January 18, 2023

Immunitetingiz himoyasi o‘z qo‘lingizda

Immunitetingiz himoyasi o‘z qo‘lingizda

Bugungi mamlakatdagi pandemiya davrida qolaversa kuz va qish mavsumlarida immunitetni mustahkamlash masalasi barcha uchun birdek muhim hisoblanadi. Quyida immunitetni oshirishga xizmat qiluvchi baʼzi omilar haqida maʼlumot beramiz.

Tahorat – nafaqat namoz kaliti, balki sog‘liq garovi hamdir. Tahoratning yurak qon tomirlari tizimiga foydasi isbotlangan. Sovuq suvda olingan tahorat organizmni chiniqtiradi. Doimiy og‘iz bo‘shliqlari va burunni tozalash infeksiya paydo bo‘lishini oldini oladi.

Zanjabil – antibakterial, shamollashga qarshi, antimikrob, antiseptik, bakteritsid xususiyatlarga boy. Zanjabil ildizi foydali bo‘lib, uning tarkibida vitamin S va V hamda inson organizmidagi shikastlangan hujayralarni qayta tiklash va “davolash” xususiyatiga ega bo‘lgan retinol bor. Zanjabilning shifobaxshligi asal bilan yana-da taʼsirli bo‘ladi.

Asal – organizm immunitetini oshirishda tengi yo‘qdir. Eslatib o‘tamiz, asal va odam organizmining kimyoviy tarkibi o‘xshash. Shamollashni oldini olishda asal va yong‘oq muhim vositadir. Yong‘oqning turli ko‘rinishi bo‘lishi mumkin, faqat bunda muhimi asal va yong‘oq aralashmasi maʼlum kun turishi kerak.

Qora sedana yog‘i – oshqozon ichak faoliyatini yaxshilab, immun tizimini oshiradi. Qora sedana yog‘i ko‘pgina kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalarni yo‘q qiladi, qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi va o‘t haydaydi. Yog‘ni profilaktik maqsadda yoki umum mustahkamlovchi vosita sifatida qo‘llash mumkin. Bir kun davomida bir choy qoshiq miqdorida qora sedana yog‘i ichilsa, o‘sha bir qoshiqning o‘zi ham kun davomida quvvat berib, moddalar almashinuvini normallashtiradi.

Hilba – Tabiblar: “Agar odamlar hilbaning foydasini bilishganda edi, uni oltinning bahosiga sotib olishardi”, deb aytishgan. Ingliz olimi Kleber: “Agar barcha dorilarni mezonning bir pallasiga, hilbani ikkinchi pallasiga qo‘ysangiz, mezon teng bo‘ladi”, degan. Virusli infeksiyalar oqibatida isitma ko‘tarilishida, shamollashda hilba urug‘lari foyda beradi. Hilbaning yumshatuvchi xususiyati tufayli uni shamollaganda va balg‘am ko‘chiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. U inson organizmmidagi quyuqlashib qolgan shilimshiqlarni yumshatib, ko‘chirib, toksinlarni limfa tizimi orqali yuvib chiqaradi. Shamollagan paytda 500 gr suvga bir osh qoshiq xilba solib, damlab ichish kerak.