February 20, 2022

𝗙𝗼𝘁𝗶𝗺𝗮 𝗿𝗼𝘇𝗶𝘆𝗮𝗹𝗹𝗼𝗵𝘂 𝗮𝗻𝗵𝗼

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xufton namozidan keyin Hazrati Alining (roziyallohu anhu) uylariga borib, tahorat qildilar va ikki yoshga baxt tiladilar. Qizlarini erining xizmatini mukammal bajarishga va hech qachon uni xafa qilmaslikka buyurdilar. Kuyovlariga esa shunday nasihat qildilar: «Ey Ali, zinhor qizishma. G'azablangan paytingda o‘tir. Parvardigorning bandalariga nihoyatda sabr va tahammul ila muomala qilishini unutma. Senga: «Allohdan qo‘rq», deyilgan paytda jahlni tark etib, sabrli bo‘lishga harakat qil».

Barcha mo‘minlar ushbu nikohdan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Xususan, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) suyukli amakilari Hazrati Hamza (roziyallohu anhu) juda sevinganidan, ikkita qo‘chqor so‘yib, Alloh yo‘lida Madina xalqiga tarqatdilar.

Hazrati Ali (roziyallohu anhu) Sarvari olamning (sollallohu alayhi va sallam) benazir iltifotlariga musharraf bo‘ldilar. «Alloh har bir Payg‘ambarning zurriyotini uning nasabidan yaratgandir. Mening zurriyotim esa Alinig nasabi ila davom etadi», dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam).

Oradan bir yil o‘tgach, ilk nabiralari dunyoga keldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) juda sevindilar va o‘zlari yuvintirib, kiyintirdilar. Unga Hasan deb ism qo‘ydilar. Keyinchalik shahidlar sultoni, Karbalo yigiti hazrati Husayn tug‘ildilar. Uchinchi o‘g‘illari Muhsin esa go‘dakligidayoq vafot etdi. Alloh taolo bu muborak xonadonga Bani Hoshimning guli Zaynabni (roziyallohu anho) ehson etdi.

Hazrati Payg‘ambarimiz(sollallohu alayhi va sallam) qizlarini juda sevar va buni har doim ta'kidlar edilar. Shuning uchun ham, ularga oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rishni unutib ko‘ymaslikni, aks holda, o‘z qizlariga ham kafil bo‘lolmasliklarini eslatib turardilar. Bir kuni odamlarga shu mavzuda ma'ruza qildilar:

- Ey quraysh ahli! Oxiratga tayyorgarlik ko‘ringlar. Alloh beradigan hech bir jazoni men sizlardan uzoqlashtira olmayman. Ey Abdumannof o‘g‘illari! Alloh bergan hukmga hech qachon qarshi kelolmayman. Ey Abdulmuttalib o‘g‘li Abbos, ey Abdumutgalib qizi Sofiya, ey Muhammad qizi Fotima! Alloh beradigan hech bir jazoni men daf qila olmayman. Ey Fotima! Mening mol-mulkimdan nimani xohlasang, olgin, marhamat. Faqat oxiratda men hech bir yordam qilolmayman!

Yana bir kuni suyukli qizlariga bo‘lgan mehrlari insonlar orasida adolat bilan hukm berishlari uchun hech qachon mone'lik qilmasligani ko‘rsatdilar. Rivoyat qilinishicha, Kuraysh ahlidan bir ayol o‘g‘irlik qiladi. Ayolning oilasi Usoma ibn Zayddan (roziyallohu anho) yordam so‘raydi. Ma'lumki, Usoma va uning onasini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) juda yaxshi ko‘rar edilar. Shuning uchun u kishini vosita qilib, Hazrati Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) shafoat tilamoqchi bo‘lishadi. Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu) Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirib, u ayolning qo‘lini kesmasliklarini iltimos qiladi. Bundan juda g‘azablangan Sarvari olam (sollallohu alayhi va sallam) :

«Allohning amrini bajarmasligim uchun mendan shafoat so‘rayapsanmi?» dedilar va shunday ma'ruza qildilar:

- Sizdan avvalgilarni ham mana shunday narsalar halok etdi. Ular oralarida obro‘li bir kishi o‘g‘irlik qilsa, unga tegmas, faqir bir bechora bunday ishga qo‘l ursa, uni darrov jazolashar edi. Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima ham o‘g‘irlik qilsa, albatga, qo‘lini kesar edim».

