‘tiramanmi, bir kirib o‘tay dedim.
– Eh-he, katta sumka ko‘tarib olibsan?
– Uyga ketmoqchi edim.
– Erta-indin ketarsan. Qani, ichkariga kir.
Qand-qurs, choy-non qo‘yilganidan chehrasi ochilgan dasturxon ikki qishloqdosh dugonani yoniga chorladi, dugonalar ro‘baro‘ o‘tirishdi. Rohila choyni qaytararkan, gapni nimadan boshlashni o‘ylab kayfiyatsiz o‘tirgan Hanifaga zehn soldi.
– Ranging bir ahvol, mazang yo‘qmi?
– Yo‘q, yaxshiman. Shu… sessiyadagi imtihonlar charchatdi, shekilli.
– Parvo qilma. Uydagilarni bir ko‘rsang charchog‘ing chiqib ketadi. Qani ol, dasturxonga qarab o‘tir. Endi… Men hozir, ovqatning tagini pasaytirib kelay.
Ovqat olovinimi, ichidagi hayajon olovinimi pasaytirib kelgan Rohila gap boshladi:
– Hanifa, shu… kimdir nimagadir sabab bo‘ladi. Shu… biz bolalikdan dugonamiz… To‘xta, avval so‘rab olay, faqat to‘g‘risini ayt… birorta yigiting bormi?
Hanifa birov boshiga tosh bilan urganday karaxt bo‘lib qoldi. “Yotoqdagi gaplarni bu qayerdan eshitgan? Qishloqqayam yetib borgandir?..”
– Qo‘ysang-chi shunaqa gaplarni.
– Menga qara, baribir shu savdo bugun bo‘lmasa, ertaga boshingga keladi. Avval eshit. Tug‘ilgan kunimda kelganing esingdami? Bu gap o‘sha kundan keyin boshlangan.
Hanifa endi dong qotib qoldi. “Demak, menga kelgan SMSni o‘qigan. Qanday qilib? Telefon qo‘limda edi-ku…”
– Nima gap boshlanadi?
– Menga qara, mehmonlarni ko‘ruvdingmi? Ularni birortasini tanirmiding?
– Nima deyapsiz? Hech kim kelgani yo‘q edi-ku…
– Gapni bo‘lmay tur. Zinadan tushib ketayotganingda mehmonlar chiqib kelayotgan ekan, shundaymi? O‘shalarning ichida men bilan birga ishlaydigan Gulnora bilan akasi ham bor edi.
Hanifa keraksiz bo‘lib qolgan buyumlarni tashlab yuborishdan oldin yana bir bor titkilagandek xotirasini titkilay boshladi. Zinadan ko‘pchilik chiqib kelayotgandi. Ikki qishloqdosh qiz bilan salomlashdi. O‘sha payt dardu dunyosi o‘ziga yetib ortardi. Kimdir “Yaxshimisiz?” dedi. Javob berdimi-yo‘qmi, tashqariga otildi. Tamom.
– O‘sha Gulnoraning akasi seni bilar ekan…
– Nima? Bilar ekan? Rohila, yotoqxona shunaqa g‘iybatlarga to‘lib yotibdi, jonimga tekkan…
– Yotoqxonangdagi g‘iybatlar boshqa. Hozir gap sen haqingda ketyapti. Birpas sabr qil, iltimos. Bilar ekan degani uchrashib yurgan ekan, degani emas-ku, bir marta ko‘rgan ekan.
