A foke of fate
" Yo‘llarimiz tasodifan tutashdi,
Ammo qalblarimiz taqdir bilan bog‘landi
Koreya Tibbiyot Universitetining keng va yorug‘ yo‘lagida talabalar darsga shoshilib yurishardi. Deraza yonida qo‘lida bir dasta og‘ir tibbiy kitoblarni mahkam quchoqlagancha Laura xayol surib turardi. U mamlakatdagi eng nufuzli tibbiyot imperiyasining merosxo‘ri bo‘lishiga qaramay, hozir oddiy, shirin xayollarga berilgan 1-kurs qizidan farq qilmasdi.
Uning barcha fikru xotirasi parallel guruhda o‘qiydigan Kim Sokjinda edi. Sokjin universitetdagi eng boy, kelishgan va barcha qizlarning orzusi bo‘lgan yigit edi. U o‘zining vazminligi, aqlliligi va olijanob xarakteri bilan hammadan ajralib turardi. Aslida Laura va Sokjin begona emasdilar. Ularning bobolari yoshlikdan qalin do‘st bo‘lishgan, otalari esa hozirda birgalikda ulkan biznesni boshqaradigan eng yaqin hamkorlar edi.
Biroq bu oilaviy yaqinlik ularning munosabatlariga zarracha ta’sir qilmasdi. Sokjin Lauraning unga bo‘lgan kuchli his-tuyg‘ularidan mutlaqo bexabar edi. To‘g‘rirog‘i, u qizga umuman qiziqmas, uni shunchaki otasining hamkorining qizi va oddiy kursdosh sifatida ko‘rardi.
Shu payt yo‘lakning narigi boshida do‘stlari bilan jiddiy mavzuda suhbatlashib kelayotgan Kim Sokjin ko‘rindi. U oppoq ko‘ylak va qora shimda, har doimgidek tartibli va viqorli ko‘rinardi. Laura uni ko‘rishi bilan yuragi tez ura boshladi, qo‘lidagi kitoblarini biroz siqib qo‘ydi. U yigitning bittagina nigohini ilinjida unga tikilib turdi.
Sokjin esa Lauraning yonidan o‘tayotib, shunchaki odob yuzasidan yengil bosh irg‘ab qo‘ydi-yu, nigohini ham to‘xtatmay yo‘lida davom etdi. U qizning ko‘zlaridagi mehrni ham, hayajonni ham sezmadi.
Laura yigitning ortidan ma'yus qarab qoldi. Ularning oilalari bir-biriga shunchalik yaqin bo‘lsa-da, Sokjinning qalbi Laura uchun yopiq va uzoq edi.
Sokjin yo‘lak oxiridagi auditoriyaga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, Laura chuqur tin oldi. Qo‘lidagi kitoblarini bag‘riga bosgancha, derazadan tashqariga ma'yus tikilib qoldi va o‘ziga-o‘zi pichirladi
— Meni his-tuyg‘ularimni qachon sezar ekan... Men u yonimda bo‘lsa, yuragim qinidan chiqib ketgudek uradi
Shu payt ortidan quvnoq va sho‘x ovoz eshitildi. Bu Lauraning universitetdagi eng yaqin sirdoshi va dugonasi — Nam Yiner edi. U yugurib kelib, Lauraning yelkasiga qo‘lini tashladi
Laura xayollaridan uzilib, dugonasiga mayin jilmaydi
Yiner avval Lauraning ma'yus ko‘zlariga, keyin esa Sokjin kirib ketgan auditoriya eshigiga qarab, labini burdi. Dugonasining ahvolini darrov tushungan Yiner boshini chayqagancha gap boshladi
— Yana uni o‘ylab o‘tiribsanmi? Kim Sokjinga yurak yetishmaydi, bilasanmi?! Agar unda yurak bo‘lganda, sening tuyg‘ularingni allaqachon sezardi. Menimcha, uning ichida yurak emas, hissiz tosh bor shekilli-da!
Laura dugonasining bu gapidan biroz kulimsiradi, ammo ich-ichidan Sokjinni himoya qilgisi keldi. U ko‘zlarini yerga tikkancha ohista javob berdi
— Unday dema, Yiner... U shunchaki juda jiddiy va o‘qishga berilgan yigit. Balki men o‘zim unga yetarlicha yaqinlasholmayotgandirman...
