Sudyaning uyi
Translated by AbdulmalikJune 19, 2020
Birinchi qism. Aprel oyida Jon Mor muhim imtihonga tayyorlanayotgan edi . Imtihon kuni yaqinlashayotgan bir pallada u biror yerga borib, yolg'iz o'zi tayyorlanishga qaror qildi .U dengiz bo'ylariga ham , go'zal qishloq etaklariga ham borishni istamasdi . U oddiy , sokin bir shaharcha topib o'sha yerda turli xil bezovtaliklarsiz ishlashni xohlardi. U chamadoniga kiyimlari va kitoblarini joyladi. Temiryo'l vokzalidagi poyezdlar ro'yxatidan o'ziga notanish bo'lgan shahar qidira boshladi . Bir shaharni tanladi va bilet sotib oldi. U qayerga ketayotganini hech kimga aytmagandi. Chunki uni bezovta qilishlarini xohlamasdi. Shunday qilib Mor Benchurch shahriga kelib qoldi . Bu shaharda haftada bir kun bozor bo'lardi . Qolgan paytlari esa u yer tinch va osoyishta edi. Mor birinchi tunini shahardagi yagona mehmonxonada o'tkazdi. Ijarachi ayol juda mehribon va rahmdil edi , lekin mehmonxona Mor uchun yetarlicha tinch emasdi . Ikkinchi kuni u ijaraga boshqa uy qidira boshladi . U yerda unga yoqadigan bitta joy bor edi . U joy tashlandiq , yolg'iz va juda tinch edi . U yerda 17-asrdan qolgan katta uy bor edi. Uyga qamoqxonani esga soluvchi derazalar o'rnatilgan , atrofi esa tosh devorlar bilan o'ralgandi. Bundanda yoqimsizroq joyni tasavvur qilish ancha qiyin . Ammo bu uy Morga juda mos tushdi. U uyga javobgar bo'lgan mahalliy advokatning oldiga bordi. Mister Kornford , advokat , uyni unga ijaraga berayotganidan boshi osmonda edi . ''Men bu uyni sizga tekinga berishga ham tayyorman '' derdi u '' shunchaki anchadan beri u yerda hech kim yashamagan. Chunki odamlar bu uy haqida har xil ahmoqona mish-mishlar to'qib chiqarishgan. Siz albatta bu mish-mishlarning yolg'onligini isbotlaysiz .'' Mor advokatdan o'sha ''ahmoqona mish-mishlar'' haqida so'rab olishni lozim topmadi. U ijara haqini to'lagach mister Kornford unga yordam beradigan qari xizmatkorning ismini aytdi. U advokatning ofisidan cho'ntagida uyning kalitlari bilan chiqdi. So'ngra misis Vudning , mehmonxona ijarachisining oldiga bordi.
'' Men bir necha haftaga bir uyni ijaraga oldim'' dedi u '' Bozorlik qilib olishim uchun maslahatingiz kerak edi . Nima olsam ekan nimani maslahat berasiz ? ''
'' Qayerni ijaraga oldingiz ser '' so'radi ijarachi ayol . Mor unga qayerligini aytdi .
Ayol daxshat bilan qo'llarini ko'tardi : '' Faqat Sudyaning uyi emas! '' dedi u , gapirgani sari yuzi oqarib borardi.
Mor unga uy haqida ko'proq narsa aytib berishini so'radi : '' Nega uni hamma ''Sudyaning uyi '' deb ataydi '' dedi u '' Nega hech kim u yerda yashashni istamaydi ? ''
Ikkinchi qism.
''Yaxshi ser '' dedi u ''ancha vaqt oldin - yo'q qancha vaqt bo'lganini bilmayman - u yerda sudya yashagan . U juda qattiqqo'l va zolim sudya bo'lgan . U hech kimga rahm qilmagan. Lekin uyga keladigan bo'lsak, biror aniq ma'lumot aytolmayman . Men ko'p bora surishtirganman, biroq hech kim menga aniq narsa aytmagan.'' Unga buni tushuntirish ancha qiyindek ko'rindi . Shahardagi asosiy hissiyot shundan iborat ediki Sudyaning uyida qandaydir g'alati narsa bor edi . '' Meng kelsak ser'' dedi u '' Men u yerda yolg'iz qolmagan bo'lardim , hatto bankdagi bor pulni berishsa ham !"
