January 5, 2019

Tuyani bog‘lab qo‘yib tavakkul qil

Бисмиллаҳир Роҳманир Роҳийм.

Аллоҳ таолога битмас-туганмас ҳамду санолар бўлсин.

Пайғамбаримизга мукаммал ва батамом салавоту дурудлар бўлсин.

Chol va uning nabirasi bir kuni baliq ovlagani bordilar. Ko‘lning yaqiniga chodir tikdilar. To‘r-qarmoqlarini suvga tashlab chodirga qaytdilar. Bir soatdan keyin qarmoqdan xabar oldilar. Qarasalar, to‘rt-besh baliq ilingan ekan. Bolakay cholga qarab:

– Bobo, men baliqlarni to‘rga ilinishini bilgandim, – dedi.

– Qayerdan bilgan eding, ayt-chi?

– Qarmoqqa baliq ilinsin, deya duo qilgan edim.

To‘r-qarmoqni qaytadan tayyorladilar va tutgan baliqlarini pishirib, tanovul qilish uchun chodirga qaytdilar. Bobo va nabira qarmoqni nazorat qilish uchun suv yoniga bordilar. Qarashsa, yana baliqlar ilingan ekan.

Bolakay:

– Men yana baliqlar to‘rga ilinishini bilardim, – dedi.

Chol:

– Endi qayerdan bilding?

Bolakay:

– Yana duo qilganim uchun baliqlar ilindi.

Qarmoqni suvga otib, chodir tomonga yurdilar. Yotishdan avval kelib, yana to‘rga qaradilar. Ammo unga birorta baliq tushmagan edi.

Bolakay:

– Baliqlar to‘rga ilinmasligini bilardim, – dedi.

Chol:

– Qayerdan bilding?

Bolakay:

– Chunki bu safar duo qilmadim, shuning uchun baliqlar ilinmadi.

Chol:

– Nega duo qilmading?

Bolakay:

– Negaki qarmoqqa xo‘rak qo‘yishni unutdingiz, shuning uchun duo qilmadim, baliqlar esa ilinmadi.

Bolaning oqilligini qarang, ne’matga erishish uchun duoning o‘zi emas, sa’y-harakat ham zarurligini anglagan edi.

Abdurahmon ibn Abu Laylo aytadi:

Bir kishi Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga kelib: “Ey Allohning rasuli, tuyamni qo‘yib yuborib tavakkul qilayinmi yoki bog‘lab qo‘yibmi?” – deb so‘radi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uni bog‘lab, keyin Allohga tavakkul qil”, ­– dedilar.