January 24, 2025

𝕃𝔼𝔾𝔼ℕ𝔻𝔸ℝ𝕐 𝕃𝕆𝕍𝔼 5-qism

Qasrning quyi qismida joylashgan joriyaning xonasida bugun o‘zgacha sukut hukm surmoqda. Eshik yonida malika Yunaning xizmatchilari va xos soqchilar saf tortgan holda, xona ichida ikki ayolni yolg‘iz qoldirgan edilar. Sham olovida xira yoritilgan xonada malika Yuna va shahzoda joriyasi Yo Heyon pinxona suhbat qurmoqda. Saroyga yaqinda kelgan qiz qo‘rquvdan boshini quyi solgancha, ko‘zlarida yosh bilan o‘tirar edi- malika Yuna, shunday qilishimiz shartmi?

Malika Yuna qizning harakatlaridan jahli chiqqan holda unga tanbeh berdi-senga hech narsa bo‘lmaydi dedimku. Homila haqida vaqti kelganda o‘zim saroyga xabar beraman. Sen esa men ruxsat bermagunimcha shu yerda jimgina payt poyla. Eng muhimi hech kimga sezdirib qo‘yma.

Heyon: juda ham qo‘rqyapman. Saroyga kelishimdan avval buni uddalayman deb o‘ylagan edim. Lekin...

Malika: bas qil! Noshukur qiz. Men taklif qilayotgan hayotni hatto shahzodang ham senga bera olmaydi. O‘zing tushunmadingmi, shahzodaga sen umuman qiziq emassan. Uning ko‘zi faqat o‘z malikasini ko‘radi. Ho‘sh sen Duri egallagan maqomga loyiq emasmiding? Dugonangga qayg‘uraversang o‘z hayotingni barbod qilasan. Aqlingni yig‘ib, aytganlarimni qil...

Yo Heyon

Qishning ayozli kunlari biroz ilib, quyosh zarrin nurlari ila qorlarni erita boshladi. Nihoyat sayohat uchun mos ob-havo bo‘layotganidan quvongan malika Duri dardlarini unutgandek bo‘ldi. Bu haqida shahzodasi bilan gaplashish uchun uning xonasi tomon shoshdi. Qirollik tashvishlari bilan band bo‘lgan shahzoda biroz chalg‘ish uchun ayvonga chiqib, oppoq bezangan tabiat manzarasini tomosha qilar edi. Malikasining shoshib kelishini ko‘rgan shahzodaning yuzida samimiy tabassum paydo bo‘ldi- malikam ne sababdan bunday yugurib yuriptilar?

Duri biroz uyalganidan yuzlari anordek qizil tusga kirdi- sizning yoningizga shoshgan edim

Shahzoda tabassumini saqlagan holda malikasining belidan tutib, o‘ziga yaqinlashtirdi- ho‘sh mana men. Nega meni qidirding? Quchog‘imda shunday qizarib turish uchunmi?

Malika shahzodaning hazilidan achchiqlandi- yo‘q, vaʼdangizni eslatish uchun

Shahzoda hamon jilmayishdan to‘xtamas edi- yana qanday vaʼda?

Malika- axir... qirol bog‘ida men bilan sayrga chiqmoqchi edingiz-ku. Sizga surat chizib berishimni aytgan edingiz

Vaʼdasini eslagan shahzodaning yuzi biroz o‘ychan va jiddiy tus oldi- ha albatta, esimda. Ammo bugun emas.

Malikaning quvnoq ifodasi umidsizlik bilan almashdi- nega?

Shahzoda malikani yanada yaqinroq tortdi, bir qo‘li bilan belidan tutib, ikkinchisi bilan malikasining yuzidan ohista silab, ko‘zlariga qarab gapirdi: Duri bilasanmi... qo‘shni qirollik malikasi ertaga turmushga chiqmoqda. Shu sabab ikkimizni 3kun davomida to‘yga qatnashish uchun taklif qilishgan. Agar buni rad etsak qirolliklar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelib qolishi mumkin. Ammo sen xafa bo‘lma, qaytganimizdan so‘ng albatta birga sayr qilamiz. Vaʼda beraman

Malika maʼyus holda istamay bosh irg‘adi va ohista gapirdi: yaxshi. Men unda safarga tayyorlanay