Keyin u uzr so'ray boshladi '' Sizni havotirga solganim uchun uzr ser. Lekin agar siz mening o'g'lim bo'lganingizda men sizga u yerda qolishga umuman ruhsat bermagan bo'lardim. Men o'sha uyga borib tomdagi trevoga qo'ng'irog'ini chalgan bo'lardim ! ''
Mor ayolning g'amxo'rligidan va mehribonligidan juda minnatdor edi . '' Sizning men haqimda havotirlanishingiz qanchalar yaxshi, misis Vud '' dedi u. '' Lekin havotirlanish uchun hech qanday asos yo'q . Men muhim imtihonga tayyorlanyabman va meni daxshatlar-u sirlarga vaqtim yo'q.'' Ijarachi ayol mehribonlik bilan u uchun bozorlikni o'zi qilib berishini aytdi . Mor keyin mister Kornford unga aytgan qari hizmatkorning oldiga bordi . Uning ismi misis Dempster edi . U o'zining yangi xo'jayiniga xizmat qilishdan juda xursand edi . Mor u bilan ikki soatdan so'ng Sudyaning uyiga qaytganlarida tashqarida misis Vud kutib turardi . Uning yonida yana boshqa odamlar bor edi - turli xil qog'oz paketlarni tashiyotgan bolalar-u bitta divanni olib kirayotgan erkaklar.
''Lekin uyda ham divanlar borku ! '' dedi Mor hayron bo'lib . ''Va ularda 50 yil yoki undan ham ko'proq yildan beri hech kim uxlamagan . Yo'q ser men sizning hayotingizni eski va noqulay korovatlarga topshira olmayman .'' dedi ijarachi ayol.
Misis Vudning uy ichini ko'rgisi kelayotgani bilinib turardi . Shu bilan birga qo'qayotgani ham sezilardi . Past tovush chiqsa ham u Morning qo'lini ushlab olardi . Birgalikda ular butun uyni aylanib chiqishdi . Uyni ko'zdan kechirgach Mor yemakxonada joylashishga qaror qildi. U yer ishlash uchun ham uxlash uchun ham juda qulay edi . Misis Vud va misis Dempster hamma narsani tartibga keltira boshlashdi . Tez orada barcha savatlar bo'shatildi . Mor mehribon misis Vudning hatto gul qog'ozlar ham olib kelganini ko'rdi. Misis Vud ketishidan oldin o'girildi va dedi :" Umid qilamanki ser sizga hech narsa qilmaydi . Lekin shuni aytishim kerakki men bu yerda arvohlar bilan uxlolmagan bo'lardim. ''
U ketgach misis Dempster kuldi ''Arvohlar'' dedi u ''Arvohlar ! Bu yerda hech qanaqa arvohlar yo'q . Shunchaki kalamushlar , hashoratlar va yog'lanishi kerak bo'lgan eshiklar bor xolos. Ba'zida shamol sababli oshilib ketishi mumkin bo'lgan derazalar ham bor... Mana bu xonaning eman devorlariga qarang ser . Ular kamida 100 yoshda ! Shu devorlar ortida kalamushlar-u hashoratlar yo'q deb o'ylaysizmi ?! Siz juda ko'p kalamushlarni ko'rishingiz mumkin ser lekin aminmanki hech qanday arvohni ko'rmaysiz. Siz bir sayr qilib keling ser qaytganingizda xonangizni allaqachon tayyorlab qo'ygan bo'laman.''
U va'dasida turdi. Mor uyga qaytganda xona chinnidek toza qilib qo'yilgandi. Qadimiy kaminda gulxan yonardi. Misis Dempster chiroq yoqib stol ustiga Mor uchun ovqat tayyorlab qo'ygandi. ''Xayrli tun ser '' dedi u '' Men endi ketishim kerak , hali erimga ham ovqat tayyorlayman . Ertalab ko'rishguncha ''.
''Bu juda ajoyib'' dedi Mor o'ziga o'zi misis Dempsterning u uchun tayyorlagan mazali ovqatini yeyayotib. Ovqatlanib bo'lgach idishlarni stol chetiga surib qo'ydi. Kaminga ko'proq o'tin tashlab o'qishni boshladi.
Uchinchi qism.
Mor soat 11 gacha to'xtovsiz o'qidi. Keyin kaminga yana biroz o'tin tashladi. Choynakda choy damlab oldi. U ich-ichidan rohatlanardi. Gulxan yorug' nur taratardi .Olov nuri eman devorlarda raqsga tushar va atrofga g'alati soyalar tashlardi. Choy juda mazali edi va uning oldida bezovta qilishi mumkin bo'lgan hech kim yo'q edi. Keyin birinchi marta u kalamushlar juda baland shovqin chiqarayotganlarini sezdi.
''O'qiyotganimda ham ular shunday shovqin solayotganmidilar ? Yo'q menimcha unday emas. Balki birinchi martada ular mendan cho'chigandirlar . Ana endi esa ular qo'rqmay ham qo'ydilar va atrofda odatdagiday yugurib yuribdilar .''