Yiner qo‘llarini beliga tirab, Lauraga qat'iy tikildi
— Uning jiddiyligi o‘ziga buyursin! Sen axir "Evans Medical" merosxo‘ri, butun universitetning malikasi Laura Evanssan-ku! Qachongacha chetdan termulib turmoqchisan? Bugun biror narsa qilishimiz kerak, bo‘lmasa bu "tosh yurak" seni umuman payqamay o‘tib ketadi!
Yinerning bu shijoatli gaplaridan keyin ham Lauraning yuzidagi ma’yuslik tarqamadi. U chuqur xo‘rsinib, ko‘zlarini yo‘lakning narigi tomoniga tikdi va dardini dugonasiga to‘kib soldi
— Shunday deysan-u, lekin Sokjin va Yerin yaqin do‘stlar. U Yeringa boshqacha tabassum qiladi... Ularni hatto sevishganlar deb o‘ylashadi
Yiner bu gapni eshitib, qoshlarini chimirdi. U Yerinni yaxshi bilardi — universitetning eng muloyim, aqlli va Sokjin bilan bolalikdan birga katta bo‘lgan qizlaridan biri. Sokjin boshqalarga nisbatan sovuq va jiddiy bo‘lsa-da, Yerin bilan gaplashganda haqiqatan ham chehrasi yorishar, samimiy jilmayardi
Yiner dugonasining qo‘lidan mahkam ushlab, unga dalda berishga harakat qildi
— Ular shunchaki bolalikdagi do‘stlar, Laura! Buni butun universitet biladi-ku. Sen bilan Sokjinning esa o‘rtangizda nafaqat do‘stlik, balki ikki buyuk oilaning rishtasi bor. Bobolaringiz qalin do‘st, otalaringiz hamkor. Yerin shunchaki o‘tmish, sen esa uning kelajagi bo‘lishing mumkin
Laura ma'yus jilmayib, boshini chayqadi
— Kelajak? U menga hatto qayrilib ham qaramaydi-ku, Yiner. Yerinning yonida esa u xuddi boshqa odamga aylanib qoladi. Ba'zan o‘ylayman... balki mening his-tuyg‘ularim unga umuman kerak emasdir?
Shu payt auditoriya eshigi ochilib, ichkaridan qo‘lida konspektlar ko‘targan Kim Sokjin va uning yonida kulimsirab ketayotgan Yerin chiqib kelishdi. Sokjin Yerinning biror haziliga javoban shunday samimiy va iliq kuldiki, Laura buni ko‘rib, qo‘lidagi kitoblarini mahkamroq quchoqlaganicha nafasini ichiga yutdi.
Sokjin Yerinning odatdagidek quvnoq emasligini, nigohlari bir nuqtaga qadalib, xayol surib ketayotganini darrov payqadi. U qadamini sekinlatib, Yeringa xavotir va mehr aralash qaradi
— Nega buncha parishonsan, Yerin?
Yerin yigitning bu g‘amxo‘r ovozini eshitib, mayin jilmaydi. U hech qanday muammo yo‘qligini bildirmoqchidek boshini yengil chayqadi
— Shunchaki... — deya yigitning sochini silab qo‘ydi
Bu manzarani bir necha qadam narida kuzatib turgan Laura uchun vaqt to‘xtab qolgandek bo‘ldi. U Sokjinning hatto o‘ziga yaqinlashishga ham ruxsat bermasligini, ammo Yerin uning sochlariga bemalol qo‘l tekkizayotganini ko‘rib, qo‘lidagi kitoblarini shunchalik mahkam qisdiki, barmoqlari oqarib ketdi. Yigit esa Yerinning bu harakatiga zarracha e'tiroz bildirmadi, aksincha, tabassum bilan uning qo‘lini yengil ushlab, birga yo‘lak bo‘ylab yurishda davom etdi.
Lauraning ko‘zlarida rashk va alam yoshlari miltilladi. Uning mag‘rurligi ham, boyligi ham bu oddiy, ammo samimiy yaqinlik oldida ojiz qolgan edi.
Yiner dugonasining holatini ko‘rib, g‘azab bilan pichirladi
— Qara bularni! Xuddi ataylab sening ko‘zingni kuydirayotgandek! Laura, jim turaveramizmi
Laura chuqur nafas olib, ko‘z yoshlarini ichiga yutdi.