Hanifa bu yog‘iga Rohilaning gaplarini oxirigacha eshitishga mahkum ekanligini anglab, bo‘shliqqa qaraganday dugonasiga tikilib o‘tirishdan boshqa chora topmadi. Bunday paytlarda qizlar qiziqib, “Qachon, qayerda ko‘rgan ekan?” deb beradigan savollar ham bo‘lmaganidan Rohila yigitning ta’rifiga tushdi:
– Gulnoraning aytishicha, akasiga har qanaqa qizlar yoqavermaskan. Bir-ikkitasini ko‘rsatishgan ekan, bo‘lmaydi, debdi. Yana topib qistayverishgan ekan, meni tinch qo‘yinglar, kerak payti o‘zim topaman, debdi. Kelib-kelib, kutilmaganda zinada seni ko‘rib qolibdi. Bu qizni ilgari ko‘rganman, studentliginiyam bilaman, lekin otiniyam, qayerda o‘qishiniyam bilmasdim, surishtirib hech bo‘lmasa telefonini olib ber, debdi singlisiga. Sen haqingda nima debdi degin: ko‘p qizlarning ko‘zida ta’ma bor, men chiroyliman, men senga yoqdimmi yoki puling ko‘pmi, qayerda ishlaysan, shunga qarab muomala qilaman, degan yozuv yozilgan turarmish. U sening ko‘zingda bunaqa g‘ubordan asar ham ko‘rmabdi. Qara, qanday diqqatli yigit ekan, bir marta ko‘rganda shuncha narsani ilg‘ab olibdi. Keyin seni rosa izlagan ekan… – Rohila yana nimalarnidir aytsammi, aytmasammi deb biroz o‘ylanib turdi. – Xullas, o‘sha kundan beri Gulnora “Gaplashdingizmi?” deb holimga qo‘ymaydi. Ismingni aytdim, o‘zingdan so‘ramasdan institutingni, telefoningni aytmadim. Shu paytgacha o‘yladim, balki yigiti bordir, dedim, Hanifaga yoqmasa-chi dedim, qishloqda Rohila Hanifaga er izlabdi, degan gap chiqsa-chi, dedim. Kecha Gulnoraning bir-ikita achchiq gapi jonimdan o‘tib ketdi. “Akamni past ko‘ryapsanmi yoki bizning biror yomonligimiz bormi?” dedi. Uxlamay chiqdim… Nima deysan, telefoningni beraymi, yo bir uchrashib ko‘rasanmi?
Rohila dugonasidan sado kutib uzoq o‘tirdi. Javobsiz jimlik joniga tegdi.
– Bir narsa desang-chi! Yo ko‘nglimda birov bor deb ayt…
– Rohila, meniyam, o‘zingni ham qiynama. Hozir menda ko‘ngil ham yo‘q, ichida birov ham yo‘q. Birov bilan uchrashish xohishi ham yo‘q. Juda charchaganman.
– O‘qish adoyi tamom qilibdi seni, – Rohila havosi chiqarilgan pufakday bo‘shashib qoldi, kayfiyati tushib ketdi. – Mayli, damingni ol, o‘zingga kel. Keyin gaplashamiz bu gaplarni.
Ertalab Hanifa uyqudan turganda Rohilaning eri ishga ketib bo‘lgan, bolasi bog‘chaga qo‘yib kelingan edi. Ikki dugona choy ichishga o‘tirishdi. Rohila kechagi gapni qo‘zg‘amadi, ammo odatdagidan sermulozamatroq tuyuldi. Uni ol, buni ol, deb qistar, bolasining qiliqlarini aytib kulardi. Lekin nimadandir bezovta edi.
Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringlab qoldi. Rohila otilib turib eshikka yugurdi.
– Assalom-aleykum, kelinglar-kelinglar. Voy, nima qilib yuribsiz ovora bo‘lib. Qani, ichkariga. Dugonam kelib qolgan edi. Bu xonaga, qani, marhamat…
Xonaga bo‘yi pastroq, sochlarini orqasiga turmaklab olgan, istarasi issiqqina qiz jilmaygancha kirib keldi. Orqasida bir yigit turardi.
Rohila mehmonlarni Hanifaga tanishtirdi:
– Bu Gulnora, birga ishlaymiz. Bu kishi akalari…
– Yusuf akam, – dedi kulib Gulnora.
Tanishtiruv shunchalik tez yuz berdiki, mehmonlar hurmati uchun tik turgan Hanifa nima bo‘layotganini anglashga ham ulgurmadi. U avval qizga, so‘ng yigitga qaradi va… turgan joyida qotib qoldi.
Mashinaning old oynasidan bir lahza tikilgan o‘sha nigohlar, uyqusiz tunlardagi xayollar, sarobga aylangan orzular, kakku ovozi har yangraganda ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladigan siymoga aylanib qarshisida turardi.
– Yaxshimisiz? – dedi yigit. – O‘sha kuni uyga yaxshi yetib bordingizmi?
“Hoy, ehtiyot bo‘ling, singlim. Yaxshiyamki, sizga hech narsa qilmadi, Xudoning o‘zi asradi” – bir paytlar takrorlanaverganidan qo‘shiqday yod bo‘lib ketgan o‘sha so‘zlarning sohibi!
Hanifaning javob qilishga tili aylanmas, ko‘zlarida yosh jilolanib turardi.

«Yoshlik» jurnali, 2016 yil, 6-son