𝗡𝗔𝗥𝗞𝗢𝗠𝗔𝗡 || 𝗝𝗝𝗞 & 𝗜𝗕𝗨𝗥𝗔 #1𝗕𝗢𝗕
𝑈𝑛𝑖𝑛𝑔 𝑘𝑜'𝑙𝑎𝑟𝑖𝑑𝑎 𝑓𝑎𝑞𝑎𝑡𝑔𝑖𝑛𝑎 𝑧𝑢𝑙𝑚𝑎𝑡 𝑏𝑜𝑟, 𝑚𝑒𝑛 𝑒𝑠𝑎 𝑘𝑜'𝑟-𝑘𝑜'𝑟𝑜𝑛𝑎 𝑠ℎ𝑢 𝑄𝑜𝑟𝑎𝑘𝑜'𝑧𝑙𝑎𝑟𝑔𝑎 𝑞𝑎𝑟𝑎𝑚𝑚𝑎𝑛.
Qiz bir necha daqiqa avval majburan qabul qildirilgan ko‘k nori ta’siriga qarshi kurashishga urinardi. Ammo doza odatdagidan yuqori bo‘lgani uchun zahar tanasiga chaqmoqdek yoyildi. Nafasi tobora sekinlashar, qovoqlari og‘irlashar, butun vujudi irodasiga bo‘ysunmay borardi.
— XUDO... JAZOYINGNI... BERSIN... JUNGKOOK...
Jungkook esa labining bir chetida alam aralash tabassum bilan unga tikildi.
— Otangga salom ayt, Sohibjamol...
Erkak uning terdan namlangan sochlarini ehtiyotkorlik bilan qulog‘i ortiga surdi. Qizning ko‘zlaridan suzilib tushayotgan yosh tomchisini barmoqlari bilan asta artdi.
Bundan yigirma yil avval shu katta uyda chaqaloq yig‘isi yangragandi. Dunyoga kelgan qizaloq otasidek moviy ko‘zli emas, onasidek qora ko‘zli edi. Shu bois unga Ibura ya'ni Qorako'z deb ism qo‘yishdi.
Namjoon ilk bor qizini bag‘riga bosgan lahzada o‘zini dunyodagi eng baxtli insondek his qildi. Ammo bu baxt ortida og‘ir armon ham yashirin edi.
Tug‘ruqni qabul qilgan shifokorlar Annaning bachadonidagi kistalar juda og‘ir ahvolga kelganini aytishdi. Qizaloqni eson-omon dunyoga keltirish uchun kesarcha tug‘ruq o‘tkazildi. Biroq operatsiya davomida Annaning hayotini saqlab qolish maqsadida bachadonini olib tashlashga to‘g‘ri keldi.
O‘sha kundan boshlab Ibura nafaqat ularning ilk farzandi, balki yagona farzandiga ham aylandi.
Axir Namjoon bilan Anna shu qizaloqni bag‘riga bosish uchun qariyb olti yil sabr bilan kutishgandi.
Ibura hech narsaga zoriqmay, malikalar kabi ulg‘aydi. Namjoon qasrni eslatadigan ulkan hovlisida qizining har bir istagini muhayyo qilib, uni ko‘z qorachig‘idek asrab voyaga yetkazdi, erkakning boyligi ham, obro‘si ham butun viloyatga yoyilgandi. Odamlar uni hurmat qilardi. Albatta, uning hamma bilmaydigan ishlari ham yo‘q emasdi. To‘g‘ri-yu egri yo‘llari bor edi, ammo bu sirlarni faqat o‘zi va sanoqli ishonchli odamlargina bilardi.
U qishloq yoki shahar ko‘chasidan mashinada o‘tsa ham, piyoda yursa ham, yo‘ldagi odamlar bosh egib salom berishardi. Uning nomi tilga olinganda ko‘pchilik ehtiyotkorlik bilan gapirardi.