Laura o‘zining odatiy takabbur va mag‘rur qiyofasida auditoriya tomon kelar ekan, uning xayoli hamon oʻsha manzarada — Yerinning Sokjin sochlarini silaganida edi. Uning kayfiyati yo‘q, atrofdagi hech kimga e'tibor bermasdi.
Shu payt uning yoniga dugonasi Nam Yiner yugurib keldi. Yinerning ko‘zlari hayajondan yonar, xuddi katta yangilik topgandek entikib nafas olardi
— Laura, bilasanmi, bugun o‘qishga yangi o‘quvchi kelar ekan! U Kim Sokjin bilan bir xil darajada emish!
Laura to‘xtab, dugonasiga biroz qiziqish va shubha bilan qaradi
— Kim Sokjin bilan bir xil darajada? Buni kim aytdi? Bu universitetda Sokjinga teng keladigan yigit bormi o‘zi
Yiner qo‘llarini silkitib, yanada yaqinroq keldi
— Butun institut shuni gapiryapti-ku! Aytishlaricha, u Yevropadagi eng nufuzli tibbiyot akademiyasidan o‘qishini ko‘chirib kelgan. Oilasi ham xuddi sening va Sokjinning oilangdek nihoyatda badavlat va qudratli emish! Eng qizig‘i, u aynan sening guruhingga o‘qishga qabul qilinibdi!
Laura bu gapni eshitib, qoshlarini chimirdi. Uning dangal xarakteri darrov o‘zini ko‘rsatdi
— Menga kim kelishining qizig‘i yo‘q, Yiner. Men uchun bu yerda faqat bitta inson bor, qolganlar esa shunchaki soya
— Shunday deysan-u, lekin bu yangi yigitning kelishi Sokjinning ham tinchini buzishi aniq! Axir shu paytgacha institutda hamma faqat Kim Sokjinni eng zo‘r deb bilardi-ku, — deb qo‘shib qo‘ydi Yiner ayyorona jilmayib.
Shu payt yo‘lakning narigi boshida talabalar ikki tomonga ajralib, yo‘l berishdi. Universitet darvozasidan baland bo‘yli, o‘ta kelishgan, nigohlari sirli va o‘tkir bo‘lgan yangi talaba kirib keldi. Uning qadam tashlashida xuddi Sokjin kabi viqor, ammo undan farqli o‘laroq, lablarida biroz sho‘x va o‘ziga ishongan tabassum bor edi.
Eng kutilmagani esa — yangi yigit yo‘lak bo‘ylab kelar ekan, atrofdagi qizlarga emas, to‘g‘ri Lauraning ko‘zlariga tikilib, uning yoniga qarab yura boshladi. Bir necha qadam narida turgan Kim Sokjin ham bu manzarani ko‘rib, birinchi marta Lauraga qarab qoshlarini chimirdi.
Yo‘lakdagi barcha talabalar nafasini yutib, yangi kelgan yigitning har bir qadamini kuzatib turishardi. U esa atrofdagi hayratlangan nigohlarga zarracha e'tibor bermay, to‘g‘ri Lauraning ro‘parasiga kelib to‘xtadi.
Yigit bo‘y-basti kelishgan, zamonaviy va o‘ta qimmatbaho klassik uslubda kiyingan edi. Uning to‘q jigarrang sochlari peshonasiga yengil tushib turar, o‘tkir ko‘zlarida esa ham jiddiylik, ham sho‘x bir uchqun porlardi. U Lauraga boshdan-oyoq qiziqish bilan qarab chiqdi-da, lablarida o‘ziga ishongan tabassum bilan so‘z qotdi
— Xayrli kun, institut malikasi
Bu kutilmagan va dadil murojaatdan yo‘lakda pichir-pichirlar boshlanib ketdi. Nam Yiner hayratdan og‘zini ochib qoldi, bir necha qadam narida turgan Kim Sokjin esa qo‘lidagi kitobini biroz mahkamroq ushlab, qoshlarini chimirgancha bu manzaraga jiddiy tikilib qoldi.
