Smartfon yoki kompyuterdagi IP-manzil nima? U orqali qayerdaligingizni topishlari mumkinmi?
Bugun internetdan foydalanadiganlar, u orqali muloqot qiladiganlar ancha ko‘paygan. Ba’zida “Seni IP-manziling orqali topib olaman” qabilidagi tahdidlarga ham duch kelganlar bor.
Axborot texnologiyalaridan yaxshi xabardor bo‘lmagan odam bundan qo‘rqishi mumkin. Ammo bu qo‘rquv asoslimi? Foydalanuvchini IP manzili orqali topsa bo‘ldimi? Ushbu maqola orqali aniqlik kiritamiz.
Avvalo, IP manzil nimaligini bilib olish lozim.
IP-manzil – qurilmaning internetdagi o‘zigagina xos tarmoq manzili. Abbreviatura – Internet Protocol Address (internet-protokol manzili) deyiladi. U internetga ulangan har bir smartfon, kompyuterga beriladi. IP-manzil internet provayder tomonidan belgilanib, har bir qurilma uchun noyob hisoblanadi.
IP-manzil nima uchun kerak? Qurilmangizga yuborilgan axborot tarmoqdagi boshqa gadjetga emas, aynan siznikiga borishi uchun.
IPning ikki varianti mavjud:
1. Dinamik
2. Statik
Har bir provayderda bir necha manzillar to‘plami bo‘ladi va foydalanuvchilardan biri tarmoqqa kirishi bilan unga umumiy ro‘yxatdagi ayni vaqtda mavjud manzillardan biri beriladi.
Soddaroq aytganda, har safar tarmoqqa kirganingizda yangi raqamlar to‘plamini olasiz. Bu dinamik IP hisoblanadi.
Statik IP-manzil esa aynan sizga beriladi va o‘zgarmaydi. Odatiy foydalanuvchilar bu funksiyadan juda kam foydalanadi, chunki unga hojat yo‘q. Ulanish uchun provayder bilan shartnoma tuzish, pul to‘lab borish lozim.
Dinamik IP bilan ishlar ekansiz, kompyuteringizdagi o‘chib ketgan kirish imkoniyatini ololmaysiz, chunki manzil o‘zgarib turadi. Tarmoq yoki kompyuterning IP manzilini bilish orqali ma’lumotlarga ega bo‘lish masalasiga kelsak, u juda noaniq bo‘lib, aniq manzilni bilish imkonsiz.
IP-manzilingizni qanday bilib olsangiz bo‘ladi?
Internetda maxsus xizmatlar mavjud. Qidiruv tizimlarida (Google, Yandex) mening IP’im deb qidiruvga bersangiz, darhol hamma ma’lumotlarni taqdim etadi.
Boshqa resurslar ham bor. Masalan, pr-cy.ru yoki 2ip.ru kabilar. Bularning bari dinamik IPni aniqlash imkonini beradi.
Boshqa birovning IP-manzilini bilib olish mumkinmi?
Oddiy chatlarda kimdir “IP-manziling bilan topvolaman” desa, ishonmang.
Boshqa yo‘llar haqida to‘xtalsak.
Biror saytga kirganingizda, u sizning IP-manzilingiz bilan bog‘lanadi. Server jurnalida saytga kirgan hamma IPlar va ularning tashrif vaqti saqlanadi.
Bundan kelib chiqadiki, biror kishining IP-manzilini bilmoqchi bo‘lsangiz, o‘z saytingizni ishga tushirishingiz, “qurbon”ga saytga havola yuborishingiz kerak. Foydalanuvchi saytingizga tashrif buyuradi va tashriflar tarixiga qarab ma’lumotlarni ko‘ra olasiz.
Bir tomondan, IP-manzil – shunchaki raqamlar yig‘indisi. U ko‘pincha tasodifiy tarzda beriladi va shunchaki tarmoqqa kirish nuqtasini tavsiflaydi.
Masalan, bepul Wi-Fi’dan foydalangan holda kafe yoki bog‘da internetga kirishingiz mumkin. Boshqa birovning kompyuteri yoki planshetidan foydalanishingiz mumkin.
Boshqa tomondan, IP-manzil orqali odam tarmoqqa qayerdan kirayotganini bilib olsa bo‘ladi. Bu manzildagi trafikni tahlil qilib, ko‘proq narsa bilib olish mumkin.
IP nazariy jihatdan ma’lum bir vaqtda aniq bir odamga tegishli bo‘ladi. Ammo router aynan shu IP-manzilni bir necha daqiqadan keyin boshqa odamga berishi mumkin. Yoki bir necha odam mahalliy tarmoq ichida turli IPlardan foydalanishi va bitta tashqi IPni qo‘llashi mumkin.
Ma’lum bir ism-familyadagi IP hamda uning ishlatish vaqtini bog‘lash uchun provayder server loginlari kerak. Ular aniq bir abonentni topish, shartnomadan uning manzili, telefoni va boshqalarni bilib olish mumkin.
Provayder serverining loginlarini olish uchun uni buzish kerak. Yoki provayderga ishga joylashish va xizmat imkoniyataridan foydalanish mumkin. Ikkala variant ham jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.
Biror odamni IP manziliga qarab topish darajasida muammongiz bo‘lsa (masalan, sizga tahdid yoki bo‘hton qilishayotgan bo‘lsa), militsiyaga murojaat qiling. Bu ularning ishi.
O‘yindagi g‘irromlik yoki boshqa arzimas ishlar uchun birov eshigingiz tagida sizni poylashi dargumon. Ammo internet orqali bosim va tahdidlar, qo‘polliklaringiz – militsiyaga murojaat qilishlari uchun sabab bo‘la oladi.
Boshqa foydalanuvchilarni haqorat qilayotganingizni ko‘rgan sayt administratori provayderingizga shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin. Ishxonadagi kompyuterdan kirsangiz, provayder sizning tizim operatoringizga ma’lum qiladi.
Asabiy xakerni haqorat qilsangiz, u provayder serverni buzishi mumkin va sizning manzilingizni topa oladi.
Anonimayzer, VPN, proksi yoki yana biror narsa bilan yashiringan bo‘lsangiz, ularni ham buzishga to‘g‘ri keladi. Nazariy jihatdan bularning imkoni bor. Ammo bunday ma’lumotlarni olish qanchalik muhimligi va sarflangan vaqt, pul yoki kuchga arzish-arzimasligi masalasi bor.
Muammoni hal qilishdan ko‘ra, uning oldini olish osonroq. Shunchaki, internet madaniyatiga rioya qiling va tahdidlarga duch kelmaysiz. Sababsiz tahdidlar masalasida esa xavotirga tushmang, sizni topish oson emas. Qo‘rquvingiz zaiflashmasa, militsiyaga murojaat qiling.
BEKTOSH BOYXONOV ERDONOVICH ALIFEUZ Uchun Maxsus tayyorladi