Quvnoq holda kelib, maʼyus yuz bilan qaytgan malikasining holatini ko‘rib Taehyung o‘zini qarg‘adi. Uni bunday xafa qilishni istamasa ham, hozir bunga majburligidan nafratlandi.

~~~~

3kundan so‘ng

Qo‘shni qirollik qasrida o‘tgan keyingi 3kunda Taehyung malikani bir daqiqa ham yolg‘iz qoldirmadi. Bu kunlarda butun diqqat va eʼtiborini Durini hursand qilishga qaratdi. Nihoyat bugun ular uyga qaytishmoqda. Tongdan beri arava ichida o‘tirgan Duri diqqinafas va betoqat bo‘la boshladi. Buni sezgan Taehyung qasrga yaqin qolganda o‘rmon ichida aravani to‘xtatishni buyurdi. Barcha soqchilar va xizmatkorlarga shu yerda to‘xtab dam olishga ruxsat berildi. Malika va shahzoda ham aravadan tushib, o‘rmon ichida biroz sayr qilishga qaror qilishdi. O‘rmondagi barcha o‘tloqlar, dov-daraxtlar ustini oppoq qor qoplagan edi.

Biroz sayrdan so‘ng Taehyung Durini to‘xtatib savol berdi- balki menga vaʼda qilgan suratni shu yerda chizarsan?

Malika- bu biroz ko‘proq vaqt olishi mumkin. Kech tushib qolmaydimi?

Shahzoda hozir qasrga qaytishdan ko‘ra ko‘proq malikasi bilan vaqt o‘tkazishni istayotgan edi- yo‘q, qasrgacha yana 2soatli yo‘l qoldi. Tezda yetib olsak bo‘ladi.

Malika- yaxshi. Qanday rasm chizib berishimni istaysiz?

Shahzoda- ikkimizni. Sen bilan birga shu yerda sayr qilganimizni tasvirla. Buni xotira sifatida qog‘ozga muhrlashingni istayman.

Malika mayin tabassum bilan tasdiqladi- yaxshi. Keling buni birga qilamiz

Shahzoda va malika kech tushgunga qadar birgalikda surat chizdilar. Shahzoda tayyor bo‘lgan suratga qarab malikasining mahoratiga tahsin o‘qidi. Shu mahal ularning ortidan og‘riq bilan qichqirgan erkak ovozi va yaqinlashib kelayotgan otlar tuyog‘i tovushi eshitildi. Vaziyatni anglab olishgunga qadar uzoqdan kelayotgan otliqlarning kamon o‘qlari shahzodaning barcha xos soqchilarini yarador qilishga ulgirdi. Shahzoda chaqqonlik bilan ot ustiga malikasini o‘tkazdi va o‘zi ham tezda o‘tirib, qirollik chegarasi tomon tezlik bilan choptirdi. Malika qo‘rquv bilan shahzodaning belidan mahkam quchgancha o‘tirar edi.

Barcha otliq qaroqchilar shahzoda va malikaning ortidan quvdi. Yashinday yelib yugurayotgan ot o‘rmondan endigina chiqayotgan mahal malika yelkasida qattiq og‘riqni va uning ketidan beliga oqib tushayotgan issiq suyuqlikni xis qildi. Bu haqida shahzodaga bildirmaslikka urinib, og‘riqdan lablarini tishladi. Qirollik hududiga yetib kelishganini sezgan malikaning ko‘z oldida hamma narsa g‘ira shira tus oldi va boshini shahzodaning yelkasiga ohista suyab, ko‘zlarini yumdi....

~~~~~

Pov Taehyung

Qaroqchilar o‘rmon so‘ngigacha bizni taqib qilib kelishdi. Ular yaqinlashgan sayin otimga qattiqroq qamchi urib, tezroq chopishga undadim. Nihoyat qirollik chegarasiga yetib keldik, ortimga qaraganimda qaroqchilar ko‘rinmay qolishgan edi. Qo‘rqoqlar, qirollik chegarasidayoq ortlariga qaytishgani aniq. Allaqachon tun kirib, atrofni zulmat qopladi. Qasrgacha yana biroz yo‘l bosish kerak. Ammo otim dosh bera olmasa kerak, jonivor juda charchadi. Aminmanki, Duri ham qattiq qo‘rqib ketdi. Otga biroz dam berib, Durini ham tinchlantirish uchun bir qishloqning kirish yo‘lida otni to‘xtatdim. Pastga tushmoqchi bo‘lganimda malikam hamon belimdan zaif tutib turganini sezdim- hoy qo‘rqoq qiz, bas qil endi, biz xavfsiz hududdamiz.


Ammo Duri javob bermadi. Ko‘nglimda qandaydir g‘ashlik uyg‘ondi. Darhol otdan sakrab tushganimda, uning hushsiz tanasi quchog‘imga yiqildi. Endi ko‘rdim... Nozik yelkasiga sanchilgan o‘qni endi ko‘rdim... Malikamni bag‘rimga qattiq bosib, yurak urishini tekshirdim... Zaif... Juda zaif urmoqda... Duri.... Duri ko‘zlaringni och... Iltimos meni tark etma...