Laura bir soniya hayratda qoldi, ammo darrov o‘zining o‘sha takabbur va dangal qiyofasini tikladi. U qo‘llarini ko‘kragiga chalishtirib, yangi yigitning ko‘zlariga tik boqdi
— Sen kimsan va men haqimda qayerdan bilasan? Bu yerda mendan ruxsatsiz menga bunday murojaat qilishga hech kimning haddi sig‘maydi
Yigit bu keskin javobdan xafa bo‘lish o‘rniga, yengil kulimsirab qo‘ydi. U o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, olijanoblarcha bosh irg‘adi
— Men Park Jiminman. Yevropadan kelgan yangi kursdoshingiz. Sizning ta'rifingizni esa Seulga kelmasimdanoq eshitgan edim, Laura Evans. Ko‘rib turibman, aytganlarichalik mag‘rur va go‘zal ekansiz
Bu gapni eshitgan Kim Sokjinning yuzida o‘zgarish sezildi. U odatda hamma narsaga befarq bo‘lsa-da, Park Jiminning Lauraga bunchalik ochiqchasiga va dadil yaqinlashishi uning g‘ashini keltira boshlagan edi. Jimin esa Sokjinning ularga qarab turganini sezib, ataylab unga bir ko‘z tashlab qo‘ydi-da, yana Lauraga yuzlandi
— Birinchi kunimda menga universitetni tanishtirib chiqishga rozi bo‘lasizmi, malika?
Yo‘lakdagi barcha talabalar Lauraning nima deyishini kutib, nafaslarini ichiga yutishgan edi. Hamma "institut malikasi" bu qadar kelishgan va badavlat yangi yigitning taklifiga darrov rozi bo‘ladi deb o‘ylagandi. Ammo Laura barcha taxminlarni yo‘qqa chiqardi.
U Kim Sokjin tomonga yana bir bor ko‘z tashladi. Sokjin hamon ularning suhbatini jiddiy kuzatib turar, yuzida esa o‘sha bosiq, ammo biroz keskin ifoda bor edi. Laura Sokjinning ko‘z o‘ngida boshqa yigit bilan ketishni o‘ziga ep ko‘rmadi — uning yuragi faqat bir insonga tegishli edi.
Laura boshini mag‘rur ko‘tarib, Park Jiminning ko‘zlariga tik boqdi va o‘zining odatiy dangal ohangida javob qaytardi
— Kechirasiz, janob Park. Men yangi kelganlarga yo‘l ko‘rsatadigan gid emasman. Universitetni o‘zingiz ham bemalol aylanib chiqishingiz mumkin. Menga esa bunday behuda ishlarga vaqt sarflash yoqmaydi
Bu qat'iy va takabburona rad javobini eshitgan atrofdagi talabalar hayratdan pichirlasha boshlashdi. Nam Yiner ko‘zlarini katta-katta ochib, dugonasiga "Nima qilib qo‘yding?!" degandek ishora qildi.
Biroq Park Jimin bundan zarracha xafa bo‘lmadi va mag‘rurligi ham sinmadi. Aksincha, uning lablarida yanada qiziqarli va sho‘x tabassum paydo bo‘ldi. U Lauraning bu qadar qaysar va o‘ziga bino qo‘ygan xarakteridan zavqlangandek boshini yengil egdi
— Tushunarli. Demak, "institut malikasi"ning e'tiborini qozonish unchalik oson emas ekan. Juda yaxshi, men qiyinchiliklarni yaxshi ko‘raman, Laura Evans.
Jimin shu so‘zlarni aytib, Lauraga ma'noli ko‘z qisib qo‘ydi-da, qo‘llarini cho‘ntagiga solgancha auditoriya tomon yurib ketdi. Uning bu gapida "Bu hali boshlanishi" degan aniq ishora bor edi.
Laura esa uning ortidan bir soniya qarab turdi-da, hech narsa bo‘lmagandek mag‘rur qadamlar bilan Kim Sokjin turgan tomonga yo‘l oldi. U Sokjinning yonidan o‘tayotib, yigitning o‘ziga qarab turganini sezdi.
Sokjin birinchi marta o‘zi tashabbus ko‘rsatib, past ovozda so‘z qotdi
— U bilan ehtiyot bo‘l, Laura. Park Jimin sen o‘ylaganchalik oddiy talaba emas
Laura to‘xtab qoldi. Yuragi yana o‘sha telbalarcha tezlikda ura boshladi. Axir Sokjin unga birinchi marta xavotir aralash gapirgan edi!
1 epizod. Tugadi .
.
.
.
.
.
Kanal : • 𝐅𝐑𝐄𝐍𝐙𝐘 𝐅𝐀𝐍𝐅𝐈𝐂𝐒 •
Author ....... #Laura_collins