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni qizlariga shunday iltifot etdilar:

«Ey Fotima, Alloh sen rozi bo‘lgan kimsalardan rozi bo‘lur, aksincha, sen g‘azablangan kimsadan esa g‘azablanur!»

Abu Sa'labadan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biror safardan qaytsalar, avvalo, masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qir, so‘ng qizlari Fotimani (roziyallohu anhu) ziyorat etib, keyin zavjalarining huzurlariga kirar edilar.

Al-Musavvir ibn Mahrima (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasulullohning minbarda turib, shunday deganlarini eshitdim:

«Fotima mendan bir parchadir. Unga aziyat bergan menga jafo qilibdi. Uni bezovta etgan mening halovatimni buzibdi».

Vido hajidan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) betob bo‘ldilar. Fotima (roziyallohu anhu) bu xabarni eshitgach, darhol otalarining huzuriga bordilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qizlarini tabassum ila kutib oldilar. So‘ngra kuloqlariga nimanidir shivirladilar. Fotima(roziyallohu anho) birdaniga qattiq xafa bo‘lib, yig‘ladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) takror bir narsa deb shichirlagan edilar, bu gal tabassum qildilar.

Oyisha onamiz(roziyallohu anho):

«Hech qachon yig‘i bilan tabassumni bunchalik bir-biriga yaqin ko‘rmagan edim», deydilar va Fotimadan (roziyallohu anhu) buning sababini so‘raydilar:

- Ey Fotima, ayting-chi, sizning birdaniga kattiq xafa bo‘lib yig‘lashingizga sabab nedir?

Fotima (roziyallohu anho):

- Rasulullohning sirlarini fosh qilolmayman! - deb javob berdilar. Lekin Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin Oyisha onamiz takror so‘raganlarida, nihoyat, bu holning sababini aytadilar:

- O'shanda otam menga Jabroilning (alayhissalom) har yili o‘zlari bilan Kur'onni bir marta o‘qiganini, bu yil esa bu ishni ikki marta takrorlaganini, bundan esa umrlari nihoyasiga yetib qolganini anglaganlarini aytdilar. Shuning uchun yig‘lagan edim. So‘ngra esa: «Oilamizdan mening yonimga eng avval sen borasan, men senga qanday go‘zal salaf bo‘lyapman», degan edilar. Shu tufayli tabassum qildim».

Otalarining vafotlaridan juda qattiq xafa bo‘lgan Fotima (roziyallohu anhu) u zotning bu xushxabaridan bir oz bo‘lsa ham tasalli topdilar. Uy ishlari bilan ovora bo‘lib, eri va farzandlarining xizmatlarini qilib kunlar, oylar o‘tdi.

Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan chamasi olti oy keyin Fotima kasallanib, shu xastaliklari tufayli hijratning 11-yili ramazonning uchinchi kuni seshanba kechasi yigirma to‘qqiz yoshlarida vafot etdilar.

Rivoyatlarga ko‘ra, janozalarini Hazrati Ali (roziyallohu anhu)yoki Hazrati Abbos (roziyallohu anhu) o‘qidilar. Fotima (roziyallohu anho) Madinadagi Baqi' qabristoniga dafn etildilar.

Nabiylar xotamining (sollallohu alayhi va sallam) guli, Hazrati Alining (roziyallohu anhu) zavjalari, Hasan va shahidlar sultoni, Karbalo qahramoni Husayn va Zaynabning onasi Hazrati Fotimani (roziyallohu anhu) Alloh rahmat qilsin! Omin.

«Qahramon mo'mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.

𝗘'𝘁𝗶𝗯𝗼𝗿𝗶𝗻𝗴𝗶𝘇 𝘂𝗰𝗵𝘂𝗻 𝗿𝗮𝗵𝗺𝗮𝘁😊

© Aʙᴅᴜᴠᴏɪᴛᴏᴠ Bᴀxʀᴏᴍ ᴛᴏᴍᴏɴɪᴅᴀɴ ᴛᴀʏʏᴏʀʟᴀɴᴅɪ.

©