January 21, 2022

Dorian Greyning portreti

#Taqriz
#Dorian_Greyning_portreti
#Oskar_Uayld


Kitobni o‘qishni boshlaganimdan keyin, o‘rtamiyona va saviyasi baland asarlarni farqiga bora boshladim desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Asar qahramoni Dorian juda sohibjamol bo‘ladi. Balog‘at yoshidagi bu go‘dak tadbirlarni birida Bezil ismli rassom bilan tanishib qoladi. Shu rassom keyingi hayotida katta rol o‘ynaydi. Bezil vaqt o‘tib uni suratini chiza boshlaydi. Surat bitgan kuni Bezil Dorianni do‘sti Lord Genri bilan tanishtiradi. Dorianning bundan keyingi xayoti Lord Genrini fikrlari ta‘sirida bo‘ladi. Shu kunning o‘zida Lord unga xayot xaqiqatini aytadi. Bu xayot xaqiqati esa hali beg‘ubor g‘o‘r Dorianni daxshatga soladi.
Lord Genri aytadiki, yoshlik asrashga arzimaydigan bir boylik. Yillar o‘tib bu go‘zalligingizdan asar ham qolmaydi. Sizni yuzlaringiz xam burishib xuniklashasiz deydi. Dorian esa bunday bo‘lishini xohlamaydi albatta. Suratni yomon ko‘rib qoladi. Va bir tilak aytadi. Qani edi surat qarisa, o‘zgarsa men shu holatimda qolsam deydi. Uning tilagi ijobat bo‘ladi albatta.
Boshqa odamga ta‘sir qilmoq - unga o‘z qalbingni bermoqdir. U birovlarning fikri bilan o‘ylab, o‘zgalarning extiroslari bilan yona boshlaydi. Uning fazilatlari ham o‘ziniki bo‘lmaydi. Agar, umuman, gunoh degan narsa olamda mavjud deb faraz qilsak, gunohlari ham o‘zgalardan o‘zlashtirilgan bo‘ladi. U begona bir oxangning sadosiga aylanib qoladi. U o‘zi uchun yozilmagan rolni ijro etayotgan aktyorga o‘xshab qoladi.
Yashashdan maqsad - o‘zligingni namoyon etishdir. Biz o‘z mohiyatimizni to‘la - to‘kis namoyon etish maqsadi bilan yashaymiz. Bizning asrimizda esa odamlar o‘zlaridan o‘zlari qo‘rqadigan bo‘lib qolishgan. Ular eng oliy burch - o‘z oldidagi burch ekanini unutib yuborishgan.
Biz o‘zimizni o‘zimiz chekalganimiz evaziga jarima to‘lab turamiz. Biz yanchib, mahv etishga urinadigan har qanday xohishimiz qalbimizda sanqib yuradi va bizni zaharlaydi. Gunoh qilib esa inson gunohga intilishdan xalos bo‘ladi, chunki ro‘yobga chiqarmoq poklanishga olib boruvchi yo‘ldir. Bundan keyin lazzat haqidagi yoki tavba - tazarrudan olingan shahvoniy tuyg‘u haqidagi xotiragina qoladi. Vasvasadan qutilishning birdan - bir yo‘li unga yo‘l berishdir. Agar vasvasaga qarshi kurash yo‘liga kirsang, man qilingan narsaga intilish qalbingni o‘rtaydi. Natijada o‘zing barpo etgan mudhish qonunlar tomonidan noto‘g‘ri deb topilgan, jinoyatkorona deb topilgan xohish - istaklar seni ich - ichidan kemiradi. Kimdir aytgan ekan - dunyoda eng ulug‘ hodisalar inson miyasida sodir bo‘luvchi voqealardir. Dunyodagi eng buyuk gunohi azimlari ham miyada, faqat miyada tug‘iladi.
Dorian hayotini Lord Genrining fikrlari ta‘sirida gunohlarga to‘ldiradi. Lekin u qilgan ishlarni u qilganiga hech kim ishonmas edi. Sibila Beyn ismli teatr aktrisasiga ko‘ngil qo‘yadi. Lekin undan ko‘ngli qolib tark etadi. Qiz uni deb o‘z joniga qasd qiladi. Hammasi shundan boshlanadi. Surat o‘zgara boshlaydi. Surat Dorianni qalbi kabi hammasini o‘zida aks ettira boshlaydi. Albatta qilmishidan afsuslangan Dorian qizga va‘da berganidek unga uylanmoqchi bo‘ladi. Lekin qiz o‘lib bo‘lgan bo‘ladi bu vaqt. Dorian hammasiga sabab Lord Genrining ta‘siri ekanini biladi va kamroq bu kishi bilan aloqa qilishga harakat qiladi. Lekin foydash yo‘q edi. Dorian Garriga juda bog‘lanib qolgan edi. Lekin Dorian rassom Bezildan uzoqlashib ketadi. Yillar o‘tib Bezil u bilan gaplashib olishini tushib yetadi. Sababi Dorian haqidagi har xil bo‘lar bo‘lmas aqlbovar qilmas gaplar bolalab ketgan edi. Bezilni Dorianga muomilasi qattiq ta‘sir qiladi va u suratni Bezilga ko‘rsatgach, Bezil undan tavba qilishini so‘ragan vaqt g‘ayriixtiyoriy ravishda rassomni o‘ldiradi va murdadan qutulib suvdan quruq chiqishni ajoyib yo‘lini topadi ham.
Bu orada Sibila Beynni akasi paydo bo‘lib, Doriannga taxdid sola boshlaydi. Dorian ruhan juda qiynalib ketadi. Tasodif tufayli Sibilani akasi vafot etgach, sal o‘ziga keladi. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi. U o‘sha jirkanch tilakni aytganidan afsuslana boshlaydi. Dunyoni boshiga ursinmi inson, boy berib qo‘ysa u butun qalbini.Ha Dorian yoshligi va go‘zalligini saqlab qolish evaziga qalbini boy berib qo‘yganlardan edi. U suratni bekitib qo‘ygan xonaga chiqib, suratni yo‘q qilishga axd qiladi. Balki shunda hammasi yaxshi tomonga o‘zgarar deb o‘ylaydi. Suratga pichoq sanchadi va butun uy uning qichqirig‘ini eshitadi. Eshikni doim xonaga kirib Dorian qulflar edi. Xizmatkorlar tom orqali ayvonga tushib, xonaga kirishganlarida necha yillar avval marhum Bezil chizgan suratda go‘zal Dorianni va surat ostida xunik, qari, yuzlari burishib ketgan bir kishini ko‘rishadi.
Asar menga ko‘p narsani o‘rgatdi. Yilni shunday ajoyib saviyasi baland asar bilan boshlaganim bu yil juda saviyali asarlar mutolaasi bilan o‘tishidan darak bermoqda.

@Diyoraxonnosirova