Ular qanchalar o'z ishlari bilan bandlar-a ! Ular chiqarayotgan shovqin ham juda baland! Ular eman devorlari ortida , shiftda va pol ostida o'rmalab yurishardi. Mor misis Dempsterning gaplarini esladi :" Siz juda ko'p kalamushlarni ko'rishingiz mumkin ser lekin aminmanki hech qanday arvohni ko'rmaysiz''
''Ha '' dedi Mor yuzida tabassum bilan '' har xolda u kalamushlar borasida haq ekan''
Mor chiroqni oldi va xonani ko'zdan kechira boshladi . ''Juda g'alati '' derdi u o'ziga-o'zi ''Nega hech kim shunday chiroyli uyda yashashni xohlamaydi.'' Eman devorlar juda go'zal edi. Devorlarda bir nechta rasmlar osig'liq lekin ularning hammasi chang va kir bilan qoplangandi , shuning uchun u rasmlarni aniq ko'ra olmadi . Devorlarning ko'p yeridan teshiklar ochilgandi. Vaqt o'tgani sari o'sha teshiklardan kalamushlarning qiziquvchan yuzlari unga tikila boshladi. So'ngra chiyyildoq tovush chiqarib ko'zdan g'oyib bo'lishdi.
Ammo uni qattiq qiziqtirayotgan narsa boshqa edi va o'sha narsa tomdagi trevoga qo'ng'irog'ining arqoni edi. Arqon xonaning bir burchagida , kaminning o'ng tarafida osilib turardi .Mor katta eman kreslo topib oldi va uni kamin yoniga qo'ydi . U kresloga o'tirib qadahdagi so'nggi choyini ichdi. Keyin yana gulxanga o't qalab stolga , kitoblari oldiga o'tirdi. Bir muddat kalamushlar o'zlarining shitir-shitirlari bilan unga halaqit berishdi. Ammo u bu tovushlarga o'rganib qoldi va tez orada o'qishidan boshqa hammasini unutdi.
Birdaniga u atrofga qaradi . Nimadir uni bezovta qilgandi lekin o'sha narsa nimaligini o'zi ham aniq tushunmadi. U diqqat bilan quloq sola boshladi . Xona jim-jit edi . Jimjitlik! Kalamushlarning shovqin-suroni birdan tinchib qolgandi ! '' Nega ular birdan tinchib qolishdi? ''dedi Mor . U xonaga qaradi va nihoyatda katta kalamushni ko'rdi . Kalamush kamin yonidagi katta eman kresloga o'tirib olgan , qip-qizil ko'zlaridagi nafrat bilan Morga tikilib turardi. Mor bir kitobni olib uni kalamushga otmoqchidek baland ko'tardi . Lekin kalamush qochmadi. Kalamush g'azab bilan oppoq tishlarini ko'rsatdi , uning yovuz ko'zlari chiroq yorug'ida rahmsizlik-la chaqnardi .
''Senmi hali...'' dedi Mor va kamindagi cho'qmorni olib kalamushni urmoqchi bo'ldi. Biroq u yetib kelmasidan kalamush chiyyillab polga sakradi . U trevoga qo'ng'irog'ining arqoniga tirmashib shiftga chiqdi va qorong'ulikda ko'zdan g'oyib bo'ldi. G'alati holda , kalamushlarning shitir - shitiri yana boshlandi. Mor ortiq o'qishni istamadi . Tashqarida qushlar sayrardi : tez orada tong otadi . U korovatga yotdi va tezda uxlab qoldi.
To'rtinchi qism
U juda qattiq uxladi , shuning uchun misis Dempsterning kelganini sezmadi . Misis Dempster xonaning changini artdi va Morga nonushta tayyorladi. U Morni qadahda choy bilan uyg'otdi .
Nonushtadan so'ng Mor kitob qo'ltiqlab sayrga chiqdi. Yo'lda sendvich sotib oldi ( tushlikka vaqti bo'lmasligini bilardi) . U kichkinagina , tinch bog' topdi va qolgan vaqtini o'sha yerda kitob o'qib o'tkazdi. Uyga qaytayotib Mor mehmonxonaga kirdi va misis Vudning mehribonchiligi uchun rahmat aytdi. Misis Vud unga sinchkovlik bilan qaradi .
''Siz haddan tashqari ko'p o'qimasligingiz kerak ser. Bugun juda rangsiz ko'rinasiz. Juda ko'p o'qish hech kimga foyda olib kelmaydi. Aytingchi ser , tuningiz yaxshi o'tdimi ? Misis Dempster menga aytdi , ertalab uyga kelsa hali ham uxlab yotgan ekansiz.''
