April 26, 2025

Cruel affection

Episode 23.

Oradan uch kun o'tdi. Yuri bir oz havo olish niyatida ko‘chaga chiqdi. Uydan chiqayotganda Taehyung ham yo‘q edi. Sonoo bilan qo‘l ushlashgancha shahar ko‘chalarini kezib yurgan Yuri tasodifan Taehyungni ko‘rib qoldi — u bir uyning oldida turardi. Bir necha soniyadan so‘ng, Taehyung o‘sha uyning ichkarisiga kirib ketdi. Bu holat Yuriga g‘alati tuyuldi. Yuragini noaniq bir xavotir chulg‘ab oldi. Ortiq chidolmadi — u ham uyning ichiga yo‘l oldi. Qo‘lidan Sonooni mahkam ushlab olib, past ovozda unga dedi:

— Sonoo, bolajonim, iltimos, ovozingni chiqarmagin, xo‘pmi?

Sonoo itoatkorona boshini qimirlatdi.

Yuri yuragi hapriqib, ular kirgan xonaga yaqinlasha boshladi. U eshikdan mo‘ralaganida yuragi go‘yo to‘xtab qolgandek bo‘ldi — Taehyung bir qizni belidan quchgancha nimadir deb pichirlardi. Yuri beixtiyor og‘zini qo‘li bilan berkitdi, ko‘zlariga ishonmadi. Bu manzara uning uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Ko‘z o‘ngida “erim” deb tan olgan insoni xiyonat qilayotgan edi.

— Yo‘q... Bu bo‘lishi mumkin emas... Taehyung, iltimos... iltimos...

Yuri bu so‘zlarni shivirlarkan, yuragi chilparchin edi. Ular bir-biriga tobora yaqinlashar, har bir qadam Yurining azobini yanada chuqurlashtirar edi. Nihoyat, Yuri ortiq chidolmasligini tushundi — ko‘rmaslikni afzal bildi. Sonooni mahkam quchgancha, jimgina orqasiga qaytdi va uyni tark etdi.

Yo‘l davomida yuragidagi og‘riqni inkor etishga harakat qildi, ammo hech narsa bu iztirobni bosolmadi.

— Oyi, nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsiz? — deb so‘radi Sonoo beg‘ubor nigoh bilan.

Yuri jilmayishga harakat qilib, unga javob berdi:

— Hech narsa, bolajonim... hammasi joyida...

Ammo yuragida kechayotgan hislarni faqat o‘zi bilardi. Va bu iztirob, bu og‘riq, jimjit ko‘z yoshlari orqali tilga kirardi...

Ular uyga qaytib kelishdi. Yurining ko‘zlarida mung, yuragida esa alam bor edi. Ich-ichidan bir narsa uni bu joydan ketishga undardi. U sukunat ichida narsalarini yig‘ishtirishga tushdi. Har bir kiyim, har bir narsa unga bu uyning xotiralarini eslatardi. Ammo birdan, Taehyungning shkafini ochganida bir kichik fleshka ko‘ziga tushdi.

— Bu nima ekan?.. — dedi Yuri, hayrat aralash shubha bilan.

Fleshkani kompyuterga uladi. Ekranda video fayl ochildi. Undan tanish ovoz yangradi — bu Taehyung edi.

Video yozuvi:

— Janob, nima bo‘ldi? Yuri xonim yaxshimi?

— U tirik, albatta... faqat xotirasini yo‘qotgan. Bu esa menga imkoniyat berdi. Unga yangi hayot, yangi sahifa bag‘ishlayapman. Eski hayotini — Vinsni, meni, unga qilgan azoblarimni — bularning barchasini u unutdi. Bu esa faqat foydali emasmi?

— Albatta, janob.

Video tugadi.

Yuri qotib qoldi. Nafas ololmay qoldi. Bu haqiqatlar uni titratdi — nafaqat bugungi xiyonat, balki o‘tmishdagi zulmat ham endi ayon bo‘lgandi. U ichidan otilib chiqqan alam bilan faryod chekdi.

— Razil... Menga nima qilganingni bilmayman, lekin o‘z og‘zing bilan meni qiynaganingni tan olding. Bugun esa yana xiyonat. Men esa... men senga sodda, hech narsadan bexabar bir qiz bo‘lib ko‘ringan ekanman...

U jahl bilan harakat qildi, narsalarini tezlikda sumkaga joyladi. Ko‘zlaridagi yoshni artmadi — bu safar u o‘zini to‘xtatishni istamadi. Yuragini ezgan uydan, yolg‘onlardan, xiyonatdan to‘la hayotdan chiqib ketdi.

Bu endi Yurining yakuniy qarori edi. Orqaga qaytish yo‘q edi

— Oyi, qayerga ketayapmiz? — dedi Sonoo mungli nigoh bilan.
— Uzoq joylarga, bolam… — dedi Yuri sekin, ko‘zlarini yo‘lga qadab.
— Dadam-chi?
Yuri yuragini tilka-pora qilgan savolni eshitib, bir zum jim bo‘lib qoldi. So‘ng chuqur xo‘rsinib, ovozi titrab:
— Endi sening dadang yo‘q, Sonoo… U bizga yolg‘on gapirdi… xiyonat qildi… — dedi.
— Nima? Oyi…
— Hech narsa. Ko‘p savol berma, iltimos…

Yuri va Sonoo Seulning chekka, sokin hududlaridan biriga yetib kelishdi. Bu yerda oddiygina, ammo tinchlik baxsh etuvchi bir uy bor edi. Yurining qo‘lida biroz pul bor edi, shuning uchun uy sotib oldi. U endi yangi hayotni shu yerda boshlamoqchi edi — og‘riqdan uzoqda, yolg‘onlardan yiroqda.

Bu orada Taehyung uyga kirib keldi.
— Yuri? Sonoo? — deb chaqirdi u.
Ammo javob yo‘q edi.
Xonalarni birin-ketin kezdi, yuragi g‘ashlik bilan to‘ldi.
— Nima ular hali ham kelishmadi?.. — dedi past ovozda, ammo allaqachon kech edi.

Yuri va Sonoo endi boshqa bir hayot sari yo‘l olishgan edi.