Ibura mo‘l-ko‘lchilik ichida ulg‘aydi. Yegani oldida, yemagani ortida edi. Dunyoda bor eng chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va orzu qilsa topiladigan har qanday narsa uning uchun oddiy hol edi.
Ammo Yaratgan unga faqat boylik emas, betakror husn ham ato etgandi. Qaddi-qomati, qora ko‘zlari va latofati bilan u tengdoshlarinigina emas, o‘zidan katta qizlarni ham ortda qoldirardi. Uni bir marta ko‘rgan insonning nigohi beixtiyor ortidan ergashardi.
Namjoon og‘ir-vazmin, oqil inson bo‘lsa, ayoli Anna buning mutlaqo aksi edi. U kibor hayotni sevardi, boyligini hamma narsadan ustun qo‘yardi. Atrofidagi odamlarning aksarini o‘zidan past ko‘rar, mol-dunyoga bo‘lgan hirsini esa hech qachon yashirmasdi.
Ibura o‘n besh yoshga to‘lganida Xudo ato etgan husni yanada ochildi. Uni bir marta ko‘rgan inson beixtiyor ortiga qayrilib yana bir bor qarashga majbur bo‘lardi. Vaqt o‘tishi bilan atrofida unga ko‘ngil qo‘ygan yigitlar ham ko‘paya boshladi.
Namjoon buni ko‘zdan qochirmadi. To‘g‘ri, Ibura zamonaviy, o‘ziga qarab yuradigan qiz edi. Ammo uning nazarida har narsaning me’yori bo‘lishi kerak.
Shu sabab u hovlidagi ishonchli yigitlardan biri Jiminni Iburaning qo‘riqchisi etib tayinladi.
Jimin endigina yigirma uch yoshga to‘lgandi. Uning otasi Kang Namjoonga bolaligidan sadoqat bilan xizmat qilib kelardi. «Ot o‘rnini toy bosadi», deganlaridek, endi otasining yo‘lini Jimin davom ettirardi.
Namjoonning mulklari sanoqsiz... Qasrdek hovli, gektarlab ekin yerlari, bog‘lar, fermer xo‘jaliklari... Uning boyligini sanab adog‘iga yetish mushkul, tili qattiq, fe’li og‘ir inson bo‘lsada, qo‘l ostidagi ishchilarga nisbatan adolatli, Mehnat qilgan odamning haqini hech qachon yeb qo‘ymas, og‘ir kunida ham yordamini ayamagan. Balki uning qo‘lida necha yuzlab inson non topayotganini o‘zi ham aniq bilmasdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, katta hovlining darvozasi Iburaga uylanish uchun keladigan yigitlardan bo‘shamay qoldi. Deyarli ikki-uch kunda bir uyga qizning qo'lini so'rab keladiganlar kirib kelardi. Hali o‘n olti yoshga ham to‘lmagan Iburaning qo‘lini kimdir otasining obro‘si uchun, kimdir cheksiz boyligi va mansabi uchun, yana kimdir esa uning tengsiz husni sabab so‘rab kelardi.
Ammo Namjoon bunga qat’iy nuqta qo‘ygandi. Qizi oilasidan boshqa hech kim bilan ortiqcha muloqot qilmasdi. Maktabga Jimin kuzatib borar, dars tugashi bilan yana o‘zi olib qaytardi. Begona erkaklar bilan gaplashish u yoqda tursin, ularga yaqinlashishiga ham yo‘l qo‘yilmasdi.
Iburaning belidan ham pastga tushadigan uzun, qop-qora sochlari, tubida go‘yo butun koinot yashiringandek tuyuladigan tim qora ko‘zlari va nafis chehrasi uni tengqurlaridan butunlay ajratib turardi. Xudo unga nafaqat husn, balki odamni beixtiyor maftun etadigan latofat ham ato etgandi.
Ammo bu husn unga faqat havas emas, hasad ham olib keldi. Ayrim dugonalari uni ko‘ra olmas, davralariga qo‘shishni istamas, gohida esa ataylab chetga surishga urinardi.
Ibura esa bularning barchasiga javoban jimlikni tanlardi. U haddan tashqari tortinchoq, sodda qiz edi. Umrining aksariyati uy va maktab orasida o‘tgani, odamlar bilan kam muloqot qilgani uchun begona davralarga tez kirishib keta olmasdi.
Namjoon esa qizini chin ma’noda ko‘z qorachig‘idek asrardi. Uning nazarida Ibura bu dunyodagi eng bebaho ne’mat edi va uni har qanday yomon ko‘zdan, har qanday balodan himoya qilishga tayyor edi.
Qishning qahraton kunlari, Yanvarning o‘n to‘rtinchi sanasi.
Ibura repetitordan uyga qaytayotganida uni odatdagidan boshqacharoq kayfiyatdagi onasi Anna kutib oldi. Ayolning yuzidagi tabassum qizning e’tiboridan chetda qolmadi.
— Kel, qizim, yonimga o‘tir, — dedi u mehr bilan.
Ibura paltosini yechib, onasining qarshisiga o‘tirdi.
Anna bir zum sukut saqladida, so‘z boshladi.
— Shu desang, bugun yana uyga qolingni so‘rab kelishdi. Yigit prokuraturada ishlarkan. Oyog‘ining tagida ikkita mashinasi bor, shahar markazida katta hovli-joyi bor ekan. Oilada yolg‘iz farzand. Rasmini ko‘rdim... qarab-qarab to‘ymaysan. Eng muhimi, oilasi ham o‘zimizga mos, obro‘li insonlar.
— Oyi... hali o‘n besh yoshdamanku.
— Hademay ikki oydan keyin o‘n oltiga to‘lasan, qizim. Qolaversa, ular ham to‘yni maktabni bitirganingdan keyin qilamiz, deyishibdi.
— Faqat... bolaning yoshi sal kattaroq ekan.
Iburaning qoshlari chimirildi.
Anna javob berishdan oldin qizining yuziga sinovchan tikildi.
— Ona... hazillashyapsizmi? — dedi Qorako‘z ishonqiramay. — Yoki sizga yuk bo‘lib qoldimmi? Bu qanday gap? Axir men hali bolamanku! Qolaversa, mendan o‘n yosh katta odam yigit emas... erkak bo‘ladi.
— Yo‘q, ona! — Qorako‘zning ovozi asabiy eshitildi. — Bas, yetadi. Men erga tegishni istamayman. Iltimos, bu mavzuni boshqa ochmang.
Shunday deb u o‘rnidan turdi. Ko‘zlaridagi ranj va tushunmovchilikni yashirishga urinib, xonasiga kirib ketdi. Anna esa qizining ortidan uzoq termulib qoldi. U qiziga gapi og‘ir botganini bilardi, ammo ayrim qarorlar ota-onaning qo‘lida emas, zamon hukmida ekanini ham yaxshi tushunardi.
Ibura o‘n olti yoshga to‘lgan kuni Namjoon qizi uchun uzoq yillardan beri va’da qilib yurgan sovg‘asini taqdim etdi. Qop-qora junlari oftob nurida jilolanib turadigan, peshonasida mittigina oq belgisi bor uch yoshli tulpor hovliga olib kirilgan zahoti mehmonlarning havasli nigohlari unga qadaldi. Qorako‘zning quvonchi cheksiz edi. U otning bo‘ynidan quchoqlab, ko‘zlariga yosh oldi.
Hovlida katta bazm qizigandan qizirdi. Qarindosh-urug‘lar, yaqinlar va hurmatli mehmonlar bir dasturxon atrofida jam bo‘lishgandi.
Anna mehmonlar bilan suhbatlashib turgan paytda birdan rangi oqarib ketdi. Qo‘lidagi idish yerga tushib chil-chil sindi. Ayol bir qadam ham tashlay olmay, ko‘zlari tinib, hushidan ketdi.
Uni zudlik bilan shifoxonaga olib borishdi.
— Bosh miyasida o‘simta bor... Afsuski, kasallik juda kech aniqlangan. O‘simta allaqachon oxirgi bosqichga o‘tgan.
Namjoon ayolini davolatish uchun boyligini ayamadi. Viloyatdagi, poytaxtdagi eng tajribali shifokorlarga murojaat qildi. Dorilar, muolajalar... Hammasi sinab ko‘rildi.
Ammo kasallik kun sayin kuchayib borardi.
Anna avvalgidek tik yura olmay qoldi. Bosh og‘riqlari kuchaydi, ba’zan yaqinlarini ham tanimay qoladigan bo‘ldi.
Bir yil ham to‘lmadi.
Tong saharda hovlini yana yig‘i ovozi tutdi. Anna olamdan ko‘z yumgandi...
Bir necha daqiqa ichida inson umrining butun hikoyasi qora tuproq bag‘rida qolib ketdi.
Ibura qabr boshida uzoq turdi. Onasining ismi bitilgan qabr toshiga tikilar ekan, ichida nimadir uzilib ketgandek bo‘ldi. Shu kungacha bolalarcha sodda va tortinchoq bo‘lib yashagan qiz o‘sha yerning o‘zidayoq ulg‘aydi.
Onasining vafotidan keyin Ibura butunlay o‘zgardi. Endi u avvalgidek hamma gapga indamay bosh egadigan qiz emasdi. Annaning kiborligi, qat’iyati va o‘z haqini talab qila oladigan fe’li asta-sekin uning xarakteriga ko‘cha boshladi. U qayerda qanday turishni, kim bilan qanday muomala qilishni yaxshi biladigan, o‘z qadrini hech kimga poymol qildirmaydigan qizga aylandi.
Namjoon tashqaridan qaraganda obro‘li tadbirkor edi. Uning asosiy faoliyati ko‘chmas mulk savdosi bilan bog‘liq bo‘lib, shaharning turli nuqtalarida restoranlar, mehmonxonalar va savdo binolari bor edi. Ularning aksariyati tadbirkorlarga ijaraga berilgan, shu bois Namjoonning nomi viloyatdagi eng badavlat insonlar qatorida tilga olinardi.
Ammo bu boylikning hammasi ham halol yo‘l bilan topilmagandi.
Ko‘pchilik bilmaydigan, faqat o‘zi va eng ishonchli odamlari xabardor bo‘lgan yana bir daromad manbai mavjud edi. INCHEON viloyatining olis tog‘li hududlarida yashirin faoliyat yuritadigan noqonuniy tarmoq unga juda katta mablag‘keltirardi, ko‘k nori savdosidan tushadigan pul juda katta va xavfli edi, tog‘li yerlarni kamdan kam tekshirishlari va daraxtlar ko‘pligi sabab bu yerlarda vertolyotdan ham ko‘rinmasligi katta rol o‘ynardi .Bu sir yillar davomida begona ko‘zlardan yashirin saqlanib kelgan, hatto Namjoonning eng yaqin tanishlarining ham aksariyati bundan bexabar edi.
Aynan mana shu qorong‘i sir uning boyligini yanada oshirgan, shu bilan birga har lahza fosh bo‘lish xavfini ham orttirib borayotgandi.
Namjoon qayerga safarga otlansa, imkon qadar Iburani ham o‘zi bilan olib ketardi. U qizini bir lahza ham ko‘zidan uzoq qo‘ygisi kelmas, dunyoda eng ishongan odami ham aynan Ibura edi.
Maktabni tamomlagach, Ibura ko‘nglidagi yo‘nalishda o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘ldi. Ammo turli sabablar tufayli o‘zi orzu qilgan oliygohga kira olmadi.
— Istasang, seni chet elda o‘qitaman, qizim. Moskva bo‘ladimi, London bo‘ladimi, qaysi universitetni xohlasang, o‘sha yerga yuboraman, — dedi Namjoon .
Ammo Ibura bu taklifni muloyimlik bilan rad etdi. U otasini yolg‘iz qoldirishni ham, yurtidan uzoqqa ketishni ham istamasdi.
Mana, Ibura yigirma yoshni ham qarshi oldi. Shu yoshga kirguncha uning hayotida biror yigit bo‘lmadi. Atrofida uni yoqtiradiganlar ko‘p edi, ammo u hech kimga ko‘ngil qo‘ymadi. Uning uchun muhabbat kitoblardagi ertakdek, hali o‘zi his qilmagan tuyg‘u edi.
Namjoon har qancha iflos ishlarga aralashgan inson bo‘lmasin, qiziga kelganda butunlay boshqa odamga aylanardi. U Ibura uchun mehribon ota, ishonchli suyanchiq va har qanday xavfdan asrashga tayyor qalqon edi. Balki Namjoonning hayotidagi eng pokiza tuyg‘u ham aynan qiziga bo‘lgan otalik mehri edi.
Ibura tog‘etaklari bo‘ylab sakkiz yoshga kirgan tim qora tulpori Bo‘ronni qamchilamasdan, yelday uchirib borardi. Otning shamolda hilpirayotgan qop-qora yollari qizning belidan ham pastga tushgan uzun, o‘rim qilib o‘rilgan sochlari bilan go‘yo bir-biriga qorishib ketgandi.
Shamol yuzlarini silab o‘tar, kenglik bag‘rida faqat ot tuyoqlarining jarangi yangrardi.
—«Onam hayot bo‘lganida... bugun ellik ikki yoshini qarshi olardi...»
Bu o‘y yuragini yana bir bor tirnab o‘tdi.
Qiz asta egilib, qo‘llarini Bo‘ronning bo‘ynidan o‘tkazdida, boshini uning iliq bo‘yniga qo‘ydi. Ko‘zlarini yumgancha chuqur xo‘rsindi. Shamol ko‘zlariga qalqqan yoshni yuzlariga yoyib yubordi.
Bo‘ron egasining dardini sezgandek quloqlarini orqaga tashladi va tezligini yanada oshirdi. Go‘yo Iburaning yuragidagi og‘riqni ortda qoldirmoqchi bo‘lgandek, butun kuchi bilan tog‘lar bag‘ri sari chopardi.
Bo‘ron katta tezlikda chopib kelayotgan paytda kutilmaganda qarshisida paydo bo‘lgan notanish odamni ko‘rib, kishnab yubordi. Tulpor oldingi ikki oyog‘ini osmonga ko‘tardi. Muvozanatini yo‘qotgan Qorako‘z ham, Bo‘ron ham zarb bilan yerga quladi.
Qorako‘zning yelkasi va tirsagi qattiq og‘ridi. Bir necha soniya ko‘z oldi tinib qoldi. Ammo o‘ziga kelishi bilan birinchi bo‘lib Bo‘ronga qaradi.
Tulpor allaqachon o‘rnidan turib, egasi tomon bezovta kishnar edi.
Qorako‘z yuragidagi vahima bir zumda tarqaldi. Yiqilgani emas, Bo‘ronga hech narsa bo‘lmagani uni xotirjam qilgandi.
Shu payt tepasida bir qo‘l cho‘zildi.
Qorako‘z boshini ko‘tarib qaradi.
Qarshisida yigirma yetti yoshlardagi, baland bo‘yli, keng yelkali yigit turardi. Sovuq nigohlari odamni bir qarashdayoq sergak torttirardi.
Qiz ikkilanib bo‘lsada, qo‘l uzatdi.
Ammo barmoqlari yigitning kaftiga tegishi bilan uning bilagidagi qora tatuirovkalar ko‘ziga tashlandi.
Qorako‘zning yuzi o‘zgardi.
U bir zumning o‘zida qo‘lini tortib oldi-da, hech qanday yordamsiz o‘rnidan turishga urindi. Oqartirilgan kiyimlariga yopishgan tuproqni qoqarkan, notanish yigitga nisbatan ehtiyotkor ko‘z tashladi.
—Tatuirovkali odamdan yaxshilik chiqmaydi...