''Oh , juda yaxshi tun o'tkazdim '' dedi Mor tabassum bilan '' Arvohlari hali meni bezovta qilishmadi. Lekin kecha kalamushlar rosa bayran qilishdi. Ularning orasida qizil ko'zli iblis ham bor ekan. U gulxan yonidagi kresloga o'tirib olibdi. Cho'qmorni olib urmoqchi edim keyin qochib ketdi . Trevoga qo'ng'irog'ining arqoniga tirmashib chiqib ketdi. Qayerga kirib ketganini ko'rmadim , shift juda qorong'u edi.''
''Yo Rabbim '' baqirdi misis Vud ''gulxan yonida o'tirgan iblis! Ehtiyot bo'ling ser ehtiyot bo'ling!''
''Nimani nazarda tutyabsiz'' dedi Mor hayron bo'lib , so'ngra '' Iblis , iblis '' deya kula boshladi.
''Uzr misis Vud '' dedi u nihoyat '' shunchaki iblis haqidagi gapingizga ko'lgim qistadi '' . So'ngra yana kula boshladi. Keyin Mor uyiga ketdi.
Bu kechasi kalamushlarning shovqini ertaroq boshlandi . Kechki taomdan keyin u kamin yoniga o'tirdi va choy icha boshladi. Choyni ichib bo'lgach stol oldiga borib o'qishni boshladi.
Kalamushlar uni o'tgan galgidan ko'ra ko'proq bezovta qildilar . Ular chiyyillab u yoqdan bu yoqqa yugurishar , devorlardagi teshiklardan unga tikilib qarashardi. Ularning ko'zlari gulxan yorug'ida kichik chiroqlardek yaltirardi. Biroq Mor ularga o'rgana boshladi . Ular tajovuzkordan ko'ra o'yinqaroqdek ko'rinardilar. Ba'zida botirroq kalamushlar pol bo'ylab yugurishar yoki rasmlar ustida o'rmalashardi . Mor ularga varoq silkitardi , ular esa darrov teshiklariga kirib ketishardi.
Tunning qolgan qismi shu tarzda o'tdi. Mor bir necha soat qattiq o'qidi.
Keyin Mor birdaniga xona kechagidek tinchib qolganini sezdi . Kalamushlar ortiq tovush chiqarmay qo'yishgandi .
Butun xona xuddi qabrdek jim-jit bo'lib qoldi. Mor kechagi tunni esladi . Mor tezda gulxan yonidagi kresloga qaradi va - hayratdan qotib qoldi . U yerda , katta eman kresloda , yana o'sha ulkan kalamush o'tirardi. U Morga nafrat bilan tikilardi . O'ylab o'tirmay, Mor bir kitobni olib unga otdi. Kitob kalamushga tegmadi , lekin kalamush ham joyidan jilmadi . Shuning uchun Mor cho'qmorni oldi. Kalamush yana trevoga qo'ng'irog'ining arqoniga tirmashib chiqib ketdi. U yo'qolgach boshqa kalamushlar odatdagidek yana o'z shovqinlarini boshladilar. Mor ulkan kalamushning qayerga kirib ketganini ko'rolmasdi. Chiroqning nuri shiftni yoritmasdi , olov ham ancha past edi.
Mor soatiga qaradi : deyarli yarim tun. U gulxanga ko'proq o'tin tashlab choy damladi. Keyin gulxan yonidagi kresloga o'tirib choy icha boshladi.
'' Meni o'sha ulkan kalamushning qayerga ketgani qiziqtiryabdi'' o'yladi Mor . ''Ertalab kalamushlar uchun qopqon sotib olishim kerak.'' U boshqa chiroqni yoqdi va uni galxan yonidagi devorning o'ng tarafini yoritadigan qilib joylashtirdi . Unda o'sha la'nati maxluqqa uloqtirish uchun kitoblar yetarli edi. Nihoyat, u trevoga arqonini olib stol yoniga bordi va chiroqning ostiga bog'lab qo'ydi.
U arqonni bog'layotganda arqonning qanchalik pishshiqligini sezdi . ''Bu bilan odamni ham bemalol osib qo'ysa bo'ladi '' o'yladi u . So'ng u biroz ortga chekinib o'z ishidan mamnun bosh chayqadi.
''Mana do'stim '' dedi u baland ovozda '' Bu safar sening siringni aniq fosh qilaman.''
