January 22

ODAMGA QOMUSIYLIK YARASHADI

Bugun qomusiylik haqida gaplashamiz,s, do'stlar.

Qomusiylikni tanlaganlar orqaga qaytishni umuman istashmaydi. Qaytish ikki qo'lni kesish bilan barobar tuyuladi.

Qomusiy bo'lish ko'p narsani chala bilish emas. Bir-ikki narsani zo'r bilish. Qolganlarida ham kam bo'lmaslik degani.

Qomusiylikni uch yo'nalishda ko'rgan bo'lardim:

  1. Ilmda. O'z sohasidan boshqa sohalarni ham tushunish.
  2. Inson sifatlarida. Komil axloqqa ega bo'lish.
  3. Ko'nikmada. O'z hunaridan boshqalarini ham eplay olish.
  4. Ilmda qomusiylikka yorqin misol Ibn Sino bo'ladilar.

Bobomiz haqida o'qigan odam hayron qoladi. Qori, faqih, tabiblikdan tashqari, astronomiya, buxgalteriya, algebra, arab tili, optika, kimyoda ham olim edi. U paytda ilm-fan oddiygina edi dersiz. Shu bilan birga hojatxonaga yuz metrlab borib kelinardi, cho'milish uchun suv qizdirib tayyorlanish soatlab vaqt olardi. Oson vaqtlar emasdi.

Yana bir misol, Mendeelev. Buyuk kimyogar bo'lishidan tashqari u fizik, metrolog, geolog, texnolog, aeromuhandis, quruvchi va iqtisodchi ham edi. Instagramdagi biosida shunday yozib qo'ygani uchungina mutaxassis emasdi. Rossiya hukumati shu sohalarda unga tayanardi.

Hozirgi zamonimizda ham qomusiylar topiladi. Okean ortida - Vaklav smil, Bryan Caplan, Matt Ridley, Buffet va Manger. O'zimizda eng yaqin turganlardan Hasanxon Yahyo domla bo'lsalar kerak.

Hamma ham ulardek o'rganishi shart emas. Ko'pincha fanning asoslarini bilish kifoya qiladi.

Ilmiy qomusiylik eng kerak va eng kerak bo'lmagan zamonda yashayapmiz, do'stlar. Bir tarafdan jamiyat kuchli mutaxassis bo'lishingiz uchun pul to'laydi.
Shifokor yoki muhandis tarixni bilgani uchun, mexanik yoki oshpaz psixologiyani bilgani uchun ko'proq pul topmaydi. Qiziqqani uchungina o'rganadiganlar kam topiladi.

Ilmda qomusiy bo'lish uchun sabablar ko'p. Ikki donasini aytib ketaman. Avvalgi inshoda gaplashganimizdek 90% mutaxassislar xarob. Google bilan ishingiz osonroq bitadi. Aniq eng zo'rini topish, foydali suhbat qura olish uchun ham sohaning fundamentidan xabardor bo'lish yordam beradi. Yo'qsa aldanib qolish hech gap emas.

Bunga bitta qiziq misol kelib qoldi. Ijtimoiy tarmoqda bir "mutaxassis" akamiz o'rtacha xitoylik 30 yil oldin o'zbekistonlikdan orqada bo'lganini, hozir esa to'rt baravar boyroqligini yozibdi. Boshqaruvni ayblayabdi. O'qigan odam ishonib davlatini yomon ko'rib qolishi hech gap emas. Qomusiy bo'lgan odam esa akaga quyidagi savollarni bergan bo'lardi:

Xitoyni kuchaytirgan AQSHning Yaponiyadan o'tib ketish rejasi emasmidi? Bizni shunday qo'llashga kim tayyor? Xitoyda sanoat rivojida zarur bo'lgan noyob metallarning yarmi borligichi? Bizda bormi? Xitoy tarixan ko'p marta imperiya bo'lgani va ming yillar davomida aholisi eng ko'p davlat bo'lgani-chi?! Bizning hozirgi rivojlanishimiz Xitoynikidan tezroqligichi? O'zi umuman Xitoy (va yana boshqa davlatlar) o'rta daraja tuzog'iga tushib qolganichi? Boshqaruvchilarning shaxsiy xohishlari xalqnikiga o'xshagan bo'lishi-chi (Veblen nazariyasi)? Xalqning tabiati boshidan o'tkazgan voqealaridan, bu voqealar esa geografiya bilan bog'liqligi-chi? Geografiya – bu taqdir emasmi? (Ibn Xaldun, Muqaddima, I bob, 3-tayyorlov muhokamasi)

Loy chaplamoqchi bo'lgan odam, bularni bilsa ham ayta olmaydi. Auditoriyadan layk yig'olmaydi. Dorilar, tibbiyot, sport, yangiliklar, siyosat, biznes boshqaruv, hamma sohalarda soddagina odamlarni shunday aldayman deganlar topiladi. Ishonavering, qomusiy bo'lmagan hamma sodda qatorida bo'ladi.

Kasblarning barisi bilmaydiganlarga nistaban fitnadir.

Yana bir sabab – o'z sohamizga foydasi. Murakkab mavzularni tushunishga harakat qilishimiz, o'rganishimizni tezlashtiradi. Tarix, fizikani o'qiyotgan marketolog marketingda ham samaradorligi oshadi.

Ilmda qomusiy bo'lishimiz, o'zimizni qutqarish degani. Hayotimizni tushunish osonlashadi degani. Ilmda qomusiy bo'lish uchun sohadagi kitoblarni o'qishni boshlab, bir-birini takrorlayotganini sezganingizda to'xtatish kifoya qiladi. Yozilganda oson tuyuladi. Yetishib chiqish uchun esa kamida 40 yil ketadi


  1. Endi sifatlardagi qomusiylikni ko'rib chiqsak.

Odam o'zidagi bitta kuchli tarafini topib olsa bo'ldi. Shuni ishlatib maksimal foyda olishga harakat qiladi. Aqllilar til o'rganadi, professor bo'lishgacha boradi, hech risk olib ko'ray demaydi. Uddaburonlar kitob o'qimaydi. Mehribonlar talabchanlikni o'rganmaydi. Eng kuchli sifati bilan ishlarini bitirib yuradi.

Bitta sifatga suyanish kamchiligini aql misolida ko'rib chiqsak bo'ladi. Axir 2/3 qism odamlar o'zini boshqalardan aqlliroqman deb hisoblaydi. Jamiyatda ham aqlning kuchi absolyutga olib chiqilgan.

Amerikaliklarda hatto bitta mashhur gap bor: "Shunchalik aqlli bo'lsang nega boy emassan?"

Odam muvaffaqiyati aqlga bog'liq deydiganlarga ikki narsani eslatib o'tish kerak. Dunyodagi eng aqlli odamlar yig'ilgan Mensa tashkiloti bor. 78 yilda bitta tayinli muammoni yecha olishmadi.

Ikkinchisi odamlar bir-biridan aqlda katta farq qilmaydilar. Hozir Eynshteyn bilan o'zinining ahmoq tanishini solishtirib, bu gapimni ustidan kulmoqchilar topiladi. Gap shundaki ahmoq odam ham gaplasha oladi, o'rganadi, yozuvni tushunadi, sabab va oqibatni ajratadi, o'zini taniydi. Bu boshqa 99.99% mavjudotlar qila olmaydigan ish.

Insonni soʻz ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yoʻq ondin

degandilar Navoiy.

Aqlli va ahmoq odam o'rtasidagi farq, ahmoq odam va eng aqlli hayvon o'rtasidagi farqdan kam. O'zim yaxshi ko'rib o'qiydigan Tim Urbanning saytidan rasmni ijaraga olib turaman:

Sifatlarda qomusiylik faqat aqlda 10/10 bo'lish emas, balki aqlda 8/10 bo'lib, qolgan sifatlarni ham hech bo'lmasa shu darajaga olib chiqish degani.

Nasim Talebdan ko'p iqtibos keltirishimni sezgan bo'lsangiz kerak. Uni o'ta aqlli deb hisoblaganimdan emas. Jordan Peterson aqlliroq bo'lsa kerak. Qarang: ma'no haqida hech kim gapira olmagandek gapiryapti. Talebda esa aqldan boshqa sifatlar ham topilgan. Bittasi - adolat. Butun G'arb aqllilari G'azodagi qirg'inini gapirishga qo'rqib (pul va ishlarini yo'qotishdan) turganida u minglab tahdidlarga qaramay ochiq gapirib keldi. E'tiboringiz uchun bu ishni hatto Mask ham eplay olmagandi.

Yana bittasi intellektual jasorat – xatoni tan olish. Ommaviy xatoni, omma oldida tan olish. Taleb Rossiya-Ukraina urushi haqida adashganini bir millionlik auditoriyasi oldida tan olgandi. Mashhur Sapiens kitobini yozgan Harari (Harvard professori Pinker ham) kitobida "Insoniyatda urushlar buyog'iga keskin kamayadi" deb yozdi. Keyin esa 70 yillikdagi eng katta urushlar boshlanib ketdi, biron joyda uzr so'rab chiqishmadi.

Tyler Cowen (eng kuchli iqtisodchilardan): "Sun'iy intellekt kuchli sifatlar yig'ilgan odamlar o'rnini bosa olmaydi deyapti". Chunki unda faqat intellekt (aql) bor, odamlarda esa yana o'nlab sifatlar bor.

Qaysi sifatlar deysiz. Abdulla Avloniyning Axloq kitobini ochaylik. Inson sifatlari sanalgan joyga qaraylik:

Aql (fatonat) ulardan bittasi (muhimi albatta) ekanligini ko'ramiz. Qolgan sifatlarni rivojlantirish bizni qomusiy sifatli (komil) insonga yaqinlashtiradi.

Qanday rivojlantiramiz? Har biri alohida insho, alohida dars bo'lsa kerak. Keyin ichida o'zim ham kasb etmagan sifatlarim ko'p. Men biznes trener bo'lmasam, o'zimda yo'q narsalarni qanday qilib o'rgataman?

Ungacha maslahatim: qomusiy sifatlarni rivojlantirish – shu sifatlari bor odamga ergashish orqali rivojlanadi.


  1. Endi ko'nikmalardagi qomusiylikka kelsak:

Yuz yil avvalgilar ko'proq narsa eplay olganmi yoki hozirgilar?

XIX asr boshida yashagan tengdoshimizning qila olgan ishlarga qarang: Ovqat pishirish, ot minish, o'tin yorish, kiyimini tika olish, baliq ovlash, taxta bilan ishlash.

Bunga javoban zamonaviy odam - haha deb turib ishlatishni biladigan dasturlarini sanab ketsa kerak (Photoshop, Excel, Notion). Ha mayli, deydi yuz avvalgi tengdoshimiz, shu matohlaringni olib qo'ysak-chi? Namoz o'qish uchun qiblangni ham mustaqil topa olmasang kerak. Mashinang to'xtab qolsa benzikalonkasiz, elektr rozetkasiz hech kimsan. Men esa bitta otim bilan dunyoni aylanib chiqa olaman. (Ibn Batutta shunday qilgandi ham adashmasam)

Faqat bitta ko'nikmaga ega odamni Robert Heynleyn Hasharotga o'xshatgandi:

Tarjimasi: Bir odam bolasi quyidagilarning barchasini eplashi kerak: taglik almashtirish, bosqin rejasini tuzish, hayvon so‘yish, kemani boshqarish, bino loyihalash, musiqa yozish, buxalteriya, devor qurish, singan suyakni joyiga solish, o‘layotganlarni yupatish, buyruqlarni olish va berish, hamkorlik qilish, yakka o‘zi ishlash, tenglamalarni yechish, yangi muammoni tahlil qilish, go‘ng tashlash, dasturlash, mazali taom pishirish, samarali jang qilish va olijanob ravishda o‘lish. Ixtisoslashuv — hasharotlar uchun xosdir.

Heynleyn o'zi ham dengiz askari, havo kemalari muhandisi, uy sotuvchi, kumush konchisi, siyosatchi va fantast yozuvchi edi. Yozuvchi bo'lganda ham Maskni raketa uchirishga ilhomlantirgan yozuvchi edi.

Ko'nikmalar bo'yicha maslahat oddiy. Josh Kaufman aytadi: "Ko'p ko'nikmalarni eplab olish uchun o'rtacha 20 soat yetadi".


Shu yerda bitta eslatma: Bir ishni ushlagan odam unda eng zo'ri bo'lishi kerak. Eng zo'r mutaxassislar deganda xayolga yahudiylar kelmay iloji yo'q.

Ularning Injili(Tanah)dagi ko'rsatmaga qarang: "Biror ishda usta bo'lganni ko'rdingmi, axir? U podshohlar xizmatida, qora xalqning emas". (Sulaymon (as) qissasi 22:24)

Ilmni kech boshlasa bo'lishiga Hasti Imomda yotgan Abu Bakr Qaffol Shoshiyni ko'p misol keltirishadi. Taxmiman qirq yoshlarida ilmni boshlab dunyo darajasida olim bo'lib yetishganlar. Bir joyiga esa kamchilik e'tibor beradi – ilmni boshlashdan avval u kishi podshohning qulfchisi (qaffol) bo'lganlar.

Yuqorida eslaganimiz Ibn Sino ham Sulton Nuh Ibn Mansurni davolagandilar.

Ishida eng ustasi bo'lish – yaxshi pul topishni boshlagandan keyin ham rivojlanishda to'xtamaslik degani. Mijozingiz - podshohlar (hozirda vazirlar ham tushsa kerak) bo'lguncha rivojlanish degani. Tadbirkorlikda esa kengayishni emas, yo'nalish(niche)da zo'ri bo'lishni tanlash degani. Qizig'i, – zo'r bo'lsak, kengayish o'zi keladi.

Demak, qomusiy bo'lish asosiy ishini qurbon qilish evaziga erishilmaydi. Bekorchi YouTube, Netflix, yangiliklar, ortiqcha kanallardan voz kechish evaziga erishiladi.

Eslatma tugadi.


Shuncha narsani o'rganishga umr yetarmikin demang. Hozirgi kunda aksar kasblarni 9-12 oyda o'rganib yaxshi pul topishni boshlasa bo'ladi. (rasmda)

Qomusiy bo'lishni istaganlar erishganlarida to'xtamaydilar. Ular o'zbeklarning "yigit kishiga 40 hunar oz" maqoliga amal qiladilar. Ular umrni qisqa deb hisoblamaydilar. Seneka kabi odamning bekorchiligi ko'p deb hisoblaydilar.

Ilmda qomusiy bo'lish – ishimizda usta bo'lishga yordam beradi. Insoniy sifatlarda qomusiy bo'lish kamolotga yetkazadi. Ko'nikmalarda qomusiy bo'lish – yoshligimizni uzunlashtiradi. Qomusiylik tadbirkor bo'lishimizni tezlashtiradi.

Bobomiz Odam (alayhissalom) ham qomusiy edilar. Shunday ekan odamga qomusiylik yarashadi.

Aziz aka essay uchun raxmat. Agarda kimdir shunday essaylar oqishni hoxlasa parallel muhitga qoshiling!