𝗡𝗨𝗛 𝗮𝗹𝗮𝘆𝗵𝗶𝘀𝘀𝗮𝗹𝗼𝗺
Idris (a.s.) osmonga koʻtarilgandan keyin insonlar to'g'ri yo'ldan yana adashdilar. Butlarga topina boshladilar. Shunda Alloh taolo insonlarni xidoyatga boshlash uchun Nuh alayhissalomni yubordi.
Nuh (a.s.) qavmiga payg'ambar qilib yuborilganda ular Suvo nomli ayol, Vad nomli erkak, Yag'us nomli arslon, Yauq nomli ot, Nasr nomli burgut va kalxat shaklidagi butlarga sig'inishardi. Nuh (a.s.) ularni kechayu kunduz haq yoʻliga daʼvat etdi. Ammo ular quloq solmadilar.
Nuhning (a.s.) qavmiga aytgan soʻzlarini Qurʼoni Karim shunday bildiradi: Nuh (a.s.) qavmiga: "Ey qavmim, albatta, men sizlarga (yuborilgan) ochiq ogohlantiruvchidirman. Allohga ibodat qilinglar va u zotdan qo'rqinglar hamda menga itoat etinglar.... (Nuh surasi, 2-3-oyatlar)", dedi. Qavmi esa, unga itoat etishdan bosh tortdi, daʼvatlaridan yuz o'girdi. Shunda Nuh (a.s.) Allohga yolvorib: "Parvardigorim, albatta, men qavmimni kechayu kunduz daʼ vat etdim. Daʼvatim ularga faqat (iymondan) ochishni ziyoda qildi, xolos. Darvoqe, har qachon men ularni Sening mag'firatingga (sabab bo'ladigan din yo'liga) daʼvat qilsam, ular (mening so'zlarimni eshitmaslik uchun) barmoqlarini qulolariga tiqib, kiyimlarini boshlariga oʻradi va kibr-havoga berildi. Parvardigorim, ular menga itoatsizlik qildilar. Xalqni aldab, ishontirdi, har xil hiylalarni ishlatdilar. Ilohlarimizni zinhor tark etmaymiz, dedilar. Ey Robbim, yer yuzida kofirlardan biron xovli-joy egasi qoldirmagin. Sen ularni (yer yuzida) qoldirsang, ular bandalaringni yoʻldan ozdirurlar va ular faqat koʻrnamak, nopok(kimsalar)ni tug'ib-ko'paytirurlar", degan mazmunda qavmini badduo qildi. Duosini Alloh qabul etdi. Unga kema yasashni buyurdi, Nuh (a.s.) qirda katta bir kema yasay boshladi. Mushriklar uni masxara qilib: «Ey Nuh! Oldin payg'ambar eding, endi duradgor bo'ldingmi?- deyishdi. Kema bitdi, mashhur Nuh to'foni boshlandi. Hamma joyni suv bosdi, hatto tog'larni ham koʻmib yubordi. kemaga chiqmagan barcha insonlar va xayvonlar cho'kib ketishdi.
Nuh (a.s.) kemasi bir yuz ellik kun mobaynida suvda suzdi, soʻngra Judiy togʻining tepasida to'xtadi. Kemadan tushganlar yemaklarini qozonga solib qaynatdilar. Hozirgi Muharram oyining Oʻninchi kuni shoʻrva qilib ichdilar. “Ashura sho'rvasi” degan nom shundan qolgan.
To'fondan keyin Nuhning (a.s.) uch o'g'lidan insonlar tarqaldi. Shuning uchun Nuhni (a.s.) ikkinchi Odam ham deyiladi.
Uch o'g'ildan birining ismi Yofas bo'lib, undan turklar tarqaldi. U turklarning otasi xisoblanadi. Ikkinchisining ismi Samdir. Undan arab, rum, ajam qavmlari tarqaldi, sudan xalqining otasi Xomdir, barcha sudan xalqi undan tarqalgani rivoyat qilinadi.
Qurʼoni Karimda Nuh (a.s.) haqida Nuh surasi bordir. Nuhning (a.s.) ming yil umr koʻrgani rivoyat qilinadi.