“Uzbekistan Airports” universitet talabalari uchun amaliyot o‘tashga qabul e’lon qiladi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-avgustdagi davlat organlariga bergan topshirig’i ijrosi doirasida «Uzbekistan Airports» kompaniyasi tomonidan Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi qabul qilindi. Kadrlar dasturi Toshkent davlat transport univeriteti bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish, istiqbolli va iqtidorli kadrlarni tanlash, bitiruvchilar uchun keyinchalik O‘zbekiston aeroportlarida ishga joylashish imkoniyati bilan amaliyot o‘tashlarini tashkil etishga qaratilgan.
«Amaliyot davomida bitiruvchilar «Uzbekistan Airports» AJ bo‘linmalari va xalqaro aeroportlar o‘rtasida taqsimlanadi va ular ob’ektlarning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari va o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. «Ustoz-shogird» modeliga ko‘ra, talabalarga mas’ul xodim tayinlanadi, uning vazifalariga mehnat va xavfsizlik qoidalari bo‘yicha ma’lumot berish, shuningdek, ularni ichki mehnat qoidalari va ish rejimining o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtirish kiradi. Dastur bo‘yicha amaliyotni muvaffaqiyatli o‘tagan talabalar «Uzbekistan Airports» maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan suhbat asosida bo‘sh ish o‘rinlariga qabul qilinishi mumkin», — deyiladi kompaniya xabarida.
Toshkent davlat transport universitetining bitiruvchi kurslar talabalari (3-4 kurs) kompaniyada amaliyot o‘tash uchun ariza topshirishlari mumkin. Buning uchun, info@uzairports.com elektron pochta manziliga quyidagi hujjatlarni yuborish lozim: ariza, pasport nusxasi, o‘qish joyidan (universitetdan) ma’lumotnoma va tavsiyanoma.
Qo'shimcha savollaringiz bo'lsa +99855 501 47 09 telefon raqamiga murojaat qilishingiz mumkin.