U yana o'qiy boshladi. Lekin birozdan keyin yana noodatiy jimlikdan e'tibori bo'lindi . Trevoga arqoni biroz qimirladi. Arqonning uchi bog'langan chiroq ham oldinga tortildi. Mor kitoblarni otish uchun tayyorlab qo'ygandi . U arqonning tepasiga qaradi. U yerdan o'sha ulkan kalamush eman kreslo tomonga tushib kelardi . Kalamush eman kresloga yana o'tirib oldi va Morga g'azab-la qaradi. Mor kitobni oldi va uni kalamushga mo'ljallab otdi . Kalamush aqllilik qilib boshqa tomonga sakrab o'tdi. Mor boshqa kitobni otdi lekin bu safar ham mo'ljalga urolmadi. So'ngra Mor uchinchi kitobni olib o'rnidan turdi. U otgan kitob kalamushga aniq tegdi . Og'riq va qo'rquvdan chiyyillab, kalamush rosmana nafrat bilan Morga tikildi va trevoga qo'ng'irog'i tomon chaqmoqdek yugurdi. U arqonga qattiq tirmashdi , uning shiddatidan chiroq ham qimirlab ketdi. Mor kalamushga diqqat bilan qaradi. Ikkinchi chiroqning nurida u kalamushning devordagi eng katta rasm tepasidagi teshikka kirib ketganini ko'rdi .
''Ertaga bu yoqimsiz mehmonimning uyini tekshirib ko'raman'' dedi o'ziga-o'zi Mor yerdagi kitoblarini olayotib . ''Kamindan keyingi uchinchi rasm: aslo yoddan chiqarmayman '' . U o'zi otgan uchinchi kitobni oldi . '' Mana shu kitob mo'ljalga tegdi '' dedi u o'ziga . Keyin yuzi oqarib ketdi . ''Nega ... axir bu onamning eski injiliku , qanday g'alati '' . U o'qish uchun yana stol yoniga o'tirdi va boshqa kalamushlar ham shovqin-suronlarini boshlashdi. Ularning tovushi Morning g'ashiga tegmasdi . Ulkan kalamushga solishtirganda , ular ancha do'stona tuyulardilar. Lekin Mor boshqa o'qiy olmadi. Nihoyat u kitobini yopdi va karovatiga cho'zildi . U ko'zini yumganda derazadan endi chiqayotgan quyoshning nuri tushardi .
Beshinchi qism
U qattiq lekin qiynalib uxladi va juda ko'p qo'rqinchli tushlar ko'rib chiqdi . Keyin odatdagidek misis Dempster uni bir chashka choy bilan uyg'otdi , shundan so'ng u o'zini biroz yengil his qildi. Biroq uning birinchi iltimosi qari xizmatkorni ajablantirdi :" Misis Dempster, bugun ko'chadaligimda , xonadagi hamma rasmlarni tozalab qo'ya olasizmi , ayniqsa kamindan keyingi uchinchi rasmni ? Men ularni ko'rmoqchiman.''
Mor yana kunning qolgan qismini parkda kitob o'qib o'tkazdi . Uyga qaytayotib mehmonxonaga , misis Vudning oldiga kirdi. Misis Vudning mehmoni bor ekan. ''Tanishing ser '' dedi misis Vud '' bu doktor Tornhil'' . Misis Vud ularni tanishtirib bo'lgach , doktor Mordan ko'p savollar so'ray boshladi. ''Aminmanki '',- o'yladi Mor hayolida -'' miss Vud bu doktorni ataylab chaqirgan '' Mor doktorga o'girildi .
''Doktor men sizning hamma savollaringizga javob beraman , agar siz ham mening bitta savolimga javob bersangiz ''.
Doktor dastlab biroz hayron bo'ldi lekin darxol bunga rozi bo'ldi .
''Sizni bu yerga menga maslahat berish uchun misis Vud chaqirdimi ? '' so'radi Mor . Doktor ajablandi . Misis Vudning yuzi qizarib ketdi . Lekin doktor vijdonli va do'stona inson edi , shuning uchun darhol javob berdi :'' To'g'ri u meni chaqirdi lekin bu haqida bilishingizni xohlamagandi . U sizdan qattiq xavotirda . Unga sizning o'sha uyda yolg'iz qolishingiz yoqmayabdi va uning o'ylashicha siz haddan tashqari ko'p o'qiyabsiz va ko'p kuchli choy ichyabsiz ekan . U mendan sizga yaxshi maslahat berishimni so'radi . Men ham bir paytlar siz kabi student bo'lganman va nima haqida gapirayotganimni juda yaxshi bilaman.''
Mor tabassum qildi va doktor Tornhilning qo'lini do'stona siqib qo'ydi . '' Men sizning mehribonchiligingiz uchun rahmat aytishim kerak - va sizga ham katta rahmat misis Vud . Sizlarga va'da beraman bugundan boshlab umuman o'tkir choy ichmayman va soat 1 da uxlashga yotaman . Mana, endi ikkingiz ham xursandmisizlar ? ''
''Juda ham '' dedi doktor Tornhil . '' Xo'sh endi bizga o'sha uy haqida nima bilsangiz aytib bering ''
Mor ularga o'sha uyda o'tkazgan barcha tunlari haqida aytib berdi .
U ularga qanday qilib injilni kalamushga otganini aytib berganda misis Vud oh urib yubordi. Mor hikoyasini tugatganda doktor Tornhil juda jiddiy qiyofada edi.
'' O'sha kalamush doim trevoga arqoniga tirmashib chiqib ketadi shundaymi ? '' so'radi u .
''Doim''
''O'ylaymanki siz o'sha arqon qanday arqonligini bilasiz ? '' so'radi doktor.
''Yo'q bilmayman '' dedi Mor .
U arqon jallodning arqoni '' dedi doktor '' agar sudya kimnidir o'limga hukm qilsa , o'sha baxtsiz odamni o'sha arqonga osishgan .'' Misis Vud yana oh urdi . Doktor stakanda suv olib kelish uchun ketdi . Qaytib kelib Morga qattiq tikildi .
''Eshiting Mor '' dedi u '' agar sizga biror nima bo'lsa tezda trevoga qo'ng'irog'ini chaling , men kechqurun ham ishlayman va mashinamni shay qilib qo'yaman . Gaplarimni aslo unutmang!"
Mor kuldi va ''Aminmanki bunday qilishimga xojat bo'lmaydi '' dedi , so'ng uyiga ketdi .
''Menga bu yigitning hikoyasi yoqmadi '' dedi doktor Tornhil Mor ketgach . '' Balki u bularning ko'pini to'qib chiqargandir . Nima bo'lganda ham bugun tunda men trevoga qo'ng'irog'ining chalinishini kutaman . Balki biz vaqtida unga yordam bera olarmiz ''
Oltinchi qism .
Mor uyga kelganda misis Dempster allaqachon ketib bo'lgandi . Stolda esa Morning ovqati tayyor edi . Chiroq yorqin nur sochar , kaminda esa gulxan yonardi . Tun sovuq va shamolli edi lekin xona ancha issiq edi . U kelganidan keyin bir necha daqiqa davomida kalamushlar tovush chiqarishmadi . Lekin tezda ular o'zlarining xonada borliklarini bilintirib qo'ymoqchidek shovqinlarini boshladilar.
Mor ularning tovushlarini eshitayotganidan xursand edi . U ulkan kalamush paydo bo'lsa ularning jimib qolishini yaxshi bilardi . Mor tez orada shovqinni unutdi va ishtaga bilan ovqatlana boshladi . Kechki ovqatdan so'ng u kitoblarini ochdi va ularni o'qishga kirishdi.
U bir yoki ikki soat qattiq o'qidi . Keyin esa e'tibori susaydi va derazaga qaradi. Bo'ronli kecha bo'layotgandi . Butun uy qimirlayotgandek tuyular , mo'rilardan shamolning g'alati , notabiiy hushtakka o'xshash ovozi kelardi . Shamolning kuchi trevoga qo'ng'irog'ini qimirlatardi . Uning pishshiq arqoni biroz ko'tarilib tushardi , uning uchi eman polga urilib to'qqillagan tovush chiqarardi. Mor uni kuzatayotib doktorning gapini esladi :'' U arqon jallodning arqoni '' . U kamin yoniga bordi va arqonni qo'liga oldi . U arqonga sinchiklab qaradi . Bu arqon qanchadan - qancha insonni o'ldirganini o'ylardi u . Arqonni ushlab turganda tomdagi qo'ng'iroq arqonni hali ham qimirlatardi . Keyin u boshqa harakatni ilg'adi. Arqon huddi u bo'ylab kimdir tushib kelayotgandek qimirlardi. Shu vaqtda kalamushlarning shovqini ham to'xtadi . Mor tepaga qaradi va ulkan kalamushning arqon bo'ylab tushib kelayotganini ko'rdi . Ulkan kalamush unga nafrat bilan bilan qarardi . Mor arqonni tashlab ortga sakradi . Kalamush esa o'girilib ortiga qarab ketdi va ko'zdan g'ayib bo'ldi . U ketgach boshqa kalamushlar yana o'z chiyyillashlarini boshladilar .
''Juda soz do'stim '' o'yladi Mor '' sening yashiringan joyingni tekshirish payti keldi .''
U boshqa chiroq yoqdi . U ulkan kalamushning o'ng qo'ldan uchinchi rasm tepasidagi teshikka kirib ketganini esladi . Mor chiroqni olib uni uchinchi rasm oldiga , olib keldi va rasmga qaradi .
Uning chiroqni tushirib yuborishiga ozgina qoldi . U ortga tisarildi , qo'rquvdan rangsiz yuzidan terlar oqa boshladi . Tizzasidan mador ketdi. Uning butun tanasi huddi yaproqdek qaltirardi. Lekin u yosh va jasur edi , shuning uchun o'zida kuch to'plab yana rasm qarshisiga bordi . Misis Dempster uni yaxshilab tozalab qo'ygandi va Mor uni aniq ko'ra olardi .
Unda sudya tasvirlangandi . Sudyaning berahm, aqlli va zolimona yuzi , qayrilma burni va yorqin ko'zlari bor edi . Mor unga qarayotib bunday yuzni oldin ham ko'rganini angladi . Ulkan kalamushning ko'zlari ham huddi shunday edi. Ularning - sudya va ulkan kalamushning yuzida bir xil nafrat va bir xil shafqatsizlik zohir edi . Keyin xonadagi kalamushlarning shovqini yana to'xtab qoldi , Mor uni kimdir kuzatayotganini his qildi . Ulkan kalamush rasm chetidagi teshikdan unga qarab turardi . Ammo Mor buni sezmadi va rasmni o'rganishda davom etdi .
Rasmda sudya katta eman kresloda , tosh-kamin yonida o'tirardi. Trevoga arqoni chetda osilib turardi . Daxshat hissi bilan , Mor rasmda o'zi turgan xona tasvirlanganini angladi . U sudyaning yon-veriga qaradi , xuddi boshqa yana kimningdir rasmda borligini aniq bilgandek .
Keyin u kamin chetiga qaradi . U qo'rquvdan muzlab qoldi va qo'lidagi chiroqni tushirib yubordi . Rasmda , sudyaning kreslosi tepasida ulkan kalamush tasvirlangandi . Ularning ortida arqon osig'liq turardi . Rasmda ulkan kalamush Morga sudyaga o'xshab shafqatsiz yuz bilan boqardi . Lekin uning qip-qizil ko'zlarida yangi, g'olibona nigoh bor edi . Xona jim-jit edi faqat tashqaridagi bo'ronning ovozi eshitilardi .
''Chiroq '' o'yladi Mor daxshat ichra . Uning baxtiga chiroq temirdan ishlangandi va moyi to'kilib ketmagandi . Ammo agar u chiroqni yerdan olmasa o'chib qolishi hech gap emasdi . Chiroqni olgach uning barcha qo'rquvlari tarqadi.
So'ng u to'xtab o'ylay boshladi :'' Bunday davom eta olmayman '' dedi u o'ziga-o'zi. '' Doktor haq . Kech uxlash va o'tkir choy men uchun yaxshi emas . Ular meni asabiy qilib qo'ymoqda . Lekin hozir ancha yaxshiman '' . U o'ziga issiq , sutli ichimlik tayyorladi va o'tirib dars qila boshladi.
Deyarli bir soatdan so'ng yana birdaniga xonaga cho'kkan jimlik uni bezovta qildi . Tashqarida bo'ron uvvullar va kuchayib borardi . Derazaga yomg'ir tomchilari urila boshladi . Ammo uy ichi qabrdek jim-jit edi .Mor diqqat bilan quloq soldi va g'alati tiqirlagan tovushni eshitdi . Bu tovush xonaning arqon osilib turgan burchagidan kelardi . Birinchi martada u arqonning o'zi shunday tovush chiqaryabdi deb o'yladi. Keyin u tepaga qaradi va ulkan kalamushni ko'rdi . U o'zining sariq va jirkanch tishlari bilan arqonni g'ajirdi . U deyarli arqonni kemirib bo'lgandi va Mor uni kuzatayotganda arqonning uzilgan qismi polga do'pillab tushdi . Faqatgina bir qismi hali ham qo'ng'iroqqa ilinib turardi va ulkan kalamush unda osilib turardi . Tepadagi arqon oldinga va orqaga chayqala boshladi . Mor daxshatli qo'rquv iskanjasida qoldi. '' Demak endi trevoga qo'ng'irog'ini chala olmayman shundaymi !'' o'yladi u . Keyin uning jaxli chiqdi . U o'qiyotgan kitobini oldi va uni g'azab bilan kalamushga qarata uloqtirdi . U to'g'ri mo'ljal olgandi . Ammo kitob yetib bormasidan kalamush polga sakradi .
Mor darxol uning ortidan yugurdi . Lekin kalamush qochib ketdi va soyalar ichra g'oyib bo'ldi.
''Uxlashdan oldin sen maxluqni tutmay qo'ymayman '' dedi Mor o'ziga. U chiroqni oldi va yana tushirib yubordi .
Sudya rasmdan g'oyib bo'lgandi . Kreslo va boshqa narsalar hali ham bor edi . Lekin sudya rasmda yo'q edi . Qo'rquvdan joyida muzlab , Mor atrofga alangladi . Uni qaltiroq tutdi . Tanasidan bor kuchi ketib bo'lgan , tanasini umuman harakatlantira olmasdi . U faqat eshitib ko'ra olardi xolos.
U yerda , katta eman kresloda haqiqiy sudya o'tirardi . Uning shafqatsiz ko'zlari Morga qadalgandi . Uning og'zida g'olibona tabassum barq urardi . U sekin boshidagi qora shlyapani yechdi . Morning yuragi qinidan chiqib ketgudek tez urardi . Quloqlari ostida esa g'alati hushtak ovozi yangrardi . Tashqarida bo'ron quturgandan quturardi. So'ngra, bo'ronning baland ovozi orasida , u bozordagi soatning bong utganini eshitdi. Sudyaning yuzidagi g'olibona tabassum yanada kuchaydi . Soat tungi 12 ga bong urganda sudya qora shlyapasini boshiga qo'ndirdi . Sekin -asta , ataylab u kreslodan erinchoqlik bilan turdi va yerdagi arqon bo'lagini oldi. U arqonning uchini sirtmoq qilib tugdi. Sirtmoqning pishshiqligini oyoqlari bilan itarib tekshirib ko'rdi . Sudya sirtmoqni qattiq bo'lgunicha itardi . Keyin u sekinlik bilan harakatlanib stoldan o'tdi va Morning ro'parasiga keldi . Birgina chaqqon harakat bilan u eshikni to'sib oldi. Mor qopqonga tushd! Bu vaqtda esa sudyaning ko'zlari Morning ko'zlariga qadalgandi .
Yettinchi qism
Mor shafqatsiz ko'zlarga tikilib turardi , xuddi qush mushukka tikilgani kabi . U sudyaning sirtmoq bilan tobora unga yaqin kelayotganini ko'rib turardi. Shunda sudya sirtmoqni unga qarata otdi . Mor jon holatda o'zini boshqa tomonga otdi , sirtmoq yerga borib tushdi . Sudya yana sirtmoqni unga otib uni tutmoqchi bo'ldi. Qayta-qayta bu hol takrorlandi . Har doim u Morga berahm nigoh-la qarardi .
''U men bilan o'ynashyabdi '' o'yladi Mor '' mushuk qush bilan o'ynashgani kabi . Bu ketishda u meni tutib oladi va osadi ...''
Mor ortiga qaradi . Yuzlab kalamushlar yorqin , xavotirli ko'zlari bilan uni kuzatib turishardi . Keyin u trevoga qo'ng'irog'ining arqonini kalamushlar qoplab olganini ko'rdi . Juda ko'p kalamushlar arqonga tirmasha boshladilar . Ular arqonga osilib uni chayqata boshladilar .
Trevoga qo'ng'irog' chalina boshladi , dastlab pastroq keyin esa qattiq chalina boshladi . Sudya tepaga qaradi . Uning yuzida iblisona g'azab namoyon edi . Ko'zlari esa qip-qizil qondek yonardi . Tashqarida qattiq momaqaldiroq chaqdi . Sudya yana sirtmog'ini ko'tardi , bu paytda kalamishlar ataylab arqonni chayqatib trevoga qo'ng'irog'ini chalayotgan edilar .
Bu safar sudya arqonni otish o'rniga uni ushlab Mor tomonga yaqinlasha boshladi . Mor qimirlay ham olmadi . U joyida toshdek qotgandi . U o'z bo'ynida sudyaning muzdek barmoqlarini va sirtmoqni his qilib turardi .
U sirtmoqning tomog'iga tiralganini sezdi . Keyin sudya uni qo'llarida ko'tardi va katta eman kresloning ustiga turg'izdi . Morning yoniga chiqib , sudya tepadagi trevoga qo'ng'irog'ining arqonini tutib oldi . U arqonni ushlab olganda kalamushlar qo'rqib qochib ketdilar . Ular shiftdagi teshiklarga kirib ketishdi . Keyin sudya sirtmoqning uchini trevoga qo'ng'irog'ining arqoniga maxkam bog'ladi . So'ngra u yerdan tushib Morning ostidagi kresloni tortib oldi .
Sakkizinchi qism
Sudyaning uyidagi trevoga qo'ng'irog'i chalina boshlaganda butun shahar aholisi to'plandi . Minglab odamlar qo'llarida fonus va chiroqlar bilan uyga oqib kela boshladilar . Ular eshikni qattiq taqqilatdilar lekin hech kim javob bermadi. Keyin ular eshikni buzdilar va katta yemakxonaga yugurib kirdilar . Doktor Tornhil birinchi bo'lib Morning oldiga keldi , ammo kechikkandi . Trevoga arqonida bechora yigitning jonsiz tanasi osilib turardi . Sudya yana o'z rasmida xotirjam o'tirardi . Lekin uning yuzida g'olibona tabassum o'ynardi .
TAMOM
Muallif Brem Shtoker .
Tarjimon Abdusalomov Abdumalik .