May 11, 2024

Fikrlash dizayni

Fikrlash dizayni deganda odatiylikdan qochib, kreativlik tomon yondashish tushuniladi.

Fikrlash dizayni muammolarni topish, ularni tahlil qilish, yechimlar yaratish, ijodiy fikrlash, modellashtirish, prototip yaratish, sinash va baholash kabi jarayonlarni o'z ichiga oladi.

Fikrlash dizayni g'oyasi dastlab 1969-yilda Herbert Simonning "Sun'iy fanlar" kitobida keltirilgan. Keyinchalik Stendfort Universiteti tomonidan takomillashtirilib, Stendfort Dizayn Institutiga asos solingan.

Fikrlash dizaynining asosiy maqsadi amaldagi strategiyadan va muammoni hal qilishdagi odatiy usullardan voz kechishdir.

Fikrlash dizaynining 5 bosqichi mavjud:

  1. Empatiya - bu boshqa odamlarning tajriba va tushunchalari bilan bog'liq. Bunda siz faqat ishlab chiqaruvchi nazari bilangina emas, balki iste'molchi nazari bilan ham qaraysiz. "Ishlab chiqarayotgan mahsulotingiz iste'molchilar uchun foydalimi?", "Undan foydalanish qanchalik qulay?" va "Qanday kamchiliklari mavjud?" kabi savollarga javob topishda juda foydali bo'ladi.
  2. Fokuslash - bunda iste'molchilardan olingan ma'lumotlar, kuzatishlar va tahlil qilishlardan so'ng muammoni konkret aniqlash. Muammo aynan kimda, nimada yoki qayerda?
  3. G'oya - muammo aniqlangandan so'ng unga oddiy yechim bilan emas, noodatiy, yangicha yechim bilan yondashish. Yechim bo'lishi mumkin bo'lgan barcha takliflar ko'rib chiqilishi shart.
  4. Prototip yaratish - g'oyaning amalda bajarilishi. Biz ko'rib chiqqan muammoning yechimini ish jarayonida qo'llaymiz. Bunda eng maqbul yechimni tanlab olish kerak. Agar yechimimiz samarali bo'lsa keyingi bosqichga o'tamiz, aks holda muammoni yanada yaxshilab sinchiklab ko'ramiz.
  5. Sinov - yaratilgan prototipni test jarayonidan o'tkazish. Bu qanchalik samarali bo'lganini bilish uchun, albatta, iste'molchilar bilan muloqot qilish kerak.

Bu bosqichlar bizning samaradorligimizga katta ta'sir ko'rsatadi. Agar rezultat bo'lmasa, bosqichlarni qaytadan va yanada yangi ideyalar bilan ko'rib chiqish maslahat beriladi.