January 2, 2023

Qoloq oʻquvchi

Taʼlim mudirligidan bir maktabga tekshiruvchi yubormoqchi boʻlishibdi. Tekshiruvchi yoʻlga chiqib yoʻlning yarmiga kelganida mashinasi buzilib qolibdi. U mashina tuzatishni bilmas ekan. Mashinaning kapotini ochib motorga termulib, qoʻlidan bir ish kelmay oʻtiraveribdi. Shu payt uning oldidan bir bolakay oʻtib qolibdi. Bolakay tekshiruvchiga: “Maylimi sizga yordam bersam?”, debdi. Tekshiruvchi: “Tuzatish qoʻlingdan kelsa mayli”, debdi. Bolakay: “Otam mexanik, men u kishiga yordam berib turaman”, debdi.

Bolakay motorga qarab turib tekshiruvchidan asboblar va kalitlar turadigan qutini olib kelishini soʻrabdi. Tekshiruvchi qutini olib kelib bolakayning oldiga qoʻyibdi. Bir necha daqiqa urinishdan soʻng bolakay teshiruvchidan mashinani oʻt oldirishni soʻrabdi. Tekshiruvchi hayron boʻlib mashinani oʻt oldiribdi. Mashinaning motori soatdek aniq ishlay boshlabdi. Tekshiruvchi bolakayga rahmat aytib, undan nega bu vaqtda maktabga bormasdan bu yerlarda yurganini soʻrabdi. Bolakay shunday debdi:

“Men sinfimizda eng qoloq oʻquvchiman. Bizning maktabimizga bugun tekshiruvchi kelar ekan. Shuning uchun oʻqituvchimiz bugun maktabga kelmasligimni tayinlagan edilar. Aks holda maktabni sharmanda qilar